Qaddim o‘qteg (to‘g‘ri), ko‘nglim esa yoy (dek shay) edi,
Ko‘ngil orzulari hanuz o‘qdek, (lekin) qaddim yoy bo‘ldi.
Shoir bu yerda yoshlikni, kuch-shijoatli davrni qad misolida o‘qqa, ko‘ngilni esa yoyga tashbeh beradi, ammo yigitlik qarilik bilan o‘rin almashgach, keksa dil orzulari hamon ilgarigiday jo‘shqinligini, biroq bu orzu-istaklarni amalga oshirish mushkullashganini obrazli tarzda ifodalamoqda. Qadning yoyga o‘xshatilishi zamirida qahramonning mashaqqatli hayot girdobida qolganiga ishora yotadi. Yana shunisi diqqatga sazovorki, adib qo‘llagan bu tashbeh keyinchalik turkey adabiyotda, jumladan, o‘zbek adabiyotida ham an’anaviy obrazga aylanib qoldi. Yuzni oyga, tiriklik (hayot)ni rabotga, yigitlikni arg‘umoqqa, bilimni kimyoga, so‘zni zahar yo shakarga, ko‘ngilni dengizga, shishaga, bilimni mash’alga, zolim amaldorlarni bo‘riga, xalqni qo‘yga va bekni qo‘ychivonga
o‘xshatish ham ana shunday yozma adabiyotda an’anaga aylangan obrazlar silsilasiga mansub. Ijodkorning har bir obrazi o‘ziga xos «yuk» ko‘tarib turadi. Ular shoirning badiiy maqsadiga san’atkorona bo‘ysundirilgan:
Kur arslonga o‘xshar bu beklar o‘zi,
Bushursa kesar bosh, e bilgi yaruq.
Mazmuni:
Beklar – bu jur’atli arslonga o‘xshaydi, rada fosh etiladi.
Bu toifaning «bosh kesish»i ochiqdan ochiq ko‘rsatib o‘tiladi. Demak, bu yerda arslonning jur’ati, dovyurakligi emas, balki uning vahshiyligi, yovuzligi e’tiborga olingan. Shoir zulmni yonib turgan o‘tga, adolatni esa oqib turgan suvga o‘xshatadi: biri yaqinlashsa hamma narsani kuydirib yo‘qqa chiqaradi, boshqa birining oqishidan esa anvoyi ne’matlar unadi. Shoir tashbehlari o‘zining ta’sirchan ifodasi bilan ajralib turadi:
Til arslon turur, ko‘r, eshikda yatur,
Aya evlug, arsiq boshingni yeyur.
Mazmuni:
Til hovlida (ya’ni qafasda) yotgan arslon kabidir,
Ey, qafasdagi (makkor) vahshiy boshingni yeydi.
Ushbu o‘xshatish o‘zining yuksak ta’sirchanligi bilan e’tiborlidir. Shoir tilni arslonga o‘xshatish bilan tinglovchi kitobxonni katta bir xavfdan – yomon va behuda so‘zlarni so‘zlashdan mutafakkirona ogohlantiradi. Ayrim o‘xshatishlar bir emas, balki bir necha obrazlarni yoritishda ham qo‘llanishi mumkin. Masalan, yilqi (hayvon) obrazi nodon odam, bilimsiz kishi, zakovatsiz shaxs, ochko‘z inson va umuman yomon xulqli, yaramas odatli kishiga nisbatan qo‘llanadi. Bo‘ri obrazining esa lashkarboshi, yov-dushman, mard, er, o‘limga nisbatan qo‘llanganini ko‘rish mumkin. Lekin ularning hammasida bo‘ri obrazi ayni bir ma’noda kelmaydi. Lashkarboshining bo‘riga o‘xshatilishida uning dushmanga ayovsiz va katta kuch bilan dahshat solishi nazarda tutilgan bo‘lsa, saroy amaldorining bo‘riga qiyoslanishida ularning ochofat va johilligi ta’kidlangan. Dushmanning bo‘riga o‘xshatilishidan maqsad uning tajovuzkorligiga, bosqinchiligiga diqqatni tortishdir.
Masalan, kishining yuzi suyak, oy, osh, arg‘uvon, bo‘zga o‘xshatiladi. Suyak or-nomussiz kishiga nisbatan qo‘llanadiki, bu bilan shoir uning hech kimga keraksizligi, tashlandiq narsa barobaridagi shaxs ekanini uqtiradi. Oy esa Sharq adabiyotida yuz go‘zalligining (umuman, go‘zallikning ham) ramzidir. Yuzning oshga o‘xshatilishi kishi tashqi ko‘rinishining yoqimliligiga ishora. Arg‘uvon – qizil yuz timsoli. Qizil yuz esa go‘zallikning o‘ziga xos «o‘lchov birligi»dir. Bo‘z qo‘rqib ketgan yoxud noqulay ahvolda qolgan odam yuzining belgisi sifatida keladi.
Bu hodisani lashkarboshiga nisbatan qo‘llangan tashbehlar silsilasida ham ko‘rish mumkin. Ularda lashkarboshining kuchliligi, yovga dahshat solishi arslonga, doimiy hushyorligi zag‘izg‘onga, baquvvatligi qoplonga, hujumkorligi va dushmanga hamlasi to‘ng‘izga, mardonavorligi bo‘riga, jang taktikasidagi mohirligi, hiyla va tadbirkorligi tulkiga, shiddati ayiqqa, qasoskorligi qo‘tos va tuya erkagiga, tunlari hushyor va bedorligi ukki – boyo‘g‘liga o‘xshatiladi. Umuman, bir predmetni tasvirlashda rang-barang o‘xshatishlarni qo‘llash mazkur predmetning turli qirralarini yoritishga, ularni bo‘rttirib ko‘rsatishga xizmat qiladi. O‘xshatishlarda turkiy xalqlarning hayot tarzi, ayniqsa,
dehqonchilik va chorvachilik bilan bog‘liq hayotiy lavhalar ko‘p uchraydi.
It, qo‘zi, bo‘ri, qo‘y, zag‘izg‘on, quzg‘un, qo‘tos, qizil tulki kabi hayvonlar, chim o‘sadigan yer, quruq qum, o‘t (olov), bahorgi o‘t, rabot, yozilgan tuzoq, arg‘umoq, kishan, tushov, dala, sahro kabi predmetlar, to‘zon, yel, tubi (bo‘ron) kabi hodisalar bilan bog‘liq o‘xshatishlar shular jumlasidan. Bularning hammasi shuni ko‘rsatadiki, «Qutadg‘u bilig» – turkiy tildagi dastlabki yirik yozma badiiy doston, o‘zida turkiy xalqlar og‘zaki ijodi an’analarining juda kuchli ta’sirini saqlagan.
O‘gdulmishning O‘zg‘urmish huzuridan qaytib kelganidan so‘ng elig tilida quyidagi bayt ham uchraydi:
Ko‘ni so‘z irig ul kim aymish, temish,
Angar to‘rqu idtim, tikan cho‘g‘lamish.
Mazmuni:
Kim aytsa, desa (ham) to‘g‘ri so‘z dag‘aldir, (ya’ni keskin
bo‘ladi). Unga ipak gazmol yubordim, u esa tikan tugib
yuboribdi.
Ma’lumki, elig O‘zg‘urmishni o‘z huzuriga chorlagan, O‘zg‘urmish esa zohidlik yo‘lini tutganini pesh qilib, bu taklifni rad etgan edi. Bu yerdagi istiora mazkur holatni ixcham holda ifodalashning go‘zal va ohorli yo‘lidir. Buning ustiga shoir ushbu holatni o‘ta ta’sirchan tarzda ifodalay bilgan, chunki «taklifimni qabul qilmading» qabilidagi ifoda kitobxon hissiyotiga chuqur ta’sir ko‘rsata olmaydi. «Ipak gazmolni olib, uning o‘rniga tikan jo‘natish» esa obrazlilikni yuzaga keltiradi. Bu yerdagi ipak gazmol – taklif; tikan – rad etishdir. «Qutadg‘u bilig» istioralari, ayniqsa, tabiat tasviriga bag‘ishlangan o‘rinlarda ko‘plab uchraydi. Shoir ayni payt yoki manzarani takroran chizganida ham bir xil istioralarni istifoda etishdan chegaralanadi. Tun bir o‘rinda qora yuz bog‘i istiorasi bilan ifodalansa, boshqa o‘rinlarda zangi yuzi, sevuglar qoshi, qora soch bo‘dug‘i, qora ko‘ylak, zog‘ rangi, habash qirtishi (qiyofasi), tul to‘ni, qunduz terisi istioralari orqali tasvirlangan.
Quyoshning istioraviy ifodasi rumiy qizidir. Shuningdek, u sata (marjon), sata qalqoni (marjon shodasi), yorug‘ yuz, sara qiz yuzi istioralari bilan ham ifodalangan. Tong manzarasi bilan bog‘liq o‘rinlarda, eng muhimi, qahramonlar tasvirida ham istioralarning mana shunday rang-barangligi kuzatiladi. Bularning barchasi Yusuf Xos Hojibning badiiy tasvirdagi yuksak mahoratidan dalolatdir. (Matn namunalari q. Karimov nashridan olindi)
Do'stlaringiz bilan baham: |