Trenerning vazifasi: mashg`ulotni yuqori xissiy kayfiyatda yakunlash tadbirini tayyorlash va o`tkazish, har bir ishtirokchiga qulay sharoit yaratish, bir-birlariga yoki trenerga tashakkur bildirishlari uchun imkon yaratish, “teskari aloqa”ni amalga oshirish, har bir ishtirokchiga o`ziga yarasha minnatdorlik bildirishdan iborat.
Kichik guruhlar bilan ishlash qoidalari.
Trening jarayonida guruhni kichik guruhlarga bo`lib ishlash maqsadga muvofiqdir. Bundan maqsad guruhning har bir ishtirokchisini faol ishtirok etishga undashdir. Biror bir mavzu katta guruhlarda muhokama etilsa, butun guruhning ishtirokini ta`minlab bo`lmasligi aniq. Bu esa guruhdagi sust ishtirokchilarni umuman chetda qolishiga sabab bo`ladi. Kichik guruhlarda ishlanganda esa ularning faol ishtiroki talab etiladi va bu har bir ishtirokchining qiziquvchanligini oshiradi. Bundan tashqari kichik guruhlarda ishlash ishtirokchilar uchun tinch va ishonchli muhitni yaratadi, ularning bir-birlari bilan tezroq tanishishi va bir-biri bilan kirishishiga imkon yaratadi. Ayniqsa, oilaviy mavzularga doir nozik savollar muhokama etilganda ba`zi ishtirokchilarda noqulaylik, uyalish holatlari vujudga keladi. Kichik guruhlarda ishlash esa ulardagi uyalish, noqulaylikni yo`qotishi mumkin. Guruh soni qancha kichik bo`lsa, undagi ishtirokchilarda qo`rkuv, noqulaylik, uyalish hislari kamroq namoyon bo`ladi.
Kichik guruhlar bilan ishlash qoidalari:
1.Kichik guruhlarga bo`lishda o`yin orqali bo`lish usulidan foydalanish lozim.
2.Guruhlarga bajarilishi lozim bo`lgan topshiriqlarni aniq va tushunarli qilib berish kerak.
3.Mikroguruhlarga topshiriq berayotganingizda ko`rsatmani ularning hammasiga birvarakayiga tushuntirish kerak. Negaki, agar trener bitta guruhga ko`rsatma berib, qolganlariga ham birma-bir tushuntirmoqchi bo`lsa, u holda topshiriqni olgan guruhlar darhol muhokamani boshlab yuborishadi va sinfda shovqin-suron ko`tariladi, trener esa qolgan guruhlarga ko`rsatma berishga qiynalib qoladi.
Topshiriq bajarilgandan keyin uni albatta umumiy guruhda muhokama qilish kerak, bunda har bir mikro guruhdan bittadan vakil chiqib, o`z guruhining fikri bilan tanishtiradi.
Mikroguruhlar bilan ishlashda vazifa bajaruvchi, kuzatuvchi yoki ekspert rollarini trenerning o`zi taqsimlab berishi kerak.
Mikroguruhlar bilan ishlashga haddan tashqari berilib ketish kerak emas, bu narsa treningni samaradorligi va rivojlanishiga halakit berishi ham mumkin. Shuning uchun 2 soatlik treningda 3 kishilik guruhga bo`linadigan topshiriqlardan ikkita, 7-8 kishilik guruhga bo`linadigan topshiriqlardan bittadan ortiq bajartirmaslikka harakat qilish lozim.
Trener mikroguruhlar bilan ishlayotganda ularning faolligini oshirish uchun quyidagi qoidalarga qat`iy rioya qilishi kerak.
- ishtirokchilarga hech qachon kamsituvchi ohangda ogohlantirish bermaslik kerak;
- guruhdagi biror ishtirokchi gapirayotganda uning so`zini bo`lmasdan eshitishi va qolganlarni ham shunga o`rgatish kerak;
- mavzu doirasidan chetga chiqmaslikni so`rash kerak;
- hammaning so`zga chiqishini ta`minlash kerak;
- munozaralarda qaysidir shaxs hayotiga aloqador fikrlar shu yerda qolishga guruhni odatlantirish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |