Davlat byudjetining mamlakat moliya tizimining boshqa bo’g’inlari bilan o’zaro munosabatlari.
Davlat moliyasi davlatning markazlashgan pul daromadlarini shakllantirish va ulardan o’z funksiyalarini to’laqonli bajarish maqsadida turli yo’nalishlarda foydalanish bilan bog’liq munosabatlar yig’indisidir. Bu munosabatlarning turlitumanligi asosida davlat moliyasining bir qator aniq tashkiliy shakllari shakllanadi.
Bular:
davlat byudjeti;
davlatning byudjetdan tashqari maqsadli jamg’armalari;
davlat krediti;
davlat korxonalari moliyasi.
Iqtisodiy mazmuniga ko’ra davlat moliyasi – davlatning va uning mulkidagi davlat korxonalarining ixtiyorida moliyaviy resurslarning shakllanishi va kengaytirilgan takror ishlab chiqarish, jamiyat a‘zolarining ortib borayotgan ijtimoiy-madaniy ehtiyojlarini qondirish, mamlakat mudofaasi va davlat boshqaruvini ta‘minlash bo’yicha xarajatlarning amalga oshirilishi bilan bog’liq bo’lgan, yalpi ichki mahsulotning qiymatini taqsimlash va qayta taqsimlash asosida sodir bo’ladigan pul munosabatlari yig’indisidir.
Davlat moliyasi sohasida sodir bo’ladigan pul munosabatlarining subyektlari bo’lib davlat (hukumatning tegishli organlari timsolida), yuridik shaxslar (korxona va tashkilotlar timsolida) va jismoniy shaxslar ishtirok etadilar.
Jamiyatning iqtisodiy hayotida byudjet xarajatlarining roli va ahamiyatini aniqlash uchun ularni ma’lum belgilarga ko’ra turkumlashtirish maqsadga muvofiq. Nazariya va amaliyotda byudjet xarajatlarini klassifikatsiya qilishning bir necha belgilari mavjud. Ular o’zlarining iqtisodiy mazmuni, funktsionalligi, ijtimoiy takror ishlab chiqarishdagi roli, ishlab chiqarish tarmoqlari va faoliyat turlari yoki idoraviy bo’linishi, ijtimoiy mo’ljallanganligi bo‟yicha, hududiy turkumlanishi, ma‟lum maqsadlari va yuridik nuqtai-nazardan yoki davlat boshqaruvi darajasiga ko’ra alohida guruhlarga ajratilishi mumkin.
Eng avvalo, o’zining iqtisodiy mazmuniga ko’ra byudjet xarajatlari kapital va joriy xarajatlarga bo’linadi. Bu xarajatlar kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayoniga ularning qanday ta’sir ko’rsatishi mumkinligini ifoda etadi.
Davlat hokimiyat organlari, mahalliy o’z-o’zini boshqarish organlari, byudjet tashkilotlarining joriy faoliyatini ta’minlashga yo’naltirilgan byudjet xarajatlari, boshqa byudjetlar va iqtisodiyot alohida tarmoqlariga dotatsiya, subsidiya va subventsiya shaklida ko’rsatiladigan davlat tomonidan qo’llabquvvatlash bilan bog’liq bo’lgan xarajatlar va byudjet xarajatlarining turkumlanishiga muvofiq kapital xarajatlarning tarkibiga kiritilmagan boshqa xarajatlar byudjetning joriy xarajatlari deyiladi.
Davlat moliyasining iqtisodiy mazmuni bir xilda emas: uning tarkibida alohida bo’g’inlarni ajratib ko’rsatish mumkin, ularning har biri o’ziga xos funksiyalarni bajaradi. Davlat moliyasining tarkibiga quyidagilar kiradi: davlat byudjeti, davlatning byudjetdan tashqari maqsadli jamg’armalari, davlat krediti, davlat korxonalari moliyasi (3-rasm). Har bir bo'g’inning turlicha funksional tayinlanishga ega ekanligidan davlat keng miqyosdagi iqtisodiy-ijtimoiy xizmatlar ko’rsatadi, tarmoq va hududiy muammolarni hal qiladi.
Davlat moliyasining bosh va markaziy bo’g’ini davlat byudjetidir. Davlat byudjeti – davlatning markazlashgan pul fondi bo’lib, asosan yuridik va jismoniy shaxslarning soliqlari va majburiy to’lovlari evaziga shakllanadi va davlatning turli vazifalari va funksiyalarini moliyaviy ta‘minlashga yo’naltiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |