Ajdar OL
SHE’RLAR
Fayzi Shohismoil tarjimalari
ISTIQLOL
Hammaga faxr bilan so’ylaganim — Istiqlol!
Erkimizning rangi deb o’ylaganim — Istiqlol!
Qizargan tong o’xshaydi bayrog’im ol qoniga.
Na qilar qonsiz o’lim maslagim g’altoniga.
Ko’ksimni qalqon qilib kirdim jang maydoniga,
O’z ichimdan tug’ilib etdi zuhur Istiqlol!
So’zda ish, ishda g’urur, ma’no shudir Istiqlol!
Bizlar seni kutgandik behuda to’kmadik qon,
Boshini asraganga dedik bosh eg, harqachon.
Qon rangda Kura, Araz, moviy Hazar, yer-osmon,
Ey Yonartog’da yongan mash’alimiz — Istiqlol!
Ey Gobustonda to’ngan haykalimiz — Istiqlol!
Aytaman men uzoqqa, ham yaqin, ham o’zimga,
Bermayman qo’ldan uni, diqqat qilgin so’zimga,
Ammo sherik qilgayman Zanqonim, Tabrizimga,
Mayli, o’tsin Arazni surgun bo’lgan Istiqlol!
Ey mening erkim bo’lgan, ko’rkim bo’lgan — Istiqlol!
Tildan qolar yog’iylar, soqov kabi, xor kabi,
Ajratolmas bayrog’im uch rangini ko’r kabi.
Shonlidir o’tmishimiz — yigirma yanvar` kabi.
Ey shahid o’g’li shahid, mangu hayot — Istiqlol!
Qahramonlik ishimiz, obi-hayot — Istiqlol!
Toki qonxo’r yovuzlar makrli, hiylasi bor,
Bu go’zal mamlakatga g’anim tahlikasi bor,
Garchi dunning, azizim, quruq bir haq sasi bor,
Milliydir, milliy bo’lib, milliy qolar Istiqlol!
Ballidir*, balli bo’lib, balli qolar Istiqlol!
Vatani hur bo’lganning fikri, so’zi hur bo’lur,
O’zini hur qilganning o’g’li-qizi hur bo’lur,
Qaddini tik tutadi, demak o’zi hur bo’lur,
Aytaverayinmi yana naylayajak Istiqlol!
Ajdar Ol der: — Bizlarni biz aylayajak Istiqlol!
______________
* Balli — aniq, belgili.
CHAPAQAY
O’ng qo’limni yo’qotdim Qorabog’ savashida,
Qo’lim uzilib qoldi yurtimning u boshida.
Xushlamay har narsani ellik bora chizishni,
Bir amallab o’rgandim chap qo’limda yozishni.
Chapaqayman, desangiz, yarashmas, bu boshqacha,
O’ng qo’l bilan ko’rishish lazzati ham boshqacha.
Kechikkan chapaqaylik qiynalib bajarar ish,
O’ng qo’l o’tmishin eslab hadeb chekadi tashvish.
Na to’yda o’ynay olgum, na mashina suraman,
Tobut ko’targandayam chap tomonda turaman.
Nima qilay, na chora, ko’nglimni ko’tarishdi,
Bir qo’l bajaradigan mosroq bir ish berishdi.
Maqtangulik joyi yo’q, na bedarak yitganman,
Na-da vatan yo’lida qurbon bo’lib ketganman.
Bir qo’l — yolg’iz qanotdir, yetmasa ham uchmoqqa,
Lekin kifoya qilar bir bolamni quchmoqqa.
Alam qilgan tomoni — na yara, na xastalik,
Qo’ldan ketdi Qorabog’, o’ng qo’lim ham ustalik*.
_______________
* Ustalik — ustiga ustak.
JUDA YOQADI
Juda ham yoqadi ayvonimizda,
Jimgina o’tirib o’qisam, yozsam.
Bir dasta gul bo’lsa guldonimizda,
Chechaklar atrini hidlasam, yozsam.
Yengil epkin essa ko’k makonimdan,
Sahar quyosh deyman, oqshom oy deyman.
Har zamon-har zamon shu ayvonimda,
Qultimlab choy ho’plab, miriqay deyman.
Biram yoqtiraman ishkomdan uzib,
Yuvib. to’yib yesam sariq uzumdan.
Qo’llarim belimda qaytsam bog’ kezib,
Dil nuri sochila boshlar ko’zimdan.
Ana bir kapalak uyg’otib havas,
Shudringda cho’milar — gullar oshig’i.
Qarasam misramni ustidan emas,
Ostidan ham chizmish chumchuq tumshug’i.
Ko’nglim chechaklardan iforga to’lsa,
Hislarim she’r bo’lib oqsa qog’ozga.
Shunday yayraymanki ilhomim kulsa,
Bo’ylansam qalamdan, boqsam qog’ozdan.
Do'stlaringiz bilan baham: |