23-24. Amaliy mashg’ulot:Cho`l zonasida o’sadigan dorivor o`simliklarning bioekologik xususiyatlari o`rganish (Sho’radoshlar oilasi vakillari )
Dars maqsadi:Talabalarga cho’l zonasida o’sadigan dorivor o’simliklar bilan, ularning bioekologik xususiyatlari bilan tanishtirish; Ishni borishi:Cho‘l o‘simliklari. O‘rta Osiyo hududining g‘arbiy qismi juda katta tekislikdan iborat bo‘lib, u yerda qumli, toshloq (giрsli), gilli cho‘llar tarqalgan. Ko‘p yerlarni, ayniqsa, pastroq gilli yerlarni sho‘ra o‘simliklar o‘sadigan sho‘rxoklar egallagan.
Qumli cho‘l o‘simliklari. O‘rta Osiyoda qumli cho‘llar Bo‘rsiq cho‘llari, Mo‘yinqum, Qoraqum, Sariqsuv va Balxashbo‘yi qumlari, Orolbo‘yi Qoraqumi, Unguzorti Qora- qumi hamda Qizilqumning katta maydonlarini egallaydi. Qumli cho‘llarning katta qismida qumda o‘suvchi o‘simliklar: daraxtlardan oq saksovul (ba’zan bo‘yi 6-7 metrga yetadi), yirik juzg‘un ko‘p. Butalardan qum akatsiyasi, chala butalardan shuvoq, pechak va sho‘raklar juda ko‘p tarqalgan. Bu yerda o‘tlar orasida iloq, lola, boychechak, gulsapsar, boshoqlilardan qo‘ng‘irbosh, arpag‘on ko‘p.Toshli, ya’ni giрsli cho‘llar kichikroq maydonni egallaydi. Ular Ustyurt, Qorsoqboy, Betbaqdala, Mang‘ishloq, Qoraqum, Qizilqumdagi qoldiq tepalik va past tog‘ etaklarida keng maydonlarni egallagan. Тoshli cho‘llarda o‘simliklar siyrak bo‘lib, faqat shuvoq, chala buta shaklidagi sho‘raklar, tuyatovon, kermak, toshbaqatol, kavrak kabi o‘simliklar o‘sadi. Shuvoq ko‘p uchraydi.
Sho‘rxok cho‘l o‘simliklari. Sho‘rxok yerlarda, asosan, sho‘ralarning ba’zi turlari: bir yillik sho‘rak, qorabargo‘t, qizil sho‘ra, yer bag‘irlab o‘sadigan chala buta sarisazan, shuningdek, ajriq, qora saksovul, burgan o‘sadi.
Lyossli cho‘l yoki efemer cho‘l o‘simliklari. Efemer cho‘llar O‘rta Osiyoning qalin soz tuproq (lyoss)qatlamlari mavjud bo‘lgan sharqi va janubidagi tog‘ etaklaridagi tekisliklarda tarqalgan. Ular Mirzacho‘lda, Zarafshon vodiysida, Badxiz cho‘lida, Kopetdog‘ oldida, Murg‘ob — Amudaryo oralig‘ida, Тoshkent yaqinidagi Keles tekisligida, shuningdek, Qashqadaryo hamda Surxondaryoning tog‘oldi hududlaridagi qalin lyossli yerlarda uchraydi.O‘rta Osiyoning efemer cho‘llarida rang va qo‘ng‘irbosh boshqa o‘simliklarga qaraganda ko‘p uchraydi. Bu yerda boychechaklar, ayiqtovon, arpag‘on, mortuq, chitir, lolalar va boshqa ba’zi o‘simliklar o‘sadi.
ShO‘RADOShLAR OILASI -CHENOPODIACEAE.
Morfologik ta'rifi: Bu oila 100 dan ortiq turkum va 1500ga yaqin turni o‘zi chiga oladi. Ularning ko‘pchiligi bir yillik, ikki va ko‘p yillik o‘t, ba'zilari esa buta va daraxt o‘simliklaridir. Bular barcha qit'alarning sahro va chala sahrolardagi qumlarda, sho‘r bosgan tuproqlarda, ko‘pincha cho‘llarda har xil manzara hosil qilib o‘suvchi o‘simliklar hisoblanadi. Bu oila vakillarining tanasi ko‘pincha sersuv, turciz yoki har xil tuklar bilan qoplangan. Barglari yonbargchasiz, oddiy, butun, poyada ketma-ket yoki ba'zan qarama-qarshi joylashgan. Barg yaprog‘i yirik, yassi, ipsimon, bigizsimon, ba'zi hollarda nixoyatda qisqargan (reduktsiyalangan) yoki butunlay bo‘lmasligi ham mumkin. Gullari mayda ko‘rimsiz, gulyonbargchasiz yoki
mayda gulyonbargchali, to‘g‘ri, ba'zan noto‘g‘ri, ikki bir jinsli, 5 a'zoli, boshoq yoki ro‘vak to‘pgulda joylashgan. Gulqo‘rg‘oni oddiy kosachasimon yoki rangsiz pardasimon, ba'zan gulqo‘rg‘oni butunlay bo‘lmaydi.
Changchilari 5ta, kosachabarg soniga teng. Urug‘chisi ko‘pincha 2.3 (4.5)ta meva bargchalarining qo‘shilib o‘sishidan hosil bo‘lgan. Tugunchasi ustki, bir uyali. Mevasi yong‘oqcha ko‘sakcha,ba'zan rezevorsimon to‘p meva hosil qiladi. Urug‘i perispermli yoki endospermsiz. Ahamiyati: Sho‘radoshlar oilasining bir qancha vakillari xalq xo‘jaligida katta ahamiyatga ega. Ular oziq-ovqat, em-xashak sifatida ishlatiladi. Ayrimlari zaharli o‘simlik bo‘lib, uning ildizpoyasi tarkibida anabazin alkaloidi bo‘ladi.Qishloq xo‘jalik zararkunandalariga qarshi kurashda preparat tayyorlashda ishlatiladi.
Bulardan tashqari,saksovul kabi o‘simliklar cho‘l mintaqasida qumlarni ko‘chishining oldini olishda va ularni mustaxkamlashda alohida o‘rin tutadi. Strategik o‘tin bo‘lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |