Baliqchilik havzalari - baliqchilik havzalarining o‘lchamlari, chuqurligi, oqishi o‘rchitiladigan baliqning biologik xususiyatiga bog‘liqdir. Iliq suvni hohlovchi baliqlar havzasi chuqur bo‘lmasligi, sekin oqadigan yoki oqmaydigan bo‘lib, baliqlar mahsuldorligini oshishi uchun organik va mineral moddalarga boy bo‘lishi kerak. Jumladan, suv osti o‘tlari etarli darajada rivojlangan bo‘lishi zarur. Ammo qattiq suvlarda o‘sadigan o‘simliklar bo‘lmasligi kerak. Baliqlar hayotining har xil davrida ularni biologik xususiyatlari tashki muhit sharoitiga qarab o‘zgaradi. Shuning uchun ularning har xil yoshidagi o‘zgarishiga qarab havzalarni qurish zarur. Uvildiriq qo‘yadigan havza - baliqlarning ko‘payishi uchun xizmat qiladi, uning yuzasi 200 - 500 m2 dan 1000 - 2000 m2 gacha etadi. Bu havzalar uchun katta yo‘llardan uzoq, balchiq bosmagan va botkoqlashmagan, neytral yoki kuchsiz ishqoriy tuproqli joylar tanlanadi. Havzaning chuqurligi 0,4 - 0,5 m bo‘lib, tubi qiya qilinadi. Suv kirishi va chiqib ketishi o‘z holida bo‘lishi kerak. Yosh baliqchalar (malka) o‘sadigan havzalarga - uvildiriq qo‘yadigan havzalardan yoki baliqchilik xo‘jaligida etishtirilgan lichinkalar olib kelib boqiladi. Uning er maydoni 0,25 - 1 ga bo‘lib, bu erda yosh baliqchalar 15 - 18 kun, ba’zan 30 - 45 kungacha boqiladi. O‘stirish havzasida - yosh baliqlar ma’lum og‘irlikka etguncha boqiladi. Uning er maydoni 20 gektargacha bo‘lib, chuqurligi 70 - 80 sm bo‘ladi. Eng chuqur joyi 120 - 150 sm, eng yuza joyi 20 - 30 sm ga to‘g‘ri keladi. Yaylov havzasida - tovar baliqlar etishtirilib, maydon bir necha o‘n gektar bo‘ladi. Ularning chuqurligi 0,8 - 1,5 m dan 2,5 - 3 m gacha bo‘ladi. Ona baliqlar havzasi - yozgi va qishki turlarga bo‘linib, bu havzalarda ishlab chiqarish va bosh sonini to‘ldiradigan yosh baliqlar saqlanadi. Ular alohida havzalarda rivojlantiriladi, chunki karp baliqlarining kattalari yosh baliqlar uchun har xil kasalliklarni tarqatuvchi manba hisoblanadi. Bu havzalar yozda bemalol yayrab yuradigan, boqiladigan darajada bo‘lsa, qish vaqtlari esa qishlash vazifasini bajaradi. Uning er maydoni mavjud nasl beradigan va bosh sonini to‘ldiradigan yosh baliqlar soniga bog‘liqdir. Qishlovchi havzalar - qish paytlarida baliqlarni qishlashi uchun xizmat qiladi. Ularning er maydoni 0,2 - 1,5 ga, chuqurligi 1 - 1,2 m, janubiy hududlarda esa 1,5 m bo‘lishi kerak. Qishlovchi havzalarning tubi mustahkam va suv o‘tlari bo‘lmasligi kerak. Bu havzalar suv manbalariga yaqin bo‘lishi va doimo suvi almashtirilishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |