Mavzu №1: ”Fuqaro muhofazasi” faniga kirish, maqsad va vazifalari
Reja:
”Fuqaro muhofazasi” fanining qisqacha tarixi.
”Fuqaro muhofazasi” fanining maqsad va vazifalari.
Favqulodda vaziyatlarning umumiy xarakteristikasi.
Kalit so‘zlar. Favqulodda vaziyat, fuqaro muhofazasi , tarixi, fanning maqsadi, fanning vazifalari, muhofaza tadbirlari, tasnifi.
Insoniyat XXI asrga kelib ona sayyorada tabiiy jarayonlar nihoyatda keskinlashishiga guvoh bo‘lmoqda. Bu holni nafaqat ahyon-ahyonda sodir bo‘layotgan zilzilar, balki sel, ko‘chki va boshqa turdagi tabiiy ofatlarning ko‘payib borayotgani bilan izohlash mumkin. Tabiiy jarayonlarning keskinlashiuvi natijasida ba’zi odamlar kutilmagan xavf-xatarlarga duch kelmoqdalar. Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining yaratilish mohiyati respublikamiz hududlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning sodir bo‘lish ehtimoli yuqori ekanligidadir.
Lekin har qancha oldini olish tadbirlarini amalga oshirilayotganligiga qaramasdan favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lib turadi. Shunday ekan, ularni bartaraf etish uchun ma’lum kuch va vositalar zarur bo‘ladi. Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda, sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatning turi, xususiyatiga muvofiq maxsus kuchlar jalb qilinadi. Bunday vaziyatlarda favqulodda vaziyatning vaqti, qamrab olgan hududi, aholi punkti va boshqa xususiyatlariga alohida e’tibor berilib, zudlik bilan ishga kirishilgandagina yuqori natijalarga erishish mumkin.
”Fuqaro muhofazasi” fanining qisqacha tarixi.
Fuqaro muhofazasi tarixi bilan tanishadigan bo‘lsak, 1932 yillarda mahalliy havo xujumiga qarshi mudofaa tizimi tashkil etilgan. Uning asosiy vazifasi havo xujumini kuzatish, aholini havo xujumidan ximoya qilish bo‘lgan. 1962 yilga kelib ikkinchi jahon urushining talofatlarini inobatga olgan holda, aholini asosiy qirg‘in qurollarining salbiy ta’sirlaridan muhofaza qilish maqsadida Fuqaro mudofaasi tashkil etildi. Respublikamizda ham bu tizim 1962 yili tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi aholini ommaviy qirg‘in qurollarining salbiy ta’sirlarildan himoya qilish usul va yo‘llariga o‘rgatishdan iborat bo‘lgan.
Bizga ma’lumki, aholi faqatgina qirg‘in qurollaridan emas, balki tabiiy, texnogen hamda ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlardan ham zarar ko‘radi. Albatta, fuqarolar mudofaasi oldiga qo‘yilgan yuqoridagi ishlar 1945-yildan to 1990-yillargacha yetib keldi, lekin shu davrgacha yuqoridagi ishlarni bajarish uchun extiyojlar bo‘lmadi. Afsuski, bu davrlarda (tinchlik davrlarida) tabiiy ofatlar, ishlab chiqarish avariyalari, turli xil halokatlar yuz beradiki, xalqimiz, iqtisodiyotimiz bundan jiddiy zararlanadi. Bunday holatlarda biz bir-birimizga yordam berishga tayyor emas edik. Mustaqillik davridagina favqulodda vaziyatlarda fuqarolar muhofazasi tomonidan yetarli ijobiy ishlar qilina boshlandi. Jumladan, mustaqilligimizning dastlabki davrlarida fuqarolarni va hududlarni tabiiy ofatlardan, turli xildagi avariyalardan muhofaza qilish, fuqarolarning mo‘tadil hayot faoliyatini ta’minlash borasidagi vazifalarni hal etish uchun xukumatimiz tomonidan FM va FVlardan muhofazani tashkil etish maqsadida, huquqiy asos ishlab chiqildi. Respublikamizda aholi va hududlarni tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi yaratildi va uning asosiy vazifalari belgilandi.
Respublikamiz aholisi va hududlarini tabiiy, texnogen va ekologik favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 4 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-1378-sonli Farmoni bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining tashkil etildi.
Farmonga asosan vazirlikning asosiy vazifasi qilib, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, aholi hayoti va salomatligini, moddiy va ma’naviy qadriyatlarni muhofaza qilish, shuningdek tinchlik va harbiy davrda favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda ularning oqibatlarini tugatish hamda zararlarini kamaytirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish kabilar belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, aholi hayoti va salomatligini, moddiy va ma’naviy qadriyatlarini muhofaza qilish, shuningdek tinchlik va harbiy davrda favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda ularning oqibatlarini tugatish hamda zararlarini kamaytirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday hollardagi harakatlarni boshqarishning davlat tizimi (FVDT) ni tashkil etish va uning faoliyatini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasining fuqaro muhofazasiga rahbarlik qilish;
vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklarning aholini va milliy boyliklarni muhofaza qilish, avariyalar, halokatlar va tabiiy ofatlar tufayli vujudga kelgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga doir faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga, aholini, mamlakat hududini muhofaza qilishga hamda ular vujudga kelgan taqdirda iqtisodiyot obektlari faoliyatining barqarorligini oshirishga, shuningdek aholini, mansabdor shaxslarni hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday hollardagi harakatlarni boshqarishning davlat tizimi tuzilmalarini tayyorlashga qaratilgan maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni ishlab chiqishni tashkil etish va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun moliya, oziq-ovqat, tibbiyot va moddiy-texnika resurslarining davlat favqulodda zaxira fondlarini tashkil etishga doir ishlarni muvofiqlashtirib borish;
vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni tashkil etish.
Yuqoridagi vazifalarni bajarish maqsadida, 1996 yil 11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida” gi № 143 sonli Qarori qabul qilingan.
Qarorga asosan Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha rahbar xodimlar tayyorlash Respublika markazi O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi institutiga aylantirilishi belgilandi va institut tashkil etildi.
”Fuqaro muhofazasi” fanining maqsad va vazifalari.
Hozirgi kunda respublikamizda aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Hayotda sodir bo‘layotgan tabiiy ofatlarning keltirgan oqibatlari muhofaza tadbirlarini faqatgina potensial xavfli obektlarda emas, balki maktab, kollej va oliy o‘quv yurtlari kabi ta’lim muassasalarida ham amalga oshirilishi zarurligini ko‘rsatmoqda.
BMT ning YUNISEF tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra dunyoda yiliga 175 milliondan ortiq bolalar tabiiy ofatlar natijasida jabrlanishi aniqlangan. 2014 yili dunyo bo‘yicha 9 million bola turli ofatlar natijasida ta’lim olish imkoniyatidan maxrum bo‘lgan. Misollarga nazar tashlasak, Eronning BAM shahrida 2003 yilda sodir bo‘lgan zilzila 8 soniyagina davom etgan bo‘lsa ham, 26 ming 271 kishining qurbon bo‘lishiga, 10 ming kishining jarohatlanishiga, 75 ming kishining uy-joysiz qolishiga sabab bo‘lganligini ko‘ramiz. Faoliyat ko‘rsatayotgan 131 ta maktabdan atigi bittagina maktab binosi zarar ko‘rmagan, qolgan maktablar vayronaga aylangan. O‘quvchilarni o‘qish jarayonini ta’minlash maqsadida, Qizil yarim oy jamiyati tomonidan palatkalarda vaqtincha maktablar tashkil etilib, o‘qitishni davom ettirishga to‘g‘ri kelgan.
FVlar vaqtida aholini to‘g‘ri harakat qilishi muhim ahamiyatga ega. Shu sababli yosh bolalar, maktab o‘quvchilari, OO‘YU talabalari hamda vaqtincha ashlamaydigan aholini FV larga tayyorlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
OO‘YU talabalarini o‘qitish jarayonida maxsus fanlar, kurslar kiritish orqali tayyorlash ko‘zda tutilgan. Barcha OO‘YU da “Fuqaro muhofazasi”, “FVlarda Fuqaro muhofasi” kabi fanlar kiritildi va har bir mutaxasisliklarning yo‘nalishlarini xisobga olgan holda, maxsus mavzular yordamida ularni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Demak, “Fuqaro muhofazasi” fanining maqsadi: Favqulodda vaziyatlarning kelib chiqish sabablari va keltirib chiqaradigan oqibatlarini, Favqulodda vaziyatlar tufayli yuzaga kelgan talofatlarni kamaytirish, Favqulodda vaziyatlar oqibatini bartaraf qilish, aholini FV lar xavfi tug‘ilganda va sodir bo‘lgan taqdirda o‘zini va atrofdagilarni qutqarishga o‘rgatishdir. Fanning vazifasi esa talabalarni “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlarining talablari, shuningdek Favqulodda vaziyatlar hamda Oliy va orta maxsus ta’lim vazirliklari farmoyishlari, ko‘rsatmalari, FV larning turlari, aholini favqulodda vaziyatlardan muhofazalanishga o‘rgatishni tashkil etish yo‘llari va uslubiyotlari bilan tanishtirishdan iborat.
O‘qilayotgan fanning o‘ziga hos tomonlaridan biri shundan iboratki, unda maxsus umumdavlat tarmoq va adabiy atamalar ko‘plab ishlatiladi. Shuning uchun butun matn davomida ushbu atamalarni qisqartirma ot sifatida ishlatilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu sababdan bu yerda ularning ayrim eng ko‘p uchraydiganlarini keltirishni lozim topdik.
FV ni cheklashda davlatlararo chegaralar to‘siq bo‘lolmaydi. Shuning uchun “Hudud” atamasiga FV larni cheklash milliy va davlatlararo dasturlar ishlab chiqish vaqtida ma’lum mazmun beriladi.
Hudud – bu yer, suv va havodan tashkil topgan makon yoki uning bir qismi, ishlab chiqarish va maxsus obekt, hamda bizni o‘rab turgan muhit.
Aholi – bu FV yoki uning oqibati ta’siridagi hududda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolik huquqi bo‘lmagan va chet el, hamda FV oqibatlarini tugatishda qatnashayotgan odamlardir.
Shikastlanish o‘chog‘i - bu FV ning zararli va havfli omillari ta’siri ostida joylashgan aholi, hayvonlar, inshoatlar va moddiy resurslardir.
Qirg‘in qurollari – bu juda katta miqyosda vayrongarchilik va yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan qurollardir.
Tabiiy ofat – bu tabiatda yuz beradigan favqulodda o‘zgarishlar bo‘lib, tezlikda insonlarning mo‘tadil yashash, ishlash sharoitlarining buzilishi, odamlarning o‘limi hamda qishloq ho‘jaligi hayvonlarining va moddiy boyliklarining yo‘q bo‘lib ketishi bilan tugaydigan xodisalardir.
Avariya – bu bajarilayotgan ishning birdan to‘xtab qolishi yoki sanoat korxonalarida ishlab chiqarishining izdan chiqishi, transportda va boshqa obektlarda moddiy boyliklarning buzilishi yoki yo‘q bo‘lishidir.
fuqaro muhofazasi - harbiy harakatlar olib borish paytida yoki shu harakatlar oqibatida yuzaga keladigan xavflardan O‘zbekiston Respublikasi aholisini, hududlarini, moddiy va madaniy boyliklarini muhofaza qilish maqsadida o‘tkaziladigan tadbirlarning davlat tizimi;
fuqaro muhofazasi xizmati - fuqaro muhofazasi maxsus tadbirlarini bajarish, fuqaro muhofazasi tuzilmalarining harakatlarini ta’minlash uchun kuchlar va vositalarni tayyorlash maqsadida tuzilgan funksional bo‘linmalar majmui;
himoya inshootlari - aholini va ishlab chiqarish xodimlarini zamonaviy qirg‘in vositalaridan muhofaza qilishga maxsus mo‘ljallangan muhandislik inshootlari majmui.
Favqulodda vaziyatlarning umumiy xarakteristikasi.
favqulodda vaziyat - odamlar qurbon bo‘lishi, ularning sog‘lig‘i yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishi, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishi hamda odamlar hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan vaziyat;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish – favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish choralari, usullari, vositalari tizimi, say-harakatlari majmui;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish – oldindan o‘tkazilib, favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, bunday vaziyatlar ro‘y bergan taqdirda esa, odamlar sog‘lig‘ini saqlash, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar kompleksi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish – favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda o‘tkazilib, odamlar hayoti va sog‘lig‘ini saqlash, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga, shuningdek favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan zonalarni halqaga olib, xavfli omillar ta’sirini tugatishga qaratilgan avariya-qutqaruv ishlari va kechiktirib bo‘lmaydigan boshqa ishlar kompleksi.
Yer yuzida sodir bo‘layotgan Favqulodda vaziyatlar juda katta salbiy oqibatlarni yuz berishini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa texnogen xususiyatli FVlardan yo‘l-transportidagi avariyalar hamda hayotda tez-tez sodir bo‘lib turadigan yong‘inlar aholi orasida eng ko‘p qurbon bo‘lish xolatlarini keltirib chiqarmoqda.
Favqulodda vaziyatlarning oqibatlari o‘rganilganda quyidagi xolatlar namoyon bo‘lishi aniqlangan:
-insonlarni qurbon bo‘lishi hamda jabrlanishi;
-hududlarni zaharlanishi, atrof-muxit ifloslanishi;
-ishlab chiqarish texnologiyalarining ishdan chiqishi;
-qo‘shni ishlab chiqarish obektlari faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishi;
-aholining yashash sharoitining izdan chiqishi;
-iqtisodiyotimizga yetkaziladigan moddiy va moliyaviy zararlar.
Tabiiy favqulodda vaziyatlar (FV) ichida zilzilalar insoniyatga doimiy xavf solib turuvchi, xozirgi kunda ko‘p uchraydigan va keng ko‘lamli salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi tabiiy ofat sifatida tasniflanadi.
Yer yuzida sodir bo‘lgan kuchli zilzilalarni kuzatar ekanmiz, ( 2011 yil Yaponiya zilzilasi 20319 kishi halok bo‘lgan, 405719 kishi jabrlangan, 132 mlrd. AQSH dollari miqdorida iqtisodiy zarar qayd etilgan), ro‘y bergan zilzilalar iqtisodiyotga juda katta miqdorda moddiy zarar yetkazib, ekologik vaziyatning o‘zgarishiga, turli yuqumli kasalliklarning tarqalishiga va eng dahshatlisi odamlarning qurbon bo‘lishiga sabab bo‘lganligini ko‘rish mumkin.
Oxirgi o‘n yillikda dunyo miqyosida sodir bo‘lgan yirik talofatli favqulodda vaziyatlarning 53 foizi zilzila ta’sirida vujudga kelgan. Luven Universitetining OFDA/CRED Xalqaro FV lar bo‘yicha bergan ma’lumotlariga asosan, 2002 yili zilzila oqibatiga eng ko‘p qurbonlar kuzatilgan bo‘lib, ularning soni 650 mingdan ortiqligi aniqlangan.
Ilmiy tadqiqotlar xulosasiga ko‘ra, zilzilalardan aholining jabrlanish ko‘lami - ularning favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorgarlik darajasi va zilzila qayd qilingan vaqtiga bog‘liq ekanligi aniqlangan.
Iqtisodiyot tarmoqlari jadal rivojlanayotgani, ishlab chiqarish texnologiyalarining murakkablashib borayotgani, aholi soni ko‘payib, urbanizatsiya jarayoni tezlashayotgani, xavfli tabiiy jarayonlarning tez-tez sodir bo‘layotgani va ko‘lami kengayib borayotgani, shuningdek, transchegaraviy xavflarning mavjudligi tabiiy hamda texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqarish xavfini yanada oshirmoqda.
Ta’kidlash kerakki, potensial xavfli obektlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar insonlarning hayot sharoitlarini izdan chiqishiga, ularni jabrlanishi hamda atrof-muhitning ifloslanishi kabi oqibatlarni keltirib chiqarishi xech kimga sir emas. Kimyoviy xavfli obektlar (KXO) ham shunday obektlar qatoriga kiradi va aholiga kuchli ta’sir etuvchi zaharli moddalarning tarqalishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi kimyoviy avariyalari bilan xavf soladi.
Yer yuzida kuchli ta’sir etuvchi zaharli moddalar (KTZM) ning tashilishi, foydalanilishi, saqlanishi jarayonida yiliga minglab bunday avariyalar sodir bo‘lishi kuzatiladi. 1989 yili Litvaning Ionava shahrida yuz bergan kimyoviy avariya natijasida 7 ming tonnaga yaqin suyuq ammiakning zavod hududiga to‘kilishi oqibatida 10 ming m2 yuzaga ega bo‘lgan zaharli suyuqlik ko‘li hosil bo‘lgan. Avariya natijasida tabiiy gaz quvurining shikastlanishi oqibatida tarqalgan tabiiy gaz va kuchli bug‘lanayotgan ammiak bilan aralashib, kuchli yong‘in kelib chiqishi oqibatida olovning yer yuzasidan bir necha metr balandlikka ko‘tarilganligi kuzatilgan. Yong‘inning nitrofoska saqlanadigan omborga o‘tishi oqibatida uning termik parchalanishi natijasida yana bir zaharli gaz ajralib chiqqan. Avariya natijasida hosil bo‘lgan zaharlanish zonasining uzunligi 30 km ni tashkil etgan, lekin zaharlangan havo buluti aholi yashamaydigan hududga tarqalganligi sababli, aholining zaharlanishi kuzatilmagan. Kimyoviy avariyani bartaraf etishda 982 kishi va 241 ta texnika jalb etilgan.
Favqulodda vaziyatlarning umumiy xarakteristikasi.
FVlar sodir bo‘lganda faqat iqtisodiyotimizga iqtisodiy zarar emas balki insonlarni qurbon bo‘lishi kabi sanitar yo‘qotish holatlari ko‘p kuzatiladi. Shu sababli FVlarni bartaraf etishdan ko‘ra, ularni oldini olish tadbirlariga katta ahamiyat berish va vaqtida, oldindan amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir. FV lardan muhofaza qilish tadbirlari deganda FVlarni oldini olish hamda bartaraf etish tadbirlarining majmuasi tushuniladi.
Aholi va hududlarini FVdan muhofaza qilishda quyidagi asosiy tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutiladi:
-FV larni oldindan bashoratlash.
-FVlar xavfi tug‘ilganda va sodir bo‘lganda vaqtida ogoxlantirish.
-FVlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rish.
-FVlar xavfi tug‘ilganda va sodir bo‘lganda qutqaruv ishlarini vaqtida samarali tashkil qilish.
FV larni oldindan bashoratlash. FVlarni yuza kelishining extimoli bo‘lgan sabablarini aniqlash, ularni ilgarigi va xozirgi manbalarini taxlil qilish asosida FV lar yuzaga kelish extimolligini va rivojlana borishini oldinroq aks ettirish muxim ahamiyatga ega. Bu tadbirlar murakkab jarayon bo‘lib, prognozlash bo‘yicha katta mas’uliyatni talab qiladi. FV larni oldindan prognozlash FVning xususiyatiga va sodir bo‘lish vaqtiga bog‘liq bo‘lib, uzoq muddatli, qisqa muddatli hamda tezkor prognozlash turlariga bo‘linadi. Tabiiy xususiyatli FVlarni prognozlashtirish ilmiy yo‘nalishlarda olib borilgan izlanishlar natijalariga asaslangan holda uzoq muddatli bo‘lib, xaritalarda aks ettiriladi.
Texnogen xususiyatli FVlarni prognozlash esa, obektning joylashgan o‘rni, foydalaniyotgan maxsulotlarining xususiyati va miqdori, saqlanish qoidalariga, korxonanaing barqarorilini ta’minlash talablarining bajarilganligiga bog‘liq bo‘ladi.
FVlar xavfi tug‘ilganda va sodir bo‘lganda vaqtida ogoxlantirish.
FVlarni oldini olish va barataraf etishda tashkil etilgan aloqa va xabar berish tizimining mavjudligi, tayyorligi hamda ishlash barqarorligiga bog‘liq. FV xavfi to‘g‘risida vaqtida ogoxlantirish orqali aholini sog‘lig‘i va hayotini saqlab qolishga erishish extimolligi yuqori hisoblanadi.
FVlarga oldindan tayyorgarlik ko‘rish.
Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish—muayyan hudud yoki iqtisodiyot obektlarida FVlarni oldini olish hamda barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha muxandislik-texnik tarbirlarini amalga oshirish, boshqaruv organlari va ishchi xodimlarni to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash tadbirlarini amalga oshirilishi nazarda tutiladi. Bundan tashqari FV vaqtida harakat qiluvchi kuch va vositalarni tayyorlash bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar kompleksini o‘z ichiga oladi. Ishchi xodimlar hamda FM kuchlarini maxsus shaxsiy va umumiy muhofaza vositalari bilan ta’minlash qutqaruv ishlarini amalga oshirishda muxim ahamiyat kasb etadi.
FVlarni oldini olish va bartaraf etish jarayonini samarali amalga oshirilishi uchun oldindan maxsus harakatlar rejalarini ishlab chiqish lozim. Rejada ehtimoli mavjud bo‘lgan barcha FV turlari nazarda tutiladi. FV vaqtida harakatlarni amalga oshiruvchi kuch va vositalar taqsimlanadi hamda o‘zaro hamkorlik tadbirlari ham ishlab chiqiladi. FV lar vaqtida aholini evakuatsiya qilish tadbiri eng ishonchli va samarali usul hisoblanadi. Shu sababli hududlarimizda, iqtisodiyot obektlarida evakuatsiya chizmalari va rejalari oldindan ishlab chiqiladi.
FVlar xavfi tug‘ilganda va sodir bo‘lganda qutqaruv ishlarini vaqtida samarali tashkil qilish.
sharoitga baho berish,
kuch va vositalarni taqsimlash va vazifalar qo‘yish,
kuch va vositalarning o‘zaro hamkorlikligini ta’minlash,
aholini muhofaza qilish tadbirlari amalga oshirish,
aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilish.
Olimlar tomonidan FVlarning turli tasniflari ishlab chiqilgan. Favqulodda vaziyatlarning kelib chiqish sababiga, tarqalish miqyosiga ko‘ra tasniflar belgilangan. Shulardan FVlarning keltirgan zarariga hamda tarqalgan miqyosiga ko‘ra (shikastlanganlar soniga hamda moddiy yo‘qotishlar miqdoriga qarab) ko‘ra 4 guruhga bo‘linadi:
Lokal (obekt miqyosidagi) FV,
Mahalliy FV;
Respublika (milliy) FV;
Transchegaraviy (global) FV.
Mustahkamlash uchun savollar:
1.Fuqaro muhofazasi fanining maqsadi nimalardan iborat ?
2.Fuqaro muhofazasi fanining vazifalari nimalardan iborat?
2. Favqulodda vaziyat deganda nimani tushuniladi?
3. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tushunchasiga ta’rif bering.
4. Favqulodda vaziyatlar nima uchun oldindan bashoratlanadi?
5. Favqulodda vaziyatlarning oqibatlari nimalardan iborat?
6. O‘zbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi qachon tashkil etilgan?
Do'stlaringiz bilan baham: |