8-mavzu. Estetika nazariyasi.
Reja
Estetika tushunchasi mohiyati.
Falsafa tarixida estetik qarashlar evolutsiyasi.
3. Estetika va dizayn. Tabiat estetikasi va lanshaft dizayz.
4. San’at antropogenez omili. San’atdagi inqiroz(degumanizatsiya).
“Estetika” (yunon. aisthetikos – his qilinadigan) iborasi dastlab olmon faylasufi Aleksandr Baumgarten (u G‘arbiy Evropa falsafiy tafakkurida muhim o‘rin tutgan Volf maktabi namoyondasi hisoblanadi)ning “Estetika («Aesthetica»)” nomli ikki tomlik asari (1750-1758 y.y.)da muomalaga kiritilgan. Baumgarten estetikani bilishning yuksak darajasi hisoblangan mantiqdan farqli o‘laroq, hissiy bilishning quyi darajasidagi fan sohasiga tegishli deydi. Uning fikricha, mantiqiy mushohada aniq tasavvurlarga, estetik mushohada esa noaniq va mavhum tasavvurlarga asoslanadi. Buning birinchisi – aql muhokamasiga, ikkinchisi – did muhokamasiga tegishlidir. Biroq, insonning universum bilan munosabati avval estetik mushohada orqali ro‘y beradi, so‘ngra mantiqiy mushohada orqali amalga oshadi. SHunga ko‘ra, estetikaning predmeti – go‘zallik, mantiqniki – haqiqatdir.
Baumgartenning estetikaga kiritgan ushbu nazariyasi keyinchalik san’at falsafasiga nisbatan keng qo‘llanildi. Bu nazariya Immanuil Kant, Fridrix Gegel va boshqa faylasuflar tomonidan rivojlantirildi, hatto fanning predmetini aniqlashda go‘zallik masalasi bilan boshlangan mulohazalar to g‘oyalar olamining falsafiy mohiyatiga tegishli mulohazalar bilan bog‘lanib ketdi. SHuning uchun ham ko‘pchilik nazarida Baumgarten “estetikaning asoschisi” sifatida tilga olinadi. Ammo, nemis faylasufi Teodor Lipps estetikani mohiyatan “nemislarga xos fan” ekanligini ta’kidlagani holda Germaniyada estetikaning asoschilari sifatida 4 nafar faylasuf - Gotxold Efraim Lessing, Iogann Gotfrid Gerder, Immanuil Kant, Fridrix SHillerni ko‘rsatib o‘tadi. U Immanuil Kant “estetikaning asoschisi” sifatida birinchi bo‘lib estetik qadriyatlarni shakllanadigan va rivojlanadigan “hudud”ning chegarasini belgilab berdi. SHundan keyingina estetika masalalari Kantning idealistik falsafasi bilan birlashdi va rivojlandi, - degan xulosaga keladi.
SHuni alohida ta’kidlash zarurki, “Estetika fan emas, uning mazmuni fanning ilmiy talablariga javob bermaydi”, - degan fikrlar estetikaning mohiyatini tushunmaslik natijasida kelib chiqqan fikrlardir. Odatda, fan - dunyo haqidagi obektiv bilimlar tizimi; uni ma’lum maqsadlar yo‘lida o‘zgartirishga xizmat qiladigan tabiat va jamiyat hayotini aks ettiruvchi ijtimoiy ong shakli hisoblanadi. Estetika ham fan sifatida o‘zining qonuniyatiga, kategoriyalariga va tushunchalar tizimiga ega. Biroq, “Estetika – go‘zallik haqidagi fan” deyish asl mohiyatni anglatmaydi. Aksincha, estetika keng qamrovli fan sifatida: a) u yoki bu voqelikka dahldor go‘zallik tuyg‘ularining mohiyatini bilishga intiladigan hodisalar majmui; b) borliqni hissiy idrok etishga asoslangan ong shakli; v) haqiqatni anglash va his qilish, qadriyatlarni bilish va tahlil etishga qaratilgan inson faoliyatining turidir.
Estetika ilmiy-nazariy masalalar va fan talablari doirasidan tashqarida qo‘llanilganda ko‘plab ma’nolarni anglatishiga sabab ham ana shunda. Qolaversa, boshqa fanlar kabi estetika ham odamlarga umumiy zaruriyat yuzasidan kundalik faoliyatda kerak bo‘ladigan narsa-hodisalarni (chiroyli bo‘lish, orasta kiyinish, ozoda yurish, nafis harakat qilish kabi masalalar bilan estetikaning muayyan sohasi shug‘ullanadi) emas, balki estetika fan sifatida estetik tarbiyani takomillashtirish, badiiy tafakkurni rivojlantirish, odam tuyg‘usini tarbiyalash, uning did-fahm-farosatni yuksaltirishga qaratilgan fundamental masalalarning ilmiy-nazariy asoslarini o‘rganish va echimini topishga e’tibor beradi. Zero, estetikaning mavjudlik shartini nafosatshunos O.A.Krivsun ”Qaerdaki inson tafakkuri va tabiat hodisasi tufayli yaratilgan predmetlar olamini xis etish yoki undan zavqlanish tuyg‘usi sodir bo‘lar ekan o‘sha erda “estetik jarayon”, “estetik hodisa” ro‘y beradi” – deb izohlaydi. SHu ma’noda, qaerdaki, yashashga ishonch, yashash umidi, yashashdan maqsad yoki voqelikni hissiy idrok etishga, tabiat hodisalarini anglashga ehtiyoj sezilsa, o‘sha erda estetika mavjuddir, desak noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
Estetika predmeti, obekti va tadqiqot doirasiga ega fan. Ma’lumki, barcha fanlar o‘z predmetiga ega bo‘lib, olamning mohiyatini bilish, borliqning mazmunini tushunish, voqelikni tasavvur qilishga qarab har bir fan o‘z predmetini belgilaydi. Olaylik, salomatlik tibbiyotning maqsadi bo‘lsa, uning predmeti - inson salomatligini asrash, mustahkamlash, himoya qiluvchi vositalar, hodisalar, omillar hisoblanadi. Biroq, estetikaning predmetini tibbiyotnikidek bir so‘z bilan ifodalash qiyin. Mohiyatan insonni paydo bo‘lishi va voqelikni idrok qilish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha qadriyatlar estetikaning predmeti bo‘la oladi. Jumladan, tabiat va uning estetik xususiyatlari, san’at va uning badiiy obrazlardagi ifodasi, ijod jarayoni va uning qonuniyatlari, jamiyat va uning rivojlanish prinsiplari estetikaning predmeti bo‘lib xizmat qiladi. CHunonchi, Immanuil Kantning nazarida estetikaning predmeti – bu san’atdagi go‘zallik bo‘lib, u estetik muhokama qobiliyatini tanqid sifatida namoyon bo‘ladi. Fridrix Gegel esa estetikaning predmetini umuman san’at, xususan tasviriy san’at bilan cheklab qo‘yadi. SHu ma’noda estetikaning predmeti – olam va uning umuminsoniy ahamiyatiga ko‘ra o‘rganiladigan estetik hodisalar hisoblanadi. Biroq, estetikaning predmeti estetik tajribaning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama tadqiq etishni, shuningdek, insonning bir oz bo‘lsada o‘zining ma’naviy olamga tegishli ekanligini, global ijtimoiy-utilitar tobelikdan halos bo‘lish yo‘llarini anglashni, shaxsiy erkinligi va mutloq va uyg‘un to‘laqonli hayotning bir qismi ekanligini his qilishga qaratilgan masalalar bilan belgilanadi.
Estetika fan sifatida ilmiy, ma’rifiy, badiiy taraqqiyotning o‘ziga xos muammolari doirasida baxs yuritadi, tahlil qiladi, o‘rganadi va o‘rgatadi. Ularning asosiylari quyidagilardan iborat:
Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi. Ushbu funksiya badiiy ijod bilan shug‘ullanuvchilar va ijodiy faoliyat uchun juda zarur. Ayniqsa, ranglar jilosini xis qilish, musiqa sehrini anglash, asardan xulosa chiqarish aynan ushbu funksiyaning ta’sirida ro‘y beradi. Zero, dunyoqarash ijodkorni boshqaradi, ijod jarayoni rivojiga ko‘mak beradi.
Bilish funksiyasi. Bu funksiya san’at asarini bilish va baholash faoliyati natijalarini, semantik va pragmatik axborotni etkazib berish, haqiqiy badiiy asar bilan saviyasi past asarni farqlay bilishlari, «ommaviychilik san’ati»ni rad qila olishda muhim ahamiyatga ega.
Yaratuvchanlik funksiyasi. Bu funksiya yangi ko‘rinishdagi iqtisodiyotning estetik asoslariga, tadbirkorlik faoliyatiga estetik tus berishga, bunyodkorlikni namoyon etishga imkon beradi Ayniqsa, go‘zal qadriyatlarni dunyoga tanitish, xalqning boy va betakror estetik dunyosini aks ettiradigan personajlarni yaratish orqali insonni ma’naviy jihatdan yuksaltirishga xizmat qiladi.
Metodologik funksiyasi. Mazkur funksiya badiiy asarda aks ettirilgan voqea-hodisaning mohiyatini o‘quvchiga to‘laqonli etkazish imkonini beradi, asarni bilish va uni xuddi hayotdagidek idrok qilinishini osonlashtiradi. Bundan tashqari, bu funksiya estetik masofani taqozo etadi: masofa tufayli badiiy reallik idrok etiladi. Masalan, teatr asarini tomosha qilish jarayonida tomoshabin bir paytning o‘zida ham sahna bezaklariga, ham aktyorlarning kiyimlariga, ularning xatti-harakatlariga sinchkovlik bilan nazar tashlaydi, va bu holatlarning barchasini estetik tasavvuri orqali mutanosib holga olib kelishga intiladi. Asar rejissyori, operator, rassom, chiroq ustasigacha barcha ijodkorlar estetik masofaning ahamiyatini hisobga olishi shartdir. CHunki, badiiy idrok etish uchun estetik masofa zarur. SHu bois badiiy asar inson tomonidan qandaydir qalbga yaqin, tanish hodisa sifatida idrok etiladi va masofa tufayli idrok etuvchida mushohada qilish erki saqlanib qoladi. U hayajonlanadi, qalbi ravshan tortadi. Ushbu masalalarni o‘rganish, tahlil qilish estetikaning metodologik funksiyasiga kiradi.
Bugungi kun ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning barcha sohalarida estetikaning u yoki bu tamoyili ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, iqtisodiyot va bozor munosabatlarida go‘zallikni qiymat kasb etuvchi mexanizmga aylanishi tamoyili sohaga estetik tamoyillar kirib kelayotganligini ko‘rsatadi. “Falsafa. Qomusiy lug‘ati”da “prinsip” tushunchasining ma’nosi “turli ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar va bilimlar majmuining asosi, poydevori; har qanday xatti-harakat, xulq-atvor va faoliyatning boshlang‘ich qoidalari” deb izohlangan. Ushbu izoh estetika fanining prinsiplariga xos mazmunni ham anglatadi. Odatda, estetikaning quyidagi an’anaviy prinsiplari mavjud. Bular: 1.Uyg‘unlik (garmoniya) tamoyili; 2.YAxlitlik (butunlik) prinsipi; 3.Ifodalilik (obrazlilik) prinsipi; 4.Maqsadga muvofiqlik prinsipi. Ushbu prinsiplar orasida estetik munosabatlarda ko‘proq ko‘zga tashlanadigan uyg‘unlik va maqsadga muvofiqlikning mohiyati haqida quyidagi fikrlarni aytish mumkin.
Uyg‘unlikning falsafiy-estetik mazmuni ilmiy adabiyotlarda “garmoniya” tushunchasi bilan ham izohlanadi. Milliy estetikamizda mazkur tushunchaning estetik mohiyati ko‘pchilik olimlar tomonidan ilmiy tahlil qilingan. Bular orasida faylasuf Tilab Mahmudovning mulohazalari bir qadar diqqatga sazovor. Faylasuf uyg‘unlikda nomutanosiblik xususiyati, garmoniyada disgarmoniya alomatlari borligini uqtiradi. SHunday narsa-hodisalar borki, uning tarkibiy qismlari uyg‘un bo‘lmasa ham go‘zal tasvirni bera oladi. Bundan tashqari, uyg‘unlik buzilishi, nomutanosiblikka asoslangan garmoniyalar bo‘lishi mumkin. Gap ana shu hayotiy predmetning mutanosibligi inson hayotining yo‘nalishi bilan qanday munosabat va aloqadorligidadir. Agar faylasufning narsa va hodisalar tashqi ko‘rinishidan bizga uyg‘un ko‘rinmasligi mumkin, lekin o‘z ichki uzviy birligi va mutanosibligi bilan ma’lum garmoniyaga ega bo‘lishianiq, degan xulosasini e’tiborga olsak, fikrda jon bor. Zero, tabiatda shunday hodisalar borki, u o‘z go‘zalligini disgarmoniyada ham aks ettiradi. Qolaversa, tabiatva jamiyatda bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanmagan, ma’lum aloqadorlikda bo‘lmagan, muallaq predmet va hodisaning o‘zi yo‘q: har bir narsa o‘zining aloqadorlik doirasiga ham ega.
Nemis faylasufi Georg Gegel maqsadga muvofiqlik prinsipini go‘zallik va san’atning o‘zaro aloqadorligida ko‘radi. U go‘zallikni maqsadga muvofiqlik bilan bog‘liqligini tahlil qilib, bu bog‘liqlikning asosida tashqi va ichki qarama-qarshiliklar markaziy o‘rin egallashini uqtiradi. Garchand, predmetlarning shakliy go‘zalligida mutanosiblikni muhim element deb hisoblasada, Gegel uning xususiyati faqat geometrik asosdangina iborat emasligini ta’kidlaydi.
Odatda, fanga tegishli qonunlar hodisalarning hamma xususiyatlarini emas, balki hodisalardagi umumiylikni aks ettiradi va undagi mustahkam barqarorlikni ifodalaydi. Biroq, hodisalar ayni bir vaqtda bir-biriga o‘xshaydi va bir-biridan farq qiladi. Xususan, voqelikni estetik o‘zlashtirshning oliy shakli bo‘lgan san’atga umumiy va xususiy qonunlar tegishli bo‘lib, ularga badiiy ijod jarayoni ham, san’atning ijtimoiy olami ham ta’luqlidir. Ular san’atning antropologik, genetik va gnoseologik mazmunini ochib berishga xizmat qiladi. SHunga asosan “Estetik faoliyat qonuni”, “Badiiy ijod qonuni”, “Badiiy jarayon qonuni”, “Badiiy idrok qonuni”, “Estetik idrok qonuni” kabi qonuniyatlar tizimi shakllangan. Ushbu qonunlar olamni estetik o‘zlashtirish jarayonining mohiyatini izohlaydi va quyidagi natijalarga olib keladi:
1) voqelikning estetik xususiyatlari inson tomonidan olam hodisalarini tasavvur qilish, anglash hamda tajribaga tayangan holda insoniyat oldiga qadriyatlarni o‘rganishni vazifa qilib qo‘yadi.
2) estetik faoliyat predmetlar olami va insoniy idealni botiniy tuyg‘ular asosida o‘zlashtirish natijasida yuzaga keladi, u umuminsoniy qadriyatlarga oqilona munosabatni shakllantiradi hamda erkin ijodkorlik muhitini yaratishga ko‘mak beradi.
Estetika fanida ko‘p amal qiladigan qonunlardan yana biri “Badiiy ijod qonuni” hisoblanadi. Ushbu qonunning mazmuni haqida faylasuf Abdulla SHerning fikrlari ahamiyatlidir. Faylasuf badiiy ijod jarayoni boshqa barcha aqliy mehnat turlaridan katta farq qiladigan mehnat turi bo‘lib, unda mehnat qandaydir sirli ruh bilan amalga oshadi, deydi. CHunonchi, badiiy ijod jarayonining ibtidosi san’atkorning muayyan g‘oyani yoki g‘oyalar tizimini badiiyat orqali boshqalarga etkazish istagi bilan bog‘liq bo‘lib, bu g‘oyaviy niyatda aks etadi. G‘oyaviy niyat ko‘zga ilg‘amaydigan darajada nozik va ko‘z ilg‘amaydigan darajada miqyoslikka ega. CHunki g‘oyaviy niyat o‘z nomi bilan g‘oyaga taalluqli, u ijodkorning dunyoqarashining mevasi, butun asarning poydevori. U badiiy asarning mavzui, shakli, mazmuni, “tili”, badiiy vositalari qanday bo‘lishi kerakligini belgilab berish uchun ular bilan “kurash olib boradi”. Ba’zan ularni o‘ziga bo‘ysundiradi, ba’zan esa ularga bir oz yon berib, ma’lum nuqtalarda o‘zgaradi, “sharoitga moslashadi”. G‘oyaviy niyatni shu bois hech qachon to‘liq amalga oshgan estetik hodisa sifatida tasavvur qilish mumkin emas.
YUqoridagi fikrlarga asoslangan holda “Badiiy ijod qonuni”ning asosiy kamponenti hisoblangan “ijod”ni inson taraqqiyoti uchun ahamiyatini quyidagicha izohlash mumkin. YA’ni ijod: a) muayyan badiiy uslub yordamida shaxs va jamiyatning madaniyatini yuksaltiradi; b) obrazli tafakkur yordamida badiiy olamning asl va betakror mohiyatini anglash imkonini beradi; v) olam go‘zalligidan zavqlanish, iztiroblardan forig‘ bo‘lish va yaratuvchanlikka rag‘batni paydo qiladi.
Estetikaning qonuniyatlari narsa-hodisalar va voqelikdagi jarayonlarning estetik mazmunini turli rakursda o‘rgansa-da, estetika uchun umumiy bo‘lgan metaqonun - “Insonning voqelikka estetik munosabati qonuni”ga amal qiladi. Bu qonun yordamida estetika o‘z tadqiqot obektining predmetini konkretlashtiradi, funksiyalarini belgilaydi.
“Estetika” iborasini ilmiy muomalaga kiritilganiga ham uch yarim asrdan ortiq vaqt o‘tdi. Bu vaqt oralig‘ida estetika dunyo faniga aylandi, jahonda bu fanni rivojlantirish, uning ilmiy-nazariy muammolarini o‘rganishga qaratilgan yirik tadqiqotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, mamlakatimizda estetika ilmi, ta’limi va tarbiyasini rivojlantirish, estetik dunyoqarashni boyitish masalalari doimiy e’tiborda bo‘lib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |