Mavzu: Abul Aziz an-Naxshabiy-Abu Muhammad Abdulaziz ibn Muhammad
alUstug‘dodiziyning ma’naviy-axloqiy tarbiya haqidagi pedagogik qarashlari.
Ulug‘ ajdodimiz Abu Muin Nasafiy XI asrda yashagan, islom madaniyati
rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalardan biridir. Ushbu ulug‘ zot 1027 yili Nasaf
yaqinidagi Ibsan (hozirgi Qovchin) qishlog‘ida tug‘ilgan va uzoq muddat Buxoro
hamda Samarqand shaharlarida ilmu ijod bilan shug‘ullangan, 1114 yili 87 yoshida
Samarqandda vafot etgan. Abu Muin Nasafiy yozgan o‘nlab kitoblarning aksariyati
kalom ilmi masalalariga bag‘ishlangan. Ana shu nodir kitoblarning o‘nlab
qo‘lyozma nusxalari dunyoning ko‘plab kutubxonalarida saqlanmoqda. Buyuk
bobomizning ilmiy asarlari bugungi kun uchun ham g‘oyat ahamiyatlidir. Shu
ma’noda davlatimiz rahbari 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga
tashrifi asnosida bu ulug‘ zotning Qarshi tumani, Qovchin qishlog‘idagi muqaddas
qadamjosini obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish,
ushbu maskanda kutubxona tashkil etish va alloma asarlarini tarjima qilib
xalqimizga yetkazish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bergani ayni muddao bo‘ldi. Bu
haqda so‘z borganda, albatta, 2017 yil 15 iyunda bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy
barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi”
mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti ma’naviy meros
masalasiga alohida to‘xtalib, “Keyingi vaqtda men joylarda bo‘lib, hududlarimiz
hayoti bilan yanada yaqindan tanishar ekanman, shunday bir fikrga ishonch hosil
qilayapmanki, biz hali yurtimizni, uning o‘ziga xos tarixi, madaniyati, ulug‘ olimu
ulamolarini, bebaho ma’naviy merosimizni to‘liq o‘rganganimiz yo‘q, – deya qayd
etganini esga olish lozim. – Misol uchun, Qashqadaryo zaminida buyuk alloma,
moturidiya ta’limotining yirik vakili Abu Muin Nasafiy bobomiz yashab o‘tganlar.
U kishi uzoq muddat Buxoro va Samarqandda tahsil olib, kalom ilmi, ya’ni islomiy
e’tiqod pokligi masalasida 15 ga yaqin kitob yozganlar. Ana shu kitoblarida bundan
ming yil oldin din masalasida adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganlar”, – deb
ta’kidlagandi mamlakatimiz rahbari.
O‘shanda Nasafiy bobomiz (to‘liq ism-shariflari Abul Mu’iyn Maymun ibn
Muhammad ibn Mo‘tamid ibn Muhammad ibn Makhul ibn al-Fazl an-Nasafiy al-
Makhuliy) ziyoratgohida muazzam majmua barpo etish, bu ulug‘ zotning kitoblarini
tarjima qilish va nashrdan chiqarishning muhim ahamiyatga ega ekani haqida ham
so‘z bordi. Mamlakatimizning barcha hududlarida dinimiz ravnaqi yo‘lida beqiyos
xizmat qilgan buyuk aziz avliyolar, alloma zotlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlik
majmualari, ilmiy markazlar faoliyat ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratildi.
Prezidentimizning “Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi
maktabini tashkil etsak, o‘ylaymanki, bu juda foydali bo‘ladi. Kelgusida chuqur
bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng
muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom
e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo‘lib xizmat qiladi”, – deya
bildirgan qimmatli takliflari asosida bu yerda ana shu ilmiy maktab o‘z faoliyatini
boshladi. Binobarin, aqoid ilmida bitilgan jamiki manbalar, sharh va hoshiyalarda
Imom Abu Muin Nasafiy nomi tilga olingani hamda uning “Tabsirat al-adillati fi ilm
al-kalom” (“Kalom ilmida dalillar tilga kirganda”) asaridan iqtibos keltirilgani yoki
unda bayon qilingan hukm e’tirof etilganini ko‘rish mumkin. _
Abul Muin Nasafiyning ilmiy merosi. Abu Mansur Moturidiy maktabining atoqli
namoyandalaridan biri, ulug‘ Abul Mu’iyn Maymun ibn Muhammad ibn Mo‘tamid
ibn Muhammad ibn Makhul ibn al-Fazl an-Nasafiy al-Makhuliy milodiy 1027 yili
Nasaf, ya’ni Qarshida tug‘ilgan. Abdulkarim Sam’oniy Abul Muin Nasafiy ismiga
“Ibsoniy”ni ham qo‘shib aytadi va Ibson qishlog‘i Qarshi shahridan bir farsah
(taxminan 5-6 chaqirim) uzoqlikda joylashganini ta’kidlaydi. Abul Muin Nasafiy
shu qishloqda tug‘ilgan. Uning katta bobosi Makhul Nasafiy (vafoti 930 y.) Imom
Moturidiyning shogirdlaridan edi. Bobosi Mo‘tamid ibn Makhul Nasafiy hanafiy
olimlar orasida mashhur edi. Abul Muin boshlang‘ich bilimlarni bobosi va otasidan
oladi. Keyinchalik Abul Yusr Pazdaviyga shogird bo‘ladi.
Abul Muin Nasafiy Buxoro va Samarqandda yashab, samarali ijod qilgan. Uning
shogirdlari orasidan Alouddin Samarqandiy, Ibrohim Saffor Buxoriy kabi olimlar
yetishib chiqqan.
Abul Muin Nasafiy asarlarining ko‘pi kalom ilmining turli masalalariga
bag‘ishlangan. “Al-umda fi usulil fiqh”, “Bahrul kalom fi ilmil kalom”, “Tabsiratul
adilla fi ilmil kalom”, “At-tamhid li qova’idit tavhid fi ilmil kalom”, “Al-olim val
muta’llim”, “Izohul mahajati li kavni ahli hujjatan”, “Sharhul jome’ul kabir lish-
Shayboniy fi furu’” va “Mu’taqidot” kabi asarlari shular jumlasidandir.
Olimning “Bahrul kalom fi ilmil kalom” asari moturidiya maktabining kalom
bo‘yicha asosiy manbalaridan biridir. U o‘rta asrlarda katta shuhrat qozongan, o‘sha
davrda ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxalari hozir Dubay, Damashq, Bag‘dod, Qohira
va Iskandariya kutubxonalarida saqlanmoqda. Olimning ushbu asari uchta katta
asari orasida (“Tabsiratul adilla”, “At-tamhid li qova’idit tavhid”, “Bahrul kalom”)
birinchi bo‘lib nashr etilgan.
Abul Muin Nasafiyning mashhur asarlaridan yana biri “Tabsiratul adilla fi usulid
din ala toriqil imom Abu Mansur Moturidiy” (“Din asoslarini imom Abu Mansur
Moturidiy tariqatiga binoan dalillar bilan sharhlash”)dir. Nomidan ham ma’lum,
asarda moturidiya ta’limoti dalillar bilan sharhlanadi.
Allomaning kalom ilmiga oid yana bir mo‘jaz kitobi “Kitobut tamhid li qova’idit
tavhid” asaridir. Jahon kutubxonalarida kitobning ko‘plab nusxalari saqlanadi.
Yaqinda Turkiyada bu asar Istanbul kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozma
asosida qayta nashr etildi.
Abul Muin Nasafiy Abbosiylar hukmronligi zaiflashib, inqirozga yuz tutayotgan
davrda yashab ijod qildi. Bu davrda ulkan imperiya bir necha mustaqil
mamlakatlarga bo‘linib ketdi, siyosiy ahvol ancha keskinlashdi. Bu holat ilm
sohasiga salbiy ta’sir qilmadi. Aksincha, yuksak madaniyat markazi bo‘lgan poytaxt
Bag‘dodga bellashadigan Qurtuba, Qohira, Buxoro kabi madaniyat o‘choqlari paydo
bo‘ldi. Shunday ilm-irfon markazlarida Abul Muin Nasafiydek buyuk olimlar
yetishib chiqdi.
Alloma mol-dunyoga qiziqmadi, parhezkor, faqih, muhaddis, mutakallim bo‘lib,
qat’iy dalillar bilan salaflarning fikrlarini mustahkamladi, mo‘tazila, jahmiya,
rofiziya, xorijiya kabi muxolif firqalarga qarshi turib, ularning aqidasi botilligini
aniq, ishonchli hujjatlar bilan isbotlab, odamlar orasida ilmu ma’rifat ziyosini
sochdi. Abul Muin Nasafiy milodiy 1114 yili vafot etdi. Qabri Qashqadaryo viloyati
Qarshi tumanidagi Qovchin qishlog‘ida.
Abul Muin Nasafiy xususida so‘z. Abul Mu’iyn Maymun ibn Muhammad ibn
Mo‘tamid ibn Muhammad ibn Makhul ibn al-Fazl an-Nasafiy al-Makhuliy “Islom
qonunshunosligida va kalom ilmida Hazrati Moturidiydan keyin turadigan alloma”,
– deb tavsiflangan tarixiy manbalarning birida. Olimning asarlarini o‘rganish va
qiyosiy tahlil qilishning ahamiyati shunda ko‘rinadiki, Abu Muin Nasafiy davridagi
turli aqidaviy g‘oyalarni ko‘tarib chiqqan oqimlar va aqidaviy yo‘nalishlarning kelib
chiqish sabablarini aniqlash, chalkash aqidaviy masalalarga yechim izlash, aqidaviy
oqimlarning ta’limotlariga asosli raddiyalar bera olish bugungi kunda ham shu
sohadagi muammolarni bartaraf etishdagi to‘g‘ri yondashuvni shakllantirishning
muhim omilidir.
Abu Muin Nasafiyning shogirdi Abu Hafs Umar Nasafiy u kishini: “Ilmi
dengizdek hovuchlab ichiladigan zot, Sharqu G‘arbning olimi”, – deb ta’riflagan
edi_. U kishi Mo‘tazila, Hanbaliya, Jahmiya, Rofiziya, Xavorijiy va boshqa firqa
vakillariga inkor etib bo‘lmas hujjatlar bilan dalil keltirgan buyuk olimdir. U ilmni
odamlarga tarqatdi. Shogirdlari uni maqtab “Umarun Nasafiy” (“Nasaflik Umar”),
– deb atashdi.
Najmuddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiyning “Al-qand fiy zikri
ulamoi Samarqand” (“Samarqand ulamolari xotirasiga doir qanddek shirin kitob”)
asarida bu olim haqida shunday deyilgan: “Sharqu G‘arbning olimu ulamolari Abu
Muin Nasafiy ilmining dengizidan bahra topib, u taratgan ziyo nurlarini ko‘zlariga
to‘tiyo qilib surtganlar”. Kalom ilmining yirik namoyandalari Abulhasan Ash’ariy
va Abu Mansur Moturidiy asarlaridan ta’lim olgan Abu Muin Nasafiy kalom ilmida
yetuk alloma sifatida kalomning turli masalalariga oid 15 ga yaqin asarlar yozgan.
Ulardan quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
1. “Al-Umda fi usulil-fiqh” (“Fiqh usullari tayanchi”).
2. “Tabsiratul-adilla fi ilmil-kalom” (“Kalom ilmidagi dalillar ko‘zgusi”).
3. “At-Tamhid li qavoidit-tavhid fiy ilmil-kalom” (“Kalom ilmidagi tavhid
qoidalar uchun yagona kitob”).
4. “Olim va mutaallim” (“Olim va ilm o‘rganuvchi”).
5. “Izoh va mahajja li kavnil-aql hujjatan” (“Aql dalilligini izoh va hujjatlar bilan
asoslash”).
6. “Manohijul-aimma fil-furu’” (“Imomlarning huquqshunoslik bo‘yicha tutgan
yo‘llari”).
7. “Mu’taqidot” (“E’tiqodlar”). Bu asarning bir qo‘lyozmasi O‘zR FA
Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda
8. “Bahrul-kalom” (“Kalom dengizi”). Bu asar alloma ijodining gultoji
hisoblanadi. Asar islom falsafasini tashkil qilgan kalom ilmi bo‘yicha eng qimmatli
manbadir. Uning qo‘lyozmalari Dubay, Damashq, Iskandariya kutubxonalarida
saqlanmoqda. 1886 yili Bag‘dodda, 1908 yili Qohirada nashr etilgan.
Abul Muin Nasafiy moturidiya mazhabining taraqqiy etishiga eng ko‘p hissa
qo‘shgan olimlardan hisoblanadi. U zot tufayli Nasafga “Qubbat-ul ilm va-l-adab”
(“Ilm va adab qubbasi”) degan sharafli nom berilgan.
Abu Muin Nasafiy 1114 yili vafot etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |