Matnni tahrir qilish.
Matnni tahrir qilish uchun dastlab u bilan yaxshilab tanishib, to‘lig‘icha o‘qib chiqish, masalaning mohiyatini tushunib olish lozim. Birinchi o‘qishdanoq tuzatishlar kiritishga shoshilish xatoliklarga olib kelishi, bu tuzatishlar muallif muddaosini anglamasdan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Matn haqida tasavvurga ega bo‘lingandan keyin, matn til jihatdan tahrir qilinadi. Bunda so‘zlarning imlosi ham, tinish belgilari ham, uslubiy kamchiliklar ham e’tibordan chetda qoldirilmaydi. Mana shu tuzatishlar jarayonida asosiy matndagi ba’zi o‘rinlar kengaytirilishi, olib tashlanishi, o‘zgartirilishi mumkin.
Biror so‘z yoki biror iboraning ma’nosi haqida fikr bildirishda uning turli muqobillari bilan izohlash mumkin. Tilshunoslik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, “pishib yetilmagan” so‘zlarni ikkinchisi, ya’ni maqbul varianti bilan almashtirib yoki o‘rnini, ifodasini o‘zgartirib erkin birikmaga kirishida ma’naviy farqlanishini kuzatish zarur.
Muharrirning o‘qib tuzatishidan maqsadi matnni sidirg‘a o‘qishdan iborat. Muharrir bu tur o‘qishni amalga oshirganda uning mazmuni, tuzilishi (kompozitsiyasi)dagi, shuningdek, uslubiy xatolarni aniqlaydi. O‘qish jarayonida muharrir geografik nomlar, shaxslar ismi va familiyalari, taxalluslari bir xil berilishi, iqtiboslar, raqamlar, sanalar aniq bo‘lishiga e’tibor qaratadi, uzunlik, miqdor o‘lchamlarining to‘g‘riligini tekshiradi. Shuningdek, sarlavhalarning matn bilan uyg‘unligi, mosligini; tasvirlar osti yozuvlarining rasm, chizmaga mosligini tekshirish ham uning vazifasiga kiradi.
Umuman, matnni tanlash va uning ustida ishlash jiddiy bilimni, savodxonlikni talab etadi. Matnning tarkibiy qismlarini aniqlash va muvofiqlashtirish, xato va nuqsonlarni to‘g‘rilash, so‘z va terminlarga sharh va izohlar berish uchun sinchkov bo‘lish zarur. Har bir matnga kiritilgan qo‘shimcha sharh va izohlar ajratib ko‘rsatiladi. Har bir adabiyotni tuzish va tahrir qilishda quyidagilar e’tibordan chetda qolmasligi kerak: annotatsiya, so‘z boshi, kirish, tarjimai hol, xotima, sharh va izohlar, eslatma va ilovalar, lug‘at va bibliografik ko‘rsatkichlar, adabiyotlar ro‘yxati, xronologik (voqea hodisalar taqvimi) ko‘rsatkich shartli qisqartmalar, mundarija.
Matn ustida ishlash mas’uliyatli jarayon bo‘lib, tahrir qiluvchidan ham o‘ziga nisbatan jiddiy munosabatni talab qiladi. O‘quvchilarning matn tahriri bilan shug‘ullanishi esa ularga o‘rgangan til bilimlarini mustahkamlashga, undan foydalanishda shu paytga qadar yo‘l qo‘yib kelayotgan kamchiliklarini tuzatib olishiga, binobarin, o‘z nutqining uslubiy jihatdan takomillashib borishiga ko‘maklashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |