1) 7–10 yosh — bu yoshda bolaning farqlash hissi juda faol bo‘lgani bois, unga to‘g‘ri axborotlarni berishni nazorat qilmoq lozim. Chunki shu yoshda axborotni anglash qobiliyati shakllana boshlaydi. Ushbu yoshdagi foydalanuvchilarning aksariyat qismi endigina o‘qishni o‘rgangani, qaysi saytga kirgani va qanday muammolarga duch kelishi mumkinligini oxirigacha tushunib yetmaydilar. Multfilm va rang-barangligi bilan jalb qiluvchi o‘yinlarga qiziqish bo‘lgani bois, bolalar ko‘p hollarda shu kabi axborotlarni izlashadi. Shu sababli 7–10 yoshdagi bolalarning Internetdan foydalanishini ota-onalar yoki kattalar tomonidan doimo nazorat qilinishi zarur. Internet tarmog‘ida tarqalayotgan va yosh avlodga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotlarni filtrlash yoki zararli resurslarni cheklash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ushbu yoshdagi bolalarga muvofiq keluvchi veb-saytlar ro‘yxatini tuzish yoki filtrlash dasturlaridan foydalangan holda, Internetga kirishlarini nazorat qilib borish zarur. Maqsad — ushbu yosh vakillariga Internetdan foydalanishda xavfsizlikka rioya qilishning asoslari, muloqot etiketi va u yoki bu axborotning to‘g‘riligini idrok qilishga o‘rgatish.
2) 10–13 yosh — Mazkur davr o‘ta muhim bo‘lib, bola uchun o‘tish davrining eng murakkab payti hisoblanadi. Ushbu yoshdagi bolalar ko‘p narsani tushunishga harakat qiladigan va qiziquvchan bo‘ladilar. Internet tarmog‘ida o‘yinlar va axborotlarni izlash bilan bir qatorda, ushbu yoshdagilar do‘st va tanishlar topish maqsadida ijtimoiy saytlar va chatlardan faol foydalanishadi.
3) 13–16 yosh — Mazkur toifa o‘smirlardan iborat. Ushbu toifadagi o‘smirlar, shaxs sifatida va jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida aynan shu yoshda shakllanishi bois, faoliyat doirasining qamrovi kengligi va alohida e’tibor talab etishi bilan ajralib turadi. Bu toifadagi o‘smirlar Internetdan faol foydalanadilar. Internet ular uchun ulkan axborot manbasi, tengdoshlari va do‘stlari bilan muloqot vositasi, shu jumladan, vaqtichog‘lik qilish imkoniyati hamdir. Yoshlarning aksariyat qismi ijtimoiy tarmoqlardan va tezkor xabarli ilovalar (messenjerlar)dan foydalanadi.
Mazkur yoshdagi eng katta muammo — bu ota-onalar tomonidan «bolalarimiz ulg‘aydi» qabilida ularni to‘la nazorat qilmaslikdir. Bu yoshni yana «axborot ochligi» yoshi, deb ham atash mumkin. Bu davrda bolalar ulg‘ayib, barcha narsalar haqida ko‘proq bilishni xohlaydilar. Onlayn muloqotga kirish ular uchun kundalik hayotining bir qismi hisoblanadi.
Bugungi kunda bolalar va o‘smirlarlarning Internet tarmog‘idan foydalanish vaqtini tartibga soluvchi norma ishlab chiqilmagan. Mutaxasissislarning fikrlari bir-biridan farq qiladi. Aksariyat ruhshunoslar, shifokorlar va pedagoglarning fikricha, Internet tarmog‘idan foydalanish vaqti quyidagicha taqsimlanishi lozim:
7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar — kuniga 1 soat
10 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar — kuniga 1,5 soat
13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar — kuniga 2 soat
Ta’kidlash joizki, bu vaqt oralig‘ida ekran qarshisidagi bola kamida 10 daqiqa tanaffus qilishi kerak. O‘smirlar va bolalarni kompyuter qarshisida, jumladan, Internet tarmog‘ida vaqt o‘tkazishining yuqoridagi kabi taqsimlanishidan maqsad «Internetga qaramlik», ko‘rish qobiliyatining pasayishi («quruq ko‘z» sindromi), umurtqa pog‘onasining qiyshayishi (skalioz), qomatning buzilishi (bukchayish) kabi kasalliklardan asrashdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |