2. Mashinalarning qismlari to’g’risida umumiy tushunchalar
va ularning tasnifi
Mashinasozlik sanoat va qishloq xo’jaligining taraqqiy etishi uchun zarur bo’lgan texnikaviy
baza yaratadi.
Bir qancha detallardan tuzilgan mexanizmlar majmui bo’lib, ma’lum ish bajarish uchun
mo’ljalllangan vosita mashina deb ataladi. Har bir mashina uch guruh mexanizmdan:
harakatlantiruvchi, ijro etuvchi va uzatuvchi mexanizmlardan tuzilgan.
Mashinaning bir xil materialldan tayyorlangan va ayrim bo’laklarga ajralmaydigan qismi
detal deb ataladi. Masalan, gayka, bolt, shponka, prujina va shu kabilar detallardir.
Mashinaning ma’lum bir vazifani bajarish uchun mo’ljalllangan va bir necha detalldan
tuzilgan qismi uzel deyiladi. Reduktor, mufta, podshipnik va boshqalar uzellarga misol bo’la oladi.
Demak, mashina uzellardan, uzellar esa detallardan tuzilgan bo’lar ekan.
Mashina detallari kursida o’rganiladigan asosiy detal va uzelar quyidagilardan iborat.
1. Detallardan uzellar, uzellardan mashina hosil qilish uchun ularni o’zaro qandaydir vosita
bilan bir biriga biriktirish zarur. Ana shunday vazifani o’taydigan birikmalar va ularni tashkil
qiluvchi qismlar guruhi mazkur kursda o’rganiladigan detallarning birinchi turkumini tashkil etadi.
2. Mashinaning energiya manbai bilan ish bajaruvchi qismlari orasida joylashib, harakat
tezligini talab qilinganicha boshqarishga imkon beradigan vosita har turli uzatmalardir. Bunday
uzatmalar va ularni hosil qiluvchi detallar mashina detallari kursining yana bir qismini tashkil
qiladi.
3. Ma’lumki, aylanadigan har qanday detalning harakatini ta’minlash va ularni o’rnatish
uchun val va o’qlar deb ataladigan detallardan foydalaniladi. Val va o’qlar o’zlarining tayanchlariga
ega bo’lishi kerak. Bundan tashqari, harakatlanadigan bir uzel ikkinchi uzel bilan o’zining vallari
orqali ulanadi. Vallarni ulash uchun esa har turli muftalardan foydalaniladi. Binobarin, talab
qilingan aylanma harakatni ta’minlaydigan vallar, o’qlar va ularning tayanchlari hamda vallarni
bir-biri bilan ulaydigan muftalar mashina detallarining navbatdagi turkumini tashkil qiladi.
4. Yuqorida ko’rsatilganlardan tashqari, turli prujinalar, moylash sistemasini tashkil qiluvchi
qismlar, korpus detallar va shu kabilar ham deyarli hamma mashinalarda uchraydi va mazkur
kursda o’rganiladi.
Demak, ko’pchilik mashinalar uchun umumiy bo’lgan birikmalar, uzatmalar, val va o’qlar,
ularning tayanchlari, muftalar, prujinalar va turli korpus qismlar mashina detallari kursida
o’rganiladigan asosiy detal va uzellarni tashkil qiladi.
Bu detal va uzellarning tuzilishi hamda ularni loyixalash usullari mashina detallari fanida
o’rganiladi. Bu fan nazariy mexanika, materiallar qarshiligi, metallar texnologiyasi, chizmachilik va
mashina va mexanizmlar nazariyasi kabi fanlarga asoslanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |