Turmush estetikasi
Inson - ijtimoiy hodisa. Lekin u hamisha tabiat bilan aloqadorlikda shakllanadi. Shu tariqa insoniy madaniyat ham vujudga keladi. Madaniyat haqida gapirar ekanmiz, ichki va tashqi madaniyatni farqlash lozim. Ichki madaniyat - insoniyat ma’naviy boyligi, aqliy va axloqiy rivojlanganligi darajasi, dunyoqarashi, hissiyoti, vijdon, imon va diyonat, ezgulik va hamdardligidir. Tashqi madaniyat - axloq qoidalari, yurish-turish, xatti-harakat, odob normalariga rioya qilish. Shuningdek, shaxsning tashqi madaniyatiga so`zlashish, kiyinish madaniyati ham kiradi. Insonlarda ichki va tashqi madaniyat uzviy bog’liq holda rivojlansa, shaxs barqarorligi, insonning munosabatlari go`zalligi, yigit-qizlar munosabati, do`stlik va o`rtoqlik munosabatlari odoblilik doirasida tarkib topadi, Do`stlik, muhabbat umumiy manfaat xayrixohlikka asoslangan o`zaro bog’liqdir. Odob tuyg’usi rivojlangan insonlar go`zal xatti-harakat sohibiga aylanadilar. Tavoze, odob, ohistalik, ehtiyotkorlik, chiroyli muomala zohiriy jihat ekanligini ta’kidlash lozim. Insonning tashqi qiyofasi uning umumiy madaniyat va saviyasidan dalolat beradi. Odamlar orasida go`zal va zamonaviy bo`lish istagi yoshlikning asosiy intilishidir. Lekin tashqi qiyofa go`zalligi uchun intilish yagona maqsad bo`lmasligi lozim. Shu bilan birga, insonning did bilan kiyinishi ham san’atdir.
Moda - ijtimoiy hodisa. U faqatgina kiyimda namoyon bo`lmaydi. Moda har doim kimgadir, nimagadir taqlid qilish ehtiyojidir. Moda bo`lgani uchun shu rangni tanlash, hamma kiygani uchun shu kostyumni kiyish, moda bo`lgani uchun uyni shunday mebellar bilan jihozlash, moda bo`lgani uchun shunday so`zlashish kishilar orasida urf bo`lgan.
Ma’lumki, har birimizni xilma-xil murakkab va jozibador go`zalliklar dunyosi qurshab olgan. Go`zallik tabiatda, mehnatda, insoniy munosabatlarda, san’atda namoyon bo`ladi. Go`zallik, ayniqsa, yoshlik, o`smirlik davrida, shaxsning ma’naviy dunyosi tarkib topishi jarayonida ko`proq maftun etadi. Shu tufayli ham teatr va kinoteatrlarda, konsert va ko`rgazmalarda ko`pincha yoshlarni uchratishimiz mumkin.
Insonning go`zalligi mehnati orqali namoyon bo`ladi. Mehnat takomillashgan sari, ayniqsa, jismoniy mehnat turlari texnika zimmasiga o`tgani sari, ularning ko`ngilli va ijodiy tabiati ortib boradi. Shu tariqa, mehnat estetik taibiyaning eng muhim omili bo`lib qoladi. Chunki qoloq ishlab chiqarish texnikasi va texnologiyasi sharoitida mehnat turi insonga estetik ta’sir ko`rsata olmaydi. Ishlab chiqarish jarayonida qatnashayotgan har bir inson o`z mehnatidan moddiy va ma’naviy manfaatdor bo`lsagina, bu mehnat estetik tarbiya omili bo`la oladi.
Shaxs hayotida mehnatning estetik ta’sirini kuchaytirishda ishlab chiqarish jarayonlariga estetik texnika (dizaynni keng ravishda joriy qilish kerak bo`ladi. Bu esa, o`z navbatida, ishlab chiqarish muhitini nafosat qonunlariga mos tarzda qayta qurishni taqozo etadi. Mehnat sharoitlari va vositalariga estetik mazmun baxsh etish omili insonni estetik kamol toptirish bilan birga, uning foydali-amaliy vazifalarini ham kengroq doirada bajarishga safarbar qiladi. Natijada estetik mazmun mehnat unumdorligini, samaradorligi va sifatini oshirishning muhim omiliga aylanadi.
Go`zallik hamisha insonga, jamiyat taraqqiyotiga ma’naviy foyda keltiradi. Estetik tarbiyada shaxs estetik madaniyati shakllanishining tashqi va ichki omillari uyg’unligidan, tarbiyaviy faoliyatning o`ziga xos usullaridan foydalanilgandagina mo`ljaldagi samaralarga muvaffaqiyatlarga erishish mumkin. Mustaqil O`zbekiston davlati fuqarolarining estetik ongini oshirish estetik tarbiya oldidagi dolzarb vazifa bo`lib, u estetik madaniyatni yanada yuksaltirishga. estetik talab-ehtiyojlar va qadriyatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi
Ishlab chiqarish muhitining estetik jihatlarini vujudga keltirish, unga «ma’naviy qadriyat» maqomini berish dizayn (sanoat estetikasi)ga oid rasm chizmalar, modellar, bezaklar vositasida ham amalga oshiriladi. Hozircha estetik adabiyotda dizaynning yagona hammabop yaxlit qoidaga aylangan ilmiy ta’rifi yaratilmagan. Lekin ko`pchilik tadqiqotlar dizayn badiiy-texnik faoliyat turidir, deb qarashga moyildirlar.
Texnik estetika o`zining tadbiqiy tomoni bilan bevosita texnika bilan qorishib ketadi. Dizayn dunyoqarashga ham taalluqli bo`lib, u umumiy estetik nazariya oqimiga kelib quyiladi. Bu yerda dizaynning maxsus faoliyat turi sifatidagi xususiyatlarini, dizayn va san’atning o`zaro munosabatlari sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda badiiy ijod ishtiroki, ular o`rtasidagi umumiylik va farqlar, texnikaning estetik jihozlanishi va estetik qiymati kabi muammolar tahlili estetik faoliyat uchun ko`p samaralar berishi mumkin. Dizayn muhandislik, ilmiy va badiiy faoliyat qorishiq holda namoyon bo`ladi, lekin dizayn ularning birontasiga aylanib qolmadi. Dizayn san’atdan bahra oladi. San’at bilan dizayn o`rtasidagi umumiylik bo`lsa-da, ular estetik faoliyatning ikki xil turlaridir. Dizayn san’atdan qanday farq qiladi? Ayonki badiiy faoliyat u yoki bu ko`rinishida faqat g’oyalargina emas, balki narsalar ishlab chiqarish bilan bog’liq. San’at avvalo ma’naviy ishlab chiqarish turi, ong va bilish sohasidir. U san’atning tub mohiyatini ifodalaydi. San’at estetik qadriyati ma’lum darajada «foyda» qadriyatlariga ziddir, ya’ni san’at asari moddiylikdan ko`ra ko`proq ma’naviy ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan bo`ladi. Dizayn mahsulotlari mashinalar, binolar keng iste’mol, ya’ni moddiy «foyda» xususiyati bo`rtib turadi.
Bu yerda narsaning burch - vazifasi uning ijtimoiy ahamiyati, inson ehtiyojini qondirish qobiliyati bilan aniqlanadi. San’at bilan dizayn o`rtasidagi farq haqida gapirganda, san’at asari qaysi moddiy tizimga mansubligidan, qaysi muhitda vujudga kelganligidan qat’i nazar, mustaqil qiymatga ega ekanini ta’kidlash kerak. Dizayn mahsuloti esa narsalar tizimining ajralmas qismi bo`lib, undan tashqarida amal qila olmaydi. Uning estetik qiymati va muayyan narsalar «tizimi»ga qanchalik mos kelishi bilan o`lchanadi, ya’ni dizayn faoliyatining ob’ektini alohida olingan mashina emas, balki o`zining barcha jihozlari, tashqi va ichki bezaklari ko`rinishi va hokazo shakllari bilan birgalikda yaxlit olingan “mashinalar tizimi”ni tashkil etishi shart. Hozirgi sharoitda dizayn tobora umumbashariyat muammolari bo`lgan tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish, inson salomatligini va uni qurshab turgan muhitni himoya qilish vazifalarini bajarishga faol ishtirok etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |