Maishiy turmush estetikasi.Turmush azaldan madaniy qadriyatlarni vujudga keltiradigan va asraydigan muhim makon bo‘lib kelgan. Turmush madaniyati inson hayoti va ijtimoiy muhitda iqtisodiy, ijtimoiy, estetik mezonlarni ko‘ratish bilan birga estetik madaniyatni ham shakllantiruvchi hodisadir.
“Turmush” tushunchasi, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “inson, millat va xalqning yashash tarzi, urf-odatlar, rasm-rusum majmui, ob’ektiv reallik, moddiy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, sog‘liqni saqlash, shuningdek, ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishdan iborat ijtimoiy hayotning noishlab chiqarish sohasi” deb talqin etiladi. Moddiy ne’matlar ishlab chiqarish va ijtimoiy-siyosiy amaliyot bilan bir qatorda shaxs tarbiyasida turmushning ta’siri ham muhim omil sanaladi. Turmush madaniyatining o‘ziga xosligi mehnat, oila, Vatan, kattalarga hurmat, o‘zini tutish me’yorlari kabi tabiiy, sodda ammo, asosiy qadriyatlarni singdirishida namoyon bo‘ladi. Aynan turmush tarixiy xotira madaniyatini asrovchi hodisa sifatida ham namoyon bo‘ladi, chunonchi u san’at, dinga nisbatan barqarorligi bilan farqlanadi. Turmushga singgan qadriyatlar nisbatan mutlaq bo‘ladi, juda kam o‘zgaradi. Ushbu fazilatlar, qadriyatlarni har bir shaxs o‘zi bilan oilasiga olib o‘tadi va uning abadiyligini ta’minlaydi.
Turmush estetikasi dizayn, ekoestetika, atrof-muhit estetikasi, estetik tarbiya bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, moddiy va badiiy madaniyatni integratsiyalashning eng ta’sirchan vositalaridan biridir.
Turmush estetikasi estetikaning insonning voqelikka munosabatini namoyon etadigan sohalaridan biri. Bunda tashqi ko‘rinish, kiyinish, muomala madaniyati, narsa-buyumlarga, turar joylarga munosabat aks etadi. Turmush estetikasi insonning barcha sohalarda go‘zallikka bo‘lgan intilishining ifodasidir.
Insonni o‘rab turgan narsa va buyumlar olamining go‘zalligi bir tomondan inson hayotining uyg‘unligini ta’minlasa, ikkinchi tomondan estetik tarbiyalaydi. Turmush tarzi, tashki ko‘rinishi, kiyim ko‘rkamligi orqali inson yashayotgan, mansub bo‘lgan jamiyat haqida estetik tasavvur shakllanadi. Aksincha turmushda tartibsizlik, palapartishlik estetik madaniyat pastligidan dalolat beradi.
Maishiy turmush estetikasi insonni o‘rab turgan narsa va buyumlar olami, atrof-muhit, yashash tarziga munosabati masalalarini o‘z ichiga oladi. Insonning dizaynerlik, ijodkorlik qobiliyatlari dastavval turmushda shakllanadi. Bunda ma’lum bir xalqning tarixi, mentaliteti, avvaldan shakllanib kelgan turmush tarzi muhim o‘rin tutadi. Turli xalq, ijtimoiy guruh va boshqalar turmush madaniyatining moddiy ko‘rinishlari kishilarning narsa va buyumlar olami, estetik didi va ijtimoiy ideallari haqidagi tasavvurlari umumiyligi va rang-barangligi bilan uzviy bog‘langan.
Inson yashash va ijtimoiy muhiti iqtisodiy, ijtimoiy, funksional, estetik me’yor va shart- sharoitlarini gavdalantiradigan turmush madaniyati olamni estetik idrok etish, uning estetik madaniyati asosini tashkil qiladi. Bu jihat esa insonning atrof-olamga keng qamrovli estetik munosabatini shakllantiradi. Kiyinishidan tortib, oilaviy an’analar, oilaviy makongacha bo‘lgan hodisalarda odamlarning narsalar dunyosiga, go‘zallik va ulug‘vorlik orqali qarashlari, estetik didga, ijtimoiy ideallarga o‘ziga xos munosabatlari namoyon bo‘ladi va bu pirovard natijada turmush madaniyatining yuksalishiga xizmat qiladi.
Maishiy turmush estetikasi turli madaniyatlar ta’siri, turmush tarzi va usuli, an’anaviylik va yangilik, milliylik va umuminsoniylik masalalari bilan bog‘langan bo‘lib, texnika, ekologiya, predmetli muhitni jihozlash, tarbiya sohasidagi estetik jihatlarni ifodalaydi, moddiy va badiiy madaniyat integratsiyalashuvining samarali vositalaridan hisoblanadi. Turmush estetikasining o‘ziga xosligi ham shu jarayonda takomillashib boradi.
Estetik did turmush estetikasining shakllanishida muhim o‘rin tutadi, ayni paytda, turmush estetikasi ham insonda badiiy-estetik didning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi. CHunki, chiroyli narsa va buyumlar muhiti inson his-tuyg‘ulari, kayfiyatiga estetik ta’sir ko‘rsatadi.
Odamlarning turmush tarzini o‘zgartirish, estetik dunyoqarashini boyitish orqali bir xillikdan – rang-baranglikka, qo‘pollikdan – ihchamlikka, noqulaylikdan - qulaylikka qarab yo‘nalish maishiy turmush estetikasining asosiy maqsadi va prinsipi hisoblanadi. Ayniqsa, estetik madaniyat infratuzilmasi, madaniy hordiq maskanlari maishiy turmush estetikasi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardir.
Turmushning ijtimoiy-estetik mohiyati uchta omil bilan belgilanadi: 1) inson hayot kechiradigan rang-barang predmetlar olami; 2) insonning boshqalar bilan muloqotda o‘zligini namoyon qilish holatlari; 3) insoniy munosabatlarning odob-axloqda aks etish imkoniyati va xususiyatlari.
Bundan tashqari,yaratuvchanlik va bunyodkorlik turmush estetikasining muhim mezonlari hisoblanadi. CHunik, inson turmush tarzini qay tarzda yo‘lga qo‘yishi uning badiiy tafakkuri va ruhiyatini ham aks ettiradi. Zero, Gegelning “Agar san’atni uning butun maftunkorligi bilan yaxlit idrok etish zaruriyati tug‘ilsa, uni hamma joyda - varvarlarning zebu ziynat, liboslaridan tortib, to bag‘oyat go‘zal qilib bezatilgan ibodatxona anjomlarigacha - jami narsalar olamida uchratish mumkin”- degan fikri bejiz emas.
Zamonaviy maishiy turmush estetikasi farovon hayot va uning uchun zarur bo‘ladigan kamponentlarning o‘zaro maqsadga muvofiqligi, mutanosibligi va mosligini taqozo etadi. Bu moddiy ne’matlar (orgtexnika, tele va mobil kommunikatsiya vositalari) va ma’naviy ne’matlar (kitob, sayohat, qadriyat)ning boy zahirasini taqozo etadi.
Hozirgi globallashuv va axborotlashgan jamiyatda inson haqidagi dastlabki ma’lumot uning tashqi ko‘rinishi orqali olinadi. Bunda insonning kiyinish madaniyati muhim omil hisoblanadi. CHunki, kiyim-libos insonni nafaqat go‘zallashtiradi, balki uning madaniyatlilik darajasini ham belgilaydi. SHuning uchun kiyinish ham ijtimoiy-ma’naviy, ham axloqiy-estetik hodisadir.
SHuni alohida ta’kidlash zarurki, kiyinish dastlab tabiiy zaruriyat - ya’ni tashqi omillar ta’siridan badanni himoya etish vositasi sifatida vujudga kelgan bo‘lsa, zamonlar o‘tishi bilan u inson madaniyati namunasiga aylandi. SHu bois yuksak madaniylikka asoslangan kiyinishni ham axloqiy qadriyat, ham estetik qadriyat deb aytish mumkin. Axloqiy qadriyat ekanligi shundaki, kiyim o‘zida uyat, hayo, ibo kabi fazilatlarni mujassam etadi. Kiyimning estetik qadriyat ekanligi esa u insonga go‘zallik va chiroy baxsh etadi.
Bugungi kunda yoshlarning kiyinish madaniyatida zamonaviylik bilan an’anaviylikning uyg‘unligini ta’minlash milliy-madaniy taraqqiyotda muhim o‘rin tutadi. Buning uchun quyidagi omillarga e’tibor qaratish zarur:
Birinchi omil - did bilan kiyinish. Bu kiyinish madaniyatining nozik jihatlariga e’tibor qaratish demakdir.CHunki, inson o‘z chiroyini egnidagi libosni to‘g‘ri tanlay olganligi bilan ham boyitishi mumkin.
Ikkinchi omil - zamonaviy kiyinish. Bu yoshlarning didini, qiyofasini qiyofasini aks ettirishi bilan bir Moda - maishiy turmush estetikasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Moda – bu tashqi madaniyat shakllarining vaqti-vaqti bilan qisman o‘zgarish va takrorlanib turishidir. Bunday takrorlanishlar va o‘zgarishlar iqtisodiy, ma’naviy, axloqiy, estetik omillar kabi ijtimoiy asosga ega bo‘ladi.
Modani asosiy ko‘pchilik e’tirof etadi, u o‘zini faqat kiyinishda emas, ishlab chiqarishda ham, siyosatda ham, san’atda ham, fanda ham, hatto mafkurada ham namoyon qila oladi. U ijtimoiy-estetik mezon sifatida baholash xususiyatiga ega va shu bilan odamlarga nima kerakligini belgilab beradigan hukmron didga aylanadi. Moda odamlarning yashash tarzidan (uslubidan) kelib chiqib, doimiy ravishda o‘zgarib boradigan hayot mazmuniga mos shaklni taklif etadi. Zotan u ommaviy estetik didning darajasi va o‘ziga xosliklarini zamon ko‘zgusida aks ettirish xususiyatiga ega. SHu jihatdan u, yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘zgaruvchanlik tabiatiga ega.
SHuni alohida ta’kidlash zarurki, kiyinish insoniylikni taqazo etadi. CHunki, kishilar jinsi, yoshi, gavda tuzilishi, ruxiy xolatiga qarab kiyim tanlaydi va kiyadi. SHu bois bugungi kunda yoshlarning kiyinish madaniyati quyidagi jihatlar asosida shakllanayotganligini kuzatish mumkin:
Badanni tabiiy omillar ta’siridan himoyalash;
Qulaylikka erishish.
Zamonaviy axloq va etnik xususiyatga mos odobni namoyon etish.
Atrofdagilarning e’tiborini qozonish.
YOshlar tomonidan yuqoridagi jihatlarning amalga oshish mexanizmi modani taqozo etadi. CHunki, modakiyinishning o‘ziga xos me’yori. Biroq, bu me’yor insonning go‘zalligini ta’minlashishi shart. Aks holda me’yorning buzilishi natijasida bachkanalik vujudga keladi. Qolaversa, ijtimoiy madaniy taraqqiyot muayyan moda umrining qisqarishiga olib keladi. Taraqqiyot natijasida yangi modalar eskisini muomala jarayonidan siqib chiqaradi.
Bugungi kunda yoshlarning kiyinish madaniyatiga e’tibor qaratishning ijtimoiy ehtiyojga aylanish sababi shundaki, har bir xalqning tarixiy-madaniy rivojlanish bosqichlari ularning ajdodlari tomonidan kiyilgan kiyimlarda o‘z aksini topgan. Bu esa milliy g‘urur, vatanparvarlik va o‘zlikni anglash kabi buyuk hodisalar bilan chambarchas bog‘liq. SHunday ekan, bugungi kunda kiyinish madaniyatiga jo‘n va oddiy maishiy hol sifatida munosabat bildirish mumkin emas.
Inson faoliyatining barcha ko‘rinishlari estetik bilimni taqozo etadi. Estetik bilim esa insonda turmush tarzini tartibli, oqilona va maqsadli tashkil etish ko‘nikmasini shakllantirishga ko‘mak beradi. Bu boradi dizaynning turmush estetikasiga ta’sirini alohida ta’kidlash joiz.
Narsalar inson ehtiyojlarini qondirishi uchun o‘zgarib takomillashib boradi, bu inson faoliyatini erkin va qulay tashkillashtirish ijobiy, mo‘‘tadil ruhiy muhit yaratishga imkon yaratadi. Estetik A.P.Marder rivojlangan hozirgi jamiyatda ob’ektiv olam faqat fizikaviy, kimyoviy va boshqa xossalar bilan emas, shu bilan birga, estetik xususiyatlar va unga munosabatlar yig‘indisi sifatida ham inson ma’naviy va moddiy hayoti, axloq-odobiga emotsional tus beradigan estetik reallik bo‘lib namoyon bo‘ladi, - degan fikrni bildiradi. Darhaqiqat,insonni qurshagan predmet va narsalar muhiti uyg‘unlik, shinamlik va qulaylik xususiyatlari bilan insonda zavq, ko‘tarinki kayfiyat, xotirjamlik kabi hissiyotlarni uyg‘otishi; insonga o‘z hayotidan mamnunlik uyg‘otishi, ruhiy muammolar echimini hal etishda yordam berishi mumkin. Binobarin, me’morlar, amaliy san’at namoyandalari, dizaynerlar, umuman ijodkorlar bu estetik qulayliklarni nafaqat moddiy balki insonning ma’naviy ehtiyojlarini qondirish maqsadida yaratadi.
So‘nggi besh yilda mamlakatimiz shaharlari va qishloqlari qiyofasi tubdan o‘zgardi. Buning natijasida odamlarning estetik dunyoqarashi va tafakkurida ham o‘zgarish paydo bo‘ldi. CHunki, barpo etilayotgan ijtimoiy obektlar – muassasa, maydon, markaz, hiyobon, maskan, ziyoratgoh odamlarda turmush estetikasi haqidagi tasavvurini boyitadi, yuksaltiradi. Atrof-muhitning go‘zalligi kayfiyatga ta’sir ko‘rsatish, faollikka undash, xatti-harakatlariga tetiklik baxsh etishi asosida baholanadi.
Estetik muhitda tarbiya topgan inson narsalar olamining estetik shakli va mazmunini qadrlaydi, anglaydi, oqilona munosabatda bo‘ladi. Ayniqsa, badiiy konstruktorlik badiiy loyihalash unsurlarini ham o‘z ichiga oladi. Konstruktorlikni rivojlantirish bolalar va o‘smirlarda badiiy loyihalash qobiliyatini shakllantirish imkonini beradi, konstruktorlik ishlarini amalga oshirishi ijodiy tasavvur va badiiy qobiliyatning rivojlanishiga olib keladi. Bu esa estetik xarakter kasb etadi.
Turmush estetikasi inson faoliyati sohalari, narsalar olami, intererning tarkibiy qismlari, uning shakllanish qonuniyatlari, ish joylar muhitini shakllantirish kabi masalalarni hal etishda yangi texnik va texnologik ishlanmalar va dizaynga asoslanadi. Narsa-buyumlarni qulay, shinam joylashtirish va ulardan to‘g‘ri foydalanish hayotimizning kun tartibidan muhimi o‘rin egallagan. CHunki kishilarning turmushi jamiyat taraqqiyotining iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy-madaniy jihatlarini o‘zida aks ettiradi va bu oiladagi sog‘lom muhitni belgilaydi. Insonni o‘rab turgan predmet-narsalar insonning moddiy ehtiyojlarini qondirish bilan cheklanmaydi, tashqi muhit, shu bilan birga, insonning o‘z qiyofasini shu muhitga moslashtirishga ham ma’naviy-ruhiy ta’sir ko‘rsatadi, dizayn inson bilan narsalar olami o‘rtasidagi uyg‘unlikni qaror toptirish vazifasini bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |