- Suyuq muhitda gomogen reaksiyalar o׳tkazish reaktorlari. Sanoat sharoitida gomogen suyuq muhitli kimyoviy reaksiyalar davriy, yarim davriy va uzluksiz ishlovchi qurilmalarda o׳tkaziladi. Tajribaviy va kichik unumdorli ishlab chiqarishlarda jarayonning texnologik kattaliklarini oson o׳zgartirish mumkin bo׳lgan davriy reaktorlar qo׳llaniladi. Katta miqdorda issiqlik ajralib chiquvchi ekzotermik reaksiyalar uchun yarim davriy jarayonlar qo׳llaniladi. Reagentlardan biri qurilmaga uzluksiz uzatib turiladi, ikkinchi reagent esa davriy tarzda beriladi, bu esa katta miqdordagi issiqlikni ajratib olish imkoniyatini beradi. Uzluksiz ishlovchi qurilmalar asosan yuqori unumdorli, katta quvvatli ishlab chiqarishda qo׳llaniladi. Suyuq muhitda gomogen reaksiyalar o׳tkazish reaktorining konstruksiyasi ko׳p hollarda muhitning qovushqoqligiga bog`liq bo׳ladi. O׳rtacha qovushqoqlikka ega bo׳lgan suyuq muhitlarda reaksiyani o׳tkazish uchun keng tarqalgan aralashtirgichli reaktor. Propellerli yoki parrakli aralashtirgich reaktor hajmida harorat va konsentratsiyani tenglashtirish uchun etarli jadallikda muhitni aralashtirishi mumkin. Bunday konstruksiyali reaktorlar organik va noorganik kimyo sanoatida keng qo׳llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |