II.6. Tilshunoslikning fanlar tizimidagi o‘rni
Yuqorida bayon qilinganlardan ma'lum bo‘ldiki, tilshunoslik boshqa fanlar bilan ma'lum munosabatdadir. Bu esa tilshunoslikning fanlar sistemasidagi o‘rnini belgilashda bir qadar qiyinchilik tug‘diradi. Tilshunoslikni u yoki bu fanlar sinfiga kiritishda bu fan o‘rganadigan ob'ektning tabiati asos qilib olinadi. Bu jihatdan uning o‘rganish ob'ekti ham ko‘p qirrali, murakkabdir. Birinchidan, til kishilarning eng muhim aloqa vositasi, bilimlarini saqlovchi va kelajak avlodga yetkazuvchi, kishilarga estetik zavq uyg‘otuvchi qudratli vositadir. Ana shu vazifalarini e'tiborga olganda, til ijtimoiy hodisadir. Chunki u muayyan jamiyat uchun xizmat qiladi. Agar shu jamiyat bo‘lmasa, uning tiliga ham zarurat bo‘lmaydi. Jamiyatdagi har bir o‘zgarish uning tilida o‘z izini qoldiradi. Tilni ana shunday ijtimoiy mohiyat sifatida o‘rganish tilshunoslikni ijtimoiy fanlar tarkibiga kiritishga asos bo‘ladi. Ikkinchidan, mohiyatan ijtimoiy harakterga ega bo‘lgan til muayyan fizik va fizilogik jarayonlar asosida moddiylashadi. Tilning ana shu moddiylashish tomonini o‘rganish tilshunoslikni tabiiy fanlar sirasiga kiritish imkonini tug‘diradi. Shuning uchun ham A.A'zamov tilshunoslikni tabiiy fanlar qatorida qaraydi. Uchinchidan, til va tafakkur o‘zaro ajralmasdir. Til fikrni shakllantiruvchi va ifodalovchi moddiy vositadir. Bu jihatdan til va tafakkur shakl va mazmun dialektikasini o‘zida namoyon etadi. Tilning ana shu jihatlarini o‘rganish tomoni tilshunoslikni falsafa, mantiq, psixologik fanlari tizimiga kiritishga asos bo‘ladi.
To‘rtinchidan, til uzluksiz rivojlanib, takomillashib boruvchi hodisadir. Bu jihatdan u jonli organizmga o‘xshaydi. Tilning ana shu dinamik xususiyatlarini o‘rganish tomonidan tilshunoslik biologiya fanlari bilan umumiy belgilarga ega.
Bularning hammasi tilning nakadar murakkab, ko‘p qirrali hodisa ekanligidan dalolat beradi. Shuning uchun ham tilshunoslik tarixida uni turli fanlar sinfiga kiritishga urinishlar bo‘lgan. Hali tilshunoslik alohida fan bo‘lib ajralib chiqmasdan oldin, unga tegishli muammolar falsafa tarkibida o‘rganildi. Xususan, antik davr va o‘rta asrlarda til masalalari falsafa tarkibida o‘rganildi. Arastu, Aflotun, Forobiy singari olimlarning til muammolari bilan shug‘ullanishlari ana shu aspektda olib borildi. Arab tilshunosligida o‘rta asrlardayoq tilshunoslik falsafadan ajratildi. Tilshunoslikning leksikografiya, etnografiya, grafika kabi sohalari bilan shug‘ullanadigan alohida mutaxassislar dunyoga keldi. Lekin bularning hammasi umumiy filologik yo‘nalishda olib borildi.
Tilshunoslik mustaqil fan sohasi sifatida XIX asrdagina ajralib chiqdi. Lekin uning falsafa, psixologiya, mantiq fanlari bilan uzviy aloqadorligi saqlanib qoldi. Shuning uchun ham umumiy va qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning asoschilari bo‘lgan Yakov Grimm, Rasmus Rask, Vilgelm Humboldt singari olimlar bir vaqtning o‘zida yirik faylasuf ham edilar. Shu bilan birgalikda barcha ko‘zga ko‘ringan faylasuflar tilshunoslik masalalari yuzasidan ham bahs yuritdilar. Ulardan J.Russo, V.Chernishevskiy singarilarni ko‘rsatishimiz mumkin. Tilshunoslik va falsafani bunday zich aloqada o‘rganish har ikki fanni boyitish uchun katta xizmat qilsa ham, lekin ularning aniq chegrasini belgilash, o‘ziga xos xususiyatlarini chuqur tahlil etish uchun halaqit berar edi. Natijada tilshunoslik va falsafa mustaqil va ayni paytda, aloqador fanlar sifatida o‘rganila boshlandi.
Tabiiy fanlarning rivojlanishi, bu fanlarda ulkan kashfiyotlar qilinishi natijasida, tilshunoslikni ham tabiiy fanlar qatoriga kiritish, bu fan o‘rganuvchi tilni esa biologik hodisa sifatida qarash holatlari vujudga keldi. Xususan, XIX asrning o‘rtalarida Ch.Darvin ta'limoti asosida tabiatshunoslik fanlarining gullab-yashnashi davrida darvinizmning tilshunoslikka ham ta'siri kuchaydi. Tilshunoslikda nemis olimi A.Shleyxer rahbarligidagi naturalistik yo‘nalish maydonga keldi. Bu yo‘nalish tarafdorlari biologik qonunlarni tilning ichki tuzilish tarixi taraqqiyotiga nisbatan qo‘llashga harakat qildilar. Tilni biologik hodisa, tilshunoslikni esa biologiya fanlari tarkibidagi fan sifatida qarashga urindilar. Natijada tilshunoslik tabiatshunoslik fanlarining asirida qoldi.
XIX asr boshlaridan esa tilshunoslikni boshqa fanlardan ajratishga, uning tadqiqot ob'ektini aniq belgilashga e'tibor qaratildi. Bunday harakat, ayniqsa, mashhur shveytsar olimi Ferdinand de Sossyur asarlarida o‘zining yorqin ifodasini topdi. Uning tilni «o‘zida va o‘zi uchun» o‘rganish lozim, degan shiori ana shu harakatning ifodasidir.
F.de Sossyur lingvistikani tashqi va ichki lingvistikaga ajratgani holda, til bilan aloqador hodisalarni tashqi lingvistikaning o‘rganish ob'ekti deb hisobladi. Masalan, tilning shu til egasi bo‘lgan jamiyatning madaniyati, tarixi, tafakkuri va boshqalar bilan munosabati, tilning ichki tuzilishi, tuzilish birliklari o‘rtasidagi munosabatlar va ularning o‘ziga xos xususiyatlari kabi masalalar ichki lingvistikaning o‘rganish ob'ekti sifatida ajratildi. U tilshunoslarni ichki lingvistikadan tashqariga chiqmaslikka chaqirdi. Ana shu da'vat asosida tilshunoslik tarixida struktur tilshunoslik deb yuritiluvchi yo‘nalish dunyoga keldi.
Struktur tilshunoslik vakillari ichki lingvistika doirasida faoliyat ko‘rsatishi bilan umumiylikni tashkil etsalar ham, lekin ular tilning ichki tuzilishi birliklarining qaysi jihatlariga ko‘proq e'tibor berishlari nuqtai nazaridan o‘zaro farq qiladilar. Xususan, Praga tilshunoslik maktabi vakillari Struktur birliklarning funksional tomoniga, Kopengagen maktabi vakillari esa ularning immanent tomoniga ko‘proq e'tiborni qaratdilar.
Sturkturalistlar tadqiqotning yangi metodlarini qidirdilar. Bu yo‘lda fizika va matematikaning tadqiqot metodlariga yaqinlashishga harakat qildilar. Natijada fizika va matematikaning tadqiqot usuliga bir qadar yaqin keladigan yangi tadqiqot sistemasini yaratdilar. So‘ngi davrlarda axborot nazariyasining kuchayishi, avtomatik tarjimaning kengayishi natijasida ayrim G‘arbiy yevropa olimlarining tilshunoslikni aniq fanlar-texnika fanlariga kiritishga urinishlari sezilmoqda.
Til o‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha hodisalar bilan qanchalik uzviy aloqada bo‘lmasin, u eng avvalo, ijtimoiy hodisadir. Chunki u jamiyatning aloqa-aralashuv ehtiyojini qondirish talabi bilan yuzaga kelgan va ana shu jamiyatning taqdiri, tarixiy taraqqiyoti, turmush tarzi, madaniyati va hokazo bilan bog‘liq ravishda rivojlanadi. Shunday ekan, uning ijtimoiy fanlar sirasiga kirishi tabiiydir. Shu bilan birga, boshqa ijtimoiy fanlardan farqli ravishda tabiiy fanlar bilan tutash nuqtalari mavjuddir. Demak, ijtimoiy fanlar sistemasida tilshunoslik chegara o‘rnini egallaydi. Bu chegara tabiiy fanlar bilan ijtimoiy fanlarning oralig‘ini tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |