2.1 Diqqatning hajmi
Diqqatning xususiyatlari qatoriga ayni bir vaqtning o‘zida aniq-ravshan idrok etiladigan ob’ektlar soni bilan belgilanadigan ko‘lami ham kiradi. Ko‘plab sodda ob’ektlar (harflar, shakllar va hokazolar) 0,07—0,1 sekund vaqt oralig‘ida idrok etilgan taqdirda katta yoshdagi kishida diqqatning ko‘lami o‘rtacha 5— 7 elementga teng bo‘lishi aniqlangandir. Diqqatning ko‘lami idrok etiladigan ob’ektlarning xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Jumladan, anglanilgan matn taqdim etilganda 14 harfli so‘zlar osongina ilg‘ab olinadi. Shu bilan birga idrok etuvchi sub’ekt ob’ektni umuman ilg‘ab olarkan, shuning uchun ham undagi xatolarni payqamasligi mumkin. Kichik yoshdagi o‘quvchilar diqqatining ko‘lami juda ham cheklangan bo‘ladi. Yosh ulg‘aygan sari u kengaya boradi. Idrok etilayotgan materialni mazmuniga ko‘ra guruhlarga ajrata bilish, sistemaga sola bilish, birlashtira olish malakalarining shakllantirilishi diqqatning ko‘lamini kengaytirishning asosiy sharti hisoblanadi.
Tez va muvofiqlashtirilgan harakatlar qilishni taqozo etadigan mehnat faoliyatida diqqatning ko‘chirilishi, taqsimlanishi va ko‘lami bir butun, yaxlit bo‘ladi. Ko‘chish taqsimlashga aylanib qolishi, taqsimlash hodisasi tezdayoq ko‘chish bilan to‘ldirilishi va almashtirilishi mumkin. Ko‘lam, taqsimlanish, ko‘chish o‘rtasidagi chegaralarni amalda payqab olish qiyin, ular yagona diqqat hodisasining har xil qirralaridir.
2.2. Diqqatning barqarorligi
Barqarorlik diqqatning zamon ichidagi ta’rifidir. U jadal diqqatni saqlab turishning davomliligi bilan belgilanadi. Faoliyatning nisbatan uzoq vaqt mobaynida yuksak unumliligi barqarorlik ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shunday qilib, diqqatning barqarorligi uning davomliligi bilan ham, u yuz bergan butun vaqt mobaynida qaratilganligi darajasi bilan ham belgilanadi.
Diqqatning barqarorligi diqqat qaratiladigan ob’ektlarning xususiyatlariga va diqqati yo‘naltirilgan shaxsning faolligiga bogliq bo‘ladi. Diqqat jalb qilinadigan ob’ektlarning o‘zgaruvchanligi, harakatchanligi diqqatni uzoq vaqt mobaynida jalb etishning muhim shartlaridir. Agar ob’ektning o‘zi o‘zgarmaydigan bo‘lsa va agar uni turli jihatdan o‘rganib bo‘lmasa, u holda bunday ob’ektlarga uzoq vaqt mobaynida diqqatni jalb qilib turish o‘ta mushkuldir. Barcha bir xillik diqqatni susaytirib qo‘yadi.
Ob’ekt murakkablasha borgan sari diqqatning barqarorligi orta boradi. Murakkab ob’ektlar faol fikrlash faoliyatini taqozo etadi. Diqqatni jalb etishning davomliligi ham ana shunga bog‘liqdir. Lekin bu murakkablik maqbul darajada bo‘lishi kerak, aks holda diqqatning jalb etilishi kishini tez toliqtirib qo‘yishi va uning diqqati susayib qolishi mumkin. Faoliyatga qiziqish qanchalik kuchli bo‘lsa, kishini o‘ziga qanchalik ko‘p jalb etsa, diqqatning qaratilishi ham shuncha uzoq va jadal davom etadi. Kishi bajarilayotgan ishning muhimligini, ahamiyatini anglab yetgan taqdirda diqqat g‘oyat barqaror bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham bilishga oid barqaror qiziqishlarni shakllantirish — o‘quvchilarning ta’limdagi sinchkovliklarini oshirishning, o‘quv jarayoni muvaffaqiyatliligining muhim shartlaridan biridir.
Diqqatning barqarorligini saqlashda shaxsning faolligi katta ahamiyatga egadir. Faollik ob’ektlar bilan yuz beradigan tashqi ifodaga ega bo‘lgan amaliy harakatlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Diqqat jalb etiladigan ob’ektlarning ancha to‘laroq aks ettirilishini taqozo qiladigan turli xildagi perseptiv va tafakkurga oid vazifalarni hal etish bilan bogliq ichki faollik ham muhim rol o‘ynaydi. Ob’ektlarning har tomonlama o‘rganilishini, ularda yangi xususiyatlar va belgilarning alohida .ko‘rsatib berilishini, ular mazmunining bayon qilinishini, bog‘lanishlarining aniqlanishini taqozo etadigan vazifalar qo‘yilishi va ularning hal etilishi— diqqatning uzoq vaqt davomida to‘planishini saqlashning muhim shartidir. K. S. Stanislavskiy aktyorning sahnaviy diqqati haqidagi masalani talqin qila turib, shuni qayd etgan edi: «Ob’ektga jalb etilgan diqqat-e’tibor u bilan adabiiy ehtiyojni biron narsa diqqatni ob’ektga yanada ko‘proq jalb etadi. Shunday qilib diqqat harakatga qo‘shilib va u bilan o‘zaro chatishib, ob’ekt bilan mustahkam boglanish hosil qiladi».
Diqqatning barqarorligi uning statikligi degani emas. Diqqatnnng barqarorligi uning harakatchanlik xususiyatlari bilan uzviy borliqdir.
Diqqatning ko‘chishi sub’ektning bir faoliyatidan ikkinchi faoliyatga, bir ob’ektdan ikkinchi ob’ektga, bir harakatdan ikkinchi harakatga ataylab o‘tishida namoyon bo‘ladi. Diqqatning ko‘chishi yo ongli ravishdagi xulq-atvorga, faoliyatning talablariga (muayyan faoliyatning o‘zida bir ob’ektdan, bir harakatdan boshqalariga o‘tish chog‘ida), yoxud o‘zgarib ketayotgan shart-sharoitlarga muvofiq tarzda yangi faoliyatga kirishish zaruratiga bog‘liq bo‘ladi yoki dam olish (qachonki, oldingi ish kishini charchatib qo‘ygan kezlarda) maqsadida amalga oshiriladi. Faqat ob’ektlar va jarayonlar o‘zgarib, faoliyat esa uzoq vaqt davomida o‘zgarmasdan qolgan hollarda diqqatning barqarorligi doirasida uning ko‘chishi yuz beradi. Bunday ko‘chish uzoq davom etadigan ish paytida charchashning oldini oladi va shu bilan diqqatning barqarorligini oshiradi. Lekin bu tez-tez takrorlanavermasligi lozim, aks holda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Diqqatning ko‘chishida qator ko‘rsatkichlar alohida ajratib ko‘rsatiladi. Bu, eng avvalo, bitta faoliyat yoki jarayondan boshqa biriga o‘tish uchun sarf bo‘ladigan vaqt; ishning unumdorligi yoki mahsuldorligi (uning hajmi yoki hajmi jihatidan muayyan materialni diqqatni ko‘chirmasdan bajarishniig faoliyatga taqqoslangan vaqti); ishning sifati,aniqligi (uning bexatoligi yoki ko‘chirish bilan bog‘liq xoldagi xatolarning mavjudligi)dir. Diqqatning to‘la, tugallangan holdagi ko‘chirilishi, yoxud chala, tugallanmagan ko‘chirilishi to‘g‘risida so‘z yuritilishi mumkin. Diqqati chala, tugallanmagan holda ko‘chirilgan kishi yangi ishni bajarishga kirishgan taqdirda oldin bajarib kelgan ishiga bo‘lgan diqqatini batamom bo‘lib qo‘ya olmaydi. Diqqatning chala ko‘chirish yo‘nalishidagi o‘zgarish diqqatning yuz berishiga olib kelmaydigan faoliyatning tormozlovchi ta’siri, masalan, yangi ishning eski ishga xos tartib-qoidalar bo‘yicha bajarilayotganligida namoyon bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham darsda o‘quvchilarning diqqatini uyushtirishda uning ko‘chirilishi uchun ketadigan vaqt ham, ishning diqqatni ko‘chirilgandan keyin bajarilishiga xos xususiyatlar ham inobatga olinishi kerak. Diqqatni ko‘chirishning tezligi uning tugallanmaganligi bilan uyrunlashib ketgan hollarda yangi faoliyat yangi vazifalar va talablarga bo‘ysundirilishi shart.
Diqqatni ko‘chirishning muvaffaqiyati bir qancha shart-sharoitlarga bog‘liqdir. Ko‘chirish oldingi va keyingi faoliyatning xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Jumladan, diqqatni ko‘chirishning muvaffaqiyatliligi ko‘rsatkichlari yengil-yelpi faoliyatdan mashaqqatli faoliyatga o‘tishda ancha kamayadi. Ko‘chirishning muvaffaqiyatliligi kishining oldingi va yangi faoliyatga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. Oldingi faoliyat qanchalik qiziqarli va keyingisi o‘ziga qanchalik kamroq jalb etadigan bo‘lsa, diqqatning ko‘chishi ham shunchalik qiyin bo‘ladi. Agar oldingi faoliyat tugallanmagan bo‘lsa, yangisini boshlash ancha qiyinroqdir. Diqqatni ko‘chirishning muvaffaqiyatliligi oldingi faoliyatga diqqatning qanchalik jalb etilganligiga ham bog‘liq bo‘ladi. Agar diqqat g‘oyat darajada qattiq jalb etilgan bo‘lsa, ko‘chirilishi juda ham qiyin bo‘ladi. Diqqatning ko‘chirilishi ko‘p jihatdan yangi faoliyat maqsadining shaxs uchun ahamiyati, uning aniq-ravonligi va soddaligi bilan belgilanadi.
Diqqatning .ko‘chirilishida anchagina individual farqlar mavjuddir. Ba’zi odamlar bir faoliyatni qo‘yib, ikkinchisini bajarishga tez va osongina kirishib ketsa, boshqalariga bunday tarzda o‘tish uchun uzoq vaqt va anchagina kuch-g‘ayrat sarflashga to‘g‘ri keladi. Diqqatni ko‘chirishning individual o‘ziga xos xususiyatlari nerv jarayonlari o‘zgaruvchanligi xususiyatlari bilan bog‘liq, deb taxmin qilinadi. Shu bilan birga mashq qilish yo‘li bilan ham diqqatni ko‘chirish ko‘rsatkichlari oshirilishi mumkin.
Diqqatning taqsimlanishi — ikkita va undan ko‘prok faoliyat turlarining (bir qancha xarakatlarining) ayni bir vaqtning o‘zida (birga qo‘shib) muvaffaqiyatli bajarish imkoniyati bilan bogliq xususiyatdir. Diqqatning yuksak darajada taqsimlanishi — ko‘pgina hozirgi zamon mehnat turlari muvaffaqiyatliligining muqarrar shartlaridan biridir.
Diqqatning taqsimlanishi pedagogik faoliyatda ham muhim ahamiyatga egadir. Darsda materialni tushuntirayotgan o‘qituvchi o‘z nutqining mazmuniga e’tibor berishi, bayonning mantig‘ini, izchilligini nazorat qilib borishi va shu bilan birga o‘quvchilar materialni qanday idrok etishayotganliklarini kuzatib turishi shart. U butun sinfning va alohida har bir o‘quvchining ishini nazorat qilib borishi, o‘quvchilar diqqatining bo‘linishiga, ular tomonidan intizomning buzilishiga o‘z munosabatini bildirishi lozim. Diqqatning taqsimlanishi o‘qituvchi uchun o‘quvchilardan o‘tilgan mavzuni so‘rayotganida ham zarur. Bunda bitta o‘quvchining javobini eshitayotib, ayni paytda butun sinfni diqqat markazida tuta bilish muhimdir. Pedagogik faoliyatda diqqatni taqsimlay bilish malakasi o‘qituvchining professional tayyorgarligiga, o‘qitilayotgan fanni yaxshi o‘zlashtirib olganligiga, dars planining puxtaligiga va boshqalarga kup jihatdan bog‘liq bo‘ladi.
Diqqatning salbiy jihatlaridan biri parishonxotirlikdir. Parishonxotirlik diqqatni uzoq vaqt davomida jadal bir narsaga qaratishga layoqatsizlikda, diqqatning osongina va tez-tez bo‘linib turishida namoyon bo‘lishi mumkin. Parishonxotirlikning bu ko‘rinishi ko‘pincha ish qobiliyati susayib ketishining va xulq-atvordagi uyushmaganlikning sabablaridan biri hisoblanadi.
Parishonxotirlikning sabablari har xildir. Parishonxotirlik shaxsning barqaror xislati sifatida ixtiyoriy diqqatnint sustligi — ko‘rsatkichi hisoblanadi va noto‘g‘ri tarbiya natijasi (bolaning erkalatib yuborilishi, jazolanmasdan qolishi, taassurotlarning har xilligiga odatlanish va boshqalar) bo‘lishi mumkin. Bu xildagi parishonxotirlikka qarshi, avvalo, shaxsda irodaviy fazilatlarni shakllantirish yo‘li bilan kurash olib borish kerak. Doimo parishonxotirlikni bola salomatligining yaxshi emasligi, nerv sistemasining umuman buzilganligi bilan izohlash mumkin. Parishonxotirlik haddan tashqari, hissiy hayajonlanish yoxud charchash oqibati sifatida qisqa muddatli bo‘lishi ham mumkin. So‘nggi holatda u ko‘pincha o‘qish kuni va haftasining oxirida namoyon bo‘ladi. Pedagogik ish tajribasida diqqatni tarbiyalash maqsadida Parishonxotirlikning barcha sabablari va xususiyatlari inobatga olinishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |