Mavzu : Lutfiy qit’alarida lafziy san’atlar



Download 73,82 Kb.
Sana17.12.2019
Hajmi73,82 Kb.
#30763
Bog'liq
DILBAR

Mavzu : Lutfiy qit’alarida lafziy san’atlar

Mundarija

Kirish…………………………………………………………………………

I bob.Lutfiy va uning lirik merosi……………………………………………

1.1 Lutfiy g‘azallari mavzulari………………………………………………..

1.2.Boshqa janrlarda yaratilgan she’rlaridagi g‘oyalar haqida………………..

II bob.Lutfiy qit’alari va ularni yozishda shoirning badiiy mahorati………….

2.1.Lutfiy qit’alarining mavzulari haqida…………………………………….

2.2.Shoirning qit’anavislikdagi badiiy mahorati………………………………

Xulosa………………………………………………………………………….

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati…………………………………………….

Kirish

Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi,yuksak bosqichiga qadam qo‘ymoqda.Xalqimiz milliy tiklanishdan –milliy yuksalishga erishishni o‘z oldiga eng muhim va ustuvor vazifa qilib qo‘ydi.

‘’Hozirgi notinch va tahlikali zamonda butun bashariyat oldida paydo bo‘layotgan,biz ilgari duch kelmagan g‘oyat murakkab muammolar,global xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etish,shu yo‘lda barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirishda,dunyo aholisining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadigan yoshlarni gumanistik g‘oyalar ruhida tarbiyalashda badiiy so‘z san’atining o‘rni va mas’uliyatini har qachongidan yuksaltirish zarurligini bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda.Bundan yuz yil muqaddam buyuk o‘zbek shoiri Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li - Cho‘lpon “Adabiyot yashasa,millat yashar!’’degan otashin da’vat bilan maydonga chiqqan edi.Hayot va tarix sinovlaridan o‘tgan teran ma’noli bu so‘zlar bugun ham o‘z ahamiyati va qimmatini yo‘qotgan emas.Darhaqiqat,adabiyot,san’at va madaniyat yashasa,millat va xalq,butun insoniyat bezavol yashaydi.’’1

Darhaqiqat, istiqlolimizning dastlabki kunlaridan to hozirga qadar ajdodlarimiz merosini har tomonlama o‘rganish ,shu asosda millatning kelajagi bo‘lgan yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor berilmoqda.Hozirgi kunda bu masala davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani hech kimga sir emas.

Bu boradagi vazifalarni amalga oshirishda Navoiygacha bo‘lgan davrdagi o‘zbek she’riyatining yirik vakili Mavlono Lutfiy asarlarining ham o‘rni beqiyos.O‘zbek adabiyotida o‘zining go‘zallik tajassumidan iborat g‘azallari bilan katta shuhrat qozongan shoir ijodiyoti ulkan ma’naviy xazinadir.Sharqda sohibidevon shoir bo‘lish nihoyatda murakkab ish sanalgan.Devon tartib berish uchun shoir arab alifbosidagi har bir harfga mos she’r yoza olish malakasiga ega bo‘lishi kerak.Lutfiy ham sohibidevon shoirdir.U o‘zining turkiy tilda bitilgan she’rlaridan devon tartib bergan.Shoir devonidan o‘zining g‘azal,ruboiy,tuyuq,qit’a,fard kabi bir qancha lirik janrlardagi she’rlari o‘rin olgan.Shoir mazmunan yuksak va shaklan go‘zal g‘azallar yaratib,bu janr rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.Uning rang-barang mavzularda yozilgan g‘azallari mohiyatini hayot zavq-shavqlari, tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish,sevgi-sadoqatni ulug‘lash ,ezgulikni targ‘ib etish g‘oyalari tashkil etadi. 1-Prezidentimiz I.A.Karimov ‘’ …ma’naviyatni tushunish,anglash uchun avvalo,insonni tushunish,anglash kerak.’’2 Ushbu fikrlar Lutfiy ijodiga hamohang tarzda jaranglaydi.Zero,shoir ijodida insonni ulug‘lash,insoniy fazilatlar va ularning tadriji masalalari alohida ahamiyat kasb etadi.Lutfiy xalq og‘zaki ijodi namunalaridan bahramand bo‘lgan va bu shoir she’rlarini go‘zal badiiy san’atlar bezashda muhim o‘rin tutadi.Shoir tuyuq janrining ustasi sifatida o‘zbek mumtoz adabiyotida bu janrni yuqori pog‘onaga ko‘tardi va bu janr rivojiga o‘z hissasini qo‘shdi.Shoir ijodining serqirraligi kichik janrlar hisoblanmish qit’a,ruboiy,tuyuq,fard kabi janrlarda ham mohirona qalam tebrata oldi.Shoir lirikasida turli xil lafziy va ma’naviy san’atlarning bir qancha turlaridan mohirona foydalana olgan.Bu ish ancha murakkab sanalsa-da,shoir o‘z ijodida o‘zgacha mahorat bilan yondashgan.Zero,har bir bayt zamiriga bir- biriga o‘xshash bo‘lgan yoki aksincha, zid bo‘lgan so‘zlarni singdira olish,shu bayt mazmunini go‘zal badiiy vositalar bilan ziynatlash she’rning badiiyati va g‘oyaviy tomonini ochib berishda muhim ahamiyat kasb etgan. Shoirning adabiyotimiz tarixida tutgan o‘rni,uning g‘azallari badiiyati bir qancha lutfiyshunos olimlar tomonidan tadqiq etilgan.Biz ham ushbu kurs ishimiz orqali Lutfiy g‘azallari, boshqa janrda yaratilgan she’rlari va shuningdek,qit’alarining mavzulari,janr tabiati va badiiy san’atlardan foydalanish mahorati xususida to‘xtalib o‘tamiz.

I.BOB.Lutfiy va uning lirik merosi

1.1.Lutfiy g‘azallarining mavzulari

Zamonasining ‘’malik ul- kalomi’’ deya e’tirof etilgan so‘z san’atkori Mavlono Lutfiy o‘zbek mumtoz adabiyotining taniqli namoyondalaridan biridir.Lutfiyning hayoti va ijodiga doir adabiy manbalar haqida ilmiy adabiyotlarda turli xil fikrlar mavjud.Jumladan,lutfiyshunos olim S.Erkinov quyidagilarni yozadi:

‘’Lutfiyning hayoti va ijodi haqida ishonchli va muhim ma’lumot, avvalo Alisher Navoiyning ‘’Majolis un- nafois’’ tazkirasida,’’Muhokamat ul-lug‘atayn’’,’’Xutbai davovin’’(Xazoyin ul-maoniy’’ga muallif ning o‘zi tomonidan yozilgan so‘z boshi) kabi ilmiy va adabiyotshunoslikka oid asarlarida ,’’Nasoyim ul-muhabbat’’,’’Holoti Said Hasan Ardasher’’,’’Manoqibi Pahlavon Muhammad’’singari risolalarida uchraydi.Bu asarlarda Navoiy Lutfiyga juda yuqori baho berib,uni ‘’Malik ul-kalom’’deb ataydi.

Navoiydan keyin yozilgan tazkiralarning birortasida ham Lutfiy hayoti va ijodi haqida muhim yangilik uchramaydi.Davlatshoh Samarqandiyning ‘’Tazkirat ush-shuarosi’’da ham ,Xondamirning ‘’Habib us-siyar’’ asarida ham Lutfiy haqida umumiy fikrlar aytilgan.Xondamirning ‘’Makorim ul-axloq ‘’asarida Lutfiy bilan Navoiyning adabiy suhbatlariga doir bir epizod hikoya qilingan.Abdulla Kobuliy ‘’Tazkirat ut-tavorix ‘’,Vozeh ‘’Majmuai Mansur va manzum’’,SHamsiddin Somiy ‘’Qomus ul-a’lom’’kabi asarlarida Lutfiy to‘g‘risida ba’zi ahamiyatli fikrlarni bayon qilish bilan birga,ko‘pincha shoirga Navoiy bergan bahoni takrorlaydilar.’’1

Navoiydan keyin yaratilgan adabiy-tarixiy manbalar Navoiy ma’lumotlarini takrorlasa-da,ular aynan qaytariqdan iborat bo‘lmay ,balki Lutfiyning hayoti va ijodining biron-bir qirrasini ochishda juda muhimdir.

Mavlono Lutfiy madrasada tahsil olgan.O‘sha davr madrasalarida fanlarni o‘rganish bilan bir qatorda arab va fors tillarini ham o‘zlashtirgan.Bu uning zullisonayn shoir sifatida turkiy va forsiy tillarda ijod qilishiga zamin hozirlagan.Lutfiy ,ayniqsa, turkiy tilda badiiy jihatdan mukammal asarlar yozgan.SHoirning bu darajaga erishishida SHarq mumtoz adabiyot namunalari va badiiy ijod sirlarini puxta o‘rgangani shubhasiz.

Umrining asosiy qismi o‘qish ,o‘rganish bilan o‘tgan Lutfiy badiiy ijoddan bir lahza ham uzilgan emas,Xususan, ‘’Navoiyning ‘’Majolis un-nafois’’tazkirasida Lutfiy umrining oxirlarida ‘’oftob’’ radifli bir she’r yozgan,o‘sha zamonning ko‘p shoirlari unga tazmin bog‘laganlar,ammo ulardan hech biri Lutfiychalik badiiyat yarata olmaganlar.1

Lutfiy diniy-dunyoviy,tasavvufiy ilmlarni chuqur egallagan,haqiqatparvar va ma’rifatparvar shoirdir.Navoiy ta’biri bilan aytganda,u ‘’forsiy va turkiyda naziri yo‘q kishi erdi’’ Lutfiy turkiy tilda yaratilgan she’rlari bilan mashhur bo‘lsa-da,forsiy tilda ham mahoratli va iqtidorli shoirdir.Bundan tashqari,Lutfiy majoz va haqiqatni ,she’riyat va tariqatni uyg‘unlikda saqlagan shoirdir.U umrining so‘nggi lahzalarigacha badiiy ijodda uzilmadi va o‘zbek nazmini go‘zal namunalar bilan boyitdi.Shoir qanchalik mashhur bo‘lsa ham darveshlik odatini tark etgan emas.Bu uning zamondoshlari va ijod ahli orasida ,balki hukmdorlar oldida ham yuqori pog‘onaga ko‘tarilishiga asos bo‘lgani ayni haqiqat.

Lutfiy turkiy tildagi she’rlarini jamlab,devon tartib bergan.Alisher Navoiy shoirning ‘’turkcha devoni ham mashhurdir’’,--deya ta’kidlaydi.Shoir devonlarining bir necha qo‘lyozma nusxalari bizgacha yetib kelgan.Bizgacha shoirning qariyb 4 asr davomida ko‘chirilgan turkiy devonining 33qo‘lyozma nusxasi yetib kelgan.

Ular Toshkent,Dushanbe,Istambul,Tehron,London,Parij,Sankt-Peterburg kutubxonalari va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi.Lutfiyshunoslarning aniqlashiga ko‘ra,shoir she’rlarining umumiy miqdori 2774bayt yoki 5548 misradan ortiq.Ularning asosiy qismini g‘azal janri namunalari tashkil etadi.Mavlono Lutfiy devonining hozirgacha ma’lum nusxalarida 372 g‘azal,3qasida,115 to‘rtlik,60fard va ruboiy,tuyuq,qit’a kabi janr namunalari uchraydi.

‘’Alisher Navoiyning ‘’Badoye’ ul-bidoya’’asarida besh muxammas keltirilgan bo‘lib,shulardan uchtasi Lutfiy g‘azaliga bog‘langan.

Ulardan biri

Ko‘ktadur har dam fig‘onim ko‘rgali sen mohni,

Da’vii mehringga tonuq tortadurmen ohni.

Lutfiyning matla’li g‘azaliga bog‘langan. G‘azal 7baytli bo‘lib,7 baytdan 5 bayti olingan va 3-bayt 4-o‘rinda keladi.5-6-baytlar tushirib qoldirilgan.

2-muxammas Lutfiyning:

Laylat ul-me’rojning sharhi sochi tobindadur,

Qoba qavsayn ittihodi qoshi mehrobindadur.

Matla’dayoq ma’lum bo‘ladiki,Lutfiy g‘azalining lirik qahramoni go‘zallikda tengsiz yor.Uning tundek qora sochi zamiriga me’roj kechasining sharhi yashiringan,mehrobdek qoshi esa qoba qavsayn oralig‘idagi masofani yodga soladi.Bu o‘rinda Mavlono Lutfiy yor tasviri asnosida payg‘ambarning me’roj tunida Holiq huzuriga ko‘tarilishi va Yaratgan bilan rasul orasidagi masofa ikki qosh oralig‘idek yaqin bo‘lganligi hodisasiga ishora qiladi.G‘azalning keyingi baytlari ham yor go‘zalligi ta’rifi bilan davom etib,uning shirin va jonbaxsh labidan salsabil (jannat bulog‘i) sargardon,Xizr va Iso Masihlar xijolatda ekanligi ta’kidlanadi.Shu tariqa g‘azal baytlari yor ta’rifi tarzida davom etadi.Taxmisga asos bo‘lgan Lutfiy g‘azali,aslida,hajman 7 baytdan iborat.Ammo taxmis bog‘langanda uning ikki bayt qisqartirilib,5 band holiga keltirilgan.

Navoiyning Lutfiyga bog‘langan 3-taxmisi

Ey,soching shaydo ko‘ngullarning savodi a’zami,

Halqa-halqa ruxning sarmanzilidur har xami

ma’tlali g‘azaliga muxammasida Navoiy 4-baytni 3-bayt qilib olgan va maqta’ni

Lutfiyni boshtin yana tirguzsang ,ey Isonafas,

Kim yetibdur,vah,ani o‘lturg‘ali hijron g‘ami

tarzida beradi.’’1

Ushbu muxammaslar Navoiyning ‘’Badoe’ ul-bidoya’’ devonida keltirilgan.Shunga ko‘ra ,bu muxammaslar 1465-80-yillar o‘rtasida yozilganligi namoyon bo‘ladi.Bundan tashqari, manbalarda Navoiy Lutfiy g‘azallariga tatabbu va javobiyalar ham yozgan ,ammo bu ishlar o‘z tadqiqotchilarini topmagan.

Lutfiy lirikasi Navoiy davrigacha bo‘lgab o‘zbek mumtoz adabiyotining g‘oyaviy va badiiy jihatdan,o‘ziga xos uslubi nuqtai nazaridan eng go‘zal namunalari sanaladi.Shoir ijodi o‘zbek mumtoz adabiyotini durdona g‘azallar bilan boyitdi.

O‘zbek adabiyotida Lutfiy mohir g‘azalnavis shoir sifatida mashhurdir.Buning isboti sifatida shoir turkiy devonining katta qismi ya’ni 2086 bayti g‘azal janrida yozilganini keltirishimiz mumkin.Shoir g‘azallari mavzulari rang-barang.Xususan ,g‘azallarida milliy tuyg‘ular,dard,armon,qayg‘u va shodlik tasviri benihoya ta’sirchan tasvirlangan.Lutfiyning barcha she’riy misralari nafosat hissi shakllangan ,saviya va did jihatdan yuqori pog‘onada turuvchi –hayotsevar va dono xalq vakillarining fikr va tuyg‘ularini tarannum etadi.Lutfiy devonidagi bosh mavzu ishq va oshiq holatini tasvirlashdan iborat bo‘lsa-da,shoir bu mavzuda takrorlanmas tashbihlar ,mazmunga mos poetik obrazlar yaratadi.Lutfiy she’riyatda o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkordir.Bu maktabdan Alisher Navoiy va Mirzo Bobur saboq olgan.Xususan,Boburning ‘’Aruz risolasi’’da Lutfiy g‘azaliyotidan misol tariqasida 30 bayt (bunga qo‘shimcha 1tuyuq) keltirilgan bo‘lib,bu namunalar E.Ahmadxo‘jayev tomonidan o‘rganilgan.1

Lutfiy g‘azaliyotidan olingan she’riy parchalar aruzning turkiy bahrlari va vaznlarining tahlili va tadqiqi munosabati bilan berilgan.Bu she’riy parchalar yana shu jihatdan ahamiyatliki,Bobur bu baytlarni Lutfiy yashagan yoki unga yaqin davrda ko‘chirilgan shoir devonining qo‘lyozma nusxalaridan olgan.Bu jihatdan ham Bobur misol keltirgan Lutfiy g‘azaliyotiga doir baytlar matn nuqtai nazaridan ilmiy ahamiyatga egadir. Bulardan tashqari, ‘’Aruz risolasi’’da misolga olingan baytlarning deyarli barchasi Lutfiyning bizgacha yetib kelgan devonining qo‘lyozma nusxalarida uchrashi bilan birga ,ba’zilarida uchramaydi .Shuni aytish kerakki,Bobur o‘zi misol keltirgan har bir bayt yoniga uning muallifi nomini ,taxallusini,shu jumladan Lutfiy nomini ham izchil va aniq ravshan yozib qo‘ygan.Lutfiy ijodini va undan namunalarni Boburdek nihoyatda iste’dodli shoir va yirik olim tadqiqotida tahlil va tadqiq etilishi adabiyotshunoslikda Lutfiy merosini nazariy jihatdan o‘rganishda juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan qimmatbaho manbadir.’’2

Shoir g‘azallarini turli xil mavzuiy guruhlarga ajratishimiz mumkin.Ular:

1.Oshiqona.

2.Diniy-tasavvufiy.

3.Rindona.

4.Axloqiy-ta’limiy mavzudagi g‘azallar.

5.Tabiat tasviri aks etgan g‘azallar.

Shoirning ‘’Ey jamoling shami’ xurshidu qamar parvonasi’’,’’Ey sochingning soyasinda oftobi xovar’’,’’Mahvashim,bir nazar etsang,ne nimang o‘ksugusi’’,’’Bir tabassum birla la’ling meni xushnud etti’’,’’Kelmadi sentek jahonda dilbari ayyorae’’,’’Ey malaksiymo pari ishqing elindin oh-oh’’,’’Oy yuzung olida xijil husn eli Rumu Chin aro‘’ deb boshlanuvchi g‘azallari tamoman oshiqona ruhda bitilgan.

Muhabbat- Lutfiy g‘azaliyotining asosiy mavzusidir.Shoir mana shu azaliy mavzu atrofida hayotdan zavqlanish,olam go‘zalligidan bahramand bo‘lish,odamiylik,saxovat va yuksak insoniy fazilatlar :mehr,vafo,sadoqat kabilar haqida keng mushohada yuritadi. Shoir g‘azaldagi asosiy obraz ma’shuqani original baytlarda tavsif etadi.Shoir lirik obrazlarining turli holat va kayfiyati,kechinmalarini hayotiy misollar vositasida tasvirlaydi,bundan tashqari shoir g‘azallarida ijtimoiy-siyosiy mavzular haqida ham fikr yuritadi.Shoir g‘azallarining aksariyati ma’shuqa tavsifiga bag‘ishlangan.

Chu zulfungizdin bog‘ladim tarsolar bikin,

Imonim ortar dam-badam ,bu ne ajab zunnor erur?(57-bet)1

Shoir zunnor timsolidan mahorat bilan foydalanib,uni yor zulfiga tashbeh etarkan,tarsolar singari bu zunnor –zulfni bog‘laganida Haqqa bo‘lgan iymon-e’tiqodi tobora ortib borishi sababidan ajablanadi.Ma’shuqa labining jon baxsh etishi oldida shunday a’mol sohibi bo‘lgan Iso Masihning uyalishi talmeh san’atining ajoyib namunasi bo‘lib,Lutfiy g‘azalda ilgari surgan ilohsevarlik g‘oyasining badiiy ifodasiga g‘oyatda mos keladi.

Ey pari yuzluk begim,jonlar fido bo‘lsun sanga,

Dunyada husn oti bor erkan,baqo bo‘lsun sanga.(11-bet)1

Shoirning ushbu g‘azali ham oshiqona ruhda bo‘lib,yorni pariga mengzash orqali shoir o‘z jonini fido qilishga ham tayyor ekanligini oshkor etadi.Dunyoda husn bor ekan, u yorda abadiy bo‘lishini tilash orqali o‘zining yorga hayrixoh ekanligini namoyon etadi.

Suratingni kim ko‘rdi,qildi jono,jon fido,

Siyratingg‘a xud qilur olib farishta iqtido.(15-bet)

Sharq falsafasida surat va siyrat masalasi azaldan muhim mavzu bo‘lib kelgan.Odamning tashqi ko‘rinishiga qarab emas,balki ichki olamiga,ma’naviy qiyofasiga e’tibor asosiy o‘rin egallagan.Bu mavzu xalq og‘zaki ijodi janrlari uchun ham bosh mavzu hisoblanadi.’’Suratga emas, siyratga boq’’maqoli buning dalilidir.Bu mavzu she’riyatga ham ko‘chgan.Lutfiyning yuqoridagi g‘azalida yorning tashqi qiyofasini kim ko‘rgan bo‘lsa,jon fido qildi.Siyratidan esa farishta ham ko‘p bora unga taqlid qildi. Shoir bu baytda mubolag‘adan o‘rinli foydalangan holda go‘zal tashbehlar yarata oldi.

Shoir ijodida Ollohga hamd va payg‘ambarimizga bag‘ishlangan na’t g‘azallar ham talaygina.Zero, ‘’Zihi zuhuri tajalli yuzung safosinda’’,’’Pardadin chiqti-yu,zohir qildi rahmon suratin’’,’’Zihi sarv ustida yuzung qamardek’’,’’Ey oyati rahmat yuzungiz sha’nida nozil’’ deb boshlanuvchi g‘azallari diniy-tasavvufiy ruhda yozilgan.

Zihi sarv ustida yuzung qamardek,

Qani bir shoxi gul sen siymbardek.(123-bet)2

Lutfiyning ushbu g‘azali Ollohga hamd tarzida bitilgan.Olloh jamolini oyga qiyoslagan holda uning sarvdek tik ekanligini ham aytib o‘tadi.U bebaho deya ta’kidlab,unga teng keladigan hech bir jonzot yo‘qligini ham aytib o‘tadi.

Shoir ijodida rindona ya’ni may ta’rifidagi g‘azallar ham uchrab turadi.

Soqiyo,ko‘nglum tutuldi aqli nofarjomdin,

Sog‘are tutqil,meni qutqar g‘ami ayyomidin.(207-bet)1

Rindona g‘azallarga xos an’anaviy xususiyatlardan biri soqiyga murojaat tarzida namoyon bo‘ladi.Lirik qahramon noxushliklardan ko‘ngli buzilib soqiyga murojaat etadi. U uchun sog‘ar-may bu g‘am-anduhlarni ketkazishga qodir kuch.Shoir ijodida bu mavzuga ko‘p bora murojaat etganligini ko‘rishimiz mumkin.

Sharq mumtoz adabiyotida pand –nasihat,axloqiy mavzu yetakchi o‘rin egallagan.Shoirning

Ey,jafochi,tut g‘animat ko‘rkning davronini

Kim,kishi topmaydurur bu davrning poyonini.(265-bet)2

Shoir bu g‘azali orqali inson umri o‘tkinchi ekanligini ta’kidlaydi va undan o‘rinli foydalanish, vaqtni behuda o‘tkazmaslik,hayrli amallar va savob ishlar qilishga undaydi.

Malik ul-kalom g‘azallarida tabiat tasviri vositasida she’r qahramoni ichki kechinmalarini tasvirlash ham yetakchilik qiladi:

Yoz fasli barcha shod-u ko‘nglumiz g‘amnok erur,

Gul bikin jon ko‘nglaki hijron elindin chok erur.(51-bet)3

Shoir she’rlari uslubiy ravon va muxtasarlikka asoslangan.Shoir g‘azallarida tazod,tashbeh,talmeh,irsoli masal,mubolag‘a,talmeh, iyhom va boshqa ko‘plab badiiy san’at namunalaridan ustalik bilan foydalanadi va go‘zal baytlar yarata oladi.

Mehringdin ,ayo,oy-u falakka yetar ohim,

Qilmas,netayin,ko‘nglunga bir zarra siroyat.(29-bet)1

Lutfiy bu baytda mubolag‘aning g‘uluvv turidan foydalangan holda go‘zal bayt yaratganligini ko‘rishimiz mumkin.Ya’ni yorning mehridan oshiqning ohi falakka-da yetadi ammo bu yorning ko‘ngliga zarracha ham ta’sir etgani yo‘q.Oh-u fig‘onning falakka qadar yetishi bu aqlga sig‘maydigan holat bo‘lib ,shoir bu bayt orqali o‘zining ahvolini bayon qiladi.

Lutfiy o‘zining

Ul la’li labing birla tishing turfa tushibdur,

Kim ko‘rgali bor shakli surayyo shafaq ichra(221-bet)2

misralarida yor labini la’lga o‘xshatadi va tashbih san’atidan ustalik bilan foydalanib bayt mazmununi boyitadi.

Nargis ko‘zungning o‘xshashi qaysi chamanda bor?

Yuzung tarovati qachon, ey gul,sumanda bor?(102-bet)3

Baytidan shoirning maqsadi ma’shuqa ko‘zini chamandagi nargisga,yuzini gulga,sumanga o‘xshatishdir.O‘zini bilib bilmaslikka solish bilan shoir o‘xshatmasdan go‘yoki so‘rayotgandek bo‘lib ko‘rinmoqchi, xolos.Bu bayt orqali shoir tajohuli orif ya’ni ‘’bilib bilmaslikka olish’’ san’atidan foydalanib,g‘azal badiiyatini boyitadi.

Lutfiy mumtoz adabiyotda irsoli masal ‘’maqol kiritish’’ya’ni,she’riyat va nasrda ifodalanayotgan biron fikrni isbotlash uchun xalq maqolini keltirish san’atidan eng unumli foydalangan shoir hisoblanadi.U o‘zining ‘’Ayoqingg‘a tushar har lahza gisu…’’g‘azalida boshidan oxirigacha irsoli masal qo‘llash san’atidan mahorat bilan foydalangan.Bu baytlarning badiiy-estetik jozibasini ta’minlashga xizmat qiladi.Bir qofiya tizimiga tushadigan shuncha maqolni topib,ularni ustalik bilan qo‘llashi shoirning yuksak badiiy mahoratidan dalolat beradi.

Lutfiy o‘zbek adabiyoti tarixiga o‘zining betakror g‘azallari,yuksak badiiyat namunalari bilan o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.Lutfiy ijodiga bo‘lgan qiziqish ,uning ijodining ta’siri faqat O‘rta Osiyo bilan chegaralanib qolmasdan Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlariga ham yetib borgan.

1.2.Boshqa janrda yaratilgan she’rlaridagi g‘oyalar haqida

Lutfiy ijodi ham serqirra ijod namunalaridan sanaladi.Shoir faqat g‘azallar yaratishda mahoratli bo‘lib qolmasdan,balki boshqa janrlarda ham muvaffaqiyatli qalam tebratgan.Xususan,shoir o‘zbek mumtoz adabiyotida kichik she’riy janrlar sanalmish ruboiy,tuyuq,qit’a janrlarida ham barakali ijod qilgan.Lutfiy o‘zbek adabiyotida tuyuq janrini yuqori pog‘onaga olib chiqqan shoirdir.Shoir devonida 16ta tuyuq keltirilgan.Ular mavzu jihatdan xilma-xil.Asosiy mavzu esa ishq mavzusidir.Hajr azobi,yor vasliga intiqlik,yor jabridan shikoyat kabi mavzular qalamga olinganini ko‘rishimiz mumkin.

Men sening ilkingdin,ey dil,bandamen,

Vah,qachon yetkaymen ul dilbanda men.

Bevafolarg‘a meni qilding asir,

Sen menga sultonsen,ey dil,banda—men.(349-bet)1

Ushbu tuyuqda ,odatdagidek,tajnisli so‘zlar qofiya bo‘lib kelgan va ular quyidagi ma’nolarni anglatadi:


  • Dil,bandanen—yurak,men bandaman (boglanib qolganman);

  • Dilbanda men –dilbandga men;

  • Dil,banda-men—yurak,banda(qul)—men.

Misralar talqin etilsa ,quyidagicha mazmun kelib chiqadi:

Men sening dastingdan ,ey dil ,banddaman(bog‘lanib qolganman),evoh men qachon u dilbandga yetgayman?Ey dil,meni bevafolarga asir qilding,sen menga sultonsan,banda( qul)-men.

Ey,ko‘ngul yorsiz sanga ne bor,bor

Qaydakim ul zulfi anbarbor, bor.

Chek jafou javru nozi borini,

Bir kun o‘lg‘aykim ,degaylar :’’Bor-bor’’(348-bet)1

Ushbu tuyuqda misralar quyidagicha mazmun kashf etadi:

-ko‘ngil,yorsiz senga nima bor,bor(ketaver);

-ul zulfi anbar taratuvchi bor,bor(mavjud);

-barcha javru jafolarini cheksang:

-baribir bir kun ‘’Bor-bor’’deydi.

Bu tuyuq orqali ma’shuqaning bevafoligi,oshiq qancha kuyib yonmasin baribir oxirida ketaver deb quvib solinishi holati tasvirlangan.Lutfiy tajnisli so‘zlarni yuqori mahorat ila misralar qatiga jo qilganki ,bu shoir tuyuqlarining nodir mazmun kashf etishini ta’minlagan.

Shoir ruboiylari ham o‘ziga xos lutf kasb etganini ko‘rishimiz mumkin.Shoir ruboiylari turli mavzularni qamrab oladi.Bu mavzular qanchalik turfa bo‘lmasin ,ularning mazmunida yotgan bosh g‘oya pand-nasihat va axloqiy mavzulardir.Shoir ruboiylari soni 27ta.

Ey ko‘ngul,bu yo‘lda ne g‘amdur sanga

Kim,xayoli yor bayramdur sanga.

Sevdung o‘z haddingdin ortuq yorni,

Gar seni kuydursalar kamdur sanga!(344-bet)1

Bu ruboiy ko‘ngulga murojaat bilan boshlanadi.Ya’ni lirik qahramon ko‘ngildir.Oshiqlik yo‘lida senga nima g‘am bor ya’ni sen nima qilasan oshiq bo‘lib senga yor xayolining o‘zi bayram emasmi?O‘z haddingdan ortiq yorni sevding,seni kuydursalar ham kamdir degan mazmun kelib chiqadi.Bu ruboiy bilan shoir har kim o‘z haddini bilsin mazmunini yoritib berayotgani shubhasiz.

Shoirning yana bir ruboiysi

Furqatingni chekkali jon qaydadur,

Sabr etarg‘a sonsiz imkon qaydadur.

Bizni bir yo‘li faromush ayalading,

Ul burunqi ahdu paymon qaydadur?(344-bet)

Ruboiy lirik qahramonning yorga murojaatini aks ettiradi.Sening hajringni ko‘tarishga jon qayda,sabr etarga sonsiz imkonim qayda bizni xaf qildingki, biz kelishgan ahd-u paymonlar qayerda qoldi ?Yor ma’shuqa ishqida nihoyatda og‘ir ahvolga tushganki,o‘zining joni qolmaganligini bayon qilmoqda.Ruboiy mazmuniga singdirilgan ma’no mubolag‘a va savol shaklida yanada boyiganligini kuzatishimiz mumkin.

Lutfiy fardlari ham badiiy jihatdan ancha mukammal namunalardir.Shoir devonida 32ta fard namunasi keltirilgan. Fardlar mavzusi ham xilma-xil.Yorga oshiqlik,do‘slik va dushmanlik munosabatlari,soqiyga,ko‘ngilga murojaat etgani holda dunyo o‘tkinchiligi,hech kim bu omonat dunyoda umrboqiy emasligi kabi mavzualr qalamga olingan. Lutfiy fardlarida turli xil badiiy san’at namunalarini ham kuzatamiz.

La’ling tamannosida o‘z holimni ko‘rguzsam biror,

Barcha munajjim tole’im ichra manga qon ko‘rguzur.(340-bet)1

Ushbu fard oshiqning yorga murojaati tarzida bo‘lib, labing orzusida munajjimlarga o‘z holimni ko‘rsatsam,baxtim men uchun qon ko‘rinadi degan mazmun kelib chiqadi.Oshiq yorning vasliga qanchalik umidvor bo‘lmasin, baribir yor unga parvo qilmaydi. Baytda la’l va qizil so‘zlarini ma’nolar tarkibiga ustalik bilan kiritilgani shoirning yuksak mahorat sohibi ekanligidan dalolat beradi.

Shoir fardlari turli xil mazularda ekanligini yuqorida ta’kidlab o‘tgan edik.Xususan,ularda yaxshilik va yomonlik ,yor ta’rifi,so‘z ta’siri,do‘stlik va dushmanlik masalalari aks etganini ko‘rishimiz mumkin.

Og‘zing bila tenglik taloshur ,pista uyalmas ,

U og‘zi ochuq boyg‘izining puchlug‘ini ko‘r.(342-bet)

Bu fardda shoir tamsil va mubolag‘adan mahorat ila foydalangan.yorga murojaat tarzidagi bu baytda yorning og‘zi shu darajada kichikki, go‘yo pista uyalmasdan unga tenglashmoqchi bo‘ladi.Shoir bu bilan mubolag‘aning tablig‘ turida mahorat ila foydalangan.Keyingi misrada esa pista yorning og‘zi bilan qanchalik talashmasin, u baribir puch ekanligini shoir nihoyatda yuksak badiiyat ila bayon qiladi.Pistaning puchligini ko‘rsatish orqali shoir tamsildan unumli foydalanganini ko‘rish mumkin.

Shoirning og‘iz ta’riflangan yana bir fardiga diqqat qiladigan bo‘lsak

Obi hayot birla nabot og‘zing oldinda,

Biri hayoti bo‘lg‘ayu biri nabotidur.(343-bet)1

kabi go‘zal o‘xshatishga duch kelamiz.Bu baytda shoir mubolag‘a vositasida yorning nihoyatda go‘zal qiyofasini yarata oladi.Ma’shuqaning og‘zi oldida abadiy tiriklik suvi sanalmish obi hayotning biri suv va biri nabot bo‘lib qolishini ta’kidlaydi.

Sham’i majlisga berur nur ul safoliq orazing,

Bu masal ravshandurur,oreki,yog‘-yoqqa tomar.(342-bet)

Yorning yuzi majlisga nur sochib turibdiki,bunga misol tariqasida ‘’yog‘-yog‘ga tomadi’’ maqolini keltirib o‘tadi.Ishimizning oldingi boblarida Lutfiyning g‘azallarda irsoli masal qo‘llash borasidagi badiiy mahorati to‘g‘risida to‘xtalgan edik.Ushbu fardda ham irsoli masal namunasini ko‘ramiz.Sham yoki chiroq uzoq asrlar mobaynida ko‘plab durdona asarlarning yaratilishiga guvoh bo‘lgan vositalardir. Fardda majlisda sham o‘rnini yorning yuzi egallagan.Yorning yuz nuri sham yog‘i ustiga tomgandek mazmun anglashiladi. Shoirning boshqa fardlari ham yuksak badiiy mahorat bilan yaratilgan.

Mavlono Lutfiy faqat mahoratli g‘azalnavis shoir bo‘lib qolmasdan,boshqa she’riy janrlarda ham muvaffaqiyatli ijod sohibidir.Shoir she’riyati mavzular olami va badiiyati o‘zbek adabiyotini yuqori pog‘onaga ko‘tardi.



II-bob.Lutfiy qit’alari va ularni yozishda shoirning badiiy mahorati

2.1.Lutfiy qit’alarining mavzulari haqida

O‘zbek mumtoz she’riyati janr e’tibori bilan juda boy va xilma-xildir.Undagi janrlar faqat shakliy belgilari paydo bo‘lish tarixi ,taraqqiyot tamoyili yoki mavzu xususiyatlari bilan emas,ifoda usullari,tili ,obrazlar tizimi,poetik ruhi jihatidan ham bir-biridan ajralib turadi.Har bir lirik janr voqelikni,inson fikr va his-tuyg‘ularini o‘z badiiy ifoda usullari hamda xarakteriga mos tarzda tasvirlaydi.Shuning uchun ularni mohiyat -e’tibori bilan biri ikkinchisiga uncha o‘xshash bo‘lmagan,o‘z-o‘zicha tugal deyish mumkin.

‘’Sharq adabiyotida qit’a janri hali g‘azalning shakllanish jarayoni boshlanmasdanoq to‘la takomil topgan.Bu janrning Rudakiygacha bo‘lgan davrlardagi shoirlar ijodida keng o‘rin egallaganligi shundandir.Bu haqida akademik Abdug‘ani Mirzoyev g‘azalga bag‘ishlangan qimmatli risolasida ham fikr bildirgan.Shu o‘rinda ikki narsani alohida ta’kidlash zarurga o‘xshaydi.

1.O‘tmishda goho qasida va g‘azaldan yulib olingan teran mazmunli she’riy parchalar ilm va adabiyot ahli o‘rtasida ‘’qit’a’’deb atalgan.Biroq bunda istilohiy ma’no ko‘zda tutilmagan.Bundan tashqari,o‘zining barqaror nazariy qonuniyatlariga amal qilinmay yaratilgan kichik hajmdagi lirik she’rlarga ham qit’a nomi berilgan.Masalan,ruboiynavis shoir ruboiy uchun belgilangan an’anaviy qonun-qoidalardan chekingan bo‘lsa,u yaratgan to‘rtlik mazmunan qanchalik teran va jozibali bo‘lmasin,baribir ruboiy emas,’’…soddacha qit’a’’deyilgan.Bunday she’rlarning qit’a deb nomlanishidan qat’iy nazar,ularning qit’a janridagi she’rlar bilan aloqasi yo‘qligi izohsiz anglashiladi,albatta.

2.Klassik shoirlarimiz ba’zan oldin yozilgan qit’alari asosida yangi qasida va g‘azallar yaratishgan.Bu fakt ham qit’aning g‘azal bilan to‘la uyg‘un bo‘lgan,degan g‘oyani ilgari surishga imkon bermaydi.’’1

Ma’lumki,Alisher Navoiy Husayn Boyqaroning podshohlik taxtiga chiqishi munosabati bilan’’ Hiloliya ‘’qasidasini yaratgan.Ana shu materialning u yoki bu qirrasini shoir o‘zining bir qancha ruboiy va qit’alarida ham yoritib bergan.Biroq Navoiy har gal bu mavzuga har bir janrning talab va imkoniyatlarini hisobga olgan holda munosabatda bo‘lgan.

Qit’a (ko‘pligi muqattaot) arabcha so‘z bo‘lib,lug‘aviy ma’nosi parcha,bo‘lakdir.Istilohda qit’a o‘zining alohida poetik belgilariga ega,mavzu yo‘nalishi qat’iy chegaralanmagan ikki yoki undan ortiq baytli she’r ma’nosini bildiradi.

‘’Eron olimlaridan bir Muhammad Rizo Doyi Javod qit’ani quyidagicha ta’riflaydi: Biror narsaning parchasi lug‘atda qit’a deb ataladi.Adabiy istilohda ikki baytdan kam bo‘lmagan,o‘ziga xos qofiya va vaznga ega bo‘lgan she’rlarga qit’a deyiladi.Qit’ada yagona bir maqsad bayon etiladi va u mantiqan intihosigacha yetkaziladi.Qit’aning qofiya xususiyati unda birinchi bayt o‘zaro qofiyalanmaslik bilan xarakterlanadi’’1

‘’Qit’a shakl tomondan ham,mazmun jihatdan ham o‘ziga xos qator sifatlarga ega janr.Odatda,qit’aning birinchi bayti qofiyalanmaydi.Uning qofiyalanish tarzi: ab,vb,db,gb shaklidadir.Bu janr hajm jihatdan konkret chegarani bilmaydi.Qit’a ikki baytdan boshlab ,o‘n va o‘ndan ortiq miqdorda bo‘lishi mumkin.Sharq poetikasida kichik hajmdagi qit’alar ‘’ali ul taloq qit’a’’,to‘rt baytdan ortiqlari esa ‘’qit’ayi kabir’’ deb nomlangan.’’Ali ul-taloq qit’a’’- fasohatli,xushbayon va muxtasar ma’nolarni bildiradi.Shoirlar ko‘pincha xuddi shu xildagi qit’alardan yozishga intilganlar.Bu masalada shuni aytish lozimki,o‘zbek adabiyotida umuman to‘rt baytdan ortiq miqdordagi qit’alar siyrak uchraydi.Bu tasodifiy holat emas,albatta.Chunki ,birinchidan, qit’a o‘zining xarakteri ,poetik ruhi bilan ixchamlikka ,konkretlikka dohil janr.Ikkinchidan,klassik shoirlarimiz shakl tanlashda mumkin qadar ixchamlikka intilganlar.Qisqa shaklda katta mazmunni sig‘dirishni badiiy mahoratining muhim belgilaridan deb bilganlar.Bundan tashqari qit’a aksar badiha tarzida aytilganini qo‘shsak,mohiyat yanada oydinlashadi.’’2

‘’Taniqli Sharqshunos E.Bertels qit’ani Yaqin Sharqning deyarli barcha devonlaridagi ‘’…mazmun e’tibori bilan juda boy va qiziqarli bo‘lim’’ekanligini qayd qilgan edi.’’3

Qit’aning mavzu ko‘lami hayot qadar keng va tarmoqli.Bu jihatdan Sharq lirikasidagi birorta ham lirik janr qit’aga tenglasha olmaydi.Unda ijtimoiy-siyosiy,falsafiy,axloqiy-ta’limiy va ishqiy masalalar ifodalangan.Bu janrda shoirlar hayot zavqi,umid va ishonch,insoniylikni ulug‘lash ,odob va tarbiya masalalari,e’tiqod va burch,el va yurtga muhabbat,so‘fiyona kayfiyatlar,zamondan shikoyat va boshqa ko‘plab mavzular qalamga olingan.Bu janr ma’lum bir poetik qonunlarga bo‘ysunmagan.Bu o‘z navbatida,qit’ada turli-tuman hayotiy g‘oyalarni talqin etishga keng imkoniyat tug‘diradi.Bu janr ortiqcha bo‘yoqdorlikni talab qilmaydigan janr hisoblanadi.Qit’ada kundalik turmush bilan bog‘liq hayotiy detallar boshqa janrlarga qaraganda ko‘proqdir.Qit’a tilida ortiqcha bo‘yoqdorlik yo‘q bo‘lib,ba’zan unda turli xil xalq iboralaridan,maqollaridan va qo‘pol, dag‘al so‘zlardan ham keng foydalaniladi.

Demak,qit’a mumtoz adabiyotda g‘azal,ruboiy kabi mustaqil bir lirik janr hisoblanadi.U o‘ziga xos obrazlar tizimi,kompozitsiyasi va ifoda usullariga ega janrdir.U g‘azalning yulib olingan bir bo‘lagi emas,balki Sharq adabiyotida g‘azaldan ancha oldin paydo bo‘lgan va shakllangan janrdir.U ikki baytdan kam bo‘lmagan holda,o‘zida ijtimoiy-siyosiy,axloqiy-ma’rifiy va boshqa ko‘plab mavzu doirlarini qamrab olgan janrdir.

Boshqa ko‘plab janrlarda ijod etgan Lutiy qit’a janrida ham o‘z ijod yo‘liga ega. Lutfiy devonining asosiy qismini g‘azal janri tashkil etgani holda,qit’a janri uncha ko‘p o‘rinda uchramaydi.’’Devon’’1 uning butun umri davomida yaratgan lirik asarlarini qamrab oladi.Ushbu devonida g‘azal ,ruboiy,qit’a,tuyuq, va fardlaridan iborat ona tilida yaratilgan she’rlaridan tashqari fors-tojik tilida yaratilgan ijod namunalari ham keltirib o‘tilgan.Shoir ‘’Devon’’ida qit’alar soni 9ta.Ularning deyarli barchasi ishq-muhabbat,yorga oshiqlik tarzidagi mavzulardan iborat. Shoirning ‘’Aqlu jonning ofati,din g‘orati’’deb boshlanuvchi qit’asi ijtimoiy mavzudagi qit’a namunasi bo‘lsa,’’Bermagil derlar vafosizg‘a ko‘ngul’’,’’Zoti pokingni ko‘rub aytur falak’’,’’Ey qaroqchi ko‘zli dilbar,o‘yla bil’’,’’Ishqing o‘ti jon uyig‘a tushgali’’,’’Ko‘rmadi inson munungdek nozanin’’ deb boshlanuvchi qit’alari oshiqona mavzuda yozilgan.’’To‘ng‘a sig‘masmen farahdin gul kibi’’ deb boshlanuvchi qit’asi esa hasbi hol tarzida bitilgan.

Shoir qit’anavislikda o‘z badiiy mahoratini ifodalashda,so‘z qo‘llashda o‘ziga xos badiiy uslubini namoyon qila olgan.

Bermagil derlar vafosizga ko‘ngul,

Kim,aning no‘shindin ortiq neshi bor.

Uzmagaymen la’lidin o‘lsam umid,

Jon mening jonim,kishining neshi bor.(351-bet)1

Ushbu qit’a Lutfiyning mashhur qit’alaridan biri sanaladi.Uning mazmuni quyidagicha: vafosizga ko‘ngil bermagil chunki,uning vasliga yetmoqchi bo‘lsang,(nesh) achchiq og‘udan boshqa narsa topmaysan deydilar.Lirik qahramon esa o‘z maqsadida sobit turib olgan. O‘lsamam ma’shuqa visolidan umid uzmayman ,jon meniki odamlarning nima ishi bor?Shoir bu qit’ada nesh so‘zini 2xil ma’no ( zahar ,o‘g‘u va nima ishi) da qo‘llab,so‘z tanlashdagi yuksak iqtidorini namoyon eta olgan.Ya’niki, bu tajnis so‘zlar vositasida shoir qit’aning badiiy darajasini yanada oshirgan.

Shoir qit’alarida har bir kichik detalgacha e’tibor bilan yondashgan ,ya’niki, Lutfiy lutfidan har bir misra lutf topgan.

Shoir ijodida ishq-muhabbat mavzusi doimo yetakchilik qilib kelgan.Lutfiy she’riyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bir mavzu zamiriga yana bir mavzuni ustalik bilan singdirishdan iborat.Masalan:

Aqlu jonning ofati,din g‘orati,

Har ne bor ul ko‘zi birla qoshdadur.

Ketmadi savdosi hargiz boshtin,

Rost ayturlarki, ‘’Davlat boshdadur’’.(351-bet)

Bu qit’a bir qarashda ishq –muhabbat mavzusidagi she’rga o‘xshab ketadi.Ammo uning mohiyatiga chuqur e’tibor berilsa,qit’a tarkibiga kiritilgan ‘’Davlat boshdadur’’masali zamirida bir qancha mazmun ifodalanganini ko‘rishimiz mumkin.Aql va jonga ofat keltiradigan,dinni vayron qilish ko‘z bilan qoshning odatidir.Yor savdosi boshdan hech ketmaydi,’’Davlat boshdadur’’deb rost aytadilar.’’Davlat boshdadur’’ maqoli ‘’Aql va davlat boshda’’maqoliga teng keladi.Hamma narsa insonning aqlidan quvvat olib o‘sadi.Davlat,boylikning inson qo‘lida to‘planishi aql mahsulidir ya’ni davlat aql bilan to‘planadi.Shoir bu qit’ada yor vasli orzusi bilan birga ijtimoiy mavzularni ham singdirib o‘tadi.

Shoir qit’alarida o‘z hayoti bilan bog‘liq shodlik ,xursandchilik holatlarini ham yuqori pafosda namoyon etadi.

To‘ng‘a sig‘masmen farahdin gul kibi ,

Kelsa ul sarvi ravon bir-bir manga.

Muncha yil ketgan bu baxt-u davlatim,

Shukrillahkim,kelur bir-bir manga.(351-bet)

Bu qit’a shoirning o‘z hayotidan mamnunligini,hayot yo‘lida hamma narsa izga tushib, asta-sekin o‘zgarib borayotganini bayon etadi.Shoir bu uchun Allohga shukrlar keltiradi va bu orqali o‘zining solih shaxs ekanligini ham namoyon etib boradi.Shoirning ma’shuqadan shikoyat etgan o‘rinlari ham mavjud.

Furqatingdin bo‘lmisham zoru zaif,

Tengri uchun, mundin ortiq qilma zor.

Chun mening qonimni to‘ktung hajr ila,

O‘z eshiging tegrasinda qil mazor.(351-bet)

Bu qit’ada ma’shuqa hajrida ado bo‘lgan oshiq yorning bu jabrini tugatishini so‘raydi.Yorning o‘zi uchun tugatmasa-da, Alloh uchun tugatishini so‘raydi.Oshiq sevgi va sadoqat bobida shunchalik yaktoki,yor hajrida bu dunyoni tark etsa ham ma’shuqa eshigini o‘ziga mozor qilishni istaydi.Oshiq yor hajrida qancha qon to‘kmasin, baribir ma’shuqa uchun jonini fido qilaveradi.

Darhaqaqiqat,shoir qit’alari mavzular olami rang-barang va beqiyos. Lutfiy qit’alarida yorga oshiqlik,vafo,sadoqat,hajr azobi,yordan shikoyat,o‘z hayotidan mamnuniyat,shodlik,quvonch kabi mavzular yoritilgan.Shoir qit’alari yuksak badiiyat namunalaridir.



2.2.Shoirning qit’anavislikdagi badiiy mahorati

Musulmon Sharq poetikasining tarkibiy qismlaridan biri nutqqa bezak beruvchi san’atlar,ularning o‘ziga xos jihatlari,fikrni go‘zal mazmunli ifodalash usullarini o‘rganuvchi soha ‘’ilmi badi’’ bo‘lib,uning asosini mumtoz she’riyat,ba’zan nasrda keng ishlatilgan va zamonaviy adabiyotda hozir ham qo‘llanilayotgan badiiy san’atlar tashkil qiladi.Shundan kelib chiqib,ilmi badi’ ‘’sanoyi ilmi’’ deb ham yuritiladi.

‘’Ilmi badi’ga doir dastlabki asarlar arab tilida yaratilgan bo‘lib,ularga Ibn Mu’tazning ‘’Kitob ul-badi’’’ (9asr) ,Nasr binni Hasanning ‘’Mahosin ul-kalom’’(9-10asrlar),Qudama ibn Ja’farning ‘’Naqd ush-she’r’’(10asr) asarlari kiradi.Ilmi badi’ fors-tojik adabiyotshunosligida o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarildi.Umar Roduyoniyning ‘’Tarjimon ul-balog‘a’’ (9asr),Rashididdin Vatvotning ‘’Xadoyiq us-sehr’’(12asr),Shams Qays Roziyning ‘’Al-mo‘jam’’(uchinchi qism,13asr),Vohid Tabriziyning ‘’Jam’i muxtasar’’(16asr) kabi asarlari shu sohaga bag‘ishlangan mumtoz asarlar sifatida alohida ahamiyatga ega.Turkiy tilda ilmi badi’ masalalari nazariy jihatdan aks etgan dastlabki asar sifatida Shayx Ahmad Taroziyning ‘’Funun ul-balog‘a’’ (1436-1437) risolasini keltirish mumkin.Risolaning uchinchi qismi badiiy san’atlar tahliliga bag‘ishlangan bo‘lib,unda 97 san’at turi haqida so‘z boradi.

Ilmi badi’ga doir nisbatan mukammalroq asar Atoulloh Husayniyning ‘’Badoyi’ us-sanoyi’’ (15asr) risolasi bo‘lib,unda ilmi badi’ tarixida ilk marta badiiy san’atlar uch katta guruhga: ma’naviy,lafziy va mushtarak san’atlarga ajratilgan.’’1

O‘zbek adabiyotida keyingi davrda bu borada ko‘plab tadqiqotlar qilindi,o‘quv qo‘llanmalar yaratildi.Y.Is’hoqovning ‘’So‘z san’ati so‘zligi’’,A.Hojiahmedovning ‘’Mumtoz badiiyat malohati’’,’’She’riy san’atlar va mumtoz qofiya’’,’’She’riy san’atlarni bilasizmi?’’kitoblari va T.Boboyevning ‘’She’r ilmi ta’limi’’kitoblari

shular jumlasidandir.Badiiy san’atlar masalasi ko‘plab ilmiy tadqiqotlar mavzusiga aylandi.Bu masala qancha o‘rganilmasin,tadqiqotlar davomida yangi-yangi qirralari ochilib boraveradi.Biz bu ishimiz orqali Mavlono Lutfiy qit’alarida qo‘llangan lafziy san’atlarni tadqiq qilishga harakat qilamiz.

‘’ Lafziy san’atlar nutqning ifoda usuli,xususan so‘z shakli bilan aloqador san’atlar bo‘lib,Atoulloh Husayniy ular sirasiga tarsi’,tajnisli tarsi’,tajnis,radd(qaytarish)san’ati va uning turlari,qalb va uning turlari,saj’,tashtir,tajziya,tasri’,tasmit,aks,tardid,tashri’,zulqofiyatayn,tavshih,talavvun,mulamma’,muqatta’,muvassal,jam’ ul-huruf,mudavvar,mushokala va boshqa san’atlarni kiritadi.Olimning fikricha,lafziy san’atlar ijodkor yetkazmoqchi bo‘lgan fikrni yuksak badiiy shaklda ifodalashga xizmat qilishi kerak.’’1

Atoulloh Husayniy lafziy san’atlarni barcha go‘zalliklarning asosi deb ta’riflaydi. Lafziy san’atning asosi shuki, so‘zlarni ma’noga tobe qiladi. Umuman aytganda esa, nutq shunday bayon etiladiki, ma’noni tushunishga, uning latofatiga,tarkibi va sog‘lomligiga hech bir xalal bermaydi. Lafziy san’atlar ko‘p va xilma-xildir.

‘’Mumtoz she’riy san’atlar Z.Mamajonov tomonidan ham tasnif qilingan bo‘lib, olim ularni yuzaga kelish asosi nuqtai nazaridan 12 guruhga ajratadi. Uning tasnifida lafziy san’atlar asosan takror asosidagi san’atlar (tajnis,tavzi’,ishtiqoq,radd(qaytarish),tardu aks,tardid,taattuf,mukarrar,takrir,radd ul-matla’,tarji),ohangdoshlik(qofiyadoshlik)asosidagi san’atlar (tarsi’,saj’,mumosala,tashtir,tajziya,tasri’,tashri’,e’not va b.),shakl o‘yinlari asosidagi san’atlar (tavshih,talavvun,tarofuq,murabba’,mu’aqqad,mudavvar,mushajjar va b.),yozuv asosidagi san’atlar (istihroj,musahhaf,tajnisi xat,qalb,muqatta’,muvassal va b.)degan guruhlar tarkibida o‘rganilgan.’’2

Turli xil tasniflarning ijobiy jihatlarini e’tirof etgan va umumiy tarzda ulardan foydalangan holda Lutfiy qit’alari tahlili davomida asosiy manba sifatida Atoulloh Husayniyga suyanamiz. Bundan tashqari, biz o‘z ishimizda Anvar Hojiahmedovning ‘’She’riy san’atlar va mumtoz qofiya’’,’’Mumtoz badiiyat malohati’’ asarlaridan ham unumli foydalanishga harakat qildik.



Tajnis. Lug‘atda’’ biror narsa bilan o‘xshash bo‘lmoq ‘’degan ma’noni anglatadi. Ya’ni ikki yoki undan ortiq so‘zning nav va turlari bayon etilgan ko‘rinishlardan birida bir-biriga o‘xshamoqdir. U ikki turlidir: lafziy jins va g‘ayri lafziy jins. Garchi, ba’zi hollarda bular qo‘shilsa ham, aslida o‘rni bilan bir biridan ajralib turadi.

Tajnislar so‘zlarning shaklan bir xilligi yoxud yaqinligiga ko‘ra ikki turlidir. Ikki so‘z ham unli, ham undoshlari jihatidan bir-biriga to‘la mos bo‘lib tushsa, bu xil tajnislarni tajnisi tomm, ya’ni to‘liq tajnis deb yuritiladi. Bunday tajnislar bir xil yoki ikki xil so‘z turkumi bilan ifodalanishiga ko‘ra mumosil va mustavfiy tajnislarga bo‘linadi. Aynan shakldosh ikki so‘z bir xil so‘z turkumiga mansub bo‘lsa,mumosil tajnisni, ikki xil so‘z turkumiga mansub bo‘lsa, mustavfiy tajnisni hosil qiladi.

Bermagil derlar vafosizg‘a ko‘ngul

Kim,aning no‘shindin ortuq neshi bor.

Uzmagaymen la’lidan o‘lsam umid,

Jon mening jonim,kishining neshi bor(351-bet)

Shoirning ushbu qit’asidagi ‘’neshi’’ so‘zlarining biri ot so‘z turkumida bo‘lsa,biri birikma tarzida ifodalangan butunlik shaklida namoyon bo‘ladi.Birinchi misradagi neshi so‘zi ‘’nish ya’ni insonga zarar yetkazuvchi a’zo‘’,ikkinchi misradagi neshi so‘zi esa ‘’nima ishi bor’’ ma’nosini bildiradi.Bu ikki so‘z ikki turkumga mansub bo‘lgani uchun mustavfiy tajnisi tomm hisoblanadi.

Tajnisi murakkab.Tomm (to‘liq) tajnislarning bir turi murakkab (tarkibli) tajnis deb ataladi.Bu xil tajnislarda shakldosh so‘zlarning biri bir so‘zdan , boshqasi ikki so‘zdan iborat bo‘lishi mumkin.

Ey qaroqchi ko‘zli dilbar,o‘yla bil,

Jon ayoman sen kibi jononadin.

Husnu lutfu suratu ma’ni bila

Tug‘magay sentek yana jon onadin.(352-bet)

Lutfiy ushbu qit’asidagi ‘’jonona’’ va ‘’jon onadin’’ so‘zlari o‘z tarkibiga ko‘ra murakkab tajnisi tommni yuzaga keltirgan.Tajnisi tommning bu ko‘rinishi ayniqsa tuyuq janridagi asarlarda keng qo‘llanadi.Bunga Lutfiy ijodidagi ko‘plab tuyuqlarni misol keltirishimiz mumkin.Shoirning badiiy mahorati bu badiiy san’at turini qit’alari tarkibiga ham ustalik bilan singdira olgan.



Tajnisi zoyid. Tajnisi zoyid ‘’orttirilgan tajnis’’ ma’nosini bildiradi.Bu xil tajnislarda shaklan o‘zaro yaqin so‘zlarning birida bir-ikki harf bo‘ladi,shu harflar tushirib qoldirilsa,so‘zning qolgan qismi ikkinchi so‘zga harf jihatdan mos tushib tajnisi tomm hosil qilishi mumkin.Tajnisi zoyidlarda so‘z boshi,o‘rtasi yo oxirida bir emas,ikki harf ortiqcha kelishi ham mumkin.Chunonchi shoirning

Furqatingdin bo‘lmisham zoru zaif,

Tengri uchun,mundin ortiq qilma zor.

Chun mening qonimni to‘ktung hajr ila,

O‘z eshiging tegrasinda qil mazor (351-bet)1

qit’asidagi ‘’mazor’’so‘zi boshida ‘’zor’’ so‘ziga nisbatan ikki harf ortiqcha qo‘llangan.Bu hol har ikki so‘z asosida tajnisi zoyid hosil qilishga to‘siq bo‘lolmaydi.

Shoirning boshqa qit’alarida ham tajnisi zoyid namunalari uchraydi.

Xususan:


Ko‘rmadi inson munungdek nozanin,

Ko‘rguzur go‘yo malak yuz,yo pari.

Barcha jon devonau shaydo qilur

Zulfi anbarbor ila yuz yopari (352-bet)1

Ushbu qit’ada esa ‘’ yopari ‘’ ya’ni yuz yopmoq ma’nosida kelgan so‘z ikkinchi misradagi ‘’pari ‘’ so‘zidan ikki harf ortiqchaligi bilan tajnisi zoyidni tashkil etadi.

Tajnisi muzori’.Tajnisning bu turi qo‘llanganda shaklan yaqin bo‘lgan ikki so‘z boshi,o‘rtasi yoki oxiridagi bir ,ba’zan ikki harf bir-biridan farqlanib,qolgan qismi mos bo‘ladi.

Aqlu jonning ofati,din g‘orati,

Har ne bor ul ko‘zi birla qoshdadur.

Ketmadi savdosi hargiz boshtin,

Rost ayturlarki ‘’Davlat boshdadur’’.(351-bet)2

Ushbu qit’adagi ‘’qoshdadur’’ va ‘’boshdadur’’so‘zlari so‘z boshidagi bir harf farqi bilan tajnisi muzori’ ni hosil qilmoqda.

Tajnisi muzori’ so‘zlar boshi va o‘rtasidagi ikki harf bir-biridan farqlanganda ham hosil qilinishi mumkin.

Tajnisning yana bir qancha ma’no turlari mavjud.Biz ishimizda Lutfiy qit’alarida qo‘llangan turlarinigina yoritishga harakat qildik.



Tanosub.She’r baytlarida ma’no jihatidan bir-biriga yaqin tushunchalarni anglatuvchi so‘zlarni qo‘llab,ular vositasida obrazli ifodalar,lavhalar yaratish san’ati tanosub deb ataladi.

To‘ng‘a sig‘masmen farahdin gul kibi,

Kelsa ul sarvi ravon bir-bir manga.

Muncha yil ketgan bu baxtu davlatim,

Shukrillahkim,kelur bir-bir manga(351-bet)

Lutfiyning ushbu qit’asidagi farah(shodlik,quvonch),baxt,davlat so‘zlari shoirga o‘z hayotidan mamnunlik munosabatini ta’sirchan ifodalashga yordam bergan.

Aqlu jonning ofati,din g‘orati,

Har ne bor ul ko‘zi birla qoshdadur.

Ketmadi savdosi hargiz boshtin,

Rost ayturlarki ‘’ Davlat boshdadur’’(351-bet)

Shoirning ushbu qit’asidagi jon,ko‘z,qosh,bosh so‘zlari o‘zaro bir guruhga mansub bo‘lib,tanosub san’atini yuzaga keltirgan va qit’a ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan.

Ta’dil.’’To‘g‘rilamoq’’ ma’nosidagi bu so‘z she’rda sodda otlarni tartib bilan keltirish san’atini ifodalaydi. Lutfiyning

Sabru hushu aqlu dinu dil bari

Bordi-yu, qoldi duochi yolg‘uzun.

Oh urub faryod etarman sensizin,

Bu vujudimdin qilibtur yolg‘iz un.(353-bet)

baytlarida sabr,hush,aql,din,dil so‘zlari –sodda otlar ma’lum tartibda keltirilgan bo‘lib,keyingi misralarda ularga oid fikrlar keltiriladi.

Yana bir qit’adagi baytda ta’dil san’ati namunasini uchratamiz:

Husnu lutfu suratu ma’ni bila

Tug‘magay sentek yana jon onadin (352-bet)1

baytida husn,lutf,surat sodda otlari ta’dil san’atini yuzaga keltirib qit’a ta’sirchanligini ta’minlagan.



Insho.She’rdagi ifoda usullarini anglatuvchi bu san’at tamanni’,nido,istifhom,amr va nahiy degan to‘rt usulni o‘z ichiga oladi.

Nido.She’riyatimizda juda keng qo‘llangan nido usuli lirik qahramonning boshqa shaxslarga,narsalarga xitob qilishi,ularga murojaat etgan holda o‘zining ichki kechinmalari,tuyg‘ulari,tilaklari,mulohazalarini bayon qilishini nazarda tutadi.Bu xil tasvir asardagi ma’naviy qiyofalarni jonliroq,ta’sirchanroq ifodalashga xizmat qiladi.

Lutfiyning

Ey qaroqchi ko‘zli dilbar,o‘yla bil,

Jon ayoman sen kibi jononadin.

Husnu lutfu suratu ma’ni bila

Tug‘magay sentek yana jon onadin (352-bet)1

Lutfiy bu qit’asi orqali yorga qaroqchi ko‘zli dilbar deya murojaat qilmoqda.Yor ta’rifida bunday go‘zal tashbih yaratish Lutfiyga xos lutf namunasidir.

Nido usuli diniy mazmundagi asarlar –hamd,na’t,munojot va boshqalarda Ollohga,payg‘ambarga iltijo tarzida qo‘llansa,ishqiy she’riyatda mahbubaga,do‘stlarga,ko‘ngilga,saboga,boshqa jonli va jonsiz narsalarga xitob,murojaat ko‘rinishida aks etadi.

Nido usulidan liro-epik she’riyatda,xususan,dostonlarda keng foydalaniladi.Asar qahramonlarining xilma-xil shaxs va buyumlarga nidosi ko‘pincha monologlar sifatida ifodalanadi.

Ma’lumki,qit’a kichik janr namunasi hisoblanadi.U kichik janr sanalsa-da,o‘zida axloqiy-tarbiyaviy,ijtimoiy-siyosiy mavzularni yoritib beradi.Mavlono Lutfiy o‘z qit’alarida ham ma’no tomondan,ham badiiyat tomonidan o‘ziga xos uslub yarata olgan shoirdir.Shoir qit’alariga teran mazmun singdira olish bilan bir qatorda,ko‘plab badiiy tasvir vositalaridan unumli foydalana olishga erishgan.Qit’alarida tajnis ,tajnisning bir qancha turlari tajnisi tomm,tajnisi murakkab,tajnisi zoyid,tanosub,ta’dil,nido kabi bir qancha lafziy san’atlar,shuningdek,tashbeh,irsoli masal,tajohilu orifona kabi bir qancha ma’naviy san’atlardan unumli foydalana olgan va o‘zbek adabiyotida qit’a janri taraqqiyotiga munosib hissasini qo‘shgan.Shoir qit’alarini o‘rganish jarayonida bir qit’a tarkibida bir necha xil badiiy san’atlarning qo‘llanganiga guvoh bo‘ldik. Bu shoirning ilmi badi’ ilmi bilimdoni ekanaligini yana bir karra isbotlaydi.



Xulosa

1.Mavlono Lutfiy o‘zbek mumtoz adabiyotining taniqli namoyondalaridan biridir.U Firdavsiy,Nizomiy,Sa’diy,Xoja Hofiz singari buyuk fors-tojik darg‘alari qatoridan faxrli o‘rin egallagan.

2.Shoirning hayoti va ijodi haqida Alisher Navoiyning ‘’Majolis un-nafois’’,’’Muhokamat ul-lug‘atayn’’,’’Xutbai davovin’’,,’’Nasoyim ul-muhabbat’’,’’Holoti Said Hasan Ardasher’’,’’Manoqibi Pahlavon Muhammad’’,Davlatshoh Samarqandiyning ‘’Tazkirat ush-shuarosi’’,Xondamirning ‘’Habib us-siyar’’,’’Makorim ul-axloq’’kabi asarlarda umumiy ma’lumotlar keltirilgan.Lutfiy haqida faqatgina umumiy ma’lumotlar saqlangan xolos.Shoirning tug‘ilgan joyi,ota-onasi,tug‘ilgan yili haqidagi qator masalalar lutfiyshunoslikda o‘z yechimini topmagan masalalardir.

3.Shayx Ahmad Taroziyning ‘’Funun ul-balog‘a’’ asari topilgunga qadar shoir tug‘ilgan joy Hirotning Dehikanor mavzesi deya ko‘rsatib kelingan.’’Funun ul-balog‘a’’asarida esa shoirning ‘’ma’dan ul-Lutfiyi Shoshiy’’ jumlalariga asoslanib,shoir Toshkentda tug‘ilgan,degan fikr ham ilgari suriladi.

4.Lutfiy ijodi Alisher Navoiygacha bo‘lgan davrda yaratilgan o‘zbek mumtoz adabiyotining g‘oyaviy va badiiy jihatdan eng yuksak namunalari hisoblanadi.Shoir ijodida g‘azal janriga ko‘p murojaat qilingan.Shoir g‘azalnavis sifatida shuhrat qozongan.Shoir tuyuq janri rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan.

5.Lutfiy turkiy tilda yaratgan she’rlaridan devon tartib bergan.Shoir devonlarining 33 qo‘lyozma nusxasi bizgacha yetib kelgan.Ular Toshkent,Istanbul,Tehron,London,Parij,Sankt-Peterburg kutubxonalari va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi.Lutfiyshunoslarning aniqlashicha,shoir she’rlarining umumiy miqdori 2774 bayt yoki 5548misrdan ortiq.Ularning asosiy qismini g‘azal janri namunalari tashkil etadi.Shoir devonining hozirgacha ma’lum nusxalarida 372 g‘azal, 3qasida, 115 to‘rtlik,60 fard va ruboiy,tuyuq,qit’a kabi janr namunalari uchraydi.

6.Shoir ijodi mavzu va badiiyat jihatidan g‘oyat keng va rang-barang.Shoir turli mavzularga murojaat etgani holda,sevgi-muhabbat mavzusini yuqori pog‘onaga olib chiqa oldi.Shoir lirikasida sevgi –muhabbatni ulug‘lash,yuksak insoniy fazilatlar,odamiylik,hajr azobi,visol orzusi,zamonadan shikoyat,vafo va sadoqat tarannum etiladi.Bundan tashqari shoir ijodida ijtimoiy-falsafiy mavzular ham yetakchi o‘rin egallaydi.Shoir kichik she’riy janrlarda ham barakali ijod qilgan.Lutfiy qit’alari mavzu jihatdan oshiqona,ijtimoiy-falsafiy,axloqiy-ma’rifiy mavzudagi qit’alarga bo‘linadi.Shoir qit’alari hajm jihatidan kam bo‘lsa-da,ular g‘oyaviy va badiiy jihatdan mukammal namunalardir.

7.Shoir qit’alarida tajnis va uning turlari:tajnisi murakkab,tajnisi zoyid,tajnisi muzori’,tanosub,ta’dil,insho,nido kabi lafziy san’atlar,tashbeh,irsoli masal,husni ta’lil,talmeh kabi ko‘plab ma’naviy san’atlardan mohirona tarzda foydalangan.Shoir g‘azallaridan tashqari,kichik janr namunasi sanalmish qit’ada ham xalq maqollari,hikmatli so‘zlardan o‘rinli foydalana olgan holda baytlar zamiriga singdirib yuborishga erishadi.

8.O‘zbek mumtoz adabiyotida Lutfiy ijodi keyingi davr ijdkorlari uchun asosiy manba va dastak vazifasini o‘tadi.So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy shoir g‘azallariga taxmislar bog‘ladi.Ozarbayjon shoiri Fuzuliy, mumtoz shoirlarimizdan Munis,Ogahiy,Nodira,Uvaysiy,Furqat kabi ijodkorlarimiz Lutfiy adabiy merosidan ilhomlanib go‘zal ijod namunalar yaratishdi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1.Karimov I.A.’’Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch’’.T.:’’Ma’naviyat’’,2008.

2.Lutfiy ‘’Sensan sevarim…’’.T.:’’G‘afur G‘ulom’’,1987.

3.Alisher Navoiy ‘’Majolis un-nafos’’.MAT,20jildlik.13-jild.-T.:’’Fan’’,1997.

4.Ahmadxo‘jayev E.’’Turkiy nazmning sehrgari’’.T.:’’Fan’’,1992.

5.Erkinov S. ‘’Lutfiy’’.T.: ‘’Fan’’,1965.

6.Ahmadxo‘jayev E.’’Boburning ‘’Aruz’’ risolasida Lutiy g‘azaliyotidan namunalar’’.T.:’’Adabiy meros’’4(24)-son,1982.

7.Haqqulov I. ‘’Qit’a va g‘azal munosabatiga doir’’.T.:’’O‘zbek tili va adabiyoti’’,1978,6-son.

8.Sirojiddinov Sh.va boshqalar. ‘’Navoiyshunoslik’’,1-kitob.T.:’’Tamaddun’’,2018.

9.Atoulloh Husayniy ‘’Badoyi’ us-sanoyi’’.T.: ‘’G‘afur G‘ulom’’,1981.

10.Hojiahmedov A. ‘’She’riy san’atlar va mumtoz qofiya’’.T.: ‘’Sharq’’,1998.

11.Hojiahmedov A.’’Mumtoz badiiyat malohati’’.T.: ‘’Sharq’’,1999.

12.Hojiahmedov A. ‘’She’r san’atlari’’.T.: ‘’Sharq’’,2001.

13.G‘aniyeva S. ‘’Mavlono Lutfiy Navoiy nigohida’’.T.: ‘’O‘zbekiston adabiyoti va san’ati’’,2010,5-son.

14.Vohidov R.,Eshonqulov H. ‘’O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi’’.T.:’’O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamg‘armasi nashriyoti’’,2006.

15.Is’hoqov Y.’’So‘z san’ati so‘zligi’’.T.:’’Zarqalam’’,2006.



Elektron resurslar:

www.natlib.uz

www.e-adabiyot.uz



www.kh-davron.uz

www.ziyouz.com

www.civil.uz

1Sh.M.Mirziyoyev ‘’O’zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o’rganish va targ’ib qilishning dolzarb masalalari’’xalqaro konferensiyadagi nutqi.2018-yil,7-avgust.

2 I.A.Karimov ‘’Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch’’.T.:’’Ma’naviyat’’,2008,29-bet.

1 Ahmadxo’jayev.E.’’Turkiy nazmning sehrgari’’.T.:’’Fan’’,3-4-betlar.

1 Alisher Navoiy’’Majolis un-nafois’’.MAT,20jildlik.13-jild.—T.: ‘’Fan’’,1997, 61-62-betlar.

1 Yusupova D.’’Alisher Navoiy taxmislari’’ kh-davron.uz sayti

1 Ahmadxo’jayev E.Boburning ‘’Aruz risolasida Lutfiy g’azaliyotidan namunalar’’-T.:’’Adabiy meros’’4 (24)-son ,1982,33-39-betlar.

2 Ahmadxo’jayev E.’’Turkiy nazmning sehrgari’’-T.: ‘’Fan’’,1992,29-36-betlar

1 Lutfiy ‘’Sensan sevarim…’’-T.:’’Fan’’,’’G’afur G’ulom’’,1987,57-bet

1 Yuqoridagi asar.11-bet.

2 Lutfiy ‘’Sensan sevarim…’’-T.:’’G’afur G’ulom’’,1987,123-bet

1 Yuqoridagi asar.207-bet.

2 Lutfiy Devon.’’-T.:’’G’afur G’ulom’’,1987,265-bet.

3 Yuqoridagi asar.51-bet.

1 Yuqoridagi asar.29-bet.

2 Lutfiy Devon-T.:’’G’afur G’ulom’’,1987,221-bet.

3 Yuqoridagi asar.102-bet.

1 Lutfiy ‘’Sensan sevarim…’’-T.:’’G’afur G’ulom’’.1987,349-bet.

1 Lutfiy Devon-T.:’’G’afur G’ulom’’,1987,348-bet.

1 Yuqoridagi asar.344-bet.

1 Lutfiy ‘’Devon’’-T.:.’’G’afur G’ulom’’,1987,340-bet.

1 Yuqoridagi asar.343-bet.

1 Haqqulov I.’’Qit’a va g’azal munosabatiga doir’’-T.:’’O’zbek tili va adabiyoti’’.1978,6-son.kh-davron.uz

1 www.e-adabiyot.uz

2 Haqqulov.I.’’Qit’a va g’azal munosabatiga doir’’-T.:’’O’zbek tili va adabiyoti jurnali’’, 1978,6-son. kh-davron.uz

3 www.e-adabiyot.uz

1 Lutfiy ‘’Sensan sevarim…’’ ‘’G’afur G’ulom’’,1987-yil.

1 Lutfiy ‘’Sensan sevarim..’’-T.:’’G’afur G’ulom’’,1987,351-bet.

1 Sirojiddinov Sh.va boshqalar.’’Navoiyshunoslik’’,1-kitob.’’Tamaddun’’nashriyoti.T.2018-yil.404-405-betlar.

1 Sirojiddinov Sh.va boshqalar.’’Navoiyshunoslik’’,1-kitob.-T.:’’Tamaddun’’,2018,408-bet.

2Yuqoridagi asar.408-bet.

1 Lutfiy ‘’Sensan sevarim..’’-T.:’G’afur G’ulom’’,1987,351-bet

1 Lutfiy ‘’Sensan sevarim..’’-T.:’’G’afur G’ulom’’,1987,352-bet.

2 Yuqoridagi asar.351-bet.

1 Lutfiy ‘’Sensan sevarim..’’.T.-‘’G’afur G’ulom’’,1987,352-bet.

1 Yuqoridagi asar.352-bet.


Download 73,82 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish