Mavzu-11. Diagnostika tashqi belgilar, parametrlar va me’yorlar -2soat
Reja:
11.1 Tuzilmaviy parametr, tashqi belgi (simptom) va diagnostik
parametr tushunchalari.
11.2 Tuzilmaviy va diagnostik parametrlarning o‘zaro bog‘lanishlari.
11.3 Diagnostik parametrlarning tasnifi.
11.4. Diagnostik parametlarning xususiyatlari.
11.5. Diagnostik me’yorlar.
11.6 Diagnostik parametr me’yorlari asosida diagnoz qo‘yish.
Tayanch iboralar: Boshlang‘ich me’yor; bir ma’nolilik; barqarorlik; birga sodir bo‘ladigan (hamroh) jarayonlar; diagnostik parametr; diagnostik me’yor; diagnoz qo‘yish; ishchi jarayon; yo‘l qo‘yilgan me’yor; sezuvchanlik; serma’nolik; tuzilmaviy parametr; tashqi belgi (simptom); chegaraviy me’yor.
11.1 Tuzilmaviy parametr, tashqi belgi (simptom) va diagnostik parametr tushunchalari
Transport vositasi, uning uzeli, agregatining tuzilishi, tuzilmaviy elementlarning bir-biriga ta’siri va bog‘liqligi tuzilmaviy (strukturaviy) deb atalgan parametrlar bilan tavsiflanadi va baholanadi. Bu bog‘liqlik fizik miqdorlar orqali ifodalanadi (tortish kuchi, bosim, tebranish amplitudasi, tovush kuchi, tok kuchi, harorat va h. k). Tuzilmaviy parametrlar ko‘p hollarda obyektning texnik holatini (masalan, eyilganlik, birikmadagi tirqish) bevosita tavsiflaydi. Tuzilmaviy parametrlarni o‘lchash, odatda, oddiy asbob yordamida bajariladi, aniqlik va haqiqiylik bilan tavsiflanadi. O‘lchash natijasi diagnostikalash obyekti texnik holati o‘zgarishi sabablariga bevosita bog‘liq. Tuzilmaviy parametr qiymati bo‘yicha obyekt texnik holatini baholash mumkin.
Tuzilmaviy parametrlarni, ko‘p hollarda, diagnostikalash obyektini bo‘laklarga ajratmasdan turib o‘lchab bo‘lmaydi. Bo‘laklarga ajratish diagnostikalash mehnat hajmining o‘sishiga va qoldiq resursning kamayishiga olib keladi, chunki ajratish-yig‘ish jarayonidan so‘ng o‘zaro ta’sirdagi detallarning yana moslashuv davri boshlanadi, bu davr esa jadal yeyilish bilan tavsiflanadi (11.1-rasm). Tuzilmaviy parametrlar yordamida murakkab obyektlar texnik holatini kompleks baholashning imkoni yo‘q.
Transport vositasi texnik holatini baholash uchun tuzilmaviy parametrlarni bevosita o‘lchash imkoniyati cheklanganligi sababli diagnostik parametrlardan foydalaniladi. Ular obyekt texnik holatini aniqlash imkonini beradi va o‘lchashlarni ko‘proq qulaylik bilan o‘tkazish bilan tavsiflanadi. Diagnostik parametrlar buzilish (nosozliklar)ning bilvosita ko‘rinishidir. Diagnostik parametr qiymatini obyektini bo‘laklarga ajratmasdan turib aniqlash mumkin (masalan, moy bosimi, harorat, ishlatilgan gazlardagi uglerod oksidi miqdori va h.k.).
D iagnostik parametr – bu transport vositasi, uning agregat va uzellari texnik holatining miqdoriy qiymatini bilvosita belgi (simptom)lar bo‘yicha bo‘laklarga ajratmasdan turib aniqlanadigan sifatli o‘lchovidir. Diagnostik parametrlar tuzilmaviy parametrlar bilan bog‘langan bo‘lib, obyektning texnik holati to‘g‘risida kerakli ma’lumot beradi.
Har qanday obyektning chiqish jarayonlari ikkiga bo‘linadi:
1) ishchi jarayonlar - obyektning ish funksiyalarini belgilaydigan jarayonlar (masalan, dvigatelda yonilg‘i va boshqa ekspluatatsion materiallarni sarflash, energiya ishlab chiqarish, ishlatilgan gazlarni chiqarib tashlash) va h.k;
2) birga sodir bo‘ladigan (hamroh) jarayonlar – ishchi jarayonlar bilan bir yo‘lakay paydo bo‘ladigan jarayonlar (tebranishlar, urilishlar, issiqlik chiqarish va h.k.). Bunday jarayonlar xarakteristikalari va parametrlarini kuzatish va tashqaridan o‘lchash mumkin. Ishchi va hamroh jarayonlar va ularning hosilalari parametrlari diagnostik parametrlar bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Transport vositasi texnik diagnostikasi nazariyasi va amaliyoti chiqish xarakteristikalari parametrlari miqdorlarining obyekt tuzilmaviy parametrlariga bog‘liqligiga asoslangan.
Ishchi yoki birga sodir bo‘ladigan (hamroh) chiqish jarayonlarini obyektning nosoz texnik holatidan darak beruvchi bilvosita tashqi belgi (simptom) deb qarash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |