DORI ALLERGIYASINING KLINIK BELGILARI
Dori moddalaridan kelib chiqqan asoratlarning klinik belgilarini turli xildagi ko’rinishi hozirgi davrda amaliyot uchun zarur bo’lgan klassifikatsiyasini tuzishda qiyinchilik tug’dirmoqda.
Ayrim olimlar xastalikni patogenezi asosida tuzish kerak desalar, boshqa bir guruh olimlar immunologik jarayon asosida tuzish kerak deydilar. Shuning uchun hozirgi amaliyotda shifokorlarga A.D.Ado (1963) taklif etgan klassifikatsiyadan foydalanish ma’qul ko’riladi. Bu klassifikatsiya asosida dori allergiyasi kelib chiqish darajasiga qarab 3 guruhga bo’linadi:
I guruh — kasallik klinik belgilarining tez yuzaga chiquvchi (anafilaktik shok, o’tkir qavarchiqlar, Kvinke shishi, o’tkir gemolitik anemiya) turi.
II guruh — kechroq boshlanuvchi, ya’ni 24 soatdan keyin klinik belgilari paydo buluvchi kasalliklar (agranulotsitoz, trombotsitopeniya, makula-papulez ekzema, ba’zan dori "isitmasi") turi.
III guruh — kech rivojlanuvchi (48 soatdan so’ng, ba’zida esa 1 haftadan keyin) kasallik belgilari (zardob kasalligi, artritlar, limfadenitlar, gepatit va nefritlar) paydo bo’luvchi turi.
Dori moddaga sensibilizatsiya paydo bo’lgandan keyin bemor bu dorini qabul qilmayotgan bo’lsa ham oylar va xatto yillar kasallik belgilari davom etishi mumkin.
Dori allergiyasining klinik ko’rinishi ayrim xususiyatlarga ega:
Isitma ko’tarilishi, birga qo’shilib keluvchi umumiy kasallik belgilari bilan birdaniga boshlanish.
Bir vaqtning o’zida bir necha a’zolar yoki tizimlarning zararlanishi.
Belgilarni preparat turiga bog’liq bo’lmasligi.
Dori allergiyasida teridagi toshmalar turli xil ko’rinishda bo’lishi bilan tavsiflanadi. Ular dog’simon, tugunchali, qavariqsimon, pufakchali, qizil dog’li, qizamiq toshmalarga o’xshash, skarlatina (qizilcha) toshmalariga o’xshash, ba’zan esa bir vaqtning o’zida turli xil toshmalar ko’rinishida bo’lishi mumkin. Ba’zida kasallik jarayonida bir xil toshmadan boshqa xilga o’tishi kuzatiladi, toshmalar yiringlash bilan asoratlanishi mumkin. Bugungi kunda dori moddalar bilan davolash asoratlarining nafaqat muayyan bir tasnifi, balki uni qanday nom bilan atash masalasi ham hal qilinmagan. Shuning uchun shifokorlar bu muammoni yechishda qiyinchiliklarga duch keladilar.
Dori allergiyasidan kelib chiqadigan klinik sindromlar o’zining turli xil ko’rishlari bilan farqlanadi. Ular ba’zi holda teri qavatida paydo bo’lishi bilan bir vaqtda boshqa organlarni (o’pka, jigar, bo’yrak va boshqalar) ham shikastlanganini ko’rish mumkin.
Adabiyotlarda yozilgan juda ko’p sindromlar ichida shifokor tajribasida tez-tez uchrab turadigan dori allergiyasidan kelib chiqadigan kasalliklar ustida fikr yuritamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |