Umumishlab chiqarish xarajatlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlar. Korxonaning umumishlab chiqarish xarajatlari to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari” hisobvarag’ida amalga oshiriladi.
Ushbu hisobvaraqda umumishlab chiqarish tavsifiga ega bo’lgan xarajatlar aks ettiriladi, jumladan:
a) mashina va uskunalarni saqlash va ulardan foydalanish bo’yicha;
b) ishlab chiqarishga taalluqli bo’lgan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarning amortizatsiya ajratmalari bo’yicha;
c) ishlab chiqarishga taalluqli bo’lgan asosiy vositalarni ta’mirlash xarajatlari;
d) ishlab chiqarishdagi mol-mulkning sug’urta xarajatlari;
e) ishlab chiqarish binolarini isitish, yoritish va saqlash xarajatlari;
f) ishlab chiqarishda foydalaniladigan ishlab chiqarish binolari, mashina va uskunalar, boshqa ijaraga olingan vositalar uchun ijara to’lovlari;
g) ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatishda band bo’lgan ishlab chiqarish xodimlarining mehnat haqi;
h) ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan boshqa xarajatlar.
Umumishlab chiqarish xarajatlari umumishlab chiqarish xarajatlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlarning debetida ishlab chiqarish zahiralari, xodimlar bilan mehnat haqi bo’yicha hisob-kitoblar va boshqalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan bog’langan holda aks ettiriladi. Umumishlab chiqarish xarajatlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlarda hisobga olingan xarajatlar 2010 “Asosiy ishlab chiqarish”, 2310 “Yordamchi ishlab chiqarish” hisobvaraqlarining debetiga hisobdan chiqariladi.
Umumishlab chiqarish xarajatlarini alohida hisob ob’ektlari orasida taqsimlash tartibi korxonaning hisob siyosati orqali aniqlanadi.
Umumishlab chiqarish xarajatlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlar bo’yicha analitik hisob korxonaning alohida bo’linmalari va xarajatlar moddalari bo’yicha yuritiladi.
Quyida umumishlab chiqarish xarajatlari harakati bo’yicha muoamalalarni buxgalteriya hisobida aks ettirilishini ko’satib o’tamiz:
1) Umumishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo’lgan asosiy vositalarning eskirishi:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 0200 “Asosiy vositalarning eskirishini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”.
2) Umumishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlarning amortizatsiyasi:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 0500 “Nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”.
3) Umumishlab chiqarish maqsadlariga materiallarning sarflanishi:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 1000 “Materiallarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”.
4) Umumishlab chiqarish maqsadlariga sarflangan materiallar qiymatidagi farq hisobdan chiqarildi:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 1610 “Materiallar qiymatidagi farqlar”.
5) O’zida ishlab chiqarilgan yarim tayyor mahsulotlar umumishlab chiqarish maqsadlari uchun (sinovlar, tajribalar o’tkazishga) berildi:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 2110 “O’zida ishlab chiqarilgan yarim tayyor mahsulotlar”.
6) Yordamchi ishlab chiqarish xizmatlari umumishlab chiqarish xarajatlariga hisobdan chiqarildi:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 2310 “Yordamchi ishlab chiqarish”.
7) Kelgusi davr xarajatlari umumishlab chiqarish xarajatlariga hisobdan chiqarildi:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 3100 “Kelgusi davr xarajatlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”.
8) O’zida tayyorlangan mahsulotlardan umumishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo’lgan ehtiyojlar uchun foydalanildi:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar”.
9) Ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatish (energiya, suv, gaz, aloqa va hokazo) bo’yicha mol etkazib beruvchilarning xizmatlari:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 6010 “Mol etkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan hisobvaraqlar”.
10) Ilgari taqdim etilgan, lekin qondirilmagan da’volar summasining umumishlab chiqarish xarajatlariga hisobdan chiqarilishi:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 4860 “Da’volar bo’yicha olinadigan hisobvaraqlar”.
11) Umumishlab chiqarish xarajatlari bilan bog’liq sug’urta xarajatlari:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 6510 “Sug’urta bo’yicha to’lovlar”.
12) Umumishlab chiqarishga tegishli bo’lgan ijtimoiy to’lov bo’yicha xarajatlar:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 6520 “Maqsadli davlat jamg’armalariga to’lovlar”.
13) Ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatishda band bo’lgan xodimlarning mehnat haqi xarajatlarining hisoblanishi:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 6710 “Mehnat haqi bo’yicha xodim bilan hisoblashishlar”.
14) Ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatish buyicha ajratilgan bo’linmalar, sho’’ba va qaram xo’jalik jamiyatlari tomonidan amalga oshirilgan xarajatlar:
D 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”
K 6110 “Ajratilgan bo’linmalarga to’lanadigan hisobvaraqlar” yoki
K 6120 “Sho’’ba va qaram xo’jalik jamiyatlariga to’lanadigan hisobvaraqlar”.
15) Ilgari ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatish uchun berilgan materiallarning ortiqchasi va qaytarilishi:
D 1000 “Materiallarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”.
16) Umumishlab chiqarish xarajatlarining mahsulot tannarxiga kiritilishi:
D 2010 “Asosiy ishlab chiqarish”
K 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”.
17) Yordamchi tsexlarga xizmat ko’rsatish bo’yicha xarajatlar ularning ish va xizmatlari tannarxiga kiritildi:
D 2310 “Yordamchi ishlab chiqarish”
K 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”.
18) Umumishlab chiqarish xarajatlarining bir qismi yaroqsiz mahsulotlarni tuzatish xarajatlarga qo’shildi:
D 2610 “Ishlab chiqarishdagi yaroqsiz mahsulotlar”
K 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”.
19) Ishlab chiqarishga xizmat ko’rsatish xarajatlari kelgusi davr xarajatlari tarkibida aks ettirildi:
D 3100 “Kelgusi davr xarajatlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”.
20) Umumishlab chiqarish xarajatlarining (bekor turib qolishlar va hokazolar) bir qismi javobgar shaxslar zimmasiga yuklandi:
D 4730 “Moddiy zararni qoplash bo’yicha xodimlarning qarzi”
K 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”.
21) Umumishlab chiqarish xarajatlarining bir qismi (tabiiy ofat, yong’in va hokazolar sababli) zararlarga hisobdan chiqarildi:
D 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar” yoki
D 9720 “Favquloddagi zararlar”
K 2510 “Umumishlab chiqarish xarajatlari”.