Tez hujumga qarshi himoya.
Agar raqib tomon hujumga o’tayotganda, taktik vosita sifatida markaz yoki qanot bo’ylab to’p uzatib berishdan foydalanib, asosan, tez hujumga zo’r beradigan bo’lsa, himoyalanayotgan jamoa o’yinchilari mudofaaning birinchi bosqichida to’p boshqarayotgan raqibga faol hujum qilib, bunda quyidagilarga intilishlari kerak:
a) hujumning muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz chiqishini belgilaydigan birinchi uzatishga to’sqinlik qilish;
b) raqibni xato qilishga, eng yaqin turgan sheriklariga keraksiz uzatishlar qilishga majbur etish;
v) har kim o’zi qo’riqlayotgan o’yinchisini juda yaqindan to’sib oladi, chunki to’pi bor o’yinchi oldi to’silgan sherigiga to’p uzatmaydi, uzoq pozisiyadagi o’yinchiga to’p uzatishga urinish esa himoyachilarning to’p uchun kurashini osonlashtiradi.
Agar raqib faol manyovr qilayotgan bo’lsa, mudofaaning ikkinchi bosqichi qattiq shaxsiy qo’riqlashni yoki (zona tizimidagi mudofaada) ayrim zonalarda paydo bo’lib turgan raqiblarni sinchiklab kuzatib, ularning hujumni rivoj toptirishga urinishlarini barbod qilishini nazarda tutadi.
Agar raqiblar markaz bo’ylab o’ynayotgan bo’lsa, himoya qatori o’yinchilari markaziy zonani mustahkamlash va hujum qilish burchaklarini kichraytirish uchun jarima maydoni hududiga zichroq to’planib oladilar. Bordi-yu qanot bo’ylab hujum qilinayotgan bo’lsa, unda himoya qatori o’yinchilari hujum yo’nalishi tomonga yaqinlasha borib, ishonchliroq straxovka qilish maqsadida qarshi tomondagi qanotni ko’pincha kimsasiz qoldiradilar. Birinchi holda, ya’ni raqiblar markazdan hujum qilayotganida, straxovka orqaga haragan burchak shaklida bo’lib, bunda ortki markaziy himoyachi bosh rol o’ynaydi. Ikkinchi holda esa o’yinchi bilan faol kurashdan ozod bo’lgan va darvoza tomonga yaqin diagonal bo’ylab orqada turgan qanot himoyachisi ham straxovka uchun ortdagi markaziy himoyachi bilan bab-baravar javobgar bo’ladi.
Mudofaaning uchinchi bosqichida to’p va o’yin joyi uchun bevosita kurash nazarda tutiladi.
81-rasm. Tez hujumga qarshi harakatlar
81-rasmda tez hujumga qarshi himoya variantlaridan biri ko’rsatilgan. 3-ortki markaziy himoyachi ochilib chiqqan 9-o’yinchiga yo’naltirilgan to’pni olib qoldi. himoyachi to’pni olib qo’yganiga qaramay, 9-o’yinchi 7- va qisman 6-o’yinchilar yordamida to’p uchun kurashni davom ettiradi.
Tezkor hujumga qarshi himoyaga bo’lgan asosiy talablar:
1. To’pni yana qo’lga kiritish yoki raqibning uzoqqa birinchi to’p uzatishiga xalaqit berish uchun, albatta to’p uchun kurashga kirishish kerak.
2. Raqiblarning tezkor manyovr qilishi oldini olish bilan bir vaqtda maydonning hal qiluvchi qismlarida o’yinchilar guruhlarini ko’paytirish hisobiga darvoza tomon o’tadigan hamma yo’llarni yopib qo’yish uchun ikkinchi va uchinchi bosqichlarda o’yinchilar aniq harakat qilishlari lozim.
3. Uzoqdan to’p birinchi marta kimga uzatib berilsa, o’sha o’yinchi neytrallanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |