Ayni paytda, I.Karimov quyidagi to'rtta muhim savolni qayd etib, ularga yaqin vaqt ichida aniq javoblar topish zarurligini ta'kidladi:
Birinchidan, biz kelgusi asrga o'zimiz bilan nimalarni olib o'tishimiz mumkin va zarur?
Ikkinchidan, nimalardan biz voz kechishimiz darkor?
Uchinchidan, o'z hayotimizni qanday yo'l bilan yaxshilamoqchimiz?
To'rtinchidan, yangi ming yillikda qanday muammolarning echimi bizning diqqat-e'tiborimiz markazida turmog'i lozim?
Shunday qilib, Yurtboshimiz siyosiy falsafasining navbatdagi kashfiyoti bo'lmish bu ustuvor yo'nalishlar mushtaraklikda ushbu savollarga javoblar toppish imkonini berish baravarida O'zbekistonda demokratik fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish imkoniyatlarini kengaytirdi.Barcha ustuvor yo'nalishlarni o'zida uyg'unlashtirgan, yuqoridagi savollarda aniq amaliy javoblar izlab topishga yo'naltirilgan tub yangilanishlarning kaliti bo'lib, shubhasiz O'zbekistonda ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirishdek oliy maqsad xizmat qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat hokimiyatining birdan-bir manbai xalq deb ko'rsatilishi (17-modda), davlat hokimiyati tizimining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo'linishi (11-modda) qoidalariga mos ravishda vakillik hokimiyat organlari tizimidan fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tizimi ajratiladi.
Sobiq sho'ro davrida ko'p vaqtlar mahalliy vakillik organlari bilan o'zini o'zi boshqarish organlari yagona tizim sifatida qaralgan, ya'ni mahalliy vakillik organlari o'zini o'zi boshqarish organlari tizimiga kiritilgan. Aslida esa, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari mahalliy davlat vakillik organlari tizimiga kirmaydi. Bu tushuncha Konstitutsiyada ham, maxsus qonunlarda ham o'z aksini topgan.
Konstitutsiyaning 105-moddasida «shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig'inlari o'zini o'zi boshqarish organlari bo'lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi. O'zini o'zi boshqarish organlarini saylash tarkibi, faoliyatini tashkil etish yuaqda vakolat doirasida qonun bilan belgilanadi», -deyilgan.
Shu tariqa, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tizimi va faoliyatining konstitutsiyaviy asosi mustahkamlandi. Ushbu tamoyil 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan va 1999 yil 11 mayda kuchga kirgan yangi tahrirdagi hamda 2003 yil avgustda o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgan “Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari to'g'risida”gi qonun alohida ahamiyatga ega bo'ldi. Bu qonun o'zini o'zi boshqarish sohasini tubdan isloh qilib, uni qayta qurishning huquqiy asoslarini belgilab berdi.
Yangi tahrirdagi qonunning 1-moddasida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish tushunchasiga “Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish – fuqarolarning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari bilan kafolatlanadigan, ularning o'z manfaatlaridan, rivojlanishining tarixiy xususiyatlaridan, shuningdek, milliy va ma'naviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an'analardan kelib chiqqan holda, mahalliy ahamiyatga ega molik masalalarni hal qilish borasidagi mustaqil faoliyatdir”, deb ta'rif berilgan. Qonunning 9-moddasida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarishi tushunchasi, fuqarolar yig'inining huquqlari va bu huquqlarni amalga oshirish yanada konkretlashtirilgan «Fuqarolar yig'ini – fuqarolar o'zini o'zi boshqarishning yuqori organi bo'lib, aholi manfaatlarini ifodalash va uning nomidan tegishli hududda amal qiluvchi qarorlar qabul qilish huquqiga egadir».
Qonunda fuqarolarning o'zini boshqarish tushunchasi, organlar to'g'risidagi qonun hujjatlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish huquqi, organlar faoliyatining demokratizm, oshkoralik, ijtimoiy adolat, insonparvarlik, mahalliy ahamiyatga molik masalalarni echishdagi mustaqillik, asosiy printsiplar, boshqaruv hududlari, organlar faoliyatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi, saylash va saylanish tartiblari, organ tartibi, fuqarolar o'zini o'zi boshqarishning yuqori organi bo'lmish fuqarolar yig'ini, yig'inning faoliyat mezonlari va vakolatlari, fuqarolar yig'ini Kengashining, yig'in raisi (oqsoqol)ning vakolatlari huquqiy jihatdan birma-bir belgilab berilgan.
Shuningdek, qonunda shahar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yig'inlarining rais (oqsoqol)lari tomonidan ayrim fuqarolik holati dalolatnomalarining ro'yxatga olishini va notarial harakeatlarning amalga oshirilishi, fuqarolar yig'inini chaqirish hamda Kengashning ish tartiblari, faoliyatni tashkil etish qoidalari, mulk, moliyaviy asos, javobgarlik kabi masalalar aniq ifodasini topgan.
Bugungi kunda o'zini o'zi boshqarish organlari ixtiyoriga avval davlat organlari amalga oshirib kelgan ayrim vakolatlar bosqichma-bosqich berilmoqda. Egasiz mol-mulkni, shuningdek, meros sifatida davlatga o'tgan mol-mulkni saqlash va tasarruf etish choralarini ko'rish, harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni xabardor qilish, soliq, sug'urta, kommunal to'lovlar va boshqa to'lovlarni yig'ishda ko'maklashish, mahallalarning chegaralarini o'zgartirish va boshqa sub'ektlarning nomini o'zgartirish to'g'risida tegishli davlat organlariga takliflar kiritish, er uchastkalarini berish masalalarini ko'rib chiqish va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko'rsatish va ko'p bolali muhtoj oilalarga nafaqalar tayinlash, fuqarolik holati va dalolatnomalarni ro'yxatga olish, shuningdek, aholi punktlarida notarius bo'lmagan hollarda vasiyatnomalar, ishonchnomalarni tasdiqlash, merosga oid mol-mulkning qo'riqlanishiga doir chora-tadbirlarni ko'rish, yilning har choragida tuman, shahar va viloyat hokimliklari rahbarlarining fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish, to'ylar va boshqa marosimlarni o'tkazish bo'yicha tavsiyalar berish va boshqalar shular jumlasidandir.
Aytish mumkinki, mazkur huquqiy me'yorlar hayotimizda katta tarixiy voqea bo'ldi. Bugun davlatimiz siyosiy-iqtisodiy suverenitetga erishgan bir paytda davlat qurilishining milliy shaklini tiklash, xalqimizning ijtimoiy turmushida tarixiy, milliy an'ana va urf-odatlardan to'laroq foydalanishga ehtiyoj kuchaydi.
Endilikda O'zbekiston respublikasida mavjud barcha 10 mingga yaqin mahallalardagi fuqarolar yig'ini o'zini o'zi boshqarish organlari sifatida rasman tan olindi.
Ma'lumki, hozirda davlat hokimiyati markaziy organlarining vakolatlarini joylardagi boshqaruv organlari va jamoat tashkilotlariga bosqichma-bosqich o'tkazish hamda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarini har tomonlama mustahkamlash demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Shunday qilib, boshqarish organlari ish faoliyatining yangicha mazmunda shakllanishi va takomillashuvi fuqarolikning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini kengaytirib, ularning siyosiy faolligini oshirdi. Bu esa jamiyatimizda demokratlashtirish jarayonlarining chuqurlashib, «Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari» o'tayotganligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |