Mavzu № 7. Xorijiy valyuta bozori
Reja:
Xalqaro valyutalar bozori vujudga kelishiga ob’ektiv zarurat.
Xorijiy valyutalar bozori tashkiliy jihatlari.
Valyuta ayirboshlash kurslari va ularni aniqlash.
Xalqaro valyuta bozorida ayriboshlash kurslarining belgilanishi. FOREX operatsiyalari.
FOREX afzalliklari va kamchiliklari.
Valyuta bozorida savdoni amalga oshirish tartibi.
Valyuta zaxiralari.
7.1. Xorijiy valyutalar bozori tashkiliy jihatlari
Dunyodagi aksariyat mamlakatlarning o‘zlarining milliy valyutalari mavjud. Masalan: AQShda AQSh dollari; Yevropa ittifoqida yevro; Brazilyada real; Rossiyada rubl; Xitoyda yuan va boshqalar. Ushbu mamlakatlar orasida amalga oshiriladigan savdo sotiqlar turli xil valyutalarni ayriboshlash (yoki boshqa valyutadagi bank depozitlarini shakllantirish) jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Agarda Braziliyadagi biror bir firma xorijiy mamlakatdan biror bir mahsulot yoki aktivni sotib oladigan bo‘lsa, Braziliya reali yoki ushbu valyutadagi bank depoziti boshqa valyutaga ayriboshlanadi. Valyutalar hamda ma’lum bir valyutada shakllantirilgan bank depozitlari savdosi xorijiy valyuta bozori (FOREX)da amalga oshiriladi.
Xalqaro valyuta bozori yuqorida ta’kidlanganidek turli mamlakatlarning valyutalari oldi sotdisi amalga oshiriladigan bozor hisoblanadi. Dastlab Foreks faqatgina sayohat qiluvchilar yoki savdogarlar tomonidan o‘z davlatlaridan boshqa davlatga borganlarida valyutani ayriboshlash uchun ishlatilgan. Hozirgi kunda esa bu atama asosan investitsiya kiritib, foyda olish mumkin bo‘lgan manba sifatida qaraladi. Statistik ma’lumotlarga nazar soladigan bo‘lsak, foreksda o‘z faoliyatini boshlaydigan yangi treyderlarning aksariyat qismi aniqrog‘i 90-95 foizi o‘z pullarini qanday qilib yo‘qotganini tushunmagan holda ushbu bozorni tark etishadi. Bugungi kunda foreks dunyoning eng katta moliyaviy bozori hisoblanib, undagi kunlik o‘rtacha tranzaksiyalar miqdori taxminan 5 trillion AQSh dollarini tashkil etadi (2018 yil yanvar holatiga ko‘ra) va bu ko‘rsatkich yil sayin oshib bormoqda. Fond birjasidan farqli o‘laroq, valyuta bozori tartibga solinmagan bozor hisoblanadi. Har bir tranzaksiya yopiq tarzda bo‘lib, tomonlarning kelishuviga ko‘ra amalga oshiriladi. Xalqaro valyuta bozori kuniga 24 soat, haftasiga 5,5 kun ishlaydi ya’ni yakshanba kuni 12:00 so‘ng jumaga qadar ishlaydi. Foreksda markaziy banklardan tortib individual investorlar kabi bir qator ishtirokchilar valyutalar bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshiradi. Davlatlar Markaziy banklarining o‘z valyuta zaxiralarini qaysi valyutada shakllantirishidan kelib chiqqan holda Foreksda asosan qaysi valyutalar qatnashishini bilib olish mumkin.
7.1-rasm. Dunyo bo‘yicha markaziy banklar zaxiralari shakllantirilgan valyutalar bo‘yicha ma’lumot1
7.1-rasm ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki ushbu valyutalar orasida eng keng tarqalgan valyuta AQSh dollari bo‘lib, 60% davlatlarning markaziy banklaridagi valyuta zaxirasi ushbu valyutada shakllantiriladi, undan keyingi o‘rinda yevro bo‘lib, yevroda shakllantirilgan valyuta zaxiralari 24%ni tashkil etadi. Uchinchi va to‘rtichi o‘rinlarda Yapon ieni hamda Buyuk Britaniya funt sterlingi bo‘lib, ushbu valyutada shakllantirilgan zaxiralar mos ravishda 5,4% va 5,6%ni tashkil qiladi. Boshqa valyutalarda shakllantirilgan zaxiralar ulushi 5%ga to‘g‘ri keladi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, foreksdagi asosiy operatsiyalarda AQSh dollari ishtirok etadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak foreksdagi taxminan 85 foiz bitimda AQSh dollari ishtirok etadi, undan keyingi o‘rinda yevro bo‘lib, u qariyb 39 foizni tashkil etadi. Uchinchi o‘rinda Yapon ieni bo‘lib, uning hisobiga to‘g‘ri keladigan ulush 19 foizni tashkil etadi.
Xorijiy valyuta bozorida amalga oshirilgan tranzaksiyalar valyutalarning ayriboshlar kursini belgilab beradi. Xorijiy valyuta bozorida ikki xil ayriboshlash kurslari tranzaksiyalari mavjud. Predominant tranzaksiyalar, spot tranzaksiyalari deb ham yuritiladi, bunga ko‘ra tranzaksiyalar tezda ya’ni ikki kunda amalga oshiriladi. Ikkinchisi esa Forvard tranzaksiyalar bo‘lib, bu yerda ayriboshlash kelajakdagi belgilangan muddatda amalga oshiriladi. Spot ayriboshlash kursi spot tranzaksiyalari uchun belgilangan kurs, forvard ayriboshlash kursi forvard tranzaksiyalari uchun ayriboshlash kursi hisoblanadi. Ma’lum bir sabablarga ko‘ra valyutaning qadri oshishi yoki tushishi mumkin. Misol uchun: 1999 yilning boshida bir yevro $1.18ga teng bo‘lgan va 2010-yilning 23-iyuniga kelib esa bir yevro $1.23 teng deb deb baholangan. Bu shuni anglatadiki yevroning qadri AQSh dollariga nisbatan 4% ga oshgan: (1.23-1.18)/1.18=0.04=4%.
Ayriboshlash kurslarining muhim jihati shundaki ular mahalliy hamda xorijiy mahsulotlar bahosiga ta’sir qiladi. Misol uchun Fransiyada ishlab chiqarilgan mahsulotning AQSh dollaridagi bahosi ikkita omil ta’sirida belgilanadi: ushbu fransuz mahsulotining yevrodagi bahosi hamda yevro va dollar o‘rtasidagi ayriboshlash kursi2.
Tasavvur qilamiz: Amerikalik firma Fransuz mahsulotini sotib olishni rejalashtirmoqda. Agarda ushbu mahsulotning bahosi 1000 yevro hamda yevro va dollar o‘rtasidagi ayriboshlash kursi €1=$1.18 ga teng. Amerikalik firma ushbu mahsulotni sotib olishni 2 oyga kechiktirdi. Bu orada esa yevroning qadri dollarnikiga qaraganda oshdi va ular orasidagi ayriboshlash kursi quyidagi holatga keldi: €1=$1.4. Agarda mahsulotning mahalliy narxi 1000 yevroligicha saqlanib qolgan bo‘lsa, uning dollardagi narxi 1 180 dollardan 1 400 dollarga oshadi. Barcha bozorlarda sotish va sotib olish narxlari orasida farq bo‘lgani kabi foreksda ham sotish va sotib olish narxlari orasida farq mavjud hamda ushbu narxlar va ular orasidagi farq quyidagicha nomlanadi:
Sotib olish narxi - ask price
Sotish narxi- bid price
Ular orasidagi farq- spread
Ular quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi (7.1-jadval)
7.1-jadval
Valyutalar juftligi
|
Sotish narxi
|
Sotib olish narxi
|
Ular orasidagi farq
|
EUR/USD
|
1.3350
|
1.3354
|
0.030%
|
USD/EUR
|
0.7487
|
0.7489
|
0.027%
|
USD/JPY
|
99.16
|
99.19
|
0.030%
|
JPY/USD
|
0.0101
|
0.0101
|
0.000%
|
USD/GBP
|
0.6289
|
0.6289
|
0.000%
|
GBP/USD
|
1.5904
|
1.5906
|
0.013%
|
7.2. Valyuta bozorida savdoni amalga oshirish tartibi
Ayriboshlash kurslarini qay tartibda belgilanishini yoki o‘zgarishini biror bir belgilangan joyga borib kuzatishning imkoni yo‘q. Sababi valyutalarni ayriboshlash Nyu York, Tokyo va shu kabi boshqa birjalarda amalga oshirilmaydi. Aksincha, xalqaro valyuta bozori birjadan tashqari tartibga solingan bozor(over-the-counter) hisoblanadi. Ushbu bozorda yuzlab dillerlar (asosan banklar) xorijiy valyutadagi depozitlarni sotish va sotib olishga tayyor turishadi. Ushbu dillerlar asosan kelishuvlarni telefon va kompyuterda amalga oshirishadi. Ushbu bozorning funksiyalari markazlashgan bozor funksiyalaridan farq qilmaydi. E’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan holat, banklar, kompaniyalar va hukumatning xalqaro valyuta bozorida valyutalarni sotib olishi hamda sotishi haqida so‘z yuritilganda bu yerda ularning valyutani o‘zini sotib olishi nazarda tutilmaydi. Ya’ni bank dollar sotib oldi deyilganda bankning dollarda shakllantirilgan depozitni sotib olganligi nazarda tutiladi.
Odatda xalqaro valyuta bozoridagi tranzaksiyalarning miqdori $1 milliondan oshadi. Xalqaro valyuta bozorida belgilanadigan ayriboshlash kurslari bilan banklar valyuta ayriboshlash shahobchalardagi ayriboshlash kurslarining o‘rtasida farq mavjud. Ya’ni banklarda belgilangan kurs valyuta bozoridagi kursdan balandroq bo‘ladi. Sababi bank o‘zidagi ayriboo‘lash kurslarini o‘zining siyosatidan kelib chiqqan holda ham belgilashi mumkin. Misol sifatida O‘zbekiston tijorat banklaridagi ayriboshlash kurslari orasida farqni ko‘rsatishimiz mumkin. Foreksda esa asosan yirik hajmdagi tranzatsiyalar amalga oshirilganligi sababli, ayriboshlash kurslari tijorat banklaridagi kursga nisbatan biroz past bo‘ladi.
Xalqaro valyuta bozorida ayriboshlash kurslarining belgilanishi3ga to‘xtalib o‘tamiz. Erkin bozorda har qanday aktiv va mahsulotning narxining belgilanishi kabi valyutalar bo‘yicha ayriboshlash kurslari ham talab va taklifdan kelib chiqqan holda belgilanadi. Ayriboshlash kurslarining belgilanilishi bo‘yicha bir qator nazariyalar mavjud. Birinchi nazariya yagona narx nazariyasi hisoblanadi. Unga ko‘ra agarda ikkita mamlakat bir xil turdagi mahsulot ishlab chiqarsa va mahsulotni yetkazib berish (transportirovka) xarajatlari kam bo‘lsa hamda savdo to‘siqlari mavjud bo‘lmasa, ushbu mahsulot qaysi mamlakatda ishlab chiqazilganidan qat’iy nazar barcha mamlakatlarda narxi bir xil bo‘ladi. Tasavvur qilamiz Amerikada ishlab chiqarilgan bir tonna po‘latning narxi $100, shunga o‘xshash Yaponiyada ishlab chiqarilgan po‘latning bir tonnasining narxi 10 000 ien (Yaponiya pul birligi) deb baholanmoqda. Yagona narx qonuniga amal qiladigan bo‘lsak, dollar va ien o‘rtasidagi ayriboshlash kursi 100ien=$1 ($0.01=1ien) bo‘lishi kerak. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, Yaponiyada bir tonna amerika po‘lati 10 000 iendan sotilsa, AQShda bir tonna yapon po‘lati $100 dan sotilishi lozim. Agarda ushbu valyutalar orasidagi ayriboshlash kursi 200ien=$1 bo‘lsa, Yaponiya po‘latining bir tonnasi AQShda $50 dan sotiladi ya’ni ushbu narx AQSh po‘latidan ikki barobar arzon bo‘ladi, shu bilan bir qatorda AQShda ishlab chiqarilgan po‘latning bir tonnasi Yaponiyada 20 000 ien ya’ni Yaponiya po‘latidan ikki barobar qimmatga sotiladi. Natijada, narxi yuqori bo‘lganligi uchun AQShda ishlab chiqarilgan po‘latga bo‘lgan talab keskin ravishda pasayib ketadi va bu holat faqatgina $0.01=1yen bo‘lgandagina barqarorlashadi ya’ni ya’ni ikkala mamlakatda ham ushbu mahsulot bir xil narxda sotiladi.
Valyutalar ayriboshlash kurslarining belgilanishi bo‘yicha keyingi nazariya bu xarid qila olish pariteti nazariyasi hisoblanadi. Ushbu nazariya yagona narx nazariyasiga o‘xshash bo‘lib, bunda bir davlatda narxlarining ikkinchi mamlakatdagi narxlarga nisbatan oshishi uning valyutasining ikkinchi davlat valyutasiga nisbatan devolivatsiya ya’ni qadrining pasayishiga (ikkinchi mamlakat valyutasining birinchisining valyutasiga nisbatan qadrining oshishiga) olib keladi. Birinchi misolga qaytadigan bo‘lsak, Yaponiyada narxlarning AQShdagiga nisbatan 10 foizga oshishi, AQSh dollarining Yapon ieniga nisbatan 10 foizga oshishi (Yapon ienining AQSh dollariga nisbatan 10 foizga pasayishi)ga olib keladi.
Yuqori ta’kidlanganidek, foreksda valyutalar ayriboshlash orqali foyda ko‘riladi, ya’ni ularning ayriboshlash kurslari orasidagi farqni to‘g‘ri taxmin qila oladigan investorlar bu vaziyatda yetarlicha foyda ko‘rishlari mumkin (1-jadval).
7.2-jadval
Foreksda daromad olish bosqichlari4
Treyderning amalga oshirgan operatsiyalari
|
Evro
|
AQSh dollari
|
1EUR/1.1800USD kursida 10 000 yevro xarid qildi
|
+10 000
|
-11 800
|
Ushbu valyutalar orasidagi ayriboshlash kursi 1EUR/1.2500USD bo‘lganda hisobidagi mablag‘ni qayta AQSh dollariga ayriboshladi
|
-10 000
|
+12 500
|
Foyda miqdori
|
0
|
+700
|
Bir qarashda foreksda daromad ko‘rishdan osonroq ishning o‘zi yo‘qdek tuyulsada, buning uchun yetarlicha tahlil qila olish qobiliyatiga ega bo‘lish talab etiladi. Foreksda treyder o‘zi uchun valyutalar juftligini tanlab olishi zarur. Misol uchun, yevro va AQSh dollari, shunda ularning valyuta juftligining foreksdagi ko‘rinishi EUR/USD bo‘ladi. Foreksda daromad olish uchun ushbu valyutalardan birini arzonga sotib olish va yuqoriroq kursda sotish yoki yuqoriroq kursda sotib, keyin arzon kursda sotib olish talab etiladi. Agarda treyder narxning harakatlanish yo‘nalishini to‘g‘ri tahlil qilib aniqlay olsa, unda u daromad ko‘radi, aks holda u o‘z mablag‘ining bir qismini yo‘qotadi. Shu tarzda treyder nafaqat valyuta kursining oshishidan, balki pasayishidan ham daromad olishi mumkin.
Haqiqiy savdo hisob-varag‘i ochilgandan so‘ng savol tug‘iladi: "Foreksda valyuta kurslarining farqida spekulyatsiya harakatlarining barcha turlari to‘g‘risida bilmasdan turib qanday qilib pul ishlash mumkin?". Umuman va yaxlit holda Foreks bozorida savdo qilish mutlaqo oson. Agar treyder kotirovkalarning harakati yo‘nalishini oddiygina oldindan tahlil qilish orqali yoki taxmin qilish orqali aniqlay olsa, unda uning savdosi muvaffaqiyatli va daromadli bo‘ladi. Agar treyder yevroning qiymati pasayayotganini sezsa, u darhol EUR/USD valyuta juftligida dollarni sotib olishi lozim ya’ni treyder SELL pozitsiyasini ochadi (bunda u yevroni sotadi) va foyda oladi, agar uning taxmini o‘zini oqlamasa, mablag‘ining bir qismini yo‘qotadi. Sezgiga qarab savdo qilish ko‘pincha foyda keltirsa xam professional treyderlar faqatgina sezgiga tayangan holda operatsiyalarni amalga oshirishmaydi. Lekin uning yordamida Foreksda ma’lum darajada pul ishlab olishi mumkin! Professional treyderlar ishlash vaqtida turli xil vositalar to‘plamlaridan foydalanishadi: OAVlaridagi axborotdan tortib (fundamental tahlil asoslari) to juda ko‘p miqdordagi indikatorlar, maslahatchilar va ekspertlargacha.
Foreks dunyodagi eng yirik bozor bo‘lishiga qaramadan uning bir qator afzallik va kamchiliklari mavjud.
Foreks bozorining afzalliklari orasida eng muhimlari xususida to‘xtalib o‘tamiz.
- barqarorlik, chunki Foreks indeksining tushib ketishidan va bozordagi yagona tovar bo‘lgan valyutaning o‘ziga xosligi tufayli moliyaviy inqirozga uchrashdan himoyalangan;
- tovarning likvidligi. Valyutani to‘la hajmda va kerakli qiymatda sotilishida muammolar yuzaga kelmaydi, chunki xalqaro Foreks bozorida xaridorlar juda ko‘p;
- kunu tun foydalanish imkoninig mavjudligi. Istagan payt va internetga kirish mumkin bo‘lgan istagan joyda bitim tuzish mumkin;
- o‘zgaruvchanlik ancha past darajada. Valyuta narxlarining har kunlik o‘zgarishlari 1%dan oshmaydi;
- birinchi badal uncha katta emas. Hatto bir dollar bilan ham Foreksda ish boshlash mumkin;
- bozorga yangi kirganlar va boshqalar uchun DEMO hisob-varag‘ini ochish mumkinligi.
Foreks bozorining ayrim kamchiliklari:
- savdo intizomi darajasi uncha yuqori emas. Yo‘qotishlarni treyderning o‘zidan boshqa hech kim nazorat qilmaydi;
- bitim hajmlarini noto‘g‘ri tanlash tufayli mablag‘ yo‘qotish ehtimoli mavjud.
Nazorat savollari
Xalqaro valyutalar bozori vujudga kelishiga ob’ektiv zaruratni izohlang.
Oltin-valyuta zaxiralarida valyutalar ulushi.
Xalqaro valyutalar bozorida operatsiyalar tashkil etish.
FOREX savdo tizimining ishlash mexanizmi.
FOREX savdo tizimining afzalliklari.
FOREX savdo tizimining kamchiliklari.
FOREX savdo tizimida daromad olish bosqichlari.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YHATI
O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrdagi “Soliq kodeksi” (yangi tahrir). Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.03.2020-y., 03/20/607/0279-son.
Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik O’zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. – T.: “O’zbekiston” NMIU, 2017. - 56 b.
Malikov T., Olimjonov O. Moliya. Darslik. – T.: “Iqtisod-moliya”, 2019. - 920 b.
Malikov T. Byudjet-soliq siyosati. Darslik. – T.: “Iqtisod-moliya”, 2019. - 404 b.
Sultonov Sh., Chinqulov Q., G’ofurova U., Safarova N. Biznes moliyasi. O’quv qo’llanma.– T.: “Iqtisod-moliya”, 2019. – 358 bet.
Fozilchayev Sh., Xidirov N. Moliyaviy risklar nazariyasi. O’quv qo’llanma. –T.: “Iqtisod-moliya”, 2019. - 240 b.
Bodi Z., Merton R.S., Cleeton D.L. Textbook. Financial economics. New Jersey: “Pearson Education”, 2016. – 500 p.
Барулин С.В. Финансы. Учебник. – М.: “КноРус”, 2017. - 640 с.Malikov T.S., Jalilov Sh.K. Moliyaviy tizim. O’quv-uslubiy qo’llanma.
- T.: “Iqtisod-moliya”, 2016. - 116 b.
Abduraxmonov I. Sug’urta nazariyasi va amaliyoti. O’quv qo’llanma.
– T.: “Iqtisod-moliya”, 2017. – 416 b.
G’aybullayev O., O’roqov U. O’zbekiston Respublikasida byudjet tizimi va jarayoni. O’quv qo’llanma. – T.: “Baktria press”, 2016. – 168 b.
Internet saytlari:
www.gov.uz - O’zbekiston Respublikasining hukumat portali. www.lex.uz - O’zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari
milliy bazasi.
www.mf.uz - O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi rasmiy sayti. www.cbu.uz - O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy sayti. www.stat.uz - O’zbekiston Respublikasi Davlat Statistika Qo’mitasi rasmiy
sayti.
www.soliq.uz - O’zbekiston Respublikasi Davlat Soliq qo’mitasi rasmiy sayti.
www.openbudget.uz - O’zbekiston Respublikasi “Ochiq byudjet” portali. www.prezident.uz - O’zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot hizmati. www.scopus.com - xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazas
Do'stlaringiz bilan baham: |