3. “Ma’naviy masnaviy”dagi ibratli hikoyalarda tasavvufiy timsollarning qo‘llanilishi tahlili
So’fiyona qarashlardan, tasavvufiy idrokdan yiroq kishilar «Masnaviy»dan yaratmish va yaralmish, xoliq va maxluq, olam va odam, suvrat va siyrat, sabab va oqibat, shakl va ma’no, zohir va botin, fano va baqo, bu dunyo va u dunyo, shohlik va gadolik, yo’qlik va borlik, kufr va iymon, vahdat va kasrat, moddiy va ma’naviy olam kabi dunyoviy hamda uxroviy ilmlardan bahs etuvchi ma’nolar xazinasi, hikmatlar sandig’i, go’zallik manbai bo’lgan mukammal asar sifatida lazzatlanishdan tashqari ishq va ishqsizlik, haqlik va nohaqlik, tavakkul va jahd, haqiqat va yolg’on, vafo va jafo, yaxshilik va yomonlik, oqillik va nodonlik, mehr va g’azab, nafrat va shafqat, poklik va munofiqlik, saxiylik va baxillik, soddalik va makr kabi yuzlab, minglab insoniy-dunyoviy ziddiyatlarga oid vojiza (aforizm) darajasidagi go’zal hikmatlardan bahramand bo’ladi. Ayni paytda kundalik hayotga oid ikir-chikirlar, munosabatlar, vaziyatlar bilan bog’liq jonli lavhalar va ulardan chiqarilgan favqulodda kuchli, o’tkir, dono xulosalar falsafa oshiqlarining aqlini lol etishi, tuyg’ularini larzaga solishi shubhasiz.
«Masnaviy»ni o’qish va uning mag’zini chaqish uchun ma’lum tayyorgarlikka ega bo’lish talab etiladi, chunonchi, Qur’oni karimdan, hadisi shariflardan xabardor bo’lish lozim. Shunda buyuk mutafakkir Rumiy olamiga kirish, uning aql-idroki, dunyoviy va laduniy bilimi, she’riy iste’dodi, quvvai hofizasi, teran tafakkuri oldida yoqa ushlaysiz. Ana shunda keltirilgan hikoyatlar, rivoyatlar va masallarning avvalo turli-tumanligi hayratga solsa (jahonning G.X. Andersen va V. Shekspir kabi buyuk adiblari ham Rumiy rivoyatlari va hikoyatlaridan ta’sirlangan), ikkinchidan, ulardan chiqarilgan kutilmagan va favqulodda diniy-falsafiy xulosalar sizni lol etadi. «Masnaviy» bir qarashda mustaqil tuyulgan, aslida bir-biriga chambarchas bog’liq hikoyatlar, rivoyatlar va masallardan yoki bir-biridan kelib chiqadigan orifona hikmatlarga boy voqealar aks etgan bir yuz ellikdan ortiq asarlar zanjiridan iborat. Ko’p o’rinlarda butun boshli rivoyatlaru hikoyatlar turkumini boshlab beradigan asosiy voqea bamisoli hikoyatlarni hoshiyalab turadigan qasnoq vazifasini bajaradi, butun boshli turkum esa yagona qissaga aylanadi. «Masnaviy»da shunday qissalardan o’ttizdan ortig’iga duch kelish mumkin.
Boshqa mutasavviflardan farqli o’laroq Rumiy diniy ahkomlarni har bir so’fiy bajarishi shart deb hisoblagan. Ayni paytda musiqa tinglash va qo’shiq aytishga, shuningdek jamoaviy zikr paytida raqs tushishga alohida ahamiyat bergan. Uning uchun dunyoviy musiqa ibtidoiy hayajonni ifoda etadigan samoviy gumbazlar musiqasining in’ikosi hisoblangan. Mavlono zikr tushar ekan, nay va dovul sadolari ostida Alloh bilan oliy muloqotga kirishgan. Darvoqe, darveshlarning haqiqiy ibodati hisoblanmish raqsi samo o’zida ko’zni tindirguvchi, fazoni quvonchga to’ldirguvchi sayyorlar raqsini ifoda etgan.
Yana qaytaraman, «Masnaviy» yaxlit zikr, mujassam zikrdir. Allohdan boshqa iloh yo’qligini muntazam ravishda uqtirib turguvchi buyuk zikrdir.
4. “Ma’naviy masnaviy”ning manbalari va badiiyati
Jaloliddin Rumiy buni ochiq aytmagan. Ammo “din dunyoda birlashmaydi” degan fikrning o‘zi ular orasidagi farqlar, demakki, “mening dinim haq”, “mening mazhabim to‘g‘ri” degan tortishuvlar saqlanaveradi, degan ma’noni ham anglatadi. Zero, bu tortishuvlar zamirida dunyoviy manfaat yotadi. Diqqat qilinsa, Rumiy “din dunyoda birlashmaydi” deyish bilan din, garchi Xudoga e’tiqodni talab qilsa-da, oxirat haqida so‘zlasa-da, ammo u dunyoviy hodisadir. (Bu o‘rinda muallif mansux bo‘lgan dinlarni nazar tutgan—N.I.) Dunyoga emas, balki Ollohga bog‘lanish, haqqa yetishish uchun riyozatlarni rohat deb ulug‘ muhabbat bilan intilish faqat tasavvuf ta’limotiga xos. Ana shu jihati bilan tasavvuf ahli, ayniqsa, Rumiy, Ibn Arabiy, Jomiy, Mashrab kabi ulug‘ oriflar barcha dinlar va mazhablardan yuqori turganlar, mazhablararo tortishuvlarni ma’nisiz va behuda narsa deb qarab, odamlarni buni anglashga va birlashishga chaqirganlar. Tasavvuf gumanizmining umumjahoniyligi va o‘lmasligi ham shundadir.
Bu maqolada biz “Ma’naviy Masnaviy”ning birgina jihatini gapirdik, xolos. Rumiy buyuk mutafakkir inson sifatida dunyo ziddiyatlari, ziddiyatlarning o‘zaro vobastaligi (“qarama-qarshiliklar birligi”), dunyoda milliard shaklu shamoyilda mavjud bo‘lgan ashyolarning o‘zaro aloqasi, bir-biriga o‘tish—evrilishlari, modda almashinishning zarradan koinot qadar amal qilishi, hayot va o‘lim sabablari (hayot— ziddiyatlar “kelishuvi”, “yarashishi”, o‘lim — ziddiyatlar “jangi”), jism va ruh, olam va Iloh haqida yozadi, bularni ajabtovur o‘tkir mantiq bilan tahlil va tadqiq etadi. “Masnaviy”da bir necha yuz hikoyat va rivoyatlar keltirilgan. Qur’oni karimning yuzlab oyati tilga olinib, tafsir etilgan. 690 hadisga rumiyona sharh berilgan. Ko‘z oldimizda ham kalom ilmining ulug‘ bilimdoni, ham tasavvuf ta’limotini sarbaland cho‘qqiga olib chiqqan orif inson va ham muqtadir daho shoir gavdalanadi. Oddiy latifalar, hikoyatlardan Rumiy favqulodda falsafiy-so‘fiyona ma’nolar chiqaradi, teran tafakkuri doiradan doiraga, darajadan darajaga ko‘tarilib boradi. “Qur’onning uch qabat botiniy ma’nosi bor”, deb qayd etadi u va ana shu ma’nolarni izchil bizga tushuntiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |