O’zbekiston SSRda arxiv ishining tashkil qilinishi (1925-1940 yy) 1924 yil 25-yanvardagi “Arxiv hujjatlarini saqlash va yo’q qilish to’g’risida”gi Turkiston Respublikasi XKS ning Qarori. O’zbekistonda 1920 yillarda arxiv ishining tashkil qilinishida - Istpart (tarixiy partiya)ning rolini, yaʻni inqilobiy harakat va kommunistik partiya tarixi materiallarini yig’ish va o’rganish komissiyasining faoliyatini alohida ta’kidlashimiz lozim.
Turkistonda Istpartni tuzishda D. Manjariy, S.D. Muraveyskiy, P.T. Turaqulovlar tashabbus ko’rsatdilar. 1921 yilning kuzidan bu komissiya Turkiston mahalliy arxivlaridagi hujjatlar hisobotini olish bo’yicha ish (inqilob va fuqarolar urushi tarixiga oid, albatta) ga kirishdi. Entuziastlar - inqilob harakatini ishtirokchilarining xotiralari, sho’rolar hokimiyati o’rnatilishi, birinchi tarixiy partiyalar tarixini nashr qilishga tayyorgarlikni boshlab yuborishdi. Guruh taklifiga asosan 1921 yilda Turkistonda inqilobiy harakatni o’rganish komissiyasi tuzildi, 1922 yilning kuzida Turkistonbyuroning Istpartiya ro’yxatidan o’tdi.
Turkistonbyuro Istpartiya tayinlashi bilanoq hujjat va manbalar to’plashga kirishib ketdi. Bunga Suardel tomonidan tarixiy-inqilobiy seksiya arxiv ishining markazlashtirilishi ham sabab bo’ldi. Istpart - amaliy jihatdan partiya va inqilob tarixi bo’yicha hujjatlarni to’plash va saqlashga harakat qilgan birinchi idora hisoblanar edi. Istpartga Turkiston o’lka kompartiyasi arxivlari, Toshkentdagi dashnoqlar partiyasi, Ettisuv qo’riqlash bo’limi, jandarm bo’limlari, O’rta Osiyo temir yo’li, Toshkent prokurori, sud palatalari, 1917 yildagi mahalliy partiya tashkilotlari va s‟ezd bayonnomalari, keyinchalik - varaqalar, suratlar, adabiyotlar va boshqa arxiv hujjatlari topshirildi. 1924 yildan partiya qo’mitalari arxivlari ham topshirila boshladi. Bu xatti-harakatlar natijasida katta miqyosdagi qo’lyozma fondi to’planib, unda 1919 yil yanvardagi Osipovchilar qo’zg’oloni, 1905-1907 yillar inqilobi voqealari va boshqalar haqida malumotlar yoritilgan edi.
O’zbekistonda 1920 yillardagi arxiv ishi to’g’risida fikr yuritganda, muzey va qadimiy yodgorliklar, san‟at va tabiatni asrash bo’yicha Turkiston qo’mitasi (“Turkistonkomstaris”, keyinchalik “Sredazkomstaris”, “Uzkomstaris”) faoliyatini alohida ta’kidlash lozim. SHo’rolar hukmronligining sinfiylashtirish siyosati arxiv materiallarini to’plashga qattiq zarba beradi. Buning oqibatida ko’plab nodir manbalar “ishchilar inqilobi” qiziqishlariga to’g’ri kelmaydi, deb topiladi. Vaziyatni quyi arxiv ishchilarining uquvsizligi, ayniqsa, idoraviy tashkilotlar tarixiy hujjatlarini u yoki bu sohaga oid qimmatligi aniqlanmaganligi yanada chigallashtirib yuboradi. Oxir- oqibatda ob‟ektiv ilmiy tadqiqotlarning faoliyati o’z-o’zidan cheklanadi. Arxiv hujjatlarini saqlash uchun maxsus binolarning yo’qligi va malakali arxivshunoslarning etishmasligi shu davrdagi arxiv ishining muammoli jabhalari edi.
1924-1925 yillarda O’rta Osiyo respublikalari (Turkiston ASSR, Buxoro, Xorazm Xalq Respublikalari) da milliy-hududiy chegaralanish o’tkazildi. Natijada, sobiq SSSR tarkibida O’zbekiston SSR va Turkmaniston SSR, Tojikiston ASSR (O’z SSR tarkibida) hamda RSFSR tarkibida Qozog’iston ASSR va Qirg’iziston avtonom viloyati tashkil qilindi. Buning natijasida O’zbekiston SSR ning davlat arxiv tashkilotlari vujudga keldi. Arxiv hujjatlari yangi tuzilgan respublikalar o’rtasida quyidagi tartibda bo’lindi. O’rta Osiyo va ittifoq ahamiyatiga ega bo’lgan arxiv fondlari O’rta Osiyo Markaziy davlat arxivida - Toshkentda saqlanadigan bo’ldi. Har bir respublikaga oid arxiv fondlari shu respublikaga beriladigan bo’ldi. O’rta Osiyo Prezidiumining 1924 yil 13 dekabridagi ajratish komissiyasining qaroriga ko’ra joylardagi va umumittifoq arxiv fondlari - o’sha joydagi arxiv boshqarmalariga berilishi ta’kidlandi. Bunga asosan, Turkmaniston SSR, Qirg’iziston, Tojikiston va Qoraqirg’iz ASSR arxiv fondlari sobiq arxiv Suardel arxivida saqlanayotgan edi, endi esa ular shu respublikalarga beriladigan bo’ldi.
1924 yil 28 dekabrda maxsus Qaror bilan O’zbekiston SSR MIK huzurida O’zbekiston SSR Arxiv ishi markaziy boshqarmasi tashkil qilindi. O’zbekiston hududida tashkil etilgan barcha arxivlar, masalan, Farg’ona, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm va boshqa viloyatlar arxiv idoralari vujudga kelgan arxiv fondlari O’zSSR Arxiv ishi markaziy boshqarmasiga topshirildi.
1925 yilning 25 fevralida arxiv idoralariga RSFSR Markaziy arxivining 91610-sonli “Siyosiy qiduruvdagi shaxslarning kartochkasini tuzish haqida yashirin buyrug’i” berilgan edi. Bunga ko’ra maxfiy agenturaning laqabli (klichka), tizimli, alifboli va shtatli xodimlarning faoliyatiga doir alifboli kataloglari tuzildi. Arxiv fondlari O’zbekiston SSR Arxiv ishi markaziy boshqarmasiga topshirildi. SHuningdek, O’rta Osiyo ahamiyatiga ega bo’lgan arxiv jamg’armalari ham O’rta Osiyo markaziy arxivi tuzilmaganligi uchun O’zbekiston arxiv boshqarmasiga topshirildi, chunki ushbu O’rta Osiyo arxiv fondlari-Toshkentda vujudga kelgan edi. SHunday qilib, O’zbekiston SSR arxivida faqat respublika tarixiga oid hujjatlargina emas, balki butun O’rta Osiyo tarixiga doir materiallar saqlana boshladi.
O’zbekiston SSR MIK va XKS ning 1925 yil 25 iyul Qarori bilan “O’zbekiston SSR Arxiv ishi markaziy boshqarmasi to’g’risida”gi nizom tasdiqlandi. Ushbu Nizomga ko’ra respublika YAgona davlat arxiv fondi (YADAF) tashkil qilindi. Bu fondga hukumat, savdo-sanoat, kooperativ, kasaba uyushmalari tashkilotlari arxivlari, shuningdek, diniy va shaxsiy arxivlar kiritildi.
1929 yil may oyida O’z SSR MIK Prezidiumida O’z SSR Arxiv ishi markaziy boshqarmasi ma’ruzasi tinglandi. Qabul qilingan Qarorda shu qayd etildiki, Markaziy boshqarma tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar uning oldiga ilmiy tashkilot sifatida qo’yilgan talablarga javob bermaydi. Qarorda markaziy boshqarma o’z faoliyati davomida ilmiy-tadqiqot ishlari, hujjatlarni e’lon qilish, hujjatlar to’plamlari tayyorlashga alohida e‟tibor berishi kerakligi ta’kidlandi.
1930-yillarda O’zSSR da Arxiv ishi.1930 yilning 9 aprelidayoq O’zbekiston SSR Suardeli “O’zbekiston SSR Markaziy Arxiv boshqarmasi qoshida Arxivshunoslik institutini ochish va unga RSFSR markaziy Arxiv boshqarmasi huzuridagi arxivshunoslik kabineti maqomini berish to’g’risida” Qaror qabul qildi. 1931 yilning oktyabrida Arxeografik komissiyaga ixtisoslashtirgan Arxeografiya (Leningrad) institut bo’limi tashkil etildi.
1931 yil 20 mayda O’zbekiston SSR MIK tomonidan O’zbekiston SSR Markaziy arxiv boshqarmasi va uning mahalliy idoralari to’g’risidagi nizom haqida qaror qabul qilindi.
1932 yildan Tarixiy arxeografiya instituti va Kommunistik akademiya tarixi instituti bazasida - sobiq SSSR Tarix instituti Fanlar Akademiyasi tashkil etildi. YAngi tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot institutida boshqa sektorlar qatorida yordamchi ixtisoslashtirilgan arxeografiya sektorlariga ham e‟tibor qaratildi.
30-yillarning ikkinchi yarmida ‘xalq dushmanlariga qarshi kurash’ shiori ostida olib borilgan siyosiy qirg’inlar uchun NKVD ham davlat arxivlaridan o’z maqsadlari yo’lida foydalandi.
1934 yilning 1 dekabrida S.M Kirovning o’ldirilishidan so’ng, ommaviy repressiya boshlanib ketdi. Bu ommaviy qatog’onlarga arxiv hujjatlari ham jalb qilindi.
1935 yilda mahalliy arxivlar tarixida ham katta voqea sodir bo’ldi. Sobiq SSSR MIK shu yili barcha tumanlarda tuman davlat arxivlarini tuzishni tavsiya qildi O’z SSR MIK ning 1935 yil 21dekabr Qaroriga binoan respublikaning barcha shahar va tumanlarida davlat arxivlari tashkil qilindi. 1936 yili Respublikada 31 ta tuman davlat arxivi va arxivi bo’lmagan shaharlarda shahar davlat arxivlari tuzildi.
1936 yilda respublika arxivlarida 1534 ta arxiv fondlari va 1mln 001 ming 680 saqlov birligidagi hujjatlar saqlanardi. 1938 yilda fondlar soni 3770 ta va 1483670 saqlov birligidagi hujjatlardan, ularning 534419 saqlov birligi ro’yxatga olingan edi. 1934-1938 yillarda tashkilot va fuqarolarga 2100 ta arxiv ma’lumotnomalari berildi, 1934-1939 yillarda o’quvchilar soni 318 taga etib, ular tomonidan 27247 saqlov birligidagi hujjatlardan foydalanildi.
1937 yil 2 martdagi O’zSSR MIK Prezidiumi Qaroriga ko’ra, barcha tashkil etilgan Markaziy davlat arxivlari – tarixiy, oktyabr inqilobi, kasabauyushma harakatlari, harbiy, kino, surat, ovozli hujjatlar, bir necha yil oldin tashkil etilgan Markaziy arxiv boshqarmasi tarkibiga kiritildi.
1938 yil 15 yanvardagi sobiq SSSR Oliy Kengashi sessiyasida O’zbekistonda - Farg’ona, Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlarini tashkil etish to’g’risida qaror qabul qilingan edi, bular o’z-o’zidan markaziy Arxiv ishining yaxshilanishi va tartibli tuzilma vujudga kelishi uchun zamin yaratdi. SHu munosabat bilan 1938 yil iyunida shu viloyatlarda arxiv boshqarmalari tuzildi.
1938 yilning 16 aprelida sobiq SSSR Markaziy arxiv boshqarmasi sobiq SSSR Ichki ishlar xalq komissariati (IIXK)ning qaramog’iga o’tkazildi va sentyabrdan sobiq SSSR NKVD Bosh arxiv boshqarmasi deb o’zgartirildi. 1939 yili respublika arxiv tashkilotlari O’zSSR MIK huzuridan O’zSSR Ichki ishlar xalq komissariati (IIXK) qaramog’iga o’tkazildi. Ma’lumki, NKVD deb nomlangan bu tashkilot 1930 yillardagi qatag’onlarni amalga oshirgan. Uning roli va arxiv hujjatlari bu tashkilotga ko’proq kerak bo’lishi sababli sobiq SSSR va O’zSSR da arxivlar IIXKga o’tkazildi. SHu munosabat bilan O’zSSR Markaziy arxiv boshqarmasi o’rniga O’zSSR Ichki ishlar xalq komissariati Arxiv bo’limi tashkil qilindi. Joylarda esa, viloyat IIXK boshqarmalarining viloyat arxiv bo’linmalari va viloyat davlat arxivlari tuzildi.
O’n yil mobaynida (1929-1939 yillar) Arxiv idoralari byudjeti ancha oshdi: 300 mingdan 570250 rublgacha, amalda ikki barobar. Arxiv tashkilotlari kadrlar bilan ham mustahkamlandi. Ular soni 1929 yilda 34 tani, 1936 yilda - 70 tani tashkil qilgan bo’lsa, 1941 yilga kelib ularning soni 111 taga etdi. 1929 yilda, masalan, arxiv tizimida bironta tugallangan oliy ma’lumotli ishchi yo’q edi. Etti yildan so’ng 1936 yilda ular soni 4 taga etdi. Bundan tashqari, urushgacha bo’lgan davrda Toshkentga, Moskvadagi Davlat tarix - arxiv instituti – bitiruvchilari N.G. Manin, O.V. Spiridonova, A.A. Tyamaevalar kelishdi. Toshkent arxiv idoralarida A.Bersenev, G.N. Cibirova kabilar oliy ma’lumotli tarixchi ma’lumotiga ega bo’lgan holda ish olib bordilar.
Xulosa
1932-1941 yillarda Moskva davlat tarix-arxiv instituti qoshidagi malaka oshirish kursiga shahar, tuman, viloyat arxivlaridan 18 kishi yuborildi. Toshkentda Markaziy arxiv boshqarmasi qoshidagi malaka oshirish kursida shahar, tuman, viloyat arxivlari xodimlari muttasil malakasini oshirib bordilar. SHunday qilib, 1938 yilda Toshkent shahrining o’zidagina 43 ta tashkilotning arxiv materiallari qayta ishlandi. Ulardan 31 tasi narkomat (xalq qo’mitasi) va markaziy tashkilotlar edi. Tartibga keltirilgan yig’ma jildlar soni 690833 saqlov birligiga etdi.
1936 yilda respublika arxivlarida 1534 ta arxiv fondlari va 1mln 001 ming 680 saqlov birligidagi hujjatlar saqlanardi. 1938 yilda fondlar soni 3770 ta va 1483670 saqlov birligidagi hujjatlardan, ularning 534419 saqlov birligi ro’yxatga olingan edi. 1939 yilda Toshkentdagi olimlar uyida O’zSSR tashkil topganligining 15 yilligiga bag’ishlangan inqilobiy va milliy ozodlik harakatini yorituvchi, sho’rolar hukumatining o’rnatilishi, O’zbekistonda “sotsialistik” qurilishning borishi haqidagi arxiv hujjatlarining ko’chma ko’rgazmasi tashkil etildi. 1939 yilning 16 sentyabrida NKVD sobiq SSSR Bosh arxiv boshqarmasi tomonidan arxiv bo’limlari boshliqlariga buyruq jo’natildi. Unda NKVD sobiq SSSR tomonidan haligacha ko’p sonli arxiv materiallari o’rganilmaganligi va bu materiallar ‘NKVD sobiq SSSR hodimlari uchun juda katta operativ qiziqish uyg’otishi mumkinligi ta’kidlandi’.
Olimlarimizning hisob-kitoblariga ko’ra, 1937-1939 yillarda 40 mingdan ortiq kishi davlat xavfsizlik idoralari tomonidan qamalgan, shundan 6 ming 920 nafari otib tashlangan. Bu esa “sovetlarning davlat daraxti, fuqarolarning daryo- daryo qoni evaziga kun ko’rgani”ni ko’rsatadi.
1940 yilning 23 oktyabrida NKVD sobiq SSSR ning №:001345 - sonli “Arxiv materiallaridan operativ-chekistlar ishlarida foydalanishi to’g’risida”gi maxsus buyrug’i – Ichki ishlar narkomi Beriya imzosi bilan hamma joyga yuborilgan. Arxiv xizmati bu davrga kelib siyosiy repressiya va g’oyaviy kurash instrumentiga aylantirildi.
Arxiv fondlaridan davlat idoralarining siyosiy va amaliy faoliyati uchun keng foydalanildi. Arxivchilik sohasida totalitar siyosatning olib borilishi arxivshunoslikning ilmiy tarraqiyotiga o’z ta’sirini ko’rsatib, maxfiy rejim amaliy jihatdan arxiv fondlariga olib boradigan eshiklarni yopib qo’ydi. Natijada, tarixiy fanda chuqur inqiroz vujudga keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |