Mazmun va shakl. Falsafada mazmun va shakl kategoriyasi narsa, hodisalarning mavjudligi va rivojlanish jarayonini bilish usuli sifatida muhim ahamiyatga ega. Mazmun - narsa va hodisalarning rivojlanish jarayonidagi sistemani tashkil qilgan elementlarning strukturaviy bog‘lanishi bo‘lib, uni boshqa sistemalardan farqini belgilaydigan aloqadorliklar va munosabatlarini ifodalaydi. Shakl esa - sistemani tashkil qilgan elementlarning strukturaviy bog‘lanishlari, aloqadorliklari, munosabatlarining ifodalanishidir. Hozirgacha falsafiy adabiyotlarda mazmun va shakl o‘rtasidagi bog‘lanishlarni bir-biridan ajratib tahlil qilish an'anaviy xarakterga ega. Ya'ni, mazmunning o‘zgarishi shaklning o‘zgarishiga olib keladi, degan xulosa ustuvor bo‘lgan. Vaholanki, sistemaning elementlari strukturaviy bog‘lanishlarsiz, aloqadorliklarsiz mavjud bo‘lish mumkin bo‘lmaganligidek mazmun va shakl ham bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi. Biz faqat nisbatan mustaqil bo‘lgan mazmun va shaklni bilish xususiyatiga qarab, shunday mantiqiy xulosaga kelishimiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, mazmun va shakldagi har qanday juz'iy o‘zgarish ham bir-biridagi o‘zgarishlarni taqozo qiladi, faqatgina biz ularni bilib olgan yoki bilmagan bo‘lishimiz mumkin. Masalan, suvning agregat holati, shakli o‘zgarishi bilan uning mazmuni ham o‘zgaradi. Ya'ni, suv bug‘ holatida chanqoqni qondirmaydi, o‘simliklarni sug‘orish uchun yaramaydi. Bundan tashqari, elementlarning strukturaviy bog‘lanishlari sistemaning xarakterini belgilashidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, strukturaviy bog‘lanishlar shakl sifatida sistemaning mazmunini ham belgilab turadi. Shunga ko‘ra, shaklni mazmunga nisbatan «ikkilamchi» deyish noo‘rindir. Bunga ijtimoiy hayotdan misol keltiradigan bo‘lsak, demokratiya boshqarishning shakli sifatida jamiyatning mazmunini belgilab turadi
Sabab va oqibat. Narsa va hodisalarning ichki birligi, yaxlitligi va tarixiy-tadrijiy rivojlanish tamoyiliga ko‘ra, ularning mazmuni va shakli o‘zgarib turadi. O‘z navbatida, har qanday sistemaning elementlari o‘rtasidagi strukturaviy bog‘lanish konkret mazmunga ega bo‘lib, unga mos mazmunlarda o‘z ifodasini topadi. Boshqacha qilib aytganda, mazmun va shakl o‘rtasidagi aloqadorlik, bog‘lanish, munosabatning xarakteri muayyan sababga asoslanadi. Ya'ni, narsa va hodisalarning sistema shaklida namoyon bo‘lishi, muayyan sabab oqibatidir. Demak, narsa va hodisalarning tadrijiy rivojlanishi sabab-oqibat munosabatlari tarzida namoyon bo‘ladi. Shunga ko‘ra, sabab - biror narsa va hodisa rivojlanish jarayonining oqibatidir.
Sababning mohiyati avvalgi hodisalarning oqibati sifatida vujudga kelayotgan hodisalar uchun sababligidadir. Shunga ko‘ra, sababni bir vaqtning o‘zida oqibat tarzida qarash mumkin. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, har qanday oqibat sabab tarzida namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, sababni narsa va hodisalarning rivojlanish jarayonidagi makon va zamondagi davriy takrorlanishdan farqlash kerak. Chunki, sabab mavjudlikning genetik bog‘lanishlarini, aloqadorliklarini ifodalashi bilan birgalikda, ularning istiqbollarini ham belgilab beradi. Hyegel tili bilan aytganda, sabab-mohiyatning harakatdagi mavjudlik holatidir. Sabab falsafiy kategoriya sifatida quyidagi xususiyatlarga ega:
uning ob'ektiv xarakteri narsa va hodisalarning ichki, tarkibiy elementlari munosabatlariga xos bo‘lib, mohiyatning real mavjudlik holatini ifodalaydi;
2) sababning konkretligi narsa-hodisalarning xususiyatlaridan kelib chiqadi, hamda uning individualligini ta'minlaydi;
3) sabab umumiy xarakterga ega bo‘lib, hyech qanday narsa va hodisaning rivojlanishi sababsiz sodir bo‘lmaydi;
4) sabab zaruriy bo‘lib, muqarrar ravishda, muayyan oqibatlarni keltirib chiqaradi;
5) sababning uzluksizligi, bir tomondan, turli sabablarning izchil bog‘lanishlarini, munosabatlarini, ikkinchi tomondan, har bir sababning oqibat tarzida oldingi sabab bilan bog‘liqligini xarakterlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |