Mavzu; Etrusklar davrida Italiya
Reja;
1. Etrusklar.
2. Etrusklar davri tarixiy davrlashtirsh
3. Rim madaniyatida o’rni
Etrusklar. Gerodot, Starabon, Katta Pliniy va Tatsit etrusklar Kichik Osiyodagi Lidiyadan mil.avv. XIII asrda dengiz orqali Italiyaga kirib kelganlar, deb ma’lumot beradilar. Etrusklar, ularning kelib chiqishi to‘g‘risida Gerodot, Strabon, Katta Pliniy, Galikarnaslik Dionisiy ma’lumot berganlar. Tarixshunoslikda Dempster (1579–1625-yillar, u etriskologiya fanining asoschisi ham sanaladi), Puje, Maspero, Nibur va boshqalar etrusklarning kelib chiqishi bilan shug‘ullandilar. Lekin hozirgacha fanda etrusklarning kelib chiqishi to‘g‘risida aniq bir fikr yo‘q. Lotinlar ularni etrusklar yoki tusklar, yunonlar tirrenlar yoki tersenlar deb atadilar. Etrusklar tarixi bo‘yicha sag‘ana, dafn toshlari, qo‘rg‘oshin taxta, ko‘za, muhrlarda mavjud bo‘lgan 11 ming etrusk yozuvlari mavjud. Ularning ko‘pchiligi bag‘ishlov, in’om mazmunida bo‘lib, qisqa yozilgan. Ularning yozuvi biror-bir tilga yoki tillar oilasiga to‘g‘ri kelmaydi. Etrusklar to‘g‘risidagi ilk aniq ma’lumotlar mil.avv. VIII asrga tegishli. Etrusk madaniyatining asosiy yodgorliklari O‘rta Italiyadagi Tibr va Arnus daryolari oralig‘ida rimliklar Etruriya (hozirgi Toskana) deb atagan viloyatda to‘plangan. Etruriya Liguriya, Sizalp Galliyasi, Umbriya va Latsiy viloyatlari bilan chegaradosh bo‘lib, Tirren dengiziga chiqqan. Etruriya o‘rmonlar, qurilish toshi, gilga boy edi. Etrusklar uchun zarur bo‘lgan mis, qo‘rg‘oshin, qalay xomashyosi mo‘l-ko‘l bo‘lgan. Qo‘shni Ilva (Elba) orolidan etrusklar temir rudasini olganlar. Ilk arxeologik yodgorliklar etrusklarning ijtimoiy-iqtisodiyotda yuqori darajada rivojlanganidan guvohlik beradi. Villan madaniyatiga tegishli urug‘-jamoa qo‘rg‘onlari qoldiqlari, Etruriya shaharlarining paydo bo‘lishi mil.avv. VIII asrga mansub. Mehnat taqsimoti, ayirboshlashning rivojlanishi, jamoa tuzumining yemirilishi boy oilalarning – hukmronligini yuzaga keltiradi. Jamiyatning imtiyozli qatlami – harbiy kohinlar (lugumonlar) oqsuyak zodagonlar shakllanadi. Etruriyada qulchilik juda erta paydo bo‘lgan. Qulchilikning mavjudligidan etrusk zodagonlarining qo‘rg‘onlarida uyushtiriladigan gladiatorlar janglari guvohlik beradi. Qadimda jangda halok bo‘lgan yo‘lboshchilar qabri ustida asirga tushgan dushmanni jang qilishga majbur etilishi orqali gladiator janglari kelib chiqqan. Oqibatda ular tomosha sifatida saqlanib qolib, bunday tomoshani etrusklardan boshqa Italiya shaharlari o‘zlashtirib olganlar. Qullar va qaram odamlardan tuzilgan qurolli guruh bilan luqumonlar qo‘shni viloyatlarga hujum qilganlar, dengiz qaroqchiligi (piratlik) bilan shug‘ullanganlar. Etruriya shaharlarida podsholar boshda saylab qo‘yilgan. Siyosiy kurash natijasida ayrim shaharlarda podsholarning o‘rnini saylab qo‘yilgan lavozimlar egalladi. Podsho hokimiyati ramzlari – xivich bog‘lami va unga suqilgan bolta ko‘targan xizmatchilar podsho oldida borganlar, qizil zey berilgan toga, podsho o‘tirgichi – kreslo rimliklarga etrusklardan o‘tgan. Ko‘rinishidan rimliklar oliy hokimiyat (imperuim) tushunchasini etrusklardan o‘zlashtirganlar. Etrusklar xo‘jaligining asosi sug‘orma dehqonchilik bo‘lib, ular toshloq yerlarga suvni kanallar, yer osti suv omborlari orqali yetkazganlar. Etrusk dehqonlari toshloq yerlarning botqoqlanishini oldini olish, zax suvlarni qochirish yo‘llarini bilganlar. Etrusklar Italiyada birinchi bo‘lib shaharsozlik, shahar hayoti va madaniyatini barpo qildilar. Aholisi ko‘p sonli va boy bo‘lgan Veyi, Populoniya, Kluziy, Belsiniya, Peruziya, Tarkviniya, Vulchi va Sere kabi etrusk shaharlari barpo qilindi. Savdo-hunarmandchilik rivojlanib, etrusk hunarmandchilik mahsulotlari chet elllarga chiqarilgan. Dengiz orqali vositachilik savdosini jadal amalga oshirdilar. Etrusklarning savdo kemalari Karfagen, Finikiya, Yunoniston va boshqa sharq mamlakatlari portlarida muntazam langar tashladilar. Ular ichki va tashqi savdoning rivojlanishi uchun tanga-pul zarb qildilar. Etrusklar metallga ishlov berishda yuqori natijalarga erishdilar. Etruriyaning o‘zida mis, qo‘shni Elba orolida temir rudasi qazib chiqarilgan. Etrusk kulolchilik mahsulotlari nihoyatda yuksak baholangan. Etrusklar Janubiy Italiya, Korsika va Sardiniyada o‘z koloniyalarini barpo qildilar. Mil.avv. VII–VI asrlarda Etruriyada markazi Volsiniya shahri (bu shaharda etrusklarning oliy xudosi Kertumnaning ziyoratgohi bor edi) bo‘lgan etrusklarning 12 shahar konfederatsiyasi mavjud edi. Konfederatsiya siyosatiga 12 luqumon kengashi rahbarlik qilgan. Janubiy Italiyadagi yunon shaharlari etrusklar bilan raqobat qildilar. Mil.avv. 535-yilda etrusklar Karfagen bilan ittifoq bo‘lib, Korsika oroli yaqinidagi Alali yonidagi jangda yunonlarni tor-mor qiladilar. Korsika oroli etrusklarning tayanch nuqtasiga aylandi. Shu vaqtda Latsiya, Kampaniya va Shimoliy Italiyaning bir qismi etrusklar qo‘lida edi. Rimda etrusklarning Tarkviniy sulolasi qaror topdi, yarim orolning shimoli-sharqida etrusklarning Adriya shahri Adriatika dengiziga o‘z nomini berdi. Mil.avv. VI asrning birinchi yarmi Etruriya iqtisodiy-siyosiy hayotining yuksalish davri bo‘ldi. Mil.avv. VI asrning ikkinchi yarmidan etrusklar zaiflasha boshladi. Etrusklarning zaiflashuvining bir necha sabablari bor edi. Etrusk federatsiyasi hech qachon mustahkam bo‘lmagan. Shaharlar o‘rtasida doimiy raqobat, shaharlardagi ijtimoiy qatlamlar o‘rtasidagi ziddiyatlar siyosiy zaiflashuvga olib keldi. Italiya shaharlari etrusklarning hukmronligiga chek qo‘yishga harakat qildilar. Etrusklar shimolda keltlarning hujumini qaytarish uchun og‘ir kurash olib bordilar. Etrusklar davlati hududlari qisqarib bordi. Etrusk federatsiyasiga kirgan shaharlar o‘rtasidagi ichki aloqa zaiflashdi. Etrusklar birdaniga yunonlar, rimliklar va keltlarning siquvi ostida qoldi. Rivoyatlarda rimliklarning etrusklarga qarshi urushlarining yorqin tasvirlari saqlanib qolgan. Bir rivoyatga ko‘ra etrusk podshosi Parsenni o‘ldirish uchun rimlik o‘smir Gay Musiy etrusklar qarorgohiga kiradi, lekin uni ushlab oladilar. Parsena Gay Museyni qiynoqqa solib, sheriklarini aytishni talab qiladi, gay Stsevola og‘riq va o‘limdan qo‘rqmasligini ko‘rsatish uchun qo‘lini olovga tutadi va qo‘li qanchalik kuymasin, miq etib ovoz chiqarmaydi. Mil.avv. 524-yilda yunonlar Kampaniya yonida, mil.avv. 474-yilda Qum yonida etrusk flotini tor-mor qildilar. Mil.avv. 509-yilda rimliklar so‘nggi etrusk podshosi Tarkviniy Mag‘rurni shahardan haydab yubordilar. Mil.avv. 265-yilda etrusk shahri Voliniyaning qulashi bilan rimliklar Etruriyaning to‘la istilosini tugalladilar. Yangi era boshida etrusklar romanlashuv jarayonida o‘z ona tillarini unutdilar va rimliklar bilan qo‘shilib ketdilar. Etrusk madaniyati. Etrusklar bir necha yuz yillar davomida oziga xos yuksak rivojlangan madaniyatni shakllantirdilar.
Etrusk madaniyati tarixi to‘rt davrga bo‘linadi:
1. Mil.avv. VIII– VII asrlar;
2. Arxaik davr (mil.avv. VI asr);
3. Klassik davr (mil. avv. V–IV asrlar);
4. Ellin davri (mil.avv. III–I asrlar).
Etrusk me’morchiligi yuqori darajada shakllangan bo‘lib, keng ko‘chalar (kengligi 10-15 metr), maydon, kvartal, mudofaa devorlari, tosh ko‘prik, suv quvurlari va kanalizatsiyalarning mavjudligi buning dalilidir. Etrusk shaharlarida qal’a inshootlari va ibodatxonalarining barchasi, odatda, tuf va travertindan (toshning bir turi) qurilgan. Etrusklar qobiliyatli muhandislar bo‘lib, mustahkam ko‘prik va yo‘llarni bunyod qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Ular qabrlar ustida ajoyib haykallar, relyef tasvirlar ishlaganlar. Jahon san’ati tarixiga mansub mashhur etrusk Klyuzi, Cherveteri, Vulchi, Volterra va Mantanoli maqbaralari bo‘rtma naqshlar, jez va loydan yasalgan haykallar bilan bezatilgan. Luqumonlarning naqshlar bilan bezatilgan sag‘analari, dafn ko‘zalari, jezdan yasalgan diniy va kundalik buyumlari zargarlik san’atining nafis va yuksak asarlaridir. Bizgacha Tarkviniy Mag‘rur davrida etrusk haykaltaroshi ishlagan afsonaviy Vulchi haykali yetib kelgan. Shuningdek, etrusklarning jezdan bunyod qilingan noyob haykallari – «Kapitoliy ona bo‘risi» va «Ximera» (mil.avv. V asr) insoniyat madaniyati tarixida noyob san’at namunalari hisoblanadi. Etrusklar kohinlik «ilmi»ning bilag‘onlari hisoblanib, shakllangan diniy e’tiqodga ega edilar. Ular fol ko‘rish va muqaddas marosimlar o‘tkazish bo‘yicha maxsus kitoblarni yaratdilar. Etrusklarning dini asosida odamlarni qurbonlik keltirish bilan o‘liklarga, ruhlar va devlarga e’tiqod qilish yotar edi. Etrusklarning oliy xudosi Vertumn hisoblangan. Uning orqasida xudo triadasi turadi: Tiniya, Uni va Minerva (rimliklarda – Yupiter, Yunona va Minerva). Qolgan xudolar Fufluns, keyin u rimliklar tomonidan Vakx – Dionis bilan, Maris – Mars bilan, Aplu – Apollon bilan, Turms – Germes bilan tenglashtirilgan edi. Etrusk madaniyatining shakllanishida Sharqning qadimgi sivilizatsiyasi ijobiy ta’sir qildi. O‘z navbatida, etrusk sivilizatsiyasi keyingi Rim madaniyatining rivojlanishida jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Italiyaning boshqa xalqlari etrusklarning dehqonchilik, qurilish san’ati, hashamatli turmush tarzi, podsholik hokimiyati ramzlari hamda etrusk diniy e’tiqodi va fol ochishlarini o‘zlashtirib oldilar.
Tavsiya etiladigan adabiyotlar
1. Залесский Н. Н. Этруски в Северной Италии. – Л.: 1959.
2. Ильинская Л. С. Находки в древнем Лации и их место в понимании традиции об Энее на Западе. Вестник древней истории, 1983, № 3.
3. Немировский А. И. Этруски. От мифа к истории. – М.: 1983.
4. Немировский А. И. История раннего Рима и Италии. Воронеж, 1964.
5. Маяк И. Л. Рим первых царей. – М.: 1983.
Asosiy sanalar
Mil.avv. X asr Lotinlar Tibr daryosi bo‘yiga kelib joylashdilar.
Mil.avv. 753-yil Rim shahriga asos solinishi.
Mil.avv. VII–VI asrlar Lotinlar Kivirinal va Viminal tepaliklarini egalladilar. Mil.avv. VIII–VI asrlar Etrusklarning Italiyada yetakchiligi.
Mil.avv. VII asr o‘rtalari Etrusklar Latsiy va Kampaniyani o‘zlariga bo‘ysundirdilar. Mil.avv. VI asr Rim-Karfagen ilk savdo shartnomasi tuzildi.
Mil.avv. VI asr Serviy Tulliy islohotlari.
Mil.avv. VI–V asrlar Yunon-etrusk raqobati.
Do'stlaringiz bilan baham: |