Mavzu: Bahouddin Naqshband tasavvuf irfonining kamoli.
REJA:
I. KIRISH.
II. ASOSIY QISM.
XIV asr O`rta Osiyo tasavvufining yirik namoyondasi
Buyuk shoirlar – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar ham Naqshbandiya tariqatiga amal qilganlar
Xazrati Naqshbandning ikkinchi ma`naviy yetakchisi Xoja Abduholiq G`ijduvoniydir
III. XULOSA.
Adabiyotlar ro`yxati.
XIV asr O`rta Osiyo tasavvufining yirik namoyondasi, mashhur avliyo, naqshbandiya tariqatining asoschisi va rahnomosi bo`lmish bu ulug` zotning asl ismi Bahouddin Muhammad ibn Burxonuddin al-Buxoriy bo`lib, islom olamida Hojai buzrug va Shohi Naqshband nomlari bilan mashhur bo`lgan.
Bahouddin Muhammad 1318 (hijriy 718) yili Buxoroning Qasri Hinduvon (keyinchalik uning nomi bilan yuritilgin Qasri Orifon) nomli qishlog`ida dunyoga keladi.
Hazrat Alisher Navoiy ham Naqshbandning bu joyda tug`ilganligini tasdiqlab, “Xoja Muhammad Boboi Samosiy Qasri Hinduvondan o`tarda der emishlarki, bu tufrog`din bir er (o`g`il bola) isi keladur. Qasri Hinduvon Qasri Orifon bo`lgay”, - deb yozib qoldirganlar.
Naqshbandning onasi Bibi Orifa otasi Sayyia Jamoliddin to`quvchi va naqsh soluvchi usta bo`lgan. Muhammadning buyuk tariqat egasi bo`lib yetishuvida so`fiylar bilan yaqindan munosabatdan bo`lgan bobosining xizmati kattadir. Aynan u Muhammadda tasavvuf ilmiga qiziqish uyg`otdi va uni shu yo`lda tarbiyalashga ahamiyat berdi. Bahouddin Muhammad Buxoroda tahsil olgach, uni bobosi Azizxon tariqatining Shayxi Shayx Xoja Muhammad Samosiyga olib borib Shayx uni o`g`il qilib, o`z tarbiyasiga oladi. Samosiy vafoti oldidan o`z xalifasi amir Sayyid Kulolga Muhammadni o`ziga shogird qilib olishni, uni Xojagon tariqati jamoasiga qo`shib, ularning tasavvufiy yo`lini Muhammadga o`rgatishni vasiyat qiladi.
Muhammad, Kulolning zikr doiralarida va tasbeh aytishlarida ishtirok etib, o`z bilimlarini yanada oshiradi. U Abdulxoliq G`ijduvoniyning g`oyibona bashorati tufayli ruhoniya darajasiga erishadi. Manbalarda bu bashorat Bahouddinning tushida Abduxoliq G`ijduvoniyni ko`rgani va u Bahouddinni Sayid Kulolga yuborgani bilan izohlanadi. Biroq Muhammad murshid oldiga kelgunicha, tariqatning haq yo`liga erishib, so`fiy darajasiga yetgan edi. Amir Sayyid Kulol Shohobuddinning (XV asr) “Naqomatlari”da va Saloh al- Muborak Buxoriyning “Maqomati Bahouddin Naqshband” kitobidagi rivoyatlarida aytilishicha, Muhammad Amir Sayyid Kulol xizmatiga kelishdan oldinroq dunyoviy hayotning puch-behudaligiga to`la ishonch hosil qilgan. Keyin Naqshband Mavlono orif Dekkironiy dargohida 7 yil xizmat qilgan, so`ng turkiy tasavvufiy shayxlar Kusam shayx va Halil Otalar (u Halil ota dargohida 13 yil xizmat qilgan va uning yaqin hamsuhbati bo`lgan) yo`lida tasavvufiy ta`limotni davom ettirib, kamolotga yetkazgan.
Bahouddin go`dakligidanoq atrofdagilarni o`z mo`jizalari bilan lol qoldirardi. U istasa, yurib borayotgan odamni bir qarashda to`xtatib qo`yar, hatto bulutlarning yo`lini ham o`zgartirishga qodir edi. Bo`lajak alloma yetti yoshidanoq Qur`oni karimni to`liq yod oldi. U Arastu va Aflotun Ismoil Buxoriy, Hakim at-Termiziy kabi alloma, buzruk mashoyihlarning, Ahmad Yassaviy, Rametoniy asarlarini tinmay o`qidi, o`zi ham kitoblar yozdi. Rivoyatlarga ko`ra, Sayyid Kulol ushbu iqtidorli shogirdini o`z ro`parasidagi joynomozga o`tkazib, Qur`oni karim suralarini birma-bir takrorlatib, ma`nolarni sharhlab, tushuntirib berar ekan.
Bahouddin Naqshband ikki marta Haj qilgan. Shamsuddin Somiyning “Qomus al-a`lom” kitobida yozilishicha, ikkinchi marta Haj qilganida shogirdi Xoja Muxammad porso unga hamroh bo`lgan. Qaytishlarida Nishopur va Hirotga burilib, ayrim mashhur shayxlar bilan uchrashib, ularning suhbatlaridan bahramand bo`lib, Hirotda bir muddat istiqomat qilib qolgan.
U Buxoroga qaytgach, qolgan butun umrini shu yerda o`tkazdi. Amir Kulolning vasiyatiga binoan tasavvuf yo`lining xalifasi (tasavvuf rahnamosi) bo`lib qoldi. Manoqiblarda yozilishicha, Xoja Bahouddin umri oxirlaganini sezgach, Buxoroning karvon saroylaridan biriga borib, holsizlanib yotadi. Atrofida bisyor shogirdlari parvona edilar. Joni uzilayotgan lahzada joynamoz ustida fotihaga qo`l ochib, uzoq o`tirib qoladi va ruhi shu alfozda o`zga olamga ravona bo`ladi. Bahouddin Naqshband 1389 (hijriy 791) yili 73 yoshida vafot etadi va kindik qoni to`kilgan Qasri Orifonda dafn etiladi. Bu haqda Alisher Navoiy ham o`zining “Nasoyimu–l-muhabbat” asarida “Alar (hijriy) yetti yuz to`qson birda, robbi-ul avval oyining uchida, dushanba kechasi (73 yoshda) olamdan o`tibturlar,” deb yozganlar.
Har bir davrda Buxoroda hukmronlik qilgan hukmdorlar Bahouddinning mozorini obod qilishni o`z burchlari deb bilganlar. Buxoroning so`nggi amiri Sayyid Olimxon Naqshband maqbarasi atrofida bir qator binolar qurdirgan edi. Ammo sho`rolar davrida bu me`moriy obidalar tashlandiq ahvolga tushib qoldi. Boz ustiga u yerga kelganlar ta`qib ostiga olindi.
Xullas, ular boshqa buyuk bobolarimiz kabi Naqshbandni ham tariximiz sahifasidangina emas, qalbimizdan ham o`chirib yuborishga urindilar. Naqshbandiyning muridlari juda ko`p bo`lib, ulardan eng mashhurlari Xoja Alouddin Attor va Xoja Muhammad Porsolardir. “Qomus al-al`om”da zikr qilinishicha, Bahouddin Naqshbandning va`z va pandu nasihatlariga oid “Hayotnoma” nomli bitta manzumasi (she`riy asari) va “Dalil al-oshiqin” nomli tasavvufga oid yana bir kitobi bo`lgan, biroq ular bizgacha yetib kelmagan.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Naqshband ozga qanoat qilish, o`z xohishi bilan kambag`al hayot kechirish, dabdabali hayotdan voz kechishni targ`ib qilgan. U kundalik tirikchiligi uchun bir parcha nonni o`z mehnati bilan ishlab topgan, eski bo`yra ustida, darz ko`zadan suv ichib hayot kechirgan. U so`fiy uchun xizmatkor va qullar ushlashni gunoh deb bilgan. Bahouddin Naqshband o`limidan keyingina mashhur mo`jizakor avliyo, Alloh huzurida uning bandalarining vositachisi, oddiy raiyyat (fuqaro) himoyachisi sifatida shuhrat qozonib, tan olina boshladi. Unga ixlos qo`yish boshga tushgan har qanday sabablar jabr-zulmlaridan xalos bo`lish uchun undan madad so`rash qoidalari faqat uning Vatani O`rta Osiyodagina emas, balki qo`shni islom mamlakatlarida ham keng yoyilgan. Bu qoidalarga faqat oddiy xalq emas, balki hukmdor shox-amirlar, olimlar va shoirlar ham amal qila boshladilar. Qo`l berib, uning murshidi bo`ldilar.
Buyuk shoirlar – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar ham Naqshbandiya tariqatiga amal qilganlar, uning tasavvufiy yo`lini tutganlar va o`z asarlarida targ`ibot qilganlar. Buyuk o`zbek shoiri Boborahim Mashrab (1640-1711) Naqshbandiya tariqati yo`lidan borib, Ofoq Xoja qo`lida ta`lim olib, haqqa yetishda va tasavvufning yirik vakili sifatida o`z g`azallari va “Mabdainur” asarida bu haq yo`lni poklik, halollik va Allohga yetishishning yagona vositasidir, deb tavsiflaydi. Umrining oxirigacha Naqshbandiya tariqati yo`lidan ketdi.
Bahouddin tariqatini davom ettirgan va rivojlantirgan, tasavvufning yirik namoyandalaridan biri xalq orasida juda katta obro` qozongan shayx, Qoshg`arda yashagan avliyo Ofoq Xoja edi. 1544 yili shayboniy xon Abdulaziz (1540-1549) maqbara qurdirdi va bu joy muqaddas ziyoratgohga aylandi. Hatto, xalq orasida uning qabrini uch marta ziyorat qilish Makka va Madinaga Haj qilish bilan barobardir, degan shariatga zid aqida ham hukm surdi.
Bahouddin buxorolik ulug` tasavvuf namoyondasi, vatandoshi Abdulxoliq G`ijduvoniy asos solgan Xojagon tariqati yo`lidan bordi va shu yo`ldan borgan jamoaga rahnamolik qilish bilan birga o`zining Naqshbandiya tariqatining tashkiliy asosini qurdi. Bu tasavvufiy tariqat uni xalifa vorislari tomonidan to`liq shakllantirildi. Bahouddin Abdulxoliq G`ijduvoniyning an`ana va g`oyalarini qayta tiklab, takomillashtirdi va davom ettirdi. Bu bilan u O`rta Osiyo tasavvufining ikki yirik namoyondasi – Ahmad Yassaviy va Abdulxoliq G`ijduvoniylar suluklari, qoida–qonun va usullarini o`z ta`limotida davom ettirdi. Uning davridayoq O`rta Osiyoda nafaqat shaharlar aholisi, oddiy hunarmand – kosiblar, savdo ahli orasida, balki ko`chmanchi turkiy qabilalar orasida ham bu ta`limot keng quloch yoydi, mustahkam asosga ega bo`lgan sunniy islom yanada keng tarqaldi. Shu yo`sinda uning nomi bilan atalgan Naqshbandiya tariqati shakllandi.
Naqshbandiya tariqati qat`iy sunniylikka asoslangan bo`lib, ma`naviy silsilasi bir tomondan Abu Bakr Siddiqqa (527-634), ikkinchi tomondan Ali ibn Abu Tolibga olib boradigan 12 ta tariqatning biridir. Tariqatning bu silsilasi “silsila al-zahab” (oltin silsila) deb atalib, tariqatni ma`naviy tomondan Abu Bakr, jismoniy tomondan Ali ibn Abu Tolib orqali payg`ambar alayhissallom bilan bog`lanishini bildiradi. XV asrdan boshlab Naqshbandiya tariqati sekin-asta eng ko`p tarqalgan (al-Qodiriyadan keyin) ruhiy-ma`naviy tariqatga aylandi. U O`rta Osiyo va Xurosondan Qohira va Bosniyagacha, u yerdan Gansu va Sumatragacha hamda Shimoliy Kavkazdan Turkiya, Hindistonning janubiga va Arabistonning Hijoz viloyatigacha yetib boradi va juda katta hududda amaliyotga aylanadi.
Bu joylarda Bahouddin vafotidan keyin uning murshidlari, keyinchalik xalifa va vorislari Xoja Alouddin Attor va Xoja Muhammad Porsolar Naqshbandiya tariqatining mavqeini keng ko`lamda yoyish va tashkiliy tuzilishini mustahkamlashda juda katta xizmatlar qildilar. O`zining ijtimoiy negizi bilan shaharlarga xos bo`lgan bu tariqat shahar savdo va hunarmandchilik muassasalari bilan yaqindan bog`landi, uning xonaqoh (burchak, hujra, kulba)lari Movarounnahrning deyarli barcha yirik va o`rtacha shaharlaridan paydo bo`la boshladi.
Bu tariqat o`zining siyosiy va iqtisodiy jihatdan yuqori cho`qqisiga Xoja Ahror Valiy (1404-1490) davrida ko`tarildi. Xoja Ahror shahar va qishloqlarning ko`zga ko`ringan guruhlari, jamoalarining qo`llab-quvvatlashi bilan temuriylarning o`zaro ichki nizo va urushlariga faol va oqilona aralashdi va qirq yil davomida shu yirik mamlakatning siyosiy yo`lboshchisi bo`ldi.
Xoja Ahrorning dunyoda o`zining ma`naviy burchini bajarish uchun siyosiy hokimiyatdan foydalanish kerak”, degan shiori uning kelajakdagi ijtimoiy-siyosiy faoliyatini belgilab berdi. Xoja Ahror faoliyatida qishloqda dehqonchilik bilan shug`ullanuvchilarni va shahar xalqini harbiy-ko`chmanchi zodogonlarning talon-taroji va bosqinchiligidan himoya qilish muhim o`rin tutar edi.
1500 yili Movarounnahr hokimiyatni qo`lga olgan Shayboniylar Xoja Ahrorga qarashli barcha mol-mulk va yerlarini (faqatgina Qarshi va Samarqand viloyatlarining o`zida 375 ming tanob 60 ming gektar hosildor yerlar unga tegishli edi) musodara qildilar va shu bilan xonadon kuch-qudrati tugatildi. Xoja Ahror ishini 1515 yildan boshlab Naqshbandiya rahnomosi Xoja Ahmad Kosoniy (1543 yoki 1549 y. vafot etgan) davom ettirdi. “Mahmudi A`zam” (Buyuk hokim) faxriy nomi bilan mashhur bo`lgan tasavvufning bu yirik namoyandasi asli hozirgi Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidan bo`lib, Naqshbandiya yo`lida katta shuhrat qozondi. U tasavvufga oid bir qator asarlar ham yozib qoldirgan.
Buxorodagi Juybor shayxlari (XVI asr o`rtalaridan XVII asr oxirlari) ham Naqshbandiya yo`lini tutgan vorislar hisoblanadi. Ular Shayboniylar va Ashtarxoniylar hukmronligi davrida muhim siyosiy hokimiyatga ham ega bo`lgan edilar. Naqshbandiya va uning tariqati Movarounnahrni, qirg`iz urug`lari va qozoq qabila birlashmalarini hamda sharqiy Turkiston aholisini musulmonlashtirishda muhim xizmat qiladi.
Sharqiy Turkistondagi Xoja Ahmad Kosoniy avlodlarining ikki shoxobchasi – oqtog`lik va qoratog`lik xojalari (ular o`rtasidagi keskin kurashlardan natijasida XVII asr o`rtalarida ma`naviy va siyosiy hokimiyat to`laligicha oqtog`liklar qo`liga o`tgan edi) ham Naqshbandiya tariqatining davomchilari edi. Naqshbandiya O`rta Osiyo va Volgabo`yi (Qozon)da XX asr 20-yillarigacha amal qilib keldi.
Bu ta`limot Hindiston, Usmonli turklar diyori va Eronda keng tarqaldi va ularning davlat siyosatida ham muhim ahamiyat kasb etdi. O`rta Osiyo tasavvuf rivojida ikki buyuk so`fiyning hissasi kattadir. Ulardan biri Abdulhasan Ali al-Xoroqoniy bo`lsa, ikkinchisi Abu Ali al-Farmadiydir. Bu shaxs milodiy 1084 yili olamdan o`tgan. Farmadiyning ikki shogirdi tasavvuf olamida juda mashhur bo`lib: birinchisi Ahmad al-G`azzoliy (milodiy 1122 yili vafot etgan), ikkinchisi Yusuf Hamadoniy (milodiy 1048-1140)dir. Ko`p tariqat silsilalari ana shu ikki shogirddan boshlanadi.
Hazrati Bahouddin Naqshband bevosita Amir Sayiid Kulol, Qusam Shayx, Halil otalardan ta`lim olgan bo`lsalarda, xojagan ta`limotining asoschilari, Movarounnahr va Xuroson xalqlarining buyuk mutasavvuf donishmandlar Shaxs-ush-shuyux (shayxlar shayxi) Yusuf Hamadoniy (1048-1140) va uning to`rtinchi mumtoz xalifasi (shogirdi) Xojai jahon-Xoja Abdulxoliq G`ijduvoniylar u kishining ma`naviy ustozlari edi.
Bahouddin Naqshband Xoja Abdulloh G`ijduvoniy va uning ustozi buzrukvori Yusuf Hamadoniyga nisbatan uvaysiya (ya`ni, bevosita emas, bilvosita, ma`naviy shogird) hisoblanadi. Bu so`z, aslan, Payg`ambarimiz Rasuli Akram (s.a.v.) ni ko`rmay, uchrashmay unga ma`naviy shogird bo`lgan “Uvaysiya” tariqatining asoschisi, yamanlik mashhur mutasavvuf donishmand Uvays Karnayga nisbatan va keyin tasavvuf ilmida keng joriy etilgan.
Erondagi Hamadon shahri yonidagi Buzanjird qishlog`ida 1048 yilda tug`ilgan Yusuf Hamadoniy o`z davrining yetuk fikh, hadis va tasavvuf olimidir. U arab va fors yurtlarida ta`lim oladi, o`z bilimlarini yana ham oshirish niyatida Movarounnahr va Xurosonga keladi. Buxoro, Samarqand, Nasaf, Marv, Balx, Hirot kabi shaharlarda bo`lib, bu yerlardagi yetuk olimlar bilan musohib bo`ladi. Buxoroi sharifda masjid, madrasa va xonaqoh qurdirib, ko`plab turkiygo`y va forsiygo`y shogirdlar tarbiyalaydi. Uning xalifai arba`a (to`rt mumtoz shogirdlari) Andokiy, Barraqiy, Yassaviy va G`ijduvoniylar hisoblanadi. Xoja Abdulxoliq G`ijduvoniy o`zining “Risolai Shayx-ush-shuyux Yusuf Hamadoniy” asarida buzrukvor ustozi Yusuf Hamadoniy haqida shunday yozadi: “Piri buzrukvorimiz Yusuf Hamadoniy uzoq umri mobaynida ko`plab safarlar qilgan, 33 marta poyu piyoda, goh ot-ulovda yurib Haj qilgan, ming martadan ziyod xatmi Qur`on etgan, Qur`oni karimni mukammal yod olgan, ulug` donishmand bir zot edilar. Hamisha toat-ibodat qilar, ko`pincha ro`za tutar edilar. 8000 budparastni musulmon qilgan, uning irshodzotini olib, to`g`ri haqiqat yo`liga tushganlarning son-sanog`ini hech kim bilmas edi. U zoti muborak halol mehnat qilib nima topsa uyida saqlamasdan, beva-bechoralarga, yetim-yesirlarga taqsimlab berar edilar...
O`zlari suhbat asosida doim tabassum qilib gapirar, turkiyni yaxshi anglar, biroq qiynalib gapirmas edilar... Alar hamisha halol ichib, halol yer edilar, harom narsalardan nafratlanar edilar, halollarni g`oyatda yaxshi ko`rar edilar, bekorchi maftxo`r (tekinxo`r) odamlarni yoqtirmas edilar. Tanparvar (xudnoma va manman) kishilarni g`oyatda yomon ko`rar edilar; qishloq joylarida, tog`larda sayr qilishni yoqtirar edilar, o`sha joylardagi aholi (turk, arab, tojik, cho`pon, podabon, shuturbon) vakillari bilan g`oyat samimiy ko`rishar, ular bilan dildan suhbatlashar edilar”.
Alar doimo: “Xudoy lomakondur, makon uchun uni xojat yo`q, kasb-hunar farzdur, yaxshi amal iymondandur, iymon toatdur, har qanday toat iymon emas”, deb irshod etardilar. Alar hamisha: “Xo`sh har dam dored, nazar bir qadam dored, safar dar vatan dored, xilvat dar anjuman dored”, - deb pand-nasihat qilar edilar. Demak, xojagon (Naqshbandiya) tariqatidagi asosiy to`rt qoida (kalimai qudsiya)ni “Xush dar dam”, nazar bar qadam “Safar dar vatan” va “Xilvat dar anjuman” birinchi marta Yusuf Hamadoniy tomonidan aytilgan, qolgan to`rt qoida Abdulxoliq G`ijduvoniy va uchtasi Naqshband tomonidan ishlab chiqilgan (bu haqda biz keyinroq yana to`xtaymiz).
Xoja Abdulxoliq G`ijduvoniy quddisa sirrihu – Xojai Jahon, Xoja Abdulxoliq nomi bilan butun dunyoga mashhur Otasi Xoja Abduljalil Rumiy Rahmatullohi Alay Imom nomi bilan mashhur bo`lib, masjidda imomlik qilgan. Imomi Molik avlodidan, rumlik. Rum podshohlari avlodiga ham mansubligi bor. Ul zot o`z zamonasining allomasi – zohiriy va botiniy ilmlarning olimi. Hizr alayhissalom bilan suhbatda bo`lgan. Zoti sharifning tushiga Hizr alayhissalom kirib, Buxoroi Sharifning safar qilishi, G`ijduvonda nash`u namo topib, farzand topib, farzand ko`rishi va tug`ilajak farzandning muborak ismini Abdulxoliq qo`yilishini bashorat qilgan.
Xoja Abduljalil Rumiy roziallohu anhu Rumdan narvon boshlab, Buxoroi sharifga yo`l olgan va tushda ayon bo`lganidek, G`ijduvonda nash`u namo topib, 1103 yilda farzand ko`rib, ismini Abdulxoliq qo`ygan.
Xoja diniy oilada, islomiy tasavvuf va urf-odatlar qurshovida unib o`sgan. Hizr alayhissalomning savoba farzandi hisoblangan. To`qqiz yoshida Qur`oni Karimni yod olgan, o`n yoshidan boshlab darveshlarning zikr tushirishlarida faol ishtirok etgan.
Birinchi ustozi – o`z zamonasining mashhur bilimdoni, tafsir ilmining sultoni Imom Sadriddin atalmish ulug` zot bilan Buxoroi sharifda uchrashib, tafsir ilmini mukammal o`rganadi, tafsir o`qib: “Ud`u rabbasum tazarru`an va xufyatan innahu la yuhibbu-l-mu`tadiyn”, (“A`rof, 55-oyat”. Duo qilinglar parvardigoringizga yolvorib yashirib, albatta u haddin oshguvchilarni do`st tutmas”) oyatga yetadi. Xoja Abdulxoliq ushbu oyat mazmuniga muvofiq ustozidan:
Bu xufyaning haqiqati va yo`li qanday bo`ladi?, – deb so`raydi.
Ustoz Imom Sadriddin: - Agar zikr aytuvni baland ovoz bilan o`qisa yo zikr qilayotgan vaqtda baland, biror a`zosini qimirlatsa, o`zgalar bundan xabar topadilar. “Ali-Shaytonu ajrifi Ibn Odama majra–d–dami”, hadisiga ko`ra, shayton ham undan ogoh bo`ladi. Buning mohiyatini to`la anglab yetish mushkul. Bu – ilmi Laduniy – ilohiy ilmdir. Agar Haq subhanahu va Taolo sizni bundan vaqif qilishini xohlasa, albatta sizning oldingizga ahlulloh (o`z odamlari)dan birini yuboradi va u sizga ta`lim beradi, - deganlar.
Laduniy ilmi haqida “G`iyosul lug`at”da shunday xabar bor: “Alloh talo tomonidan ato qilingan ilm. Unday ilmga urinish, sa`y – harakat, riyozat chekish natijasida, Alloh taolo xohlasa, erishish mumkin. Chunki bu alloh o`zi xohlagan kishilargagina nasib qiluvchi ilohiy ilmdir.
Laduniy ilm uchga bo`linadi: vahiy ilohiy, farosat. Vahiy – payg`ambarlarga, ilhom - avliyolarga, farosat – so`fiylarga Allohning izni bilan beriladi.
Imom Sadriddin bilan bo`lgan suhbatdan bir necha muddat o`tgandan so`ng hizr alayhisalom kelib, Abdulxoliqqa xufiya zikrdan ta`lim beradilar va farzandlikka qabul qiladilar.
Xoja Abdulhaq G`ijduvoniy butun hayotini Alloh yo`liga bag`ishlab, farz va sunnat amallarini bajarishi kabi ulug` ibodatda shuhrat topdi. Yigirma ikki yoshida, Buxoroi sharifda baland maqom, butun sharq olamida mashhur shayx Abu Yoqub Yusuf Hamadoniy bilan uchrashadi va tez orada shayxning muridiga aylanadi. Yusuf Hamadoniy Abdulxoliq qalbida Alloh zikri borligini bilib, so`fiylar jamoasiga olib kiradi.
Xoja Yusuf Xamadoniyning tariqatlari – Zikri iloxiy – oshkora zikr edi.
Kunlardan bir kuni Xoja Abdulholiq Xoja Yusuf Hamadoniy hazratlariga Xizr alayhisalomdan zikri xufiya – maxfiy zikr sabog`ini olganligini izhor qiladi. Shunda Yusuf Hamadoniy: “Bir va jonim alardin ma`mur bo`libsiz, mashg`ul bo`ling”, deb fatvo beradi.
Yusuf Hamadoniy Abdulholiqqa so`fiylik xirqqasini kiygizgan. Abdullo barqiy xoja hasan Andoqiy, xoja Ahmad Yassaviy Yusuf Hamadoniyning shogirdlaridirlar.
Xoja Abdulholiq ustozi Xoja Yusuf Hamadoniy Xurosonga kutgunga qadar u ulug` zotning xizmat – mulozamatlarida bo`lib, ko`p ilm o`rganadi. O`zini ibodatu riyozatga mashg`ul tutib, butun hayoti davomida “Risolai sohibiya”, “Risolai shayxulliuyun hazrati Abu Yusuf Hamadoniy”, “Maqomati Xoja Yusuf Hamadoniy”, “Az guftar Xoja Abdulxoliq G`ijduvoniy” kabi besh buyuk asar bitadi.
Xoja Abdulholiq ustozining ta`limotini har tomonlama boyitib, amaliyotga zikri xufiyani olib kirdi va xojaganlik tariqatining sakkiz rashha – qonun – qoidasini shakllantirib berdi.
1 – rashha – Xush Dar Dam – ichdan chiqayotgan har bir nafas ogohlik va huzur yuzasidan bo`lishi, g`aflat unga hech yo`l topmasligi kerak.
2 – rashha – Nazar Bar Qadam-nazar doim oyoqqa bo`lishi kerak. Toki solikning nazari sochilmasin va polozim joyga tushmasin.
3 – rashha – Safar Dar Vatan-solik odammiylikning tabiatida safar, ya`ni odamiylik sifatidan farishta sifatiga o`tadi, yomonlik sifatidan axillik sifati tomon ko`chadi.
4 – rashha – Xilvat Dar Anjumandan olingan saboq shuki, solik dunyoviy ish bilan mashg`ul bo`lsa-da, Allohni unutmasin. Zero, Hazrat Bahouddinning: “Dil ba yoru dast ba kor!” ishoralaridan ham maqsad xuddi shudir. Ko`ngling Alloh yodi bilan, qo`ling mehnat bilan band bo`lsin. Yana shuni ham ta`kidlash joizki, tariqat odamlardan chetlashishni, kishilar suhbatidan qolishni targ`ib qilmaydi, balki zohir tomonidan odamlar bilan botin tomonidan Alloh bilan bo`lishi lozimligini uqtiradi.
5 – rashha – Yodkard – bu zikri lisoniy (til zikri) va zikri qalbiydir.
“Xush dar dam”, “nazar bar qadam”, “safar dar vatan”, “xilvat dar anjuman rashhalari”, “Yodkard” ga o`tish uchun tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi. “Yodkard” Alloh zikrini qalbda naqshlashda asosiy omildir.
6 – rashha – Bozgaiy – shundayki, zikrni aytuvchi tili yoki dilida kalimai tayyibani aytganda: “Xudovando, mening maqsudim sesan”, deydi. Bu bozganiy kalima yaxshi yoki yomon fikrlarni odamdan haydovchidir. U zikrni xolis qiladi, zikrni o`zga nafaslardan ozod etadi. Zikrni boshlovchi bu bozganiy so`zlarni aytayotgan paytda mabodo chin dildan bo`lmayotganini sezsa ham, uni aytishni tark etmasin bora-bora u chinakamiga aylanib ta`siri zohir bo`ladi.
7 – rashha – nigohdosht – har xil fikrlardan xolos bo`lishi, tashqi olamdan ajralishi uchun intilish bo`lib, kalimai toyyibani bir nafasda necha marta aytsa, o`sha paytda xayolni boshqa narsalardan xalos qilishi kerak.
8 – rashha – Yoddosht – shundayki, undan maqsad Haq subhanahu va taoloni doimo zavqu shavq bilan yodda tutib, ogoh bo`lishidir. Ba`zilar uni G`oyib bo`lmaydigan Huzur degan ibora bilan ham ataydilar. Ba`zi haqiqat ahlining nazarida u shunday bir mushohadadurki, Haq subhonahu va taolo muhabbati ko`ngilni tamoman qamrab oladi, bu esa yoddoshtning hosil bo`lishidan darakdir.
Xojalar ahlining xojasi Abdul xoliq G`ijduvoniy 1179 yilda, 76 yoshida vafot etgan. Qabri G`ijduvon shahrida tabarruk ziyoratgoh hisoblanadi. Xoja Abdulxoliq G`ijduvoniy mozori onasining oyoq tomonida. Vaqtiyn zamonida ziyoratgoh yonida chillaxona, shuningdek qirq zinali narvon ham bo`lgan. Hozir chillaxona, narvon yo`q, lekin toshquduq bor.
Butun dunyoga mashhur Naqshbandiya tariqati xojagonlikdan unib o`sgan. Shu bois ulamolar ul bo`gan zot Xoja Abdulxoliq G`ijduvoniyga Sarhalqai silsilai Naqshbandiya deb ta`rif beradilar.
Valiyulloh Xoja Abdulholiq G`ijduvoniydan so`ng bu vorislik Xoja Orif Mohi Taban Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag`naviy, Xoja Ali Rementaniy, Xoja Sayyid Mir Kulol Buxoriy, Xoja Muhammad Bahouddin Ibn Sayyid Jaloliddin Naqshband kabi o`z zamonasining mashhur shayxlari tomonidan davom ettirilgan va bu ta`limot butun dunyo xalqlari o`rtasida so`ng shuhrat qozongan.
Xoja Langar Ato va Xoja So`fiy cho`yan kabi mo`tabar zotlar Xoja Abdulholiq G`ijduvoniyning muridlari hisoblangan. Xoja Langar Ato qabri ayni zamonda ham ziyoratgohdir.
Hazrati Naqshbandning ikkinchi ma`naviy yetakchisi Xoja Abduholiq G`ijduvoniydir. Bu mo`tabar zot Yusuf Hamadoniyning uchinchi shogirdi bo`lib, “Xojagon” tariqatiga asos solgan. Bu tariqat bir asrdan so`ng Bahouddin Naqshband (1318-1389) tomonidan takomillashtirilib, uning nomi bilan “Naqshbandiya” deb ham atala boshlagan. Bahouddin Naqshband ta`limotining asosiy maqsadini ifodalovchi “Dast bakor, dil bayor!” ham birinchi marta XIII asrda Abduholiq G`ijduvoniy tomonidan aytilgan ekan. Bu haqda Mavlono Faxruddin Ali-as-Safiyning Rashaxot ayn-ul-hayot” (hayot bulog`idan oqqan tomchilar) asarida shunday yozilgan: “Miformudandki, hazrati Xoja Abduholiq G`ijduvoniy (q.s.) farmudanki, groniy az xalq barmi boyaddosht va on namishavad, illo bo kasbi halol dast bakor, dil bayor dar tariqi Xojagon (q.s. arvoham) amri muqarrar ast”. “Roshahot” asarida Xoja Ahror Valiyning og`zidan aytilgan 23-rashha (pand-nasihat) sifatida keltirilgan yuqoridagi jumlalarni mazkur asarning o`zbekcha, turkcha va tatarcha tarjima nusxalarida shunday yozilgan: “Aytur edilarkim, Xoja Abduholiq G`ijduvoniy (q.s.) aytibdurlarkim, xalqdin og`irlik ko`tarmak kerak va bu muyassar bo`lmas, magar halol kasb bilan dast bakor va dil bayor, degan so`z Xojagon (q.s. arvoham) tariqatlarida amri muqarrar turur”.
Xojagon (Naqshbandiya) ta`limotining tub mohiyatini ochib beradigan quyidagi:
Dari xilvat bandu, bari
suhbatro kushon,
Dari shayxiyro bandu,
dari yoritro kushoy.
(Xilvat eshigini yopib, suhbat eshigini och, shayxlik eshigini yopib, yorliq do`stlik eshigini och) bayti ham Hazrati Abduholiq G`ijduvoniy tomonidan aytilgan.
Abduholiq G`ijduvoniy xazratlari odamlarni poklik, to`g`rilik, hallolikka boshlagan. O`z shogirdlari uchun odob-axloqqa bir nechta qonun-qoidalar ishlab chiqqan. Uning “Risolai Soxibiya”, “Risolai tariqat”, “Vasiyatnoma”, “Maslak al orifin”, “Maqsad as-solikin”, “Az sufar Xoja Ahmad Abduhalil G`ijduvoniy”, “Maqomat Xoja Yusuf Xomadoniy” kabi kitoblarida ilmu odob, inson va uning jamiyatdagi o`rni, din va dunyoviy munosabatlar to`g`risida fikr yuritilgan.
Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur” (“Ra`u” surasi, 28-oyat).
Yaxshilik (ehson)ning mukofoti yaxshilik (ehson)dir (Ar-Rahmon” surasi, 60-oyat).
Ezgulik va taqvo yo`lida hamkorlik qiling. Gunoh va adovat yo`lida hamkorlik qilmang. (“Monda” surasi, 2-oyat).
Naqshbandiya tariqati tarafdorlari va ushbu ta`limotga mo`taqid bo`lgan millionlab muxlislar orasida g`oyatda mashhur bo`lgan yuqoridagi baytda hamdamlik, xamdardlik, mehr-shafqat, yorliq-do`stlik va birodarlik kabi eng muhim, dolzarb, umumbashariy axloqiy qadriyatlar to`g`risida so`z boradi.
Yuqorida biz tariqatdagi to`rt qoidasi Yusuf Xamadoniyga, to`rt qoida Abduholiq G`ijduvoniyga, uchtasi esa Naqshbandiyga tegishligi haqida aytib o`tgan edik.
Xoja Abduxoliq G`ijduvoniy ruhlarining Bahouddin Naqshbandga qanday tarbiya bergani haqida matbuotda ko`p yozilgan. Bahouddin silsilada ham bevosita Abduholiq G`ijduvoniyga borib tarqaladi. Abduholiq G`ijduvoniyning muridi Xoja Orif Revgardiy, muridi Xoja Romitaniy, uning muridi Xoja Muhammad Boboiy Samosiy, uning muridi Sayyid Amir Kulol va Sayyid Amir Kulolning muridi Bahouddin Naqshbanddir.
Muhammad Muso ibn Xoja Iso Dahbediyning “Katir ul-favoid” risolasida Abduxoliq G`ijduvoniygacha bo`lgan silsila ham bir-bir bayon etiladi. Shuning uchun tasavvufdagi har qanday tariqat kabi, naqshbandiya ham o`z g`oyalari, tartib-qoidalari, odob va qat`iyatlarini shakllantirishda juda qadim rishtalardan suv ichgan. Ammo tariqatning butun mohiyatini belgilab turadigan mavjud o`n bir qoida Yusuf Xamadoniy, Abduholiq G`ijduvoniy va Bahouddin Naqshbandlar tomonlaridan asoslangan.
Yusuf Xamadoniy ta`yin etgan shiorlar:
1. Xush har dam.
2. Nazar bar qadam
3. Safar dar vatan.
4. Xilvat dar anjuman.
Abduholiq G`ijduvoniy ta`yin etgan qoidalar:
Yodkard.
Bozgasht.
Nigoxdosh t.
Yoddosht.
Bu sakkiz qoidaga Bahouddin Naqshband yana uch shiorini qo`shadilar:
1. Vuqufi zamoniy.
2. Vuqufi adadiy.
3. Vuqufi qalbiy.
Bu shiorlar, qoidalar keyingi yillarda chop etilgan ko`pgina maqolalar va risolalarda sharhlandi. Mazkur shiorlar, aslida soliklarning zikr tushish mahali amal qilishi lozim bo`lgan qoidalardir. Ammo ularning yana qanchadan qancha ramziy, tasavvufiy, hayotiy ma`nolari ham bor.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Karimov I.A. “Yuksak ma`naviyat-yengilmas kuch”. – T.: Ma`naviyat, 2008, 40-b.
Karimov I.A. Biz kelajagimizni o`z qo`limiz bilan quramiz. – T.: O`zbekiston 1997. 7-jild. 184-b.
Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo`q. Asarlar 7-jild. – T., 1998.
Karimov I.A. Eng asosiy mezon – hayot haqiqatini aks ettirish. – T.: O`zbekiston, 2009.
G`ijduvoniy H.A. “Vasiyatnoma”. – T., 1993.
“Risolai Soxibiya”. – T., 1993.
“Risolai Tariqat”. – T., 1993.
“Maslak al-orifin”. – T., 1993.
“Maqsad as-solikin”. – T., 1993.
“Maqomati Xoja Yusuf Hamadoniy”. – T., 1993.
Durdona. Mir Kulol va shohi Naqshband maqomatlaridan. – T ., 1993.
Sadriddin Salim Buxoriy., “Dilda yor”. – T., 1993.
Sadriddin Salim Buxoriy., “Tabarruk ziyoratgohlar”. – T., 1993.
Yevgeniy Bereznikov., “Svyatqe liki Turkestana”. – T., 1992.
Do'stlaringiz bilan baham: |