O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev "Xalq so‘zi" 2017 yil 29 iyul
8-ILOVA
MA’NAVIYAT - ENG TA’SIRCHAN VA QUDRATLI QUROLIMIZ!
SHAVKAT MIRZIYOYEV
B ugungi kunda dunyoda globallashuv jarayonlari kuchayib, tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora ko‘payib bormoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyat sohada amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholab, uning faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 28 iyulda imzolangan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi PQ-3160 sonli qarori milliy ma’naviyatimiz tarixining yorqin voqealaridan biri bo‘ldi. Barcha sohalar kabi ma’naviyat va ma’rifat, tarbiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarishning huquqiy, siyosiy, tashkiliy, moliyaviy shart-sharoitlarini yaratib berdi. O‘tgan yillar davomida Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov tashabbusi bilan bu borada juda katta ishlar qilindi. Biroq, mavjud tizimni dunyoda yil sayin kuchayib borayotgan globallashuv, yangi tahdid va xatarlar, murakkab va tahlikali vaziyat talablariga javob bermayotgan edi. Zamon mavjud holat, bajarilgan ishlarni tanqidiy baholashni, zamonning talab va shiddatiga mos takomillashtirishni talab etmoqda edi.
Qaror o‘ta muhim tashkiliy, metodologik, huquqiy yangilik va xususiyatlarga ega. Biz uning ayrim jihatlariga to‘xtalamiz.
Mafkurakerakmi?U qanday bo‘lishi kerak? Milliy g‘oyamiz qanday maqsad, vazifalarni ifodalashi kerak? degan savollarga javob topildi. MDH mamlakatlarida birinchilardan bo‘lib o‘z milliy g‘oyamizni angladik. Prezident Qaror, farmoyishlari bu umummilliy g‘oyaviy harakatga madad bo‘ldi. Milliy g‘oya mahalla, korxona, ta’lim muassasalariga kirib bordi. Erishgan natijalarimizga o‘zining hissasini qo‘shdi.
Qarorning eng muhim tashkiliy, huquqiy-siyosiy jihati ma’naviyat, ma’rifatning maqomi oliy darajaga ko‘tarilganida ko‘rinib turadi. Chunki Qarorda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashiga raislik qilishi belgilab qo‘yildi. Bu maqom mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifat sohasini yangi bosqichga ko‘tarilishining oliy kafolati bo‘ldi. Buni ma’naviyatchilarimiz bir-birlari bilan ko‘rishganida, telefonda, ijtimoiy tarmoqlarda bir-birlarini shodon qutladilar. Bu bejiz emas, chunki jahon tarixida davlat rahbari o‘z xalqi ma’naviyati, farzandlari tarbiyasining g‘amxo‘ri, rahnamosi bo‘lgani kamdan kam uchraydi.
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi va Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazlarining ilmiy va tashkiliy kuchlari birlashdi. Ularning negizida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qayta tashkil etildi. Bu chora ilgari bir maqsadga xizmat qilayotgan ikki markazni — ilm bilan amalni birlashtirdi.
Xodimlarning umumiy cheklangan soni ikki karradan ziyodga oshirildi. Ilgari goh alohida, goh birbirining vazifalarini takrorlab kelayotgan ikki Markaz bir jismga, bir maqsad yo‘lida yangi, yagona va qudratli Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga birlashdi.
Mazkur soha ilmga tayanmasa, rivojlanmaydi. Shu bois Markaz tuzilmasida sohaning ilmiy ta’minotiga alohida e’tibor qaratilgan. Ayni vaqtda Markazning hududlar, jamoat tashkilotlari, madaniyat va sport tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari bilan ishlashga ixtisoslashgan, bu boradagi ishlarning axborot-tahlili bilan shug‘ullanuvchi bo‘limlar ish boshlamoqda.
Qaror sharofati bilan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati”ga asos solindi. Bu ma’naviy-ma’rifiy sohaga katta imkoniyatlar beradi. Targ‘ibotga uzluksizlik bag‘ishlaydi. Sir emas, ba’zan Mustaqillik bayrami, Navro‘z bayramlari arafasida yuzlab olim, ijodkor, san’atkorlarni to‘plab, jadval asosida tumanshaharlarga, asosan jamoatchilik yo‘sinida yo‘llar edik. Bayram o‘tgach, tanaffuslar yuzaga kelardi. Endi Prezident Qarori sharofati bilan mamlakatda targ‘ibot-tashviqotning yuragi yil 12 oy, 365 kun urib turadigan bo‘ldi. Targ‘ibotchilar turli sohalarga ixtisoslashib, doimiy asosda moddiy-ma’naviy rag‘batlantirib boriladi. Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat markazining “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati bilan ishlash bo‘limiga” Respublikamizdagi eng zo‘r targ‘ibotchilarini a’zo qilib, ishni tizimli tashkil qilish vazifasi yuklatildi.
Ilgari Respublika Ma’naviyat targ‘ibot Markazining hududlarda va qisman tuman-shaharlarda bo‘limlari ishlar, moliyalashtirilar edi. Biroq, ayrim tumanlarda ish jamoatchilik asosida yuritib kelinayotgan edi. Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazining esa na hududiy, va shahar tuman bo‘limlari bor edi. Prezident Qarori ana shu muammoni hal qildi. Ma’naviyat va ma’rifatning mustahkam moliyaviy bazaga asoslangan, kuchli ijro vertikali yaratildi.
Qaror ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining mazmun-mundarijasini tubdan yaxshilash, ularning ko‘lami va miqyosini kengaytirish, takomillashtirish talablarini qo‘ymoqda. Bu bejiz emas.
Chunki, amaliyotda targ‘ibot mazmun-mundarijasida “hamma joyda bir xil”lik, targ‘ibot kechayotgan hududning xususiyatlari, ma’naviy muammolari bilan bog‘lanmagan holatlar uchrar edi. Boshqacha qilib aytganda, Case study kabi sinalgan va zamonaviy usullardan foydalanish qoniqarsiz edi. Qaror asosida targ‘ibot-tashviqot ishlarida aholining hududiy, kasbiy hamda yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda mutanosib, maqsadli va mazmunli yondashuv joriy etiladi.
Qarorda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ko‘lami va miqyosini kengaytirish zarurati alohida urg‘ulangan. Darhaqiqat, targ‘ibot bilan qamrab olish foizining pastligi aholining xabardorlik darajasining pastligiga olib kelayotgan edi. Qarorda bu muammoni hal qilishning ilmiy asoslangan monitoringini ta’minlash uchun shart-sharoit yaratib berildi.
Yangi bosqichda yangi imkoniyatlarga ega mafkura bizga kirib kelgan, kelayotgan, tayyorlanayotgan tahdidlarni on line kuzatib borishi, har bir yurtdoshimizda ularga qarshi immunitetni shakllantirish zarur. Ana shu yangi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tadqiqot va targ‘ibotning yuksak, ilmiy texnologiyalar bilan qurollangan, o‘tkir ko‘zli, xalqchil so‘zli, jar solinuvchi minora bo‘lishi talab etilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda milliy mafkuramiz yangi bosqichda Harakatlar strategiyamizga hamohang – Harakatlar mafkurasiga aylanishi zarur. Qarorda olimlarimiz, targ‘ibotchilarimizga madad beruvchi metodologik yangiliklar bor. Jumladan, uning matnida “jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan ichki tahdidlar” ko‘rsatib berildi. Ya’ni 1) el-yurt taqdiriga loqaydlik, 2) mahalliychilik, 3) urug‘-aymoqchilik, 4) oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga e’tiborsizlik “ichki tahdidlar” sifatida sanab o‘tilgan. Shu paytgacha biz bu tahdidlarga yengil qarab, “kamchilik”, deb qarab kelar edik. Vaholanki, bugun bizni qiynayotgan jinoyatchilik, diniy ekstremistik oqimlarga adashib kirib qolishlar, buzilgan yosh oilalarning yig‘layotgan bolalari, qarovsiz o‘smirlar ana shu “kamchilik”larning ayanchli oqibatlari bo‘ldi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, xalqlarning o‘z mustaqilligini boy berishlariga asosiy sabab ichki tahdidlar bo‘lib kelgani sir emas. Hatto Buyuk Sohibqiron Amir Temur yaratgan Buyuk saltanatni tanazzulga olib borgan ham ichki tahdidlar bo‘lganini afsus bilan eslaymiz. Shuning uchun ham Qarorda ichki tahdidlarga barham berishga qaratilgan kompleks tadbirlar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish qattiq vazifa qilib qo‘yildi. Bu bejiz emas, chunki biz shu paytgacha “tahdid”, deganda ko‘pincha uzoqqa, tashqariga qaradik. Aslida ichki tahdidlar tashqi tahdidlarga yo‘l ochib berishiga, ularni chaqirishiga e’tibor bermadik. “Chetdan kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat”ga qarshi kurash e’lon qildik. “O‘zingdan chiqqan baloga qayga borasan davoga”, maqolimiz e’tiborsiz qoldi. Bugun o‘zimizdan chiqayotgan ichki “ommaviy madaniyat” tahdid sola boshladi. Bunga to‘ylarimiz dabdabasi jamiyat muammosi sifatida ijtimoiy tarmoqlardan tushmayotganini eslash ham kifoya bo‘lar.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlaridan birida inson qalbi, ongi bilan ishlash sohalarini mudofaa vazirligiga teng qo‘ydilar. Bu hikmat bejiz aytilmadi. Ushbu fikrni “Askarning jangovar tayyorgarligi bu juda muhim. Lekin askar o‘qni qayoqqa qarab otishini mafkuraviy tayyorgarlik hal qiladi”, degan mashhur harbiy aforizm qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki chegarachini ong, ongni esa ma’naviyat, mafkura boshqaradi. Ichkarida g‘oyaviy bo‘shliq bo‘lmasa, tashqaridan kelayotgan balo kira olmaydi, sig‘maydi. Aylanib, bo‘shliq izlab boshqa tomonga ketadi. Shu bois Qaror avvalo “ichkari”ni – jamiyatning ichki, sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitini to‘kis, barqaror, mukammal qilishimiz zarurligini talab qilmoqda.
Qaror diagnostik, profilaktik va manzillilik xususiyatlariga ega. Unda jahondagi mafkuraviy vaziyat, tendensiyalar bilan birgalikda mamlakatimizdagi og‘riqli 7 ma’naviy-mafkuraviy muammo ochiq va achchiq qayd qilindi. Bular:
1) oila, mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi samarasizligi; 2) chekka hududlar va mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan maqsadli g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani; 3) jinoyatchilik; 4) diniy ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qo‘shilib qolish; 5) milliy qadriyatlarga e’tiborsizlik; 6) erta turmush qurish; 7) oilaviy ajralishlar kabi boshi tarbiyaga borib taqaladigan ma’naviy illatlarga siyosiy diagnoz qo‘yib berdi.
Chunki ilm-fanga asoslanmagan sohaning kelajagi yo‘q. Buyuk bobomiz Imom Buxoriy biz avlodlariga “Ilmsiz najot yo‘q va bo‘lmag‘ay”, deya haqiqatni yozib qoldirgan edi. XXI asr – texnologiyalar asri ana shu haqiqatning bugungi isboti. Shu sababli Prezident Qarori bizdan yuqoridagi ma’naviy illatlarning sabablarini, ildizlarini, omillarini ilmiy o‘rganishni talab qilmoqda. Masalan, bundan 100, 1000 yillar ilgari ham ajdodlarimizda oilalar buzilgan. Ularni faqat 1 ta sabab – o‘lim ajratgan. Boshqa hech narsa ajralishga sabab bo‘lmagan. Qaror bizni “g‘oyaviy-tarbiya ishlarining yuzaki tarzda olib borilayotgani”dan ogohlantirib, bu ahvolga chek qo‘yishni talab qilmoqda. Yuzaki ishlash bu – masalaning “ichiga kirmasdan”, noilmiy, ya’ni natijasiz, xo‘ja(yin)ko‘rsin uchun “shug‘ullanish” degani. Qarorning mana shu joyi soha xodimlari, barcha vazirlik, idoralarning katta-kichik rahbarlarimizning ma’naviyat va ma’rifat, milliy g‘oya, tarbiya masalalariga munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishlarini taqozo qilmoqda.
Qarorning profilaktik jihati ma’naviy hayotimizda uchrayotgan “salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarining aksariyat hollarda kutilgan natijani bermayotgani bu masalalarga jiddiy e’tiborni talab etmoqda”, degan dasturiy ko‘rsatmada mustahkamlab qo‘yilgan. Ichki va tashqi tahdid o‘z ishini qilganidan keyin emas, balki oldini olish isbot talab qilmaydigan haqiqat. Shu sababli Qaror profilaktik, preventiv targ‘ibot, tarbiyaga ustuvorlik talabini qo‘ymoqda.
Qarorda to‘qqiz yo‘nalishdagi asosiy, kompleks yo‘nalishlar vazifalar belgilab berildi. Ularda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlari targ‘ibotini tizimli va izchil amalga oshirish, jahonda kechayotgan mafkuraviy jarayonlarni har tomonlama yoritish, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi g‘oyaviy kurashish, milliy g‘oyani keng targ‘ib etish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish, xalqimizning ertangi kunga ishonchini kuchaytirish, targ‘ibot-tashviqot ishlariga aholining xususiyatlarini hisobga olgan holda maqsadli va mazmunli yondashuvni joriy etish, sohaning ilmiy asoslangan, muntazam monitoringini ta’minlash, yoshlarda sog‘lom dunyoqarash, kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, Internetdan foydalanish madaniyatini oshirish, ularda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari va milliy tarbiya an’analarini asrab-avaylash, dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish vazifalari belgilab berildi.
Ushbu vazifalar ijrosi mamlakatimizda ma’naviyat-ma’rifat sohasini yangi bosqichga ko‘tarib, Vatanimizning mafkuraviy himoyasini yanada mustahkamlashi shubhasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |