Demografik muammo. Bizning eramizning boshida Er aholisi 150-200 million atrofida edi (bugungi kunda birgina AQSH da yashayotgan aholidan ham kam). X asrga kelib u 300 mln kishini tashkil qildi. Faqat XIX arsning o‘rtasida (1850 yil) Er aholisi 1 milliardni tashkil etdi. SHundan so‘ng esa aholi ko‘payishi xavfli darajada tezlik bilan orta boshladi: 80 yil ichida 2 milliardga etdi (1930 y.), 30 yil ichida 3 milliardga (1960 y.), 16 yildan so‘ng 4 milliardga (1976), 10 yil ichida 5 milliardga (1986) etdi. Ko‘pchilik rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘sish 1 dan - 2,5% gacha, faqat Afrikadagina 3% o‘sish saqlanyapti. Hozirgi paytda Er aholisi yiliga 90 mln ga yoki bir sekundda uch kishiga ko‘paymoqda. O‘sish sur’atining XXI asrda sekinlashuvi taxmin qilinyapti. O‘sish sur’atlari hozirdanoq pasaya boshladi. Rivojlangan mamlkatlarda ular yiliga 0,5 foizni tashkil etadi, bir qator mamlakatlarda esa aholining tabiiy o‘sish umuman to‘xtagan (Germaniyada, Buyuk Britaniyada, Skandinaviya mamlakatlarida, Rossiyada va hokazo).
Aholi o‘sishning keskin pasayishi bir qator Osiyo mamlakatlarida, shuningdek Latin Amerikasi mamlakatlarida (shu jumladan YAponiya, Koreya, Janubiy Koreyada) kuzatilmoqda.
Demografik muammo misolida butun global muammolarning o‘zaro aloqasini yaqqol ko‘rish mumkin. Ortiqcha aholi atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirning kuchayishni anglatadi: suv va havo sifati yomonlashadi (xususan tez o‘sayotgan shaharlarda), er unumdorligi pasayadi, sanoat va maishiy chiqindilar ko‘payadi, ya’ni ekologik vaziyat keskin yomonlashadi. Aholi soni qancha ortib borsa, uning hayoti va faoliyati uchun energiya, xom-ashyo, oziq-ovqat shunchalik ko‘p talab etiladi. Buning mantiqiy nihoyasi esa energetik, xom-ashyo, oziq-ovqat muammolarining keskinlashuvidir.
Aholining ortiqchaligi, ko‘p hollarda nizolar va urushlar keltirib chiqaruvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. 1945 yildan keyin yuz bergan ko‘pchilik urushlarning aynan «uchinchi dunyoda», ya’ni rivojlanayotgan mamlakatlarda, keskin shakldagi demografik muammolar mavjud bo‘lgan davlatlarda yuz berganligi bejiz emas.
Demografik muammo quyidagi boshqa muammolar bilan chambarchas bog‘liqdir:
- ko‘plab kasalliklarning tarqalishi muammosi (yuqumli kasalliklar, SPID va hokazo);
- qashshoqlik, pauperizatsiya, aholining katta qismining kambag‘allashuvi muammolari;
- ish bilan band bo‘lmaganlarning ko‘payishi muammosi;
- jinoyatchilik va antiijtimoiy xulq-atvorning boshqa shakllari (fohishalik, ichkilikbozlik, giyohvandlik va boshqalar);
- ta’lim va ijtimoiy ta’limot muammosi;
- madaniyat va axloqni saqlash muammolari va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |