Rejalashtirish tartibga soluvchi jarayon sifatida korxona faoliyatini yaqin va uzoq istiqbol sari ilgari surish, asoslab berish, muayyanlashtirish va izohlab berishni ifodalaydi. Oxirgi holatda gap korxona faoliyatini bashorat qilish haqida borishi mumkin. Bashorat qilishni rejalashtirishning boshlanishi va uzoq muddatli istiqbolga mo’ljallangan davomi sifatida ko’rib chiqish mumkin. Rejalashtirish va prognozlashtirish o’zaro aloqada bo’lgan ikkita jarayon bo’lib, xo’jalik faoliyatini avvaldan bajarilgan hisob-kitoblar, eng kam tavakkalchilik va eng yuqori natijalarga erishish asosida yuritishni ko’zda tutadi.
Rejalashtirish korxona tomonidan bajariluvchi vazifalar muayyanlashtirilgan rejalarda o’z aksini topadi. Bozor iqtisodiyotida reja “yot unsur” yoki “yuqoridan” keluvchi buyruq sifatida qabul qilinishi sababli, hozirgi xo’jalik yuritish faoliyatida indikativ reja va prognoz deb nomlanuvchi, lekin mohiyatiga ko’ra rejalashtirishning barcha hollarda obyektiv zaruriyatini tasdiqlovchi tushunchalardan foydalaniladi. Demak, rejalashtirish, jumladan, indikativ reja va prognoz – bu, korxonalarning xo’jalik faoliyati uchun mahsulot ishlab chiqarish va
uni sotish uchun barcha omillardan foydalanish va tayyorgarlikning o’z vaqtida bo’lishi bilan bog’liq bo’lgan qulay sharoitlarni yaratishdir.
Reja va rejalashtirish orasidagi farqni anglash muhim ahamiyat kasb etadi. Rejalashtirish indikativ reja yoki prognoz kabi rejalarni ishlab chiqish jarayoni bo’lsa, reja korxonaning ma’lum bir vaqt mobaynida amalga oshiruvchi texnik- iqtisodiy ko’rsatkichlarini o’zida aks ettiruvchi hujjatni ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, reja – bu, korxonaning maqsadli funksiyalari va ularni amalga oshirish yo’llarini belgilab beruvchi rejalashtirishning moddiylashgan shaklidir. Shu tariqa rejalashtirish bozor va bozor mexanizmiga qarama-qarshi bo’lmasdan, aksincha, ishlab chiqarishning maqbul yo’nalishlarini aniqlash, foydalanilmagan zahira va imkoniyatlarni qo’llash, korxonaning oqilona baho siyosatini shakllantirish hamda xo’jalik yuritish aloqalarining samarali shakllarini o’rnatishga ko’maklashadi. Rejalashtirish va bashorat qilish yordami bilan ichki va tashqi bozordagi iste’molchilar talabi aniqlanadi, korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati kuchaytiriladi. Biroq rejalashtirish imkoniyatlarini mobilizasiya qilish rejalashtirishning o’zidagina ifodalanmaydi.
Rejalashtirish odamlar, birinchi o’rinda mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi sababli istalgan reja yoki prognozning hayotga tatbiq etilishi ko’p jihatdan iqtisodchilarning malakasiga, ular rejalashtirish-ning uslubiy asoslarini yaxshi bilishiga, shuningdek, ishlab chiqarish reja-larining bozor talablarini hamda korxonaning mo’ljallangan daromadga erishishini hisobga olishiga ham bog’liq. Rejani ishlab chiqish qanchalik asoslab berilgan bo’lsa, uning haqiqiyligi va iqtisodiyotdagi ahvol bilan bog’liqligi shunchalik yuqori bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |