Namoyon naqsh kompozitsiyasini chizish.
Namoyon so’zi – ko’rinish, tugallangan degan ma’noni bildiradi. Xalq amaliy san’atida namoyon naqsh namunalaridan xalq ustalari keng foydalanib keladilar. Namoyon naqsh kompozitsiyalarida tabiat manzaralarining go’zal tasvirlari, yuqoriga intilib o’sayotgan o’simliklar dunyosining nafis ko’rinishlari aks ettiriladi. Bu kabi kompozitsiyalar tasvirida, ko’za yoki gultuvakda bark urib o’sayotgan gullar, majnuntol, anor, uzum singari stillashtirilgan o’simliklarning elementlari diqqatga sazovor.
Namoyon naqsh kompozitsiyalari asosida chorsi, palak, islimi, murakkab, girih, pushak islimi, chor kunj islimi kabi naqsh namunalari ham chizilib kelingan.
Namoyonning asosiy qismini tanob deb ataluvchi shakl yo’nalishi egallaydi. Tanob naqsh kompozitsiyasining asosiy novdasi hisoblanib, undan gul va novda elementlari o’sib chiqmaydi. Novda gul, barg va shu kabi naqsh elementlarini omuxta hamda alohida ko’rinishni tashkil etadi.
Namoyon naqshlarida murakkab tematik ramziylikka asoslangan naqsh elementlaridan keng foydalaniladi. Namoyon naqshlari ma’lum bir tarixiy sana yoki tavallud va qutlov mazmunida ishlanilishi mumkin. Ramziylikka asoslangan tematik pannolarda davlat gerbi tasviri, paxta, bug’doy, sher, baliq, tovus shakli elementlari ham aks etadi. Bu kabi naqsh elementlari tabiiy ko’rinishdan stillashtirib olingan eng sodda tasvirdagi chizgilardir. Namoyon naqshlarini girih, mehrob, oval, to’g’ri to’rtburchak ko’rinishlarida ham tasvirlanadi.
Namoyon kompozitsiyalari naqqoshlik, ganchkorlik va yog’och o’ymakorligi san’atlarida asosiy o’rinlardan birini egallab keladi. Namoyon naqsh namunalarini chizish bosqichlari:
Naqshlanuvchi yuzaning aniq o’lchamini olish;
Namoyonga shakl chizish;
Naqshning tanob shaklini chizish;
Novda gul, barg va shu kabi naqsh elementlarining shakl bo’yicha joylashtirish va xokazo.
Hosil bo’lgan namoyon naqsh kompozitsiyasini axtasini tayyorlab, kerakli yuza sathiga hoka yordamida tushiriladi. Kompozitsiya rang tuslari bilan turlanib siyoh-qalam, targ’il va yoki edirma usulida pardozlanadi.
Namoyon tugal ko’rinishigagi mustaqil naqsh kompozitsiyadir. Namoyon naqsh kompozitsiyasi voqe’likni umumlashgan tasviriy obrazini shartli aks ettiradi.
Namoyon murakkab naqsh turiga kirib uning islimiy, xandasiy va ramziy turlari mavjud. Namoyon naqshlari ham band va tanob elementlaridan tashkil topib, kompozitsiya tuzilishida asosiy va to’ldiruvchi rolini o’ynaydi.. Namoyon faqat girihdan ham tashkil topishi mumkin. Namoyonlar simmetrik va assimetrik tuzilgan bo’ladi. Namoyon naqsh kompozitsiya tuzilishlari har bir vohada o’ziga xosligi bilan harakterli. Namoyonning guldasta namoyon, anor namoyon, majnuntol namoyon, mehrobli namoyon, to’p-gul namoyon, gulsafsar, chorsi namoyon va boshqa juda ko’p atamalari bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |