Yosh va pedagogik psixologiya fanning alohida tarmog‘i sifatida o‘zining kelib chiqish va
rivojlanish tarixiga ega.
Yosh va pedagogik psixologiya fan sifatida XIX asrning ikkinchi yarmida tarkib topadi.
Bunda taniqli rus pedagogi K.D. Ushinskiyning asarlari, ayniqsa uning “Inson tarbiya predmeti
sifatida” nomli asari katta rol o‘ynaydi.
Bundan tashqari CH.Darvinning evolyusion g‘oyalari ham Yosh psixologiyasining
taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Evolyusion ta’limot psixik taraqqiyot manbalari
muammosiga e’tiborini qaratishga olib keladi.
XX asrning boshlariga kelib, umumiy psixologiyada o‘tkaziladigan eksperimental
tadqiqotlarni pedagogika sohasiga shundayligicha o‘tkazish mumkin deb qaraldi. Ammo o‘sha
davrning umumiy psixologiya fani pedagogika uchun etarli bilimlar boyligini bera olmas edi.
1906 yil Peterburgda pedagogik psixologiya bo‘yicha I s’ezd chaqirildi. Pedagogik
psixologiya namoyondalari – A.P.Nechaev, N.E. Rumyansev va boshqalar pedagogik
adabiyotlarni keskin tanqid qilib chiqdilar. Psixologiyani pedagogik amaliyot bilan
yaqinlashtirish eksperimental tadqiqotlarni ta’lim-tarbiya jarayonining o‘zida o‘tkazish
orqaligina mumkin degan muhim xulosa chiqarildi. Ya’ni eksperimental ma’lumotlar
tashqaridan emas, balki psixologik-pedagogik tadqiqotning o‘zidan olinishi kerak, degan
xulosaga kelinadi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun esa yosh va pedagogik psixologiyaning
muhim nazariy, metodologik masalalarini hal qilishning to‘g‘ri yo‘llarini izlab topish lozim edi.
Shu tufayli psixik taraqqiyotning manbalari va uning ta’lim jarayoniga munosabati masalasi
Yosh va pedagogik psixologiyaning markaziy muammosi bo‘lib qoladi.
XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida AQSH larida pedologiya deb ataluvchi yangi fan
vujudga keladi. Uning namoyondalari – S.Xoll, E.Meyman, V.Preyer. Bu oqim namoyondalari
bola rivojlanishining biologik, fiziologik va psixologik nazariyalarini mexanik ravishda
qo‘shadilar.
20 - 30 yillarda pedologiya “Bola haqidagi yagona marksistik fan” rolini da’vo qila
boshlaydi va pedagogika hamda bolalar fiziologiyasini siqib chiqarishga harakat qiladi.
Pedologlarning qarashlari idealistik va mexanistik xarakterda edi. Ularning o‘quvchilarni
“aqliy qobiliyat koeffitsenti”ni aniqlashga oid testlari asossiz bo‘lib, psixologiya va
pedagogikaga salbiy ta’sir ko‘rsatdi hamda maktabga katta ziyon etkazdi. Shuning uchun 30
yillarning boshlarida pedologiyani keskin tanqid qilish boshlandi. 1936 yil 4 iyulda VKP (b) MK
ining “Xalq maorifi komissarligi sistemasidagi pedologik buzg‘unliklar haqida” gi qarori chiqdi.
Bu qarorda pedologiya fani marksistik nuqtai - nazarga zid ekanligi ta’kidlanib, katta tanqid
ostiga olindi. SHu tariqa pedologiya faniga barham berildi.
20 - 30 yillarda pedagogik psixologiyada juda ko‘p ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi, hozirgi
kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bir qancha psixologik-pedagogik qonsepsiyalar
vujudga keldi. Ayniqsa, A.S.Makarenkoning bola shaxsi va bolalar jamoasiga bo‘lgan ilmiy
qarashlari, L.S.Vigotskiyning oliy psixik funksiyalarning rivojlanish nazariyasi katta ilmiy
qimmat kasb etadi.
Hozirgi kunda yosh va pedagogik psixologiya - psixologiya fanining eng rivojlangan sohasi
hisoblanadi. Yosh va pedagogik psixologiya masalalari bilan bir qator ko‘zga ko‘rinarli
psixologlar shug‘ullanganlar va shug‘ullanmoqdalar. Ulardan: B.G. Ananev, L.I.Bojovich,
P.YA.Galperin, V.V.Davidov, A.V.Zaporojets, L.V.Zankov, G.S.Kostyuk, A.N.Leontev,
N.A.Menchinskaya, N.F. Talizina, D.B.Elqonin va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Bolalar
psixologiyasi muammolari bilan shug‘ullangan o‘zbek olimlaridan: professorlar M.G.
Davletshin, E.G‘. G‘oziev, M.Vohidov; R.I. Sunnatova, Z.T. Nishonova, dotsent
S.A.Axunjanova, SH.A. Do‘stmuhamedova, S.X.Jalilova kabi psixologlarni keltirishimiz
mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: