Mavzu: Biz teng huquqlimiz
O`zbekiston - bolajon yurt, xalqimiz esa bolajon xalq. Mustaqillikning dastlabki yillarida O`zbekiston Respublikasi qo`shilgan ilk xalqaro shartnomalar qatorida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan so`ng aynan Bola huquqlari to`g`risida konvensiya turishi ham buning yaqqol isbotidir.
1992 yilda Bola huquqlari to`g`risida konvensiyani ratifakatsiya qilganidan buyon o`tgan davrda mamlakatimiz shaxsning, ayniqsa, bolalarning huquqlari keng ma'noda e'tirof etish usullari va vositalarini rivojlantirish hamda himoya qilishga da'vat etilgan ushbu muhim xalqaro huquqiy hujjatning barcha asosiy moddalariga to`liq amal qilib kelmoqda.
Yurtimizda bolalarga har tomonlama g`amxo`rlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog`lom avlodni kamol toptirish uchun eng yaxshi moddiy sharoit va axloqiy muhitni ta'minlash masalalari davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan. Bunda o`sib kelayotgan avlod haqida g`amxo`rlik qilish va ularning hayotini yaxshilashga yo`naltirlgan ijtimoiy dasturlar ustuvorligiga katta ahamiyat berilyapti. Istiqlol yillarida Inson manfaatlari yili, Oila yili, Ayollar yili, Sog`lom avlod yili, Onalar va bolalar yili, Mehr va muruvvat yili, Sihat-salomatlik yili doirasida qabul qilingan va hayotga keng tatbiq etilgan davlat dasturlari doirasidagi ulkan g`amrovli ishlar ayniqsa diqqatga sazovordir.
Bolalarga g`amxo`rlik, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi bilan nafaqat davlat tuzilmalari, balki ko`plab nodavlat, notijorat tashkilotlar ham shug`ullanayotganini ta'kidlash o`rinli, deb hisoblaymiz. "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, Bolalar jamg`armasi, "Sog`lom avlod uchun" hukumatga qarashli bo`lmagan xaqaro xayriya jamg`armasi, "Sen yolg`iz emassan" Respublika bolalar jamoatchilik jamg`armasi, Respublika bolalarni ijtimoiy moslashtirish markazi kabi jamoat tuzilmalari shular jumlasidandir.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mustaqillikning dastlabki davridayoq nainki MDQ, balki dunyo miqyosida betakror oliy davlat mukofoti - "Sog`lom avlod uchun" ordeni ta'sis etildi. O`zbekiston Respublikasining 1993 yil 7 maydagi qonuniga muvofiq, bugungi kunda ikki darajadan iborat ushbu orden bilan onalik va bolalikni muhofaza qilishda, inson ekologiyasini yaxshilashda, jismonan va axloqan sog`lom avlodni tarbiyalashda katta xizmatlari singan hamyurtlarimiz, shuningdek, onalik va bolalik to`g`risida alohida g`amxo`rlik qiluvchi kishilar, nogiron va yetim bolalarning vasiylari, bolalar va onalikka nisbatan muntazam oliy xayr-ehson ko`rsatuvchi jamoat tashkilotlari, xo`jalik tuzilmalarining vakillari mukofotlanayotir.
Bolalarning ta'lim-tarbiyasi ham davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e'tiborida. Mamlakatimizda "Ta'lim to`g`risida"gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi doirasida yuzlab yangi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar barpo etildi, zamonaviy talablarga mos jihozlandi. Endilikda ana shu yangi turdagi ta'lim dargohlarida yoshlarimiz ta'lim-tarbiya olib turli kasb-hunar sirlarini puxta o`rganmoqda.
2004-2009 yillarda maktab ta'limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturiga muvofiq mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning qamrovi ham juda keng. Dasturga ko`ra maktab binolarini tubdan yangilash, kapital va joriy ta'mirlash, maktablarni zamonaviy o`quv-laboratoriya anjomlari, komp'yuter texnikasi, darsliklar va o`quv-uslubiy materiallar bilan jihozlash, maktablarning sport bazasini mustahkamlash va ularda sportni rivojlantirish kabi ustuvor vazifalarni hayotga keng tatbiq etishga allaqachon kirishilgan va bu hayotbaxsh islohot o`zining dastlabki samaralarini bera boshladi.
XXI asr dunyoda, shu jumladan, O`zbekistonimizda bola huquqlarini to`la ta'minlashga erishish asri bo`lishiga ishonchimiz komil. Mazkur metodik tavsiyanoma axborot-resurs markazlarida Bola huquqlari to`g`risida konvensiyani yoshlarga keng tushuntirish va targ`ib qilish ishlarini olib borishda mutaxassislarga yordam berish maqsadida tuzildi. Unda Bola huquqlari to`g`risida konvensiya to`g`risida umumiy ma'lumotlar, ayrim tavsiyalar, axborot-resurs markazlarida tashkil qilish mumkin bo`lgan tadbirlar turkumi va adabiyotlar ro`yxati berildi.
BOLA HUQUQLARI TO`G`RISIDA KONVENSIYA
"Bola huquqlari to`g`risidagi Konvensiya" - Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan xalqaro hujjatdir. Ushbu Konvensiya bolalarga taaluqli standartlar umumiy majmuini noyob vosita tarzida birlashtirgan hamda bola huquqlarini yuridik jihatdan shart bo`lgan zarurat sifatida belgilab bergan birinchi shartnomadir.
Bola huquqlari to`g`risida konvensiya ikki mamlakatdan bo`lak barcha mamlakatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan. Shunday qilib, Bola huquqlari to`g`risida konvensiya jahonda juda keng ko`lamda ratifikatsiya qilingan, dunyo xalqlarining hamma davrlarda bolalar manfaatlariga alohida diqqat bilan qarash kerakligi to`g`risidagi majburiyatini ko`rsatuvchi konvensiya hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi "Bola huquqlari to`g`risidagi Konvensiya"ni 1992 yilda tasdiqladi. Konvensiya muqaddima, 3 ta qism va 54 ta moddadan iborat.
Bu hodisa inson huquqlarini himoya qilish va rag`batlantirish yo`li bilan butun jahonda adolat, tinchlik va erkinlikni mustahkamlash bo`yicha xalqaro harakatlarning muhim boshichi sifatida kutib olindi.
Bolalarning huquqlari sohasida avval qabul qilingan hujjatlar bilan tasdiqlaganda, Konvensiya, bu huquqlar xalqaro huquq normalari kuchini olgan birinchi va nisbatan to`liq hujjatdir.
Konvensiyaning bu qadar katta ahamiyati yana shu bilan izohlanadiki, u kelajakka oid majburiyatlarni ham o`z ichiga oladi. Inson huquqlarini hurmat qilish, jamiyatning o`z bolalariga bo`lgan munosabatidan boshlanadi. Mehribon jamiyat, bolalar o`z qobiliyatlarini to`liq namoyon qila oladigan va balog`at yoshiga yetganda to`laqonli hamda samarali hayot kechirish asoslariga negiz sola oladigan sharoitlarni yaratib, ularning erkinligi va qadr-qimmatini ta'minlash to`g`risida qayg`uradi.
Konvensiya kelajakka qaratilgandir, chunki unda, jahon aholisining yarmini tashkil etuvchi bugungi bolalar, kelajakda adolat va insonparvar ijtimoiy tartib o`rnatish ishini davom ettirish oldida turganliklari e'tirof etiladi.
Bola huquqlari to`g`risidagi konvensiya, shuningdek zamonaviy hujjat hamdir.
Inson huquqlarining ba'zilari, bolalarning alohida g`amxo`rlik va e'tiborga muhtoj ekanligi, ularning zaifligi va kattalar olamidan farqliligini aks ettirgan holda, bevosita bolalar bilan bog`liqdir. Bu voqelik 1959 yilda qabul qilingan bola huquqlari Deklaratsiyasida e'tirof etiladi. Ammo Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ushbu Deklaratsiya qabul qilingandan buyon o`tgan o`ttiz yil mobaynida, ko`pgina tasavvurlar o`zgardi va yangi tushunchalar paydo bo`ldi. Xususan, bola huquqlari konsepsiyasi yanada keng tavsifga ega bo`ldi. Ayni paytda, bolalarni huquqlaridan bo`lgan mahrum qilishlar va suiste'mol holatlari haqida tobora ko`proq faktlar ma'lum bo`lib borgan sari, xalqaro hamjamiyatning bolalarning huquqlarini mustahkamlashga bo`lgan intilishi ham kuchayib bormoqda. Quyida, aniqlangan faktlardan ba'zilari keltirilgan:
- oilasi tashlab ketgan 100 millionga yaqin bolalar faqat holdan toydiradigan mehnat, mayda o`g`rilik, fohishalik yoki tilanchilik hisobiga kun kechirmoqdalar,
- 50 milliondan ziyod bolalar sog`lik uchun xavfli va zararli sharoitlarda mehnat qilmoqdalar,
- 6 yoshdan 11 yoshgacha bo`lgan 120 million bola maktabga borish imkoniyatidan mahrum,
- har yili 3,5 milion bola oldini olib va davolab bo`lmaydigan kasalliklar tufayli hayotdan ko`z yummoqda,
- rivojlanayotgan mamlakatlarda 5 yoshgacha bo`lgan qariyb 155 million bola tamomila qashshoqlikda yashamoqda,
- millionlab bolalar, jumladan nisbatan boy jamiyatlarda ham, g`amxo`rlikdan mahrum bo`lib, yomon muomalaga duchor bo`lmoqdalar, jinsiy foydalanishga tortilmoqdalar yoki giyohvandlik moddalarini suiste'mol qilish qurbonlariga aylanmoqdalar.
Bular har bir bola:
- Konvensiyaning mavjudligi to`g`risida bilishi,
- unda e'lon qilingan huquqlarini anglab yetishi
- ularni barcha bolalar uchun haqiqatga aylantirish harakatlarini qo`llab-quvvatlash muhim bo`lgan sabablardan ba'zilaridir xolos.
Bola huquqlari to`g`risidagi konvensiya dunyoning barcha mintaqalaridagi xalqlar uchun bir xil mazmunga egadir. Garchi konvensiyada umumiy normalar belgilangan bo`lsa-da, shuningdek unda alohida davlatlarning turli madaniy, ijtimoiy, ihtisodiy va siyosiy voqeligi hisobga olinganki, ularning natijasida hamma uchun umumiy bo`lgan huquqlarning asosida har bir davlat ushbu normalarni bajarish uchun o`ziga xos milliy vositalarni tanlashi mumkin bo`ladi.
Konvensiyaning asosiy maqsadi bola manfaatlarini maksimal darajada himoya qilishdan iborat. Konvensiyaga binoan, agar milliy qonunlar nisbatan barvaht balog`at yoshi belgilanmagan bo`lsa, 18 yoshgacha bo`lgan har bir shaxs bola hisoblanadi.
Konvensiya insonning fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarining butun majmuini qamrab olgan holda, bitta huquqning amalga oshirilishini boshqalarni amalga oshirishdan ajratib bo`lmasligini e'tirof etadi. U bolaning aqliy, axloqiy va ma'naviy qobiliyatlarini rivojlantirishi uchun zarur bo`lgan erkinlik, bundan bo`lak, sog`lom va xavfsiz muhitni, sog`liqni sahlashdan foydalanish huquqi va ovqatlanish, kiyinish hamda yashashning eng minimal normalari bo`lishini talab etadi.
Konvensiya yangi sohalarni qamrab oladi. U bolaning o`z rivojlanishida faol ishtirok etish, o`z e'tiqodlarini ifoda etish hamda uning hayotiga taalluqli qarorlar qabul qilinganda bularning inobatga olinishini talab qilish huquqlarini belgilaydi.
Ba'zilari hoyat muhim bo`lgan, bir qator boshqa sohalarda Konvensiya amaldagi huquqiy normalar va amaliyotdan chetga chiqadi. Shular qatoriga uning: yashash, omon qolish va sog`lom rivojlanishga bo`lgan huquqlar, tug`ilgan lahzadan boshlab nom va fuqarolik olish huquqi, farzandlikka olish bilan bog`liq huquqlar, nogiron bolalar va qochoq bolalarning, shuningdek, huquqbuzarlik qilgan bolalarning huquqlariga taalluqli qoidalari kiradi.
U bolalarni, ulardan har qanday foydalanishdan himoya qilib, milliy kamchilikni tashkil etuvchi xalqlar va tub joy aholisi guruhlarining vakil bolalari to`g`risidagi masalalarni, shuningdek giyohvandlik moddalarini suiste'mol qilish va bolalar to`g`risida g`amxo`rlikning yo`qligi muammolarini ko`rib chiqqan holda, inson huquqlarining huquqiy doirasini kengaytiradi.
Konvensiya bolalarni himoya qilish va ularga hamxo`rlik ko`rsatishda oila va ota-onalarning birinchi darajali o`rnini e'tirof etadi, ularning o`z majburiyatlarini bajarishiga yordam ko`rsatish esa davlatning vazifasidir. Nihoyat, unda juda ko`p xalqaro shartnomalarda qirq yil davomida e'lon etib kelingan bola huquqlari zamonaviy va global asosda bir yerga to`plangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |