Tazyiq (bosim) sharoitida ishlash. Odatda tashkilot miqyosida tazyiq sharoiti yuzaga kelganda xodimlarning ikki xil xulqi ko‘zga tashlanadi. Ba’zi bir xodimlar tazyiq sharoitida samarali faoliyat yurita oladilar, vaqt tanqisligi sharoitida tezda o‘rinli qaror qabul qiladilar, o‘z mehnat harakatlarini maqsadga muvofiq tarzda tashkil eta oladilar. Ammo, ayrim xodimlar bunday sharoitda o‘zlarini mutlaqo noqulay his etadilar va ishga qo‘llari bormaydi, bajarayotgan ishlari qovushmaydi. Shu bois, tashkilotdagi xodimlarni yana ikki toifaga – tazyiq muhitida samarali ishlaydigan va samarasiz faoliyat yurituvchi shaxslarga ajratish mumkin. Ta’kidlab o‘tilgan birinchi toifa, ya’ni tazyiq muhitida samarali mehnat qiladigan xodimlar (va hatto rahbarlar ham) aynan shunday sharoitda ishchanlik qobiliyatlarini namoyish eta oladilar. Ular hatto o‘zlari sezmagan holda shu kabi vaziyatni yuzaga keltiradilar ham. Masalan, biron ishni bajarishni oxirgi kungacha cho‘zib yuradilar va vazifani ado etish muddati yaqinlashganda butun kuch va imkoniyatlarni safarbar etadilar. Bu toifa rahbarlar beradigan topshiriqlar ham doimo tezkor talablarga ega. Ular natijasi uzoq muddatga belgilangan vazifalarni uncha xush ko‘rishmaydi va muddati noaniq ishga ham yengil qaraydilar.
Fikrlashuslubigako‘raesa xodimlarni quyidagi toifaga ajratish mumkin. Analitiklar – ishning mazmunini qadrlaydilar, kasb mahoratini o‘stirish, malakani oshirish va lavozimning doimiyligiga e’tibor qaratadilar. Bamaylixotir bajariladigan, vaqti cheklanmagan va batafsil tahlil talab etuvchi ishlar ularga yoqadi. Shu jumladan biron yangi tajribaga ega bo‘lish imkonini beruvchi vazifalarga jon-dillari bilan kirishadilar.
Pragmatiklar – bunday kimsalarga lavozimda o‘sish-u, maosh birinchi o‘rinda turadi. Agar tashkilotda ularning ehtiyojiga mos sharoit bo‘lsa ular ishlaydilar, aks holda tezda ishdan bo‘shab ketadilar.
Tanqidiy fikrlovchilar, kritiklar – ekspert mavqeiga ega bo‘lish va boshqa xodimlarning mehnat mahsullarini baholashni xush ko‘radilar. O‘z fikr va qarashlarini ochiq oydin aytish imkoniyatini izlaydilar, tashkilotdagi obro‘li kimsalarga mensimay qaraydilar. Har narsaga tanqidiy nazar bilan qarash evaziga kutilayotgan muvaffaqiyatsizlik haqida oldindan fikr bildiradilar.
Realist – liderlikka va boshqaruvga intiladigan shaxs. Bunday odam rahbarlik qobiliyatiga ega. Agar rahbarlik lavozimidagi o‘rin bo‘shashi kutilayotgan bo‘lsa ular ishlaydilar, aks holda bo‘shab ketadilar.
Ushbu mavzuda yoritilgan fikrlar tashkilotdagi xodimlar va rahbarlarga xos individual-psixologik xislatlarni asosli tarzda tushunish imkonini yaratadi, har bir xodimga mos vazifani taqsimlash bilan birga tashkilot faoliyatini xodimlar xususiyatiga mos tarzda muvofiqlashtirish borasida ma’lumot beradi.