Orol yana tiriladimi?
Orol dengizi o‘rnida bugun ulkan sahro.Qozog‘iston Kichik Orolni qutqarmoqchi.Ammo O‘zbekistonga ham dengiz keladimi?Zaharli Orolqumda hayot qanday? Pastdagi "Boshlash" tugmasini bosib, video, hikoya va akslar uyg‘unlashgan maxsus loyihani tomosha qiling.
Orol qanday o‘ldirildi?
Xo‘jaboy-ota
Xo‘jaboy-ota sahro o‘rtasida yashaydi.
Otaxon ilgari baliqchilik qilgan.Ammo 1970-yillari Orol uning ovulidan keta boshlaydi.Suv sho‘rlanib, baliqlar o‘ladi.
Bir avlod umridan ham qisqa davrda dengizning qariyb 60 ming kvadrat kilometr qismida bir tomchi ham suv qolmadi.
Orol - Ovrosiyoning Kaspiysi, Amerikaning Yuqori Ko‘li va Afrikaning Viktoriyasidan keyin jahonning quruqlikdagi to‘rtinchi ulkan bahri edi. Bugun uning bor-yo‘g‘i 10% qismi qolgan.
Orol fojeasi Yer sayyorasi yuziga tushgan xunuk tirtiq bo‘ldi.
Xo‘jaboy-otaning Yalang‘och qishlog‘i Orol shimoliy sohilida edi. Bugun atrofda faqat qaqragan sahro va shamol.
"Biz turgan mana shu yer dengiz edi. Huv ana u chiqindixona o‘rnida qumli sohil bo‘lardi. Biz bolalar dengizda sho‘ng‘ib, quyoshda toblanardik" - eslaydi Xo‘jaboy-ota.
Uzoqda, sahro qo‘ynida uch qora nuqta ko‘zga tashlanadi.Ular - dorulomon kunlardan qolgan xotira, Orol fojeasi ramzlari.
Qumdagi zanglagan kema qoldiqlari hamon mahobatli.Har biri chog‘roqqina yo‘lovchi uchog‘idek keladi.
"Kemalar katta bo‘lardi" - xotirlaydi 86 yashar Xo‘jaboy-ota.
"Har birida qirq nafarcha odam - baliqchi, oshpaz, dengizchi va muhandislar ishlardi.Dengiz tortilgach, kemalar sohilga kelolmay, bitta-bitta botqoqqa tiqilib qola boshlashdi.Keyin botqoqlar qurib, sahroga aylandi".
Orol boy dengiz edi.Unda butun Sovet Ittifoqi iste‘mol qilgan baliqning oltidan bir qismi ovlangan.
"Ana u yerda bir to‘r tashlashda 400 kilo baliq ko‘targanman" - bir necha qadam naridagi sahro botig‘ini ko‘rsatadi Xo‘jaboy-ota. "Yuz kilo baliq tutish men uchun odatiy mashg‘ulot edi.Bir kuni bitta baliqni taroziga qo‘ysam, 7 kilo tosh bosgan".
"Qalqonbaliq, laqqa, zog‘orabaliq tutardik. Ajoyib zamonlar edi..."
Ammo ajoyib zamonlar tugayotgandi. 1976 yili Xo‘jaboy-ota dengizdan ko‘targan to‘ri o‘lik baliqqa to‘lib chiqadi.
"Chunki Orol kichrayib, suvi o‘ta sho‘rlanib ketgan va baliq yasholmay qolgandi. Xo‘jaboy-ota bir safar cho‘milib chiqqach, boshdan-oyoq oppoq tuz bilan qoplanganini eslaydi".
Xo‘jaboy-ota va uning baliqchi qishloqdoshlari Orol qurigach, bir necha yil qariyb 2 ming chaqirim uzoqdagi Balxash ko‘liga borib, baliq tutganlar.
"Sharoit yomon edi, suv yo‘qligidan hammamiz bitlab ketganmiz" - deydi keksa baliqchi.
Dengiz qurib, iqlim ham o‘zgargan.
"Ilgari lalmi qovun yetishtirardik. Mol-hol uchun beda, o‘zimiz uchun arpa ekardik" - deydi Xo‘jaboy ota jonsiz sahroga tikilib.
"Ammo yomg‘ir deyarli yog‘may qo‘ydi. Yaylovlar yo‘qoldi. Orolga yaqin chuchuk suvli kichik ko‘llar esa quridi".
"To‘qaylarda chopgan yovvoyi ohular qirilib ketishdi.Endi yoz oylari o‘ta issiq, qish esa ayovsiz sovuq".
Dengiz sohilidagi qishloqlar ilgari suv orqali o‘zaro bog‘langandi.
Bugun bir qishloqdan ikkinchisiga borish uchun chidamli va yirik avtoulovda sahro kezasiz.
Xo‘jaboy-ota har kuni darvozasidan chiqib, dengiz o‘rnidagi adadsiz sahroga tikiladi.
"Dengiz kelarmikan...?"
Ayni damda, otaxon hech qachon dengizni ko‘ra olmasligini ham biladi.
"Hech bo‘lmasa 15 yashar nevaram dengizni ko‘rar".
Do'stlaringiz bilan baham: |