Kimki yozmoqta muzd qildi havas,
Borcha maqsudi muzd bo‘lsa-yu bas.
Qora pul uzra mojaro qilsa,
Yuzidek safhani qaro qilsa.
Ko‘z (کوز) uza nuqta qo‘ymay aylab zo‘r,
Mardumi bo‘lmag‘ondek aylasa ko‘r(کور).
G‘ayb (غیب)din nuqtai yo‘nub amaldo,
Xat aro ayb (عیب) aylasa paydo.
Xomasig‘a ko‘zi midod o‘lsun,
Ul qarodin anga savod o‘lsun.
Tili shaq bo‘lsun uylakim xoma,
Orazi tiyra uylakim noma20.
Navoiy kuchli matnshunos sifatida matn tuzish, badiiy asarning eng to‘g‘ri nusxasini tayyorlashda jiddiy talablarni o‘rtaga tashlagan. Shoirning quyidagi mulohazalari xattotlik san’ati katta iqtidor va mas’uliyat talab qilishi haqidadir: “Chiroyli xati bor kotib so‘zga oro beradi va so‘zlaguvchiga rohat bag‘ishlaydi. Agar xat bituvchi xattot to‘g‘ri yozsa, uning bitgani to‘g‘rilar ko‘ngliga so‘zsiz maqbul bo‘ladi. Muharrir xoh bir bayt, xoh yuz bayt yozsin, tahriri durust bo‘lsa, maqbul tushadi. Agar yozuv shakli chiroyli va to‘g‘ri bo‘lmasa, bilimli kishini tashvishga soladi”21.
Alisher Navoiy ijodiy faoliyatidan xabar beruvchi XV asrga oid qo‘lyozma manbalarda ulug‘ shoirning o‘zi ham ajoyib xattot bo‘lganligi hamda xattotlarga ustozlik qilganligi haqida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi22.
Shoirning lirik merosidan tashqari uning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Mahbub ul-qulub”, “Xamsat ul-mutahayyirin” kabi ma’rifiy-ilmiy asarlarida matnshunoslik masalalariga oid fikrlarni uchratish mumkin. Navoiyning bu sohadagi faoliyatida yarq etib ko‘zga tashlanadigan muhim jihat bir asarni ko‘chirilayotganda uning originalligini saqlashga, g‘oyaviy va badiiy mazmuniga futur etkazmaslikka bo‘lgan harakatdir. A.Hayitmetov Navoiy asarlarida kotiblarga bo‘lgan shoir munosabatini tahlil etarkan, shunday xulosaga keladi: “Ayni vaqtda Navoiyning matnlar ustida olib borgan ishlari uning falsafa, tarix, san’atshunoslik, aniq fanlardan astronomiya, matematika, handasa, meditsina va hokazolar sohasidagi boy va chuqur bilimlariga ham asoslanar edi. Navoiyning kotiblarga nusxa tayyorlab berish jarayonidagi bu xil ishlarini esa, hozirgi tushunchada, matnshunoslik xarakteriga ega bo‘lgan ishlar edi deb hisoblaymiz”23.
Navoiy o‘z asarlari matni ustida doim kuzatish olib borgan. Buni ba’zi asarlari qo‘lyozma nusxalarini qisman qayta tahrir etganida ko‘rish mumkin. Devonlaridagi ayrim she’rlariga o‘zgartirishlar kiritgani, misralarni qayta ishlagani, ayrim so‘zlarni boshqa so‘zlar bilan almashtirgani, misralar sonini kamaytirib yoki ko‘paytirishni lozim topgani uning matnshunos sifatida yuqori malakaga ega bo‘lganidan dalolat beradi.
Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” lirik kulliyotini tayyorlashda ham juda katta tahrir ishlarini amalga oshirgani, matnga mas’uliyat bilan yondashgani haqida navoiyshunos olimlar ko‘p to‘xtalganlar. SHoir ilk devonidagi she’rlarini “Xazoyin ul-maoniy”ga kiritar ekan, kotib tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarnigina tuzatib qo‘ya qolmay, balki ko‘pchilik she’rlarni qayta tahrir qilgan. Natijada “Ilk devon”dagi bir necha she’rlarning yangi variantlari vujudga kelgan.
Alisher Navoiy ijodi o‘zidan keyingi barcha o‘zbek shoirlari uchun mahorat maktabi hisoblangan. Keyingi davrlarda Navoiy asarlari yuzlab nusxalarda uchraydi. Navoiy asarlarini ko‘chirish an’anasi xattot va kotiblarni davrning sinchkov matnshunoslariga aylantirgani shubhasizdir. Alisher Navoiy asarlarini kitobat qilgan kotiblar xususida shu satrlar mualliflaridan biri o‘z vaqtida quyidagi fikrlarni bildirgandi: “Xattot va kotiblar Navoiy asarlarini ko‘chirishda, bir tomondan, xattotlik mahoratini orttirsalar, ikkinchi tomondan, ko‘chirish jarayonida Navoiy so‘zi qudratining naqadar kuchli ekanligiga imon keltira boshlaganlar va maftunkor she’riyat sehri ularni batamom o‘z og‘ushiga olgan. Ko‘pchilik xattotlar Navoiyning biror-bir asarini ko‘chirib bo‘lishgach, o‘sha asar ruhi ta’siridan chiqolmay, o‘z taassurotlarini kitob oxirida qayd etib ketishgan”24.
Bundan ko‘rinadiki, xattot va kotiblar faqat nusxa ko‘chiruvchi bo‘lmaganlar. Ular o‘zlari ko‘chirayotgan asarlariga xolis baho bera oladigan zukko matnshunos ham bo‘lganlar. Masalan, Navoiyning xos kotibi Abduljamilning “Tuhfat us-salotin” kitobi ana shunday hayrat natijasida tuzilgan. “Tuhfat us-salotin”ning muqaddimasidan ma’lum bo‘ladiki, kotib Navoiy nazmidan bahra olib, hayratli hayajon dengiziga g‘arq bo‘lgan va taassuroti nihoyat darajada jo‘shqinligidan ushbu majmuani jam qilmoqqa jazm etgan. Kotib shoir baytlari xususida shunday yozadi: “Har tuhfasida chandin latoyif va g‘aroyibi marg‘ub maknun va mavjud va har lafzi bir qissaga shomil va har bayti bir oyatga mutazzamin va misrai bir hadisg‘a muvofiqdurur”25. Abduljamil kotib buyuk mutafakkir ijodining o‘z zamonidagi ilmiy tadqiqotchisi va o‘tkir zehnli matnshunos bo‘lgan deb komil ishonch bilan aytish mumkin. Buni P. SHamsiev “Saddi Iskandariy” dostonining ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlashda duch kelgan kotib va xattotlar amalga oshirgan tahrir ishlari ham tasdiqlaydi. Masalan, olim shartli “G” harfi bilan belgilagan Leningrad davlat kutubxonasida 55-raqam bilan saqlanuvchi qo‘lyozmaning 15 betida 68 bayt, XXX bobida faqat bir bayt tushirilib qoldirilganligi va kim tomonidandir qo‘lyozma chetiga to‘ldirib qo‘yilganligini qayd etadi. SHuningdek, Qozon universitetida 15334-raqamli “E” qo‘lyozmasida: a) LXII bobida 6 va 7 bayt ikki qayta yozilib, ular 9 baytdan so‘ng qaytarilganligi kotib tomonidan har bir qator ustiga زا “ortiqcha” belgisi orqali qayd etilganiga e’tibor qaratadi. U vaqtda qatorni o‘chirish xattotlikda kechirilmas nuqson hisoblangan. Shuning uchun kotiblar u yo bu xatolarni turli belgilar bilan bildirib ketganlar. Masalan bayt qatorlari teskari tartibda yozilgan bo‘lsa, belgi م، ح (م – muqaddam, ح – oxir) qo‘yilgan; v) XLVIII bobida 46-bayt ikki qayta yozilgan, kotib fahmlamagan shekilli, qaytariq belgisi qo‘yilmagan; g) keyinchalik kitob chetiga qo‘yib tiklangan baytlarda ham tushirib qoldirilgan so‘z uchraydi. Bunday hollar 4, baytlar 9; d) bu qo‘lyozmaning yana bir xususiyati shundaki, misrada yo‘q so‘zlar matndan tashqarida, ya’ni chetda berilgan. Ba’zan kotib chetga tushunish qiyin bo‘lgan so‘zlarni (طرید، کور که، غول، کیجیم kabilarni) chiqargan va ularga forscha tushuntirish bergan26.
Mana shu ta’kidlardan ma’lum bo‘ladiki, o‘zbek matnshunosligining ayni shu davrlarida nusxa ko‘chirish jarayonida bitta qo‘lyozma bilan cheklanmasdan, bir necha qo‘lyozmalar qiyosiy tekshirib ko‘rilgan. Aks holda, kotiblar ko‘chirilayotgan nusxada tushirib qoldirilgan yoki qo‘shib yozilgan joylarni aniqlash imkoniga ega bo‘lmasdilar.
Shu davrlarga xos yana bir jihat matn shakllari yangi turlarining ishlab chiqilishida ko‘rinadi. Kotiblar shoir asarlarini ixlos bilan kitobat qilish jarayonida o‘zlari ham ilhomlanib original to‘plam-majmualar tuzganlar. Masalan, insho san’atiga doir qo‘llanmalarda, xatlar to‘plamlarida matnlarni tuzishda ishlatiladigan qonun-qoidalar, xattotlarga ko‘rsatmalar va turli namunalar keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |