MA’RUZA№ 1
«YONG’IN XAVFSIZLIGI» FANIGA KIRISH.
Reja
1 Yong’in xavfsizligi faning maqsadi
2.Yong‘inning kelib chiqish sabablari va turlari
Tayanch sо‘z va iboralar: yonish, portlash, potensial, oksidlanish jarayoni, yonuvchi modda, о‘z-о‘zidan alangalanish, kimyoviy jarayon, organik moddalar, ob’ektning yong‘in xavfsizligi.
”Yong‘in xavfsizligi” fanining o‘qitilishidan maqsadi - bo‘lajak mutaxassislarga turli tusdagi yong‘in va portlash yuz berganda inson hayotini, fuqarolarni, shuningdek moddiy boyliklarni muhofaza qilish, talafot olganlarga birlamchi tibbiy yordam berish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini va moddiy boyliklarni yonishdan. kuyib nobud bo‘lishdan saqlash tadbirlari va qoidalarini o‘rgatishdan iborat.
O‘quv fanini o‘rganishning asosiy vazifalari: yonish va portlash parametrlarini amaliy va tajriba yo‘llari bilan aniqlash, yonish jarayonining potensial portlash xavfliligini tahlil qilish, jarayonning termodinamik va ekzotermik parametrlarini aniqlash usullariga o‘rgatish, yong‘in va portlash yuz berganda fuqarolar muhofazasini va moddiy boyliklarni asrashni tashkil etish, zarbali to‘lqinlarda bosimni hisoblash, qurilish konstruksiyalarini o‘tga bardoshliligini oshirish, materiallarni yonmaydigan toifaga o‘tqazish, yonish jarayonining turli parametrlari – o‘z - o‘zidan alangalanish, chaqnash harorati, o‘z o‘zidan yonish, kislorod indeksi va boshqalarni aniqlash, kuygan va talafot olganlarga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish va boshqa muhim vazifalarni bajara oladigan bilim, ko‘nikma va kasbiy malakaga ega insonni tarbiyalashga qaratilgan.
Yong‘in sanoat korxonalari, xalq xо‘jaligining barcha tarmoqlarida yuz berib, yetkazadigan zarari jihatidan tabiiy ofatlarga tenglashishi mumkin bо‘lgan hodisa hisoblanadi. Ular katta moddiy zarar keltirishi bilan birga og‘ir baxtsiz hodisalarga: zaharlanish, kuyish hamda kishilar halokatiga sabab bо‘lishi mumkin.
Yong‘inga qarshi kurash ishlari davlat miqyosida amalga oshiriladi. Yong‘in xavfsizligini ta’minlash, uning rivojlanib, tarqalib ketmasligi chora-tadbirlarini oldindan kо‘rish samarali kurash olib borish yong‘inni о‘chirishda qо‘llaniladigan birlamchi vositalardan tо‘g‘ri foydalanishga qaratilgan.
Murakkab oksidlanish jarayonida yonuvchi moddalardagi bir moddaning ikkinchi moddaga aylanishi oqibatida katta miqdorda issiqlik va nurlanish ajralishi bilan kechadigan holatga yonish deb tushuniladi. Yong‘inga asosan uch omil: yonuvchi modda, yondiruvchi muhit, qizdirish jarayoni sabab bо‘ladi.
Yonish jarayoni, asosan, ikki xil bо‘lishi mumkin. Birinchidan, qattiq jismlar yonish jarayonida havo muhitidan ajralgan holda bо‘ladi. Bunday yonish havo harorati natijasida yonish zonasini kislorod bilan ta’minlaganligi uchun diffuziyali yonish deyiladi, uni yog‘och, kо‘mir va boshqa moddalar yonganda kuzatish mumkin. Yonishning ikkinchi xili yonuvchi gazlar va suyuqliklarning parlari, yonuvchi moddalarning changlari havo bilan aralashgan holatdagi yonishi bо‘lib, u kinetik yonish deb yuritiladi. Bunday yonish hajmli yonish jarayonida о‘tadi.
Yonish tezligi modda tо‘yinganligiga, harakatiga bog‘liq bо‘ladi. Agar bunday yonish yopiq hajmlarda yoki idishlarda bо‘lsa, portlash hodisasi rо‘y beradi.
Yonish quyidagi turlarga bо‘linadi:
- yonuvchi aralashmaning bir lahzada yonib, о‘chishi;
- qizdirish natijasida yonishning vujudga kelishi;
- uchqunlanish natijasida alangaga aylanish;
- organik moddalar ichida rо‘y beradigan ekzotermik reaksiyalar natijasida, yonuvchi aralashmaning tashqaridan qizdirishsiz о‘z-о‘zidan yonib ketishi;
- о‘z-о‘zidan alangalanish, о‘z-о‘zidan yonishning alanga bilan davom etishi;
- portlash - kimyoviy jarayonning bosim va quvvat hosil qilish bilan о‘tishi.
Yonuvchi modda ma’lum haroratda о‘zidan yonuvchi bug‘ ajratishi natijasida alangalanishni ta’minlasa, bu harorat alangalanish harorati deb yuritiladi, Ba’zi bir organik moddalar (torf, qipiq, paxta, kо‘mir mahsulotlari) о‘z-о‘zidan yonib ketish xususiyatiga ega. Chunki bular g‘ovak asosga ega bо‘lganligi va oksidlanishi mumkin bо‘lgan yuza juda kattaliga tufayli, ochiq, joylarda ma’lum miqdorda yig‘ilib, ob-havo о‘zgarishi, kislorod ta’sirida qizib, yonib ketadi. Buning asosiy sababi, organik namlanganda uning ichki qismida mikroorganizmlar rivojlanadi va natijada issiqlik ajralib chiqadi. Bu hodisa organik moddalarning о‘z-о‘zidan qizish jarayoni deb ataladi.
Yonish jarayoni yonuvchi modda molekulalarining kislorod molekulalari bilan birikish hodisasi hisoblanadi. Uni akademik N.N.Semyonovning zanjirli reaksiya nazariyasi asosida tushuniladi. Oksidlanish reaksiyasi natijasida odatda issiqlik ajralishi ma’lum sharoitda tezlashib ketishi mumkin. Mana shu tezlanish davri yonishga о‘tgan davrga tо‘g‘ri kelib, buni о‘z-о‘zidan alangalanish hodisasi deb yuritiladi.
О‘z-о‘zidan alangalanish issiqlik ta’sirida yoki zanjirli reaksiya asosida yuz berishi mumkin. Issiqlik ta’sirida yonishda reaksiya natijasida ajralib chiqayotgan issiqlik tashqi muhitga tarqalayotgan issiqlikdan katta bо‘lgan taqdirdagina vujudga keladi.
Yong‘in – bu maxsus manbadan tashqarida sodir bo‘ladigan va katta material zarar hamda talofatlar keltirib chiqaradigan nazoratsiz yonish jarayonidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |