Ki: "Agar bo’lsa shohlig’ boqiy,
Topilur bo’yla mohvash soqiy.
Buki, vaslini topmisham payvast,
Shohlig’ o’lmasa, bermas erdi dast
2. "Saddi Iskandariy". Mazkur asar "Xamsa"ning beshinchi-yakunlovchi dostoni bo’lib, u 1484 yilning ikkinchi yarmida (taxminan noyabr oylarida) yozib tugatilgan. Bu holni Alisher Navoiyning shaxsiy kotiblaridan biri bo’lmish Abduljamilning yaxlit "Xamsa"ni 1484 yilda ko’chirgan va hozirda O’z RFA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga saqlanayotgan nusxasi ham tasdiqlaydi. Bunga ilova tarzida shuni ham eslatish joizki, Abdurahmon Jomiy o’zining "Xiradnomai Iskandariy" dostonini 1484 yilning 28 dekabrida yozib tugatgan edi. Ayni ana shu dostondan Alisher Navoiy "Xamsa"siga Abdurahmon Jomiy tomonidan berilgan yuksak baho (Ba turki zabon naqshe omad ajab, Ki jodu damonro buvad muhri lab) o’rin olgan.
Demak, "Saddi Iskandariy" dostoni 1484 yilning ikkinchi yarmida yozib tugatilgan va "Xamsa" to’liq holatda Abdurahmon Jomiy nazaridan o’tib, yuksak bahoga sazovor bo’lgan. Bu masala Alisher Navoiy tomonidan "Saddi Iskandariy" dostonining oxirgi 89-bobida ham alohida bayon etilgan. Chunki u yaxlit "Xamsa"ni Abdurahmon Jomiy nazaridan o’tkazgandan so’ng bitilgandir.
"Saddi Iskandariy"dostoni "Xamsa"ni yakunlovchi bo’lganidan "Xamsa"ga kiruvchi dostonlarning qurilish va mazmun - g’oya jihatidan bo’lgan xususiyatlarini o’zida mujassam etadi, ya`ni unda ham nazariy-axloqiy doston ("Hayrat ul-abror") yaxlit sujetli dostonlar ("Farhod va Shirin", "Layli va Majnun"), turkum sujetli dostonlar ("Sab`ai sayyor") tuzilma xususiyatlarining qorishuvi - birlashuvi ko’zga tashlanadi. Shuning uchun har bob to’rtta qismdan iborat:
Ma`lum bir masala haqidagi nazariy mulohaza.
Shu mavzuni tasdiqlovchi hikoya yoki masal.
Iskandar va Arastuning shu masalaga oid savol-javobi.
Iskandar faoliyatining bir lavhasi.
Buning natijasida, Alisher Navoiy "Saddi Iskandariy"da shu mavzuda asar yozgan Nizomiy, Xusrav Dehlaviylar hamda Abdurahmon Jomiy qo’llagan bayon uslublari an`analarini yangicha tarzda davom ettirib, o’ziga xos dostonni maydonga keltiradi. Bu haqda Alisher Navoiyning o’zi shunday yozadi:
Skandar jahondori kishvarsiton,
Ishidin chu nazm o’lsa har doston.
So’zidin dog’i yaxshi taqrib ila,
Hamul doston zaylida zeb ila.
Suray hikmatoso maqolotini,
So’z ichra ajoyib xayolotini.
Berib doston zebi elga fireb,
So’zidin fireb o’lg’ay ortuqsi zeb.
Ki farzonalar deb ko’p afsona ham,
So’zin nazm etibdur bu farzona ham.
Qadam ursam ushbu iki yo’lg’a men,
Nekim borcha debdur, demish bo’lg’amen. (11-tom, 62).
"Saddi Iskandariy" dostonining asosiy mazmun-g’oyasini adolat, odil podshoh va insonning komillikka erishuvi bilan bog’lq masalalar tashkil etadi.
Ma`lumki, Iskandar - makedoniyalik Aleksandrning Sharqdagi nomi bo’lib, aslida u eramizdan oldingi IV asrda yashagan mashhur sarkarda va jahondordir. Ammo Sharqda Iskandar o’z tarixiy "qolipini"gina saqlab qolib, adib va shoirlar asarlarida badiiyat qonuniyatlari hamda yozuvchi adabiy-estetik niyatlari asosida yaratilgan badiiy obrazdir. Bu badiiy obraz-Iskandar qaysi davrda yaratilgan bo’lsa, ana shu davr talab va ehtiyojlari asosida o’ziga xos tarzda yaratiladi. Natijada, Firdavsiy ham, Nizomiy ham, Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiy ham o’zlari istagan Iskandar badiiy obrazini chizdilar. Alisher Navoiy ham ana shu uslubni davom ettirdi. Shuning natijasida, Alisher Navoiy Iskandarni XV asrda yashab ijod etgan shoir nuqtai nazaridan qalamga oldi va talqin etdi. Alisher Navoiy uchun Iskandar qissasi bir vosita bo’lib, unda ulug’ mutafakkir shoirning ijtimoiy va ma`naviy hayot haqidagi qarashlari badiiy obrazlar ba`zan maqolot-hikmatlar, masal va hikoyalar vositasida ifoda etilgan. Dostonda tasvirlangan voqealar va ularning talqini bilan tanishish shundan guvohlik beradiki, Alisher Navoiy Ikandarni tasvirlashda ham nihoyatda murakkab bir uslubni qo’llagan. Bu o’ziga xoslik shundan iboratki, zohiran qaraganda Iskandar odil podshoh sifatida talqin etiladi, ammo tasvir va talqinlar botiniga nazar tashlaganda o’zi tasvirlayotgan Iskandarning barcha xatti-harakatidan ham shoirning qoniqish hosil qilmaganini sezish mumkin. Bu hol, xususan, boblarning soqiy va mug’anniyga bag’ishlangan qismlarida ko’zga tashlanadi. Chunki ularda go’yo shoir tasvirlayotgan voqea, hodisa, obraz talqiniga bo’lgan munosabatini umumlashtiradi. Masalan, asarning 27-bobi Iskandarning Doro ustidan g’alabasi va Doro mulkiga ega bo’lishi tasviriga bag’ishlangan. Demak, bunda g’oliblik kayfiyati hukmron bo’lmog’i kerak. Ammo shu bob oxirida Doroni dafn etish marosimi tasviri ham bor. Alisher Navoiy voqealar tasviridan so’ng falsafiy yakun chiqaradi. Bu yakun esa xojagon tariqatidagi naqshbandiya yo’nalishi targ’ib etuvchi g’oyalar bilan mosdir. Bobdagi ikki tasvir - Iskandarning Doro ustidan g’alabasi va Doroning mag’lubiyati-yu o’limi shu jihatdan nihoyatda ibratli, ya`ni shoir har bir ish oqibatini o’ylash lozimligi va shunga asosan yashash, faoliyat ko’rsatish kerakligini uqtiradi:
Navoiy, jahonda vafo yo’qturur,
Aning da`b-u rasmi jafo - o’q durur.
Vafo aylab, oning vafosin unut,
Navo istasang benavolig’ni tut. (11-tom, 194)
Bunday holni 56-bob yakunida ham kuzatish mumkin. Bobda Iskandarning Ravshanak va Mehrnozlarga uylanish to’yi nihoyatda ko’tarinki ruhda tasvirlanadi. Oxirda esa o’ziga murojaat qilib, shunday yozadi:
Navoiy, chu sarmanziling Chingadur,
Suruding dag’i sur aro chingadur.
Ayolg’ung necha yor-yor o’lg’usi,
Mening yig’larim zor-zor o’lg’usi.
Do'stlaringiz bilan baham: |