Manbaning kompleks tadqiqi (istochniki kompleksnogo issledovaniya – sources of comlex investigation) – har bir adabiy hodisani ijodkor konsepsiyasi, manba yo‘nalishi va matn aniqligi kabi masalalar mushtarakligida fundamental asosda o‘rganish.
Matn (tekst – text)– arabcha izohli lug‘atlarda bu so‘z “narsaning ustki, yuza qismi” deb ta’riflangan. Masalan, erning ustki qattiq qismi (متن الارض), yo‘lning o‘rtasi (متن الطريق), kitob sahifasidagi yozuvlarning hoshiya va sharhlardan xoli asosiy qismi167 (متن الكتاب) matn so‘zi bilan ifodalangan. SHunindek, bu so‘zning “mustahkam; pishiq” kabi sifat ma’nosida kelgan turi ham mavjud. Tilimizga o‘zlashgan matonat, metin so‘zlari ham matn bilan o‘zakdoshdir. “Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati”da tekst so‘zi “avtorning asl so‘zi, asarning qo‘lyozmasi yoki nashr etilgan nusxasi”168, “Slovar-spravochnik lingvisticheskix terminov» kitobida “yozuv yoki nashrda aks ettirilgan nutqiy asar (bayon qilish”)169, “Hozirgi o‘zbek tili faol so‘zlarining izohli lug‘ati”da “matn – mazmunan va mantiqan o‘zaro aloqador bo‘lgan gaplar yoki alohida olingan gap”170, “Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati”da “matn – yonma-yon harflar, yozuv orqali aks ettirilgan nutq, umuman, nutq parchasi; tekst”171 tarzida turlicha ifodalangan. Matn bilan teng ma’noda qo‘llanadigan tekst so‘zi lotincha textus so‘zidan olingan bo‘lib, “to‘qima mato; to‘qish; o‘rish; chirmash; qo‘shish” kabi ma’nolarni anglatadi. Bu so‘zning nisbatan kengroq va qamrovli izohini 2010 yil “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan “Adabiyotshunoslik lug‘ati”da ko‘rish mumkin.
Matn tarixi (istoriya teksta – history of the text)– muayyan matnning paydo bo‘lishidan to oxirgi holatigacha davom etgan jarayon matn tarixini tashkil qiladi. Aksar matnlar ma’lum vaqt mobaynida sub’ektiv (muallif, kotib, nashrga tayyorlovchi, muharrir) va ob’ektiv (ijtimoiy) omillar ta’sirida o‘zgarishga uchraydi. Matnshunosning vazifasi mana shu o‘zgarishlarni aniqlash, ularni tarixiy, ilmiy dalillar bilan asoslash va shu yo‘l bilan asl matnni tiklashdir.
Matn tahriri (redaktirovanie teksta – editing of the text) – adabiy yodgorlikning shunday qayta ishlanishi. Matn tahriri qandaydir ijtimoiy voqelik talabiga ko‘ra yoki ko‘pincha adabiy ehtiyojdan va kitobsevarning tab’idan kelib chiqib yoxud til sofligiga erishish niyatida aniq maqsadga qaratilgan holda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |