Axborotli va matematik modellashtirish.
Matematik modellashda berilgan fizik jarayonlarning matematik ifodalari
modellashtiriladi. Matematik model tashqi dunyoning matematik belgilar bilan ifodalangan qandaydir hodisalari sinfining taqribiy tavsifidir. Matematik model tashqi dunyoni bilish, shuningdek, oldindan aytib berish va boshqarishning kuchli uslubi hisoblanadi.
Matematik model tuzish uchun, dastlab masala rasmiylashtiriladi. Masala
mazmuniga mos holda zarur belgilar kiritiladi. So`ngra kattaliklar orasida formula
yoki algoritm ko`rinishida yozilgan funksional bog`lanish hosil qilinadi.
Aytib o`tilganlarni aniq misolda ko`rib chiqamiz.
O`ylagan sonni topish masalasi (matematik fokus). Talabalarga ixtiyoriy sonni
o`ylash va u bilan quyidagi amallarni bajarish talab etiladi:
1. O`ylangan son beshga ko`paytirilsin.
2. Ko`paytmaga bugungi sanaga mos son (yoki ixtiyoriy boshqa son)
qo`shilsin.
3. Hosil bo`lgan yig`indi ikkilantirilsin.
4. Natijaga joriy yil soni qo`shilsin.
Olib boruvchi biroz vaqtdan so`ng talaba o`ylagan sonni topishi mumkinligini
ta`kidlaydi.
Ravshanki, talaba o`ylagan son matematik fokusga mos model yordamida
aniqlanadi.
Masalani rasmiylashtiramiz: X - o`quvchi o`ylagan son, U - hisoblash natijasi,
N- sana, M - joriy yil.
Demak, olib boruvchining ko`rsatmalari:
U=(X*5 + N)*2 + M formula orqali ifodalanadi.
Ushbu formula masalaning (matematik fokusning) matematik modeli bo`lib
xizmat qiladi va X o`zgaruvchiga nisbatan chiziqli tenglamani ifodalaydi.
Tenglamani yechamiz: X = (U - (M + 2N))/10
Ushbu formula o`ylangan sonni topish algoritmini ko`rsatadi.
Axborotli va matematik modellarni qurish bosqichlari.
Matematik modelni tahlil qilish o`rganilayotgan hodisaning mohiyatiga singish
imkoniyatini beradi. Hodisalarni matematik model yordamida o`rganish to`rt
bosqichda amalga oshiriladi:
Birinchi bosqich - modelning asosiy ob`ektlarini bog`lovchi qonunlarni
ifodalash.
Ikkinchi bosqich - modeldagi matematik masalalarni tekshirish.
Uchinchi bosqich - modelning qabul qilingan amaliyot mezonlarini
qanoatlantirishini aniqlash. Boshqacha aytganda, modeldan olingan nazariy
natijalar bilan olingan ob`ektni kuzatish natijalari mos kelishi masalasini aniqdash.
To`rtinchi bosqich - o`rganilayotgan hodisa haqidagi ma`lumotlarni jamlash
orqali modelning navbatdagi tahlilini o`tkazish va uni rivojlantirish, aniqlashtirish.
Shunday qilib, modellashtirishning asosiy mazmunini ob`ektni dastlabki o`rganish
asosida modelni tajriba orqali va (yoki) nazariy tahlil qilish, natijalarni ob`ekt haqidagi ma`lumotlar bilan taqqoslash, modelni tuzatish (takomillashtirish) va shu kabilar tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |