Mavzu: Angliyada normandlar istilosi va uning natijalari
Reja:
1.
Anglo- sakslarning Buyuk Britaniyaga yurishi.
2.
Geptarxiyaning tuzilishi.
3.
Buyuk britaniyada xristian dinining tarqalishi
4. Anglo- sakslarning ijtimoiy va davlat tizimi.
5. Normandlar bosqiniga qadar Buyuk Britaniya madaniyati.
6. Normandlar bosqini
Skandinaviyaliklar (normandlar –bu nom ularga keyinchalik berildi) IX asrdan boshlab
Fransiyaning dengiz qirg’oqlarini talay boshladilar va daryo bo’ylab Yevropaning ichiga kirib
boradilar. Asta-sekin ular bosqinchilardan o’troqlasha boshlagan kolonistlarga aylanadilar va
o’troqlashgan joylarida X asrning boshida Normandiya gersogligini tashkil etadilar.
Keyinchalik bu gersoglik hududiga Fransiyaning boshqa yerlaridan ham ko’plab aholi
ko’chib kela boshlaydi va normandlar tezda mahalliy aholi bilan aralashib, ular o’rtasiga singib
ketadi. Angliyaga hujum qilish arafasida normandiyaliklar o’zlarining etnik xususiyatini
yo’qotib, to’laqonli fransuz xalqiga aylangan edi. Shu sababli Angliyani Skandinaviyadan kelgan
normandlar emas, balki Fransiyaning Normandiya gersogligidan chiqqan normandiyaliklar bosib
olgan, deyish o’rinlidir.
Normandiya gersogi Vilgelmning Angliya taxtiga da’vo qilishiga 1066 yilda inglizlar
qiroli Eduard Xudojo’yning vafoti sabab bo’ldi. Qirol Eduard Xudojo’y o’zidan taxtga
merosxo’r bo’ladigan va uni saqlab qoladigan voris qoldirmadi. Uning yaqin qarindoshlari ham
yo’q edi. Shu sababli Eduard Xudojo’y vasiyati bilan Londondagi Vestminstr abbatligida
yig’ilgan Uitenagemot («Donolar kengashi») yirik anglo- sakson oilasi vakili erl Garoldni yangi
qirol qilib sayladilar. Garold qudratli va xalq sevgan eldermonlardan biri edi.
Angliyadagi bu o’zgarish Eduardga yaqinligi bo’lgan Normandiya gersogi Vilgelm
tomonidan, qonunsiz va zo’ravonlik bilan amalga oshirilgan hodisa deb baholandi. Normandiya
gersogining Eduard Xudojo’y o’rniga da’vogar bo’lishining ayrim asoslari bor edi, ya’ni
daniyaliklar hukmronligi davrida Eduard Xudojo’y Normandiyaga ko’chib kelib Vilgelm I ning
otasi bo’lgan Normandiya gersogi Robert Yovuz saroyida boshpana topgandi va Angliya taxtiga
o’tirish imkoniyatiga ega bo’lganda vataniga normandiyaliklar qurshovida qaytgan edi. Shunga
asoslangan holda Vilgelm Angliya taxtiga da’vogar bo’lib chiqdi.
Vilgelm I «Eduard vasiyatnomasi»ni dastak qilib olib, hokimiyatni kuch bilan olishga
qaror qildi va u 1066 yilning sentyabr oyida 15 ming kishilik armiya bilan La-Mansh
bo’g’ozidan o’tib inglizlar yerining janubiy qismini egalladi.
Vilgelmning
Angliyaga
yurishida faqat normandiyaliklar emas, balki fransuz va hatto italiyalik risarlar ham qatnashdilar.
Bu yurishga Vilgelm Rim papasining ham roziligini olishga muvaffaq bo’ldi.
Ingliz va normandlar o’rtasidagi hal qiluvchi jang 1066 yilning 14-oktyabrida Gastings
yaqinidagi Senlak degan joyda bo’lib, unda asosan otliq risarlardan iborat bo’lgan va nisbatan
yaxshi qurollangan normandlar g’alaba qildilar, qirol Garold jangda halok bo’ldi. Avval
«qonunsiz tug’ilgan» laqabiga ega bo’lgan Vilgelm (Uilyam I) «Fotih» («Bosqinchi») nomi bilan
Angliya taxtiga (1066-1087) o’tirdi.
Aholini tinchitish maqsadida, Vilgelm I ularga anglo-sakslarning qadimiy odat va huquqlariga
amal qilishini, Eduard qabul qilgan «yaxshi qonunlar»ni saqlab qolishni va’da qildi. Ammo
keyinchalik, bu va’dalarning barchasi yolg’on ekanligi va xalqni vaqtinchalik o’ziga ag’darib
olish uchungina aytilganligi ma’lum bo’ldi.
Aytish kerakki, normandlar tomonidan inglizlar yerlarini bosib olish oson kechgan emas.
Bu jarayon bir necha yilgacha (to 1071 yilgacha) cho’zildi. Vilgelm I 1076 yilda Angliyani
Normandiya gersogligi bilan birlashtirdi. Normandlarga qarshi eng yirik qo’zg’olonlar Mersiya
va Nortumbriyada (1068 y.) bo’ladi. Bu qo’zg’olonlarda inglizlarga Daniya qirolining bergan
yordamiga qaramasdan, Vilgelm uni bostirishga muvaffaq bo’ldi, qo’zg’olonchilardan qattiq
o’ch olindi. Ancha obod York va Durgam (Darem) vodiylari normandlar tomonidan vayron
qilindi va uzoq vaqtgacha xarobazorga aylandi. Bu yerlar faqatgina Sistersion ordeni tomonidan
XII asrda yaylovlarga aylantirilgandan keyingina jonlandi.
Qirollik hokimiyatining kuchayishi.
Vilgelm I davrida mahalliy anglo-sakslar va keyingi
normand-fransuz aholisi o’rtasida ularni ajratib turadigan juda katta chiziq yotardi. Qirol saroyi
va boshqarish bo’g’inlarida fransuz tilining qo’llanishi, hukmronlik tartibining tub joy aholiga
nisbat og’ir va qattiqqo’llik bilan o’tkazilishi, bo’ysundirilgan tomonda bosqinchilarga bo’lgan
norozilikning kuchayishiga olib keldi. Vilgelm tomonidan «Yangi o’rmon to’g’risida»
qonunning e’lon qilinishi bu norozilikning yanada o’sishiga olib keldi. Bu qonunga ko’ra,
mamlakat hududidagi (ayniqsa Gempshayrdagi – P.Sh.) juda katta o’rmon va tekisliklardan
iborat maydon qirolning ov qiladigan joyi deb e’lon qilindi va ruxsatsiz bu joyga kirgan har bir
kishi qattiq ta’qib ostiga olindi. Qirolga qarashli deb e’lon qilingan joylarda ov qilishga jur’at
etgan dehqonlarning ko’zini o’yib oldilar. Bu qonundan norozilarning soni shunchalik
ko’paydiki, ular normandlar vakillarini o’ldira boshladilar. Vilgelm shoshilinch tarzda
normandlarni himoya qilishga majbur bo’ldi va «Bundan so’ng normandlarga su’iqasd qilgan
kishilar harakati qirolning o’ziga su’iqasd qilgan» deb baholanishini va shunga muvofiq
jazolanishini e’lon qildi.
Normandlar bosqinchiligi Angliyada yirik yer egalarini, feodal tabaqani yangiladi, ya’ni
anglo-saks feodallarining deyarli barcha mulklari tortib olindi va ular Vilgelm I bilan kelgan
normand va fransuz feodallariga bo’lib berildi. Angliyadagi yirik normand feodallari «baronlar»
deb ataldi. Mamlakatdagi barcha yerlar feodal mulki hisoblangan xo’jalikga – «manor»larga
bo’lindi.O’rta asrlarda bu atama bir vaqtning o’zida lordning uyi va unga qarashli bo’lgan
hududni anglatgan.
Angliyadagi ekin ekishga yaroqli bo’lgan barcha yerlarning yettidan bir qismi Vilgelm I
ning qirollik mulki (domen) deb e’lon qilindi. Juda katta moddiy resursga ega bo’lish kuchli
qirol hokimiyatining muhim shartlaridan bo’lib hisoblanadi.
Vilgelm I davlatni boshqarish tizimiga jiddiy o’zgarishlar kiritdi, ya’ni ma’muriy
hududlar bo’lgan grafliklar oldingidek senorlar (oldermanlar – P.Sh.) tomonidan emas, balki
sheriflar tomonidan boshqariladigan bo’ldi. Sherif lavozimi anglo – saksonlar jamiyatida ham
mavjud edi va u ko’proq graflik oqsoqoli ma’nosida ishlatilgan. Vilgelm I tomonidan
tayinlangan sheriflar qirolning grafliklardagi vakolatli vakili bo’lib, ularning asosiy vazifasi
tartibni saqlash, tartibbuzarlarni jazolash, graflikdagi qirol mulkini boshqarish, urushlar davrida
harbiy otryadlar to’plash va unga qo’mondonlik qilish edi. Xullas, graflikdagi sud, harbiy va
ma’muriy hokimiyat sheriflar qo’lida edi.
Normandlar cherkovga o’zgarish kiritdilar. Angliyadagi barcha cherkovlarda, yuqori diniy
lavozimlar anglo-sakslardan tozalanib fransuz-normand ruhoniylari qo’liga berildi. Vilgelm I
diniy sudni alohida qilib ajratdi. Uning buyrug’i bilan sherif va amaldorlarning cherkov sudiga
aralashishi ta’qiqlandi.
Ayni vaqtda Rim papaligining ingliz cherkovi ustidan hukmronlik qilishga bo’lgan
barcha da’volari rad etildi. Vilgelm papa Grigoriy VII ga vassalik qasami ichishdan bosh tortdi
va ingliz cherkovini qiroldan boshqa hyech kim nazorat qilmasligini hamda uning roziligisiz
ingliz cherkovining papaga va papa qarorlariga bo’ysunmasligini e’lon qildi.
Shunday qilib, normandlar bosqinchiligi natijasida hukmron sinfning yuqori qatlami
mutlaqo yangilandi. Feodal tabaqaning shaxsiy tarkibining o’zgarishi Angliya uchun katta
ahamiyatga ega edi.
Vilgelm I davrida, yangi yirik feodal yer egalari baronlar bosqinchilik jarayonida o’z
yerlarini bevosita qiroldan olganliklari uchun, ular qiroldan minnatdor edilar va boshqa Yevropa
davlatlaridagi feodallarga nisbatan qirol bilan vassalik iplari orqali mustahkamroq bog’langan
edilar. Qirolning bevosita vassali hisoblangan baronlar, qirollikka feodal soliqlarini to’lashlari va
harbiy xizmat o’tashlari kerak edi. Faqatgina yirik feodallar (baronlar) emas, balki ularning
vassalari bo’lgan risarlar ham qirolga sadoqati to’g’risida qasamyod qilishga majbur edilar
(Solsberi qasamyodi, 1 avgust, 1086 yil).
Tarixchilar tomonidan «o’tkir siyosatchi va ajoyib tashkilotchi» deb nom olgan Vilgelm I
monarxlik obro’sini mustahkamlash maqsadida, hukmronligining dastlabki yillaridayoq qirol
hokimiyatining sulolaviy-merosiy ekanligini ta’kidladiki, keyinchalik Angliyada qirolni saylash
yoki uning senorlar tomonidan tasdiqlanishiga o’rin qolmadi.
Vilgelm I davrida Angliyada qirol hokimiyati kuchaydi. Sababi, qirol hokimiyatining
kuchayishidan manfaatdor bo’lgan kuchlar ko’p edi.
Qirol hokimiyatining kuchayish sabablaridan biri bu dastlabki vaqtlarda normandlar
mahalliy aholining dahshatli qurshovi ichida qolganliklarini sezdilar. Ularga o’z yer va
mulklarini saqlash uchun kuchli qirol hokimiyati kerak edi. Kuchli qirol hokimiyatigina ularga
Angliya xalqini o’zlariga itoat ettirishga yordam berardi.
Kuchli qirollik jamiyati faqat normandlarga emas, balki o’z mulkini saqlab qolgan anglo-
saks feodallariga ham kerak edi. Sababi, ijtimoiy kurashlar to’lqini kuchayib kelayotgan bir
davrda bu kuchlarni bostirish va feodallarni himoya qila olish qudratiga ega bo’lgan kuchli qirol
hokimiyati ular uchun hayotiy zaruriyat edi. Kuchli qirol hokimiyati, ayniqsa, mayda va o’rta
feodallarga zarur edi. Chunki, ular o’z kuchlari bilan dehqonlarga ham qarshi kurasha olmas,
ikkinchi tomondan baronlarga ham qarshi chiqa olmas edilar. Shuning uchun ular Vilgelm va
uning amaldorlarini qo’llab quvvatladilar, ularning yirik feodallarga qarshi kurashlarida
yordamlashdilar.
Vilgelm I davrida Angliyada cherkov. Vilgelm I davridagi yana bir muhim tadbirni qayd etish
lozim. Bu Vilgelm I ning Angliyaga yurishlarining Rim papaligi tomonidan ma’qullanishi edi.
Papalikning Vilgelm I tomonida turishiga sabab, anglo-saks ruhoniylarining o’zlarini mustaqil
tutishlari va fransuzlar darajasida papa hokimiyatiga bo’ysinmaganligida edi. Normandlarni
quvvatlash yo’li bilan papalik Angliya ustidan o’z ta’sirini kuchaytirmoqchi bo’ldi va
normandlar hukmronligi o’rnatilishi bilan shunga muvaffaq ham bo’ldi.
Angliyada cherkov ham qirolni qo’llab-quvvatladi. Sababi, mamlakatning istilo qilinishi
va qo’zg’olonning bostirilishi natijasida, eski anglo-saks feodallari almashtirilgani kabi ingliz
cherkovining yepiskoplari ham batamom almashtirildi. Avvalgi ingliz ruhoniylari o’rnini fransuz
yepiskoplari egalladi.
Vilgelm I Kenterberi arxiyepiskopi (bosh ruhoniysi) qilib, asli italiyalik Lanfrankni
tayinladi. Anglo-saks tilida ibodat qilish ta’qiqlandi, monastirlar fransuzlar namunasida qayta
o’zgartirildi, Rim cherkovi qoidalari qonunga aylandi. Angliya qiroli cherkov imtiyozlarini
kengaytirish yo’lidan borib, ruhoniylar sudini dunyoviy suddan ajratish to’g’risida qaror qabul
qildi. Ammo Vilgelm I Rim papaligini Angliya cherkovining ichki ishlariga aralashishdan
chetlashtirdi, ya’ni ingliz cherkovi ruhoniylari qirol ruxsatisiz Rim papasiga arzga borishi
mumkin emasdi. O’zining maxsus sudiga ega bo’lgan cherkov, ma’lum ma’noda davlatning
ichida davlatga aylana bordi. Lanfrank cherkovda ruhoniylar turmushiga taalluqli keskin
o’zgarishlar yasadi: cherkov xodimlarining nikohdan o’tishi ta’qiqlandi, oilali bo’lgan
ruhoniylardan xotinlaridan ajralish talab qilindi, asta-sekinlik bilan ruhoniylar hayotiy tarzi
jihatdan monaxlarga yaqinlasha bordilar.
«Dahshatli sud kitobi». Angliya bosib olinganidan 20 yil o’tgach (1086 yil) Vilgelm
tomonidan aholini ro’yxatga olish o’tkazildi. Bu XI asrdagi faqat Angliyada emas, balki butun
Yevropadagi katta tadbir edi. Vilgelm tomonidan Angliyaning barcha shahar va qishloqlariga
maxsus vakillar yuborildi. Ularning vazifasi har bir jamoaning ko’zga ko’ringan vakillari bilan
savol-javob o’tkazib mamlakatning iqtisodiy hayoti haqida ma’lumot olish edi. Savollar turlicha
berilar edi: Yer qancha? Uning egasi kim? Undan keladigan daromad qancha? Pluglarning soni
qancha? Egalari kim? Qoramol, qo’y va cho’chqalarning soni qancha?. Bu ro’yxatga olish
aholi tomonidan keskin norozilik bilan kutib olindi. Bir monax yilnomachi bu haqida shunday
yozgan edi: «Bu haqda hatto gapirish uyatdir, ammo u bo’lsa (ya’ni Vilgelm –P.Sh.) bu ishni
uyalmasdan qilayapti». Keyinchalik xalq bu ro’yxat tuzilgan varaqlarga «Dahshatli sud kitobi»
deb nom berdi. Ayrim adabiyotlarda u «Qiyomat daftari» ko’rinishda ham ishlatiladi.
Ma’lum bir ma’noda «Dahshatli sud kitobi» Vilgelm I ning 20 yil ichida qudratli
hukmdorga aylanganligidan ham guvohlik beradigan tarixiy hujjatdir. Vilgelmdan boshqa Farbiy
Yevropaning biror mamlakatida bunday tadbirni o’tkazishga hyech bir hukmdor jur’at eta
olmagan. Angliyaning o’zida esa bu tadbir noroziliklarga sabab bo’lsa-da, lekin hyech bir kishi
ochiq qarshilik ko’rsata olmadi.
1086 yilda qirol tomonidan o’tkazilgan aholini ro’yxatga olishning ma’lum sabab va
maqsadlari bor ediki, unga ko’ra: 1) mulk solig’i «gilda»ni tartibga solish va to’plash uchun o’z
vassallari, mulkining hajmi va daromadining qanchaligini aniqlash maqsadida kerakli
ma’lumotlarni yig’ish va shunga qarab o’z vassallaridan harbiy xizmat talab etish; 2) qirolni
uning vassallari ega bo’lgan boyliklar hajmi va taqsimlanishi, vassallari ega bo’lgan yer va
daromadlari to’g’risidagi axborot bilan tanishtirish edi. Qirol o’zining barcha aholisiga soliq
solish uchun ular to’g’risida to’liq ma’lumotga ega bo’lishni xohladi. «Dahshatli sud kitobi»
tarixiy hujjat sifatida o’sha davrdagi Angliyaning ijtimoiy ahvoli va tizimi haqida qimmatli
manba bo’lib, unda mamlakatdagi 38 ta graflikdan 34 tasi to’g’risida aniq ma’lumotlar berilgan.
Tabiiy, XI asrda Angliya qishloq xo’jalik mamlakati edi. Unda feodal yer-mulki (manor)
iqtisodiyotning asosini tashkil etgan. Shunday manorlarning eng yiriklaridan bir qanchasi
bevosita qirolning mulki bo’lgan, qolganlarini u o’zining ko’p sonli diniy va dunyoviy
vassallariga in’om etgan. «Dahshatli sud kitobi» yer egalarining ijtimoiy guruhlarga
bo’linganligini va ularning sonini ham aniqlab beradi.
Eslatish joizki, ro’yxatga olish jarayonida faqat katta yoshdagi erkaklar hisobga olingan va
ularning soni qaysi ijtimoiy guruhlarga mansubligiga qarab jamlangan. Unga ko’ra:
Ko’rinib turibdiki, bu yerda ro’yxatga lordlar va ularning bevosita vassallari, manorlardagi
mansabdor ruhoniylar, monaxlar, savdogar va hunarmandlar, yersiz yollanma ishchilar va
boshqa ayrim toifa vakillari kirmaganlar.
«Dahshatli sud kitobi»dan XI asr oxiriga qadar bo’lgan Angliya aholisining soni haqida
ham qimmatli ma’lumotlarga ega bo’lamiz.Ingliz tarixchilari o’sha davr Angliya aholisini
aniqlash uchun yuqoridagi raqamlarni 5 barobarga oshirib hisoblashni tavsiya etadi, ya’ni har bir
oilada 5 kishi bo’lgan deb va mamlakatning umumiy aholisining miqdorini «Dahshatli sud
kitobi»da ko’rsatilganidek 1,5 mln. kishi deb emas, balki 1,75-2 mln. deb hisoblaydi.
Bordariylar va kottarlar (keyinchalik ularni kotterlar deganlar – Sh.P) Angliyaning
deyarli barcha grafliklarida tarqalgan bo’lib, ayrim grafliklarda 20, ayrimlarida 40 foizgacha
bo’lib joylashganligi bilangina bir-biridan farq qilardi. Erkin kishilar - frigolderlar soni asosan
mamlakatning sharqiy rayonlarida va sharqiy-markaziy grafliklarda ko’p bo’lgan.
«Dahshatli sud kitobi»da bordariylar va kottarlar deb tilga olingan ijtimoiy guruhlarni
tarixchi A.L.Morton mamlakatning turli qismlarida turli nom bilan atalgan bir ijtimoiy guruhga
kiruvchi kishilar deb hisoblaydi. Ularning kichik kesim yerlari bo’lib, u yerlar umumiy jamoa
yer maydoni tarkibiga kirmagan. Bu toifadagi dehqonlarning ko’pchiligi krepostnoy deb
hisoblansa-da, ammo ularning erkinlik huquqlari ko’proq saqlanib qolgan va ular feodal manori
bilan chambarchas bog’lanib ketmaganlar. Ko’pchiligi bir hunarmandchilik turi bilan mashg’ul
bo’lgan bordariylar va kottarlar lordlarining xo’jaligida bevosita ishlab bermasdan, ularga o’zlari
yasagan biror hunarmandchilik buyumi bilan obrok to’lab turganlar. Bunday majburiyatlar to’la
qullik (qaramlik) hisoblanmagan, sababi ular monarxning mansabdor shaxsi nazoratidan chetda
bo’lganlar. Villanlar ham deyarli barcha grafliklarda keng tarqalgan bo’lib, ularning soni
Sharqiy Angliya va Linkolnda kam edi. Sababi, bu yerlarda erkin kishilar ko’pchilikni tashkil
etardi.
Jamoa yerlarida 6 tadan 12 tagacha kesim yerlari egasi bo’lgan villanlar manorlar
hayotining asosini tashkil etardi. Normandlar istilosidan oldin ham, ular o’zlarining
mahsulotlarining bir qismini xo’jayinlariga (glafordga) berar edi. Normandlar istilosidan keyin,
ularning majburiyatlari aniq belgilandi va so’zsiz ko’paytirildi. Bu majburiyatlar ikki ko’rinishda
edi: barshchina va hashar. Barshchina haftada 3 kun manor xo’jaligida ishlab berish majburiyati
(rentasi) edi. Hashar esa (uni «bederine» deganlar) qo’shimcha majburiyat turi bo’lib, uni
xohlagan vaqtida talab qilishar edi. Yuqoridagi soliqlardan ikkinchisi, ayniqsa malol keladigan
bo’lib, uni villanlar oila a’zolari bilan birgalikda (qo’y qirqish, g’allani o’rish pallalarida) bajarar
edilar. Shuningdek, villanlar qizlarini erga bersalar «nikoh boji» deb atalgan to’lov to’lardilar.
Dehqonlar bundan tashqari cherkovlarga ham o’limdan keyingi yig’im deb atalgan soliq to’lar
edilar.
Villanlar bilan kottariylar o’rtasida yaqin bog’liqlik mavjud edi. Ko’pincha kottariylar
chek yerlariga, agarda ular ishlov berilmay tursa, jamoa yordamida o’z ulushlariga ega
bo’lmagan villanlar oila a’zolari egalik qilib, undan foydalanib turar edilar. Keyinchalik, rasmiy
hujjatlarda bu ikki guruh birlashtirilgan holda, villanlar va servlar degan atamalar bilan
belgilanadigan bo’ldi. Bu davrda servlar dvoryanlar yerlarida yashashgan va huquqsiz bo’lgan.
Akademik D.M.Petrushevskiy ularni qullar deb ataydi.
Angliyada erkin dehqonlar normandlar istilosidan so’ng ham batamom yo’q bo’lib ketgan
emas. So’zsiz, ularning soni kamayib, huquqiy ahvoli yomonlashdi. Qishloqlarda 1086 yilgi
aholi ro’yxati davrida va undan keyin ham shaxsi erkin bo’lgan dehqonlar – frigolderlar mavjud
bo’lgan (ular ayniqsa, Denlo hududida ko’p bo’lgan).
Aholi ro’yxatini o’tkazish bilan, normandlar aytish mumkinki, Angliyada yozilgan feodal
huquqni joriy etdi.
Bu manbada ijtimoiy guruhlarning o’rni, majburiyatlari aniq belgilab berilishidan
tashqari, ulardan undiriladigan soliqlar miqdori va yirik yer egasining qo’l ostida ishlaydigan,
asoratga solingan kishilarga nisbatan munosabati qanday bo’lishi kerakligi ham ko’rsatilgan edi.
«Dahshatli sud kitobi»dan biz Angliyada shaharlar taraqqiyoti darajasiga oid birinchi
aniq ma’lumotlarni ham olamiz. Unda ko’rsatilishicha, mamlakatdagi butun aholining atigi 5%
shaharlarda yashagan. Ushbu ma’lumot shaharlar o’sishi jihatidan Angliyaning boshqa Yevropa
mamlakatlaridan ancha orqada ekanligini ko’rsatadi.
Shu yerda Angliya tarixiga xos bo’lgan bir xususiyatni alohida ko’rsatib o’tish joizdir.
Krepostnoy dehqonlarning ahvolini og’irlashtirishga va ularni feodal mulk egasiga yanada
ko’proq bo’ysindirishga qaratilgan qonunlarning ko’plab paydo bo’lishiga qaramasdan, feodal va
villan o’rtasidagi munosabatlarda qadimgi an’analarning saqlanish ta’sirining kuchliligi
vaziyatni qisman yumshatib turadigan vosita (kuch) bo’lib turdi.
Shunday qilib, normandlar bosqinchiligi Angliya uchun muhim bo’lgan qator oqibatlarga
olib keladiki, ulardan eng muhimlari quyidagilardir:
1. Anglo-sakslar davridan rivojlanib kelayotgan feodallashish jarayoni tezlashdi va
tugallandi. Normandlar bosqinchiligi qirol hokimiyatini kuchaytirdi va Angliyada markazlashgan
kuchli feodal davlatning tashkil topishiga va taraqqiyotiga ko’maklashdi. Angliya taraqqiyot
jihatdan o’zining Yevropadagi qo’shnilariga, birinchi navbatda Fransiyaga tenglasha boshladi.
Sababi, feodal zulmning keskin kuchayishi natijasida mahalliy aholining normandlarga nisbatan
noroziligi va dushmanligining kuchayishi, hokimiyatni markazlashtirishni taqoza qilar edi.
2. Normandlar hukmronligining o’rnatilishi ingliz dehqonlari umumiy ahvolining
yomonlashuviga feodal qaramlik munosabatlarining kuchayishiga olib keldi. Feodal davlatning
kuchayishi, shu vaqtga qadar ozod va yarim ozod bo’lgan dehqonlarning krepostnoylik asoratiga
solishini tezlashtirdi va qonunlashtirdi, ikkinchi tomondan esa, feodal zulmini kuchaytirdi.
3. Markazlashgan qirol hokimiyatining o’rnatilishi, tartibsizliklarga chek qo’yilishi
dehqonchilikning rivojlanishiga (Afsuski ular ahvolining yaxshi bo’lishiga emas) imkon berdi.
4. Vilgelm I Bosqinchi davrining xarakterli tomonlaridan biri bu Yevropa tarixida birinchi
marotaba umumdavlat miqyosida aholi ro’yxatining o’tkazilishi bo’ldi. To’plangan ma’lumotlar
asosida, butun o’rta asrlar Yevropasida dong’i ketgan «Dahshatli sud kitobi» tuzildiki, bu eng
real ma’lumotlarni o’z ichiga olgan, tarixiy jihatdan bahosi yo’q xazinalar majmuasidir. Hozirga
qadar tarixchilarni o’zidagi ma’lumotlarning to’la va aniqligi bilan hayratga solib kelayotgan bu
manba tufayli Yevropa qit’asidagi davlatlardan faqat Angliyaninggina XI asr oxiriga qadar
bo’lgan tarixiy taraqqiyotining rivojlanish jarayonini juda aniqlik bilan tasavvur qilish mumkin.
Akademik D.M.Petrushevskiy juda o’rinli ta’kidlaganidek, Vilgelm Bosqinchi o’zi anglamagan
holda tarix faniga buyuk xizmat qilib qo’ydi.
5. «Dahshatli sud kitobi» to’g’risida shuni aytish mumkinki, bu ayrim tarixchilar
hisoblaganday sof moliyaviy hujjat, ya’ni soliqlar kitobi bo’lib qolmasdan va faqatgina
normandlar istilosi bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy o’zgarishlarni o’zida aks ettirish bilan
chegaralanmasdan, balki o’zi ham bu o’zgarishlarning omillaridan biri bo’ldi. Bu manba o’rta
asrlardagi boshqa manbalardan o’zining ko’p tomonlama va o’ziga xos xususiyati bilan ajralib
turadi. Uning Angliyada feodal munosabatlarni rivojlantirishda, keng dehqonlar ommasini
asoratga solish vositasi sifatida, yerlarni normand feodallari qo’liga o’tkazishni mustahkamlash,
soliq tizimini takomillashtirish va feodal iyerarxiyasi prinsipi asosida Angliyaning butun ijtimoiy
hayotini qaytadan o’zgartirishdagi ahamiyati birinchi darajalidir.
Shunday qilib, oldin erkin bo’lgan dehqonlarning ko’p qismi 1086 yildagi aholi
ro’yxatidan so’ng o’zlarining shaxsiy erkinliklaridan mahrum bo’ldilar. Hatto, ko’p asrlar
o’tgandan keyin ham ingliz dehqonlarining Vilgelm istilosi davrini «normandlar qulligi, zamoni
edi» deb esga olishlari va «Angliyada krepostnoy huquqni Vilgelm va uning baronlari joriy
etdilar» deb aytishlari bejiz emasdi.
Genrix I davrida qirol hokimiyatining yanada mustahkamlanishi. Vilgelm I Bosqinchi 1087
yilda vafot etdi. Uni vasiyatiga ko’ra dangiz va Sena daryosi orqali olib kelib, Shimoliy
Fransiyadagi Kan’ shahriga ko’mdilar.
Vilgelm Bosqinchining farzandlari Vilgelm II Malla va Genrix I lar otalarining siyosatini
davom ettirdilar. Qirollik hokimiyatining yanada kuchayishida, ayniqsa, uning kenja o’g’li
Genrix I ning (1100-1135 yy.) xizmati katta bo’ldi. Uning tomonidan qirollik sudi kuchaytirilib,
u davlat hokimiyatining tarkibiy qismiga aylantirildi. Maxsus mutaxassisliklarga ega bo’lgan
qirol sud’yalari (ularni «sayyor sudyalar» deganlar – P.Sh.) vaqti-vaqti bilan mamlakat bo’ylab
safarga chiqib, grafliklarda sudlov ishlarini amalga oshirdilar. Sudlov palatasi «Qirollik sud
kursisi» degan nom oldi.
Genrix I davrida qirollikning moliyaviy ishlari ham takomillashtirildi. Xazinaga doir
masalalar bilan shug’ullanuvchi «Shaxmat taxtasi palatasi» deb atalgan maxsus kengash tashkil
etildi. Bu kengash taxtasi atrofida xazinaga tushgan boylik hisoblanadigan bo’ldi. Umuman,
Genrix I davrida davlatni boshqarish markaziy tizimi rivojlantirildi.
Ichki siyosat sohasida Genrix I ning tutgan yo’li ma’lum ma’noda normandlar bilan
tubjoy aholi bo’lgan anglo-sakslarni yaqinlashtirdi, deyish mumkin. Uning oxirgi anglo-saks
hukmdorlari avlodidan bo’lgan Edita bilan nikohdan o’tishi Genrix I ni ikki sulola tomonidan
ham qonuniy merosxo’rga aylantirdi. Ayni vaqtda bu ikki xalqning kelgusida qo’shilib ketish
jarayoniga ijobiy ta’sir ko’rsatdi.
O’zidan o’g’il farzand qoldirmagan Genrix I ning vafotidan so’ng uning qarindoshlari
o’rtasida taxt uchun kurash kuchayib ketdi. Taxtga bir tomondan uning jiyani Stefan graf Blua,
ikkinchi tomondan qizi Matilda da’vogar bo’lib chiqdilar. Taxtga davogarlarning ko’payishi
feodallar toifasining ikki qismga bo’linib ketishiga va ularning markaziy hokimiyat nazorati
ostidan chiqib ketishiga olib keldi. Mamlakatda anarxiya kuchaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |