Layell sindromi
Dori-darmonlar ta’sirida vujudga keladigan kasalliklarning eng og’ir turi bo’lib, u Stivens-Jonson sindromidan terining kattagina yuzasidan epidermisning ko’chishi bilan farqlanadi va hosil bo’lgan manzara bamisoli terikuyish III bosqichi kabi ahvoli juda og’ir bo’ladi. Bunda badanning 80-90 % terisi zararlanadi, Nikolskiy fenomeni va Asbo-Xansen simptomlari musbat bo’ladi. Stivens-Jonson sindromida toshmalar asosan shilliq qavatlarda (tabiiy teshiklar - og’iz, burun, orqa chiqarish kanali, siydik yo’li atrofida) joylashsa, Layell sindromida (agar bu kasallik mustaqil ravishda boshlansa) toshmalar shilliq qavatda deyarli kam uchraydi. Stivens-Jonson sindromida teridagi toshmalar dori ta’siridan 4-6 kun o’tgandan so’ng paydo bo’lsa, Layell sindromida esa 1-2 kundan keyin toshadi.
Ko’p shaklli ekssudativ eritemani boshqa teri kasalliklaridan farqlash qiyin emas va diagnozi yuqorida aytib o’tilgan klinik belgilarga asoslanadi.
Dori allergik vaskuliti: etiologiyasi antibiotiklar, sulfanilamidlar, piramidon va fenotiodin birikmalari ta’sirida kelib chiqadi.
Klinikasi. Kasallikning to’satdan boshlanishi, toshmalarning oyoqlarda simmetrik joylashishi, polimorfologik va ular gemorragik komponentlarga ega ekanligi vaskulitlarga xos bo’lgan umumiy belgilardir. O’tkir tugunli eritema tez vaqt oralig’ida toshmalar toshishi bilan boshlanadi, harorat ko’tariladi (380S), bo’g’im va mushaklar og’rishi. Shuningdek bosh og’rig’i va darmonsizlik kuzatiladi.
Kasallik davo kursi boshlangandan 1-2 hafta o’tgach paydo bo’ladi. Boldir va yelka oldi qismlarida simmetrik joylashgan, chegaralangan, og’riqli qizil tugunlar paydo bo’ladi. Bu tugunlar sekin-asta kattalashib, yong’oqdek va undan ham kattaroq bo’lishi mumkin. Sababchi dori moddani to’xtatib, allergiyani davolash kursi olingandan so’ng (4-5 kun ichida) tugunchalar kamayib, rangsizlanadi va o’zidan keyin pigmentli dog’ qoldiradi.
Anafilaktik shok
Ma’lumki, shoklar uch guruhga bo’linadi. Birinchi guruh - og’riq tufayli kelib chiqadigan shoklar: ekzogen (shikastlanishlarda, jarrohlik ishlari bajarilgan hollarda), endogen (infarktda, buyrak kasalliklarida, qorin ichidagi a’zolar kasalliklarida). Ikkinchi guruh - psixogen shoklar. Uchinchi guruh - gumoral shoklar: qon quyishda, gemolitik, gormonga oid, zaharlanish tufayli.
Bu bo’limda biz faqat anafilaktik shok to’g’risida to’xtalib o’tamiz, chunki u dori allergiyasi klinikasiga to’g’ridan-to’g’ri bog’liq bo’ladi. Anafilaksiya grekcha — o’z-o’zini himoya qilish degan so’zdan kelib chiqqan bo’lib, allergiyaning tez sodir bo’ladigan tipiga kiradi va ko’proq allergen parenteral (teri ostiga, teri ichiga) yuborilganda yuzaga keladi. Birinchi bo’lib bu belgini Rishe va Porte 1902 yilda ta’riflab berganlar va ular bu ishlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo’lganlar.Anafilaktik shokning klinik manzarasi. Odatda bemorlar xolsizliqdan, xansirashdan, quruq yo’tal, butun badanida qizish holatini sezish, sovuq ter chiqish, o’lib qolishdan qo’rqish hissi va tananing turli qismlaridagi noxushliklardan shikoyat qiladilar. Bemor o’zini qo’ygani joy topolmaydi, xonada u yoqdan bu yoqqa yuradi. Badan terisi qizarib ketadi, bo’g’ilib entikadi, qorinda og’riq sezadi. Tomir urishi tezlashadi, qon bosimi keskin pasayib ketadi, yoki birinchi daqiqalarda esa qon bosimi ko’tarilib ketishi ham mumkin.
Klinikasi. Anafilaktik shok birdaniga yuz berishi mumkin va uning belgilari dori moddaning turiga bog’liq bo’lmaydi. U dori kiritilgandan keyin bir daqiqadan to bir soatga qadar vaqt orasida rivojlanishi mumkin. U qanchalik tez boshlansa, klinikasi shuncha og’ir ko’rinishda o’tadi. Anafilaktik shokning bir necha klinik turlari mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |