0
IV. MA‘RUZA MATERIALLARI
Ma’ruza 1. FANNING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFASI
Arxeologiya fani tasnifi.
Arxeologiya fani maqsadi va vazifalari.
Arxeologiya fani ish uslubi va tadqiqot turlari.
TAYaNCh SO’ZLAR VA IBORALAR
Arxeologiya, arxeolog, xronologiya, er usti arxeologiya, suv osti arxeologiya, o’lkashunoslik, etnografiya, ekspeditsiya, tsivilizatsiya, arxeologik yodgorlik, moddiy manbaa, arxeologik komplek va h. k.
Arxeologiya fani haqida umumiy tushuncha. Arxeologiyaga kirish fanining maqsadi va vazifalari. Fanning paydo bo’lishi. Fanning predmeti. Arxeologiya - xalqaro fan. Arxeologiya - umuminsoniyat tarixiga xizmat qiladigan fan. Arxeologiya fani ish uslubi va tadqiqot turlari.
1. ARXEOLOGIYa FANI TASNIFI
Arxeologiya (yunoncha “arxeo” – qadimgi, “logos” - fan), qadimshunoslik — qadimgi moddiy madaniyat yodgorliklariga asoslanib kishilik jamiyati o’tmishini o’rganuvchi fan.
Mehnat qurollari, uy-ro’zg’or buyumlari, qurol-yarog’lar, zeb-ziynatlar, uy-joy, ustaxonalar, mudofaa va irrigatsiya inshootlarining qoldiqlari hamda o’tmishga oid turli topilmalar Arxeologiyaning bosh manbai bo’lib, ularni chuqur ilmiy o’rganish asosida o’tmishdagi kishilik jamiyatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tarixining umumiy manzarasi tiklanadi. Shu sababli, Arxeologiya tarix fanining bir tarmog’i hisoblanadi.
O’rta Osiyoning jazirama quyoshi ostida, yoki qorli sovuq Alyaska xududlarida arxeologik tadqiqot ishlarini olib borish, yohud Florida ko’rfazlarida halokatga yuz tutgan ispan kalonistlari kemalari qoldiqlarini dengiz tubiga sho’ng’ib qazuv ishlarini olib borish, arxeologiya fanining naqadar og’ir ilm ekanligini ko’rsatadi. Arxeologiya nafaqat dalada amaliy faoliyat olib borish, balki laboratoriya va ilm markazlarida intelektual ishtiyoq bilan tadqiqot ishlarini olib borishdir ham. Bu esa fanning muhim qismi hisoblanadi. Unda, arxeologik qazuv ishlari natijasida topilgan ashyolarni labaratoriyada qayta tadqid va taxlil qilib, tarix fanini moddiy manba asnosida isbotlaydi va to’ldirib boradi. Siz, arxeolog yoki arxeologiya sohasi deganda, yozuvchilar Agata Kristining “Mesopotamiyadagi qotillik”, Stiven Spilbergning “Indiana Jons” kabi xavf-xatarlarga boy detektiv kino filmlaridagi obrazini ko’z oldingizga keltirishingiz tabiiy, albatta. Biroq, ushbu kino sahna obrazi haqiqatdan ancha yiroq. Arxeologiya bu faqat qadim o’tmishdan qolgan iqtisodiy qiymatga ega boyliklarni izlab topish emas, balki, o’tmish kishilik jamiyati qoldirgan moddiy madaniyatlar asnosida tarixni o’rganishdir. (Colin Renfrew, Paul Bahn. Archaeology: Theories, Methods and Practice. London. 2004. P. 12-13)
“Arxeologiya” so’zini mil. av. IV asrda yashagan yunon faylasufi Platon (Aflotun) o’z asarlarida “qadimgi voqealar” ma’nosida keltirgan. Ilmiy maqsadlardagi dastlabki arxeologik qazishmalar VIII asr boshidan boshlangan. XIX asr esa yirik arxeologik kashfiyotlar davri bo’lib, arxeologiya fan sifatida shakllanib bordi.
XIX asrda arxeologiya asosan 4 kismga bo’linib o’rganilar edi; Yunoniston va Rimning quldorlik davri yodgorliklarini o’rganuvchi mumtoz Arxeologiya, ibtidoiy Arxeologiya, o’rta asr moddiy-madaniyat yodgorliklarini o’rganuvchi umumiy Arxeologiya va Sharq Arxeologiyasi. XX asr boshida ular birlashib, keng mazmunli hozirgi zamon Arxeologiyasi shakllandi. (Colin Renfrew, Paul Bahn. Archaeology: Theories, Methods and Practice. London. 2004. P. 16-17)
Arxeologiya fani mutaxacsisi arxeolog (qadimshunos) deb nomlanadi. Arxeolog – qadimshunos ekan, unda tarixchidan qanday farqi bor? – degan savol tug’ilishi mumkin. Arxeolog qadimgi yodgorliklarni o’rganish jarayonida ajdodlar o’tmish tarixi va madaniyatidan dalolat beruvchi ashyoviy dalillar va qurilish qoldiqlarini ochar ekan, u birinchi navbatda o’z ilmiy tadqiqoti uchun birlamchi manba to’playdi. Uning o’ta muhim tomoni ham shundaki, topilgan materiallarni o’rganish jarayoni aynan ularni ochish daqiqalaridan boshlanadi. Materiallarni tarixiy taxlil etish uning qazish jarayonidan boshlanadi. Maktab ko’rmagan va dala amaliyotida bo’lmagan “arxeolog” hech qachon arxeologik ob’ektlarni yaxshi qazishi mumkin emas, u qazigan yodgorlik qanchalar boy va noyob materiallar bo’lmasin, u fan uchun katta yo’qatishdir. Ilmiy metodik asosda qazishmalar olib borishni bilmagan izlanuvchi hech qachon yaxshi kabinet tadqiqotchisi ham bo’la olmaydi, chunki unda qadimgi madaniy qatlamlarning hosil bo’lish holatini kuzatishdek muhim ne’matdan maxrum; ilmiy qazishma malakasi yo’qligidan yodgorlik xarakterini tasavvur eta olmaydi. Bunday xolatda to’la qonli arxeologik tadqiqot olib borildi, deb bo’lmaydi.
Kabinet va dala sharoitida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar arxeologik izlanishlarning tub mazmun va mohiyatini tashkil etadi.
Umumun, arxeologiya fani o’z mutaxassisi bo’lmish arxeologni ko’p qirrali inson bo’lishni talab etadi. U siyosiy tarixni yaxshi bilishi va o’z navbatida arxeologiyaning tarmoq fanlari; numizmatika, antropologiya, tarixiy lingvistika, epigrafika, tarixiy geografiya, toponomika, etnografiya kabi fanlardan xabardor bo’lishi lozim. Dala tadqiqotlari jarayonida va laboratoriyalarda unga bevosita geometriya, matematika, geologiya, geografiya, kimyo, fizika, biologiya kabi aniq va tabiiy fanlardan xabardorlikni talab etadi. (Colin Renfrew, Paul Bahn. Archaeology: Theories, Methods and Practice. London. 2004. P. 45)
Do'stlaringiz bilan baham: |