10
MUSIQA DARSLARIDA SAMARALI METODLARDAN FOYDALANGAN HOLDA
O‘QUVCHILAR BILIM, KO‘NIKMA VA MALAKALARINI OSHIRISH
Berdiyeva Shaxnoza Ergashevna
23-umumiy o‘rta ta’lim maktabi musiqa madaniyati fani o‘qituvchisi
Jizzax viloyati Sh. Rashidov tumani
Annotatsiya. Ushbu maqolada musiqa madaniyati darslarini o‘tishda samarali metodlardan
unumli foydalanish orqali o‘quvchilar bilimini oshirish va fanga bolgan qiziqishlarini yanada
orttirish uchun turli metodlar bayon etilgan.
Kalit so‘zlar: Metodlar, “Toza doska”, “Zinama-zina”, “Gul bazmi”, “Ovozidan top” o‘yinlari,
samarali natija.
Musiqa san’ati – nafosat tarbiyasining muhim omili bo‘lib, yosh avlodni kamolotga yetishishi
uchun ta’sir etuvchi jarayon. Bu jarayon maktabdan boshlab shakllanadi va yosh avlodning ichki
dunyosini boyitib, butun hayoti mobaynida unga hamroh bo‘lib boradi. Umumiy o‘rta ta’lim
muassalarida musiqa madaniyati fanini o‘qitishdan maqsad: o‘quvchilarning ma’naviy, badiiy,
axloqiy madaniyatini shakllantirish, milliy g‘urur, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ijodiy
mahorat, nafosat va badiiy didini o‘stirish, O‘zbek va jahon kompozitorlari asarlarini tinglab
tushunish va undan zavqlanishga o‘rgatishdan iborat.
Hozirda axborot oqimi tezlashgan va globallashuv davrida ta’lim mazmuni va sifati
masalalari jamiyatda ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda. O‘qitishning zamonaviy
usullaridan foydalanmasdan ta’limda yaxshi natijalarga erishib bo‘lmaydi. Zamonaviy
pedagogic texnologiyalar, ta’limni rivojlantirish, uning samaradorligini oshirish, ta’limda yangi
axborot texnologiyalarini joriy etish masalasini ommalashtiradi. Bu esa pedagoglarning o‘z
faoliyatiga yangicha yondashuvini talab etadi. Hozirgi kunda ta’lim muassasalarida innovatsion
texnologiyalarni ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘llashga bo‘lgan e’tibor kundan-kunga kuchayib
bormoqda. Bunday bo‘lishining sabablaridan biri shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda o‘quvchilarni
faqat tayyor bilimlarni egallashga o‘rgatib kelinganligidir.Zamonaviy innovatsion texnologiyalar
esa ularni egallayotgan bilimlarini mustaqil o‘rganib, tahlil qilish, hatto xulosalarni ham o‘zlari
keltirib chiqarishga o‘rgatadi.
O‘qituvchi musiqa darsi rejasini tuzganda maqsadini, vazifasini, mavzusini va o‘qitish
shakllarini, musiqa faoliyatlarini va ularni o‘quvchilarga singdirish uchun kerakli metodlar va
usullarni aniqlab, so‘ng darsning ssenariysini tuzadi. Bu jarayonda o‘qituvchi o‘quv predmetining
o‘ziga xos tomonini, joy va sharoitni, o‘qitishning texnik vositalarini, eng asosiysi, o‘quvchining
imkoniyati va ehtiyojini hamda hamkorlikdagi faoliyatini tashkil eta olishni hisobga olsagina,
kerakli natijaga erishishi mumkin.
O‘qitish jarayonida qo‘llaniladigan usullar juda ko‘p. Interfaol metodlar o‘quvchilarni yetuk
malakaga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi. Quyida keltirilgan interfaol metodlarni dars samaradorligini
oshirish maqsadida musiqa darslarida qo‘llashimiz mumkin. “Toza doska” metodi. Bunda o‘tilgan
mavzu xususidagi savollar doskaga yozib qo‘yiladi. O‘qituvchi savollarni o‘qiydi, o‘quvchilar
doskada yozilgan savollarga javob berishi asnosida, javobi topilgan savollar o‘chirib boriladi.
Natijada doska toza bo‘lib qolishi kerak.Bu metoddan uyga berilgan vazifani so‘rashda va yangi
o‘tilgan mavzuni mustahkamlashda foydalanish mumkin.Bu metod o‘quvchilarning eslash va
yodda saqlash qobiliyatini rivojlantiradi.
“Zinama – zina” metodi. Bunda o‘quvchilar guruhlarga bo‘linadi. Har bir guruhdan bittadan
o‘quvchi chaqiriladi. O‘quvchilar mashg‘ulotni o‘tkazishga qo‘yilgan talab va qoidalar bilan
tanishtiriladi. Ikki guruh o‘quvchisi o‘qituvchidan ma’lum bir masofa uzoqlikda yonma-yon
turg‘iziladi. Oqituvchi o‘tilgan mavzu yuzasidan savol beradi: tez va to‘g‘ri javob bergan
o‘quvchi o‘qituvchiga tomon bir qadam tashlaydi. Shunday qilib savollarga javob bergan qaysi
o‘quvchi tezroq marraga yetib kelishi kutiladi.Bu metod uyga vazifani so‘rashda yoki ma’lum
bir bob yakunlangandan so‘ng mavzularni takrorlashda qo‘llansa samarali bo‘ladi.Bu metod
o‘quvchilarda tezkorlik, zukkolik, donolik qobiliyat-larini rivojlantirishga yordam beradi.
“Gul bazmi “ metodi. Bu metodda o‘quvchilar guruhlarga bo‘linadi: birinchi guruh o‘tilgan
mavzu yuzasi-dan ikkinchi guruhga savol beradi. Ikkinchi guruh o‘quvchilari savolga javob bersa
gul bilan taqdirlanadi.Bunda gul o‘z guruhlarida qolishi uchun guruhlar sidqidildan savollarga
361
10
to‘g‘ri javob berishga harakat qilishadi.Gul bazmi metodini choraklar yakunida takrorlash yoki
mustahkamlash darslarida qo‘llash mumkin.Bunda gul o‘z guruhlarida qolishi uchun guruhlar
sidqidildan savollarga to‘g‘ri javob berishga harakat qilishadi.Bu metod orqali o‘quvchilarning
topqirligi, zukkoligi aniqlanishi bilan birga milliy o‘yinlarimizdan biri bo‘lgan “Gul bazmi”
o‘yini yodga olinadi.
“Ovozidan top” o‘yini. O‘quvchilar guruhlarga bo‘linadilar. O‘qituvchi har bir guruhga
o‘rganilgan turli qo‘shiqlardan 4 takt kirish qismini chalib beradi. Guruhlar musiqa orqali qo‘shiq
nomini topib, davom ettirishlari kerak bo‘ladi. Bu metod ovoz sozlash mashqi va jamoa bo‘lib
kuylashdan avval o‘tkazilsa yanada yaxshiroq bo‘ladi.Bu metodni qo‘llash orqali o‘quvchilar
xotirasi va ijro mahoratlari rivojlantiriladi. Ta’lim texnologiyalaridan foydalanib bu usullarni
qo‘llash bolalarni o‘yin ishtirokchisi bo‘lish bilan birga bilim saviyasini oshiradi, to‘g‘ri javoblarni
aniqlaydi, o‘z-o‘zini tekshiradi hamda olgan bilimlarini yana bir bor takrorlab, mustahkamlaydi.
O‘qitish jarayonida o‘quvchilarga shaxs sifatida qaralishi, turli innovatsion texnologiyalar
hamda zamonaviy metodlarning qo‘llanilishi ularni mustaqil, erkin fikrlashga, izlanishga, har
bir masalaga ijodiy yondashishga yo‘naltiradi. Eng asosiysi, ularni o‘qishga, fanga bo‘lgan
qiziqishlarini yanada kuchaytiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Sharipova G. Musiqa va uni o‘qitish metodikasi. Toshkent To‘ron iqboli, 2012
2. Siddiqova G. Musiqa darslarida interfaol metodlar.\\Amaliy fanlar forumi materiallari.
Toshkent – 2017.- 37b
3. Xoshimova G‘, Daliyeva N. Musiqa nazariyasi darslarida innovatsion texnologiyalardan
foydalanish. Farg‘ona 2015- 5b
362
Do'stlaringiz bilan baham: |