Markaziy nerv tizimining anatomiyasi, fiziologiyasi va yosh xususiyatlari



Download 87 Kb.
Sana27.06.2017
Hajmi87 Kb.

Aim.uz

Markaziy nerv tizimining anatomiyasi, fiziologiyasi va yosh xususiyatlari

Bosh miya (encephalon) uni o‘ragan pardalari bilan birga kallaning miya qismi ichida joylashgan. Uning ustki yon yuzasi kalla qopqog‘i ichki yuzasiga mos ravishda gumbaz hosil qiladi. Pastki yuzasi kallaning ichki asosidagi chuqurchalarga mos murakkab relefga ega. Bosh miyaning og‘irligi katta odamlarda 1100 dan 2000 g gacha, o‘rtacha: erkaklarda 1394 , ayollarida 1245 g. Bosh miya uch yirik qismdan: katta miya yarimsharlari, miyacha va miya so‘g‘onidan iborat.

Katta miya (cerebrum) markaziy nerv tizimining odamda kuchli taraqqiy etgan eng katta va faoliyat jihatidan ahamiyatga ega qismi. Katta miyaning bo‘ylama yorig‘i (fissura longitudinalis cerebri) uni o‘ng va chap yarimsharlarga ajratadi. Yarimsharlar o‘zaro qadoq tana (corpus collosum) vositasida qo‘shilgan. Yarimsharlar orqa tomonda ko‘ndalang yorig’ (fissura transversa cerebri) vositasida miyachadan ajrab turadi. Miya yarimsharlarining tashqi yuzasi turli chuqurlikdagi egatlar (sulci cerebri) joylashgan. Chuqur egatlar yarimsharlarni bo‘laklarga (lobi cerebri) ajratsa, mayda egatlar pushtalarni (gyri cerebri) chegaralaydi.

Bosh miyaning pastki yuzasi yoki asosi yarimsharlar, miyacha va miya so‘g‘oning ventral qismlaridan hosil bo‘lgan. Uning oldingi qismlarida peshona bo‘lagining ostki yuzasida hidlov piyozchalari (bulbi olfactori) joylashgan. Uning ventral yuzasiga burun bo‘shlig‘idan g‘alvir suyakning ilma-teshik plastinkasidagi teshiklardan o‘tuvchi 15-20 hidlov nervlari (nn. olfactorii) I juft bosh miya nervi keladi. Hidlov piyozchasidan orqaga qarab hidlov yo‘li (tractus olfactorius) yo‘naladi. Uning orqa qismlari kengayib hidlov uchburchagini (trigonum olfactorum) hosil qiladi. Hidlov uchburchagining orqa tomonida oldingi ilma-teshik modda (substantia perforata anterior) joylashib, bu teshiklar orqali miya ichiga arteriyalar kiradi. Ilma-teshik modda oralig‘ida ko‘ruv nervi kesishmasi (chiasma opticum) joylashgan. U ko‘ruv nervi (n. orticus) II juft bosh miya nervi tolalaridan hosil bo‘ladi. Ko‘ruv nervi orqa tomonga ko‘ruv trakti (tractus opticus) bo‘lib davom etadi. Ko‘ruv nervi kesishmasining orqa tomonida kulrang tepacha (tuber cinereum) yotadi. Uning pastki qismi torayib quyg‘ichni (infundibulum) hosil qiladi. Quyg‘ichning uchida ichki sekretsiya bezi gipofiz (hypophysis) turadi. Kulrang tepachaning orqa tomonida oq sharsimon shakldagi ikkita oq so‘rg‘ichsimon tana (corpora mamillaria) bor. So‘rg‘ichsimon tananing ikki yon tomonida bo‘ylamasiga joylashgan ikkita yo‘g‘on oq to‘sinlar singari miya oyoqchalari joylashgan. Ular o‘rtasida oyoqchalararo chuqurcha (fossa interpedincularis) bo‘lib, uning tubini orqa ilma-teshik modda (substantia perforata posterior) hosil qiladi. Bu teshiklar orqali miya ichiga qon tomirlar kiradi. Miya oyoqchalarining ichki yuzasidan III juft bosh miya nervi ko‘zni harakatlantiruvchi nervning (n. oculomatorius) ildizi ko‘rinadi.

Miya oyoqchalarining tashqi yuzasidan IV juft bosh miya nervi g‘altak nervining (n. trochlearis) ildizi chiqadi. Miya oyoqchalari orqa tomonda ko‘ndalang bolish shaklidagi ko‘prikka (pons) borib taqalgan.

Ko‘prikning tashqi qismlari miyacha tomon yo‘nalib, miyachaning o‘rta oyoqchasini (pedunculus cerebellaris medius) hosil qiladi.

Ko‘prik bilan miyachaning o‘rta oyoqchasi chegarasida V juft bosh miya nervi uch shoxlik nervning (n. trigeminus) ildizi ko‘rinadi.



Ko‘prikdan pastda uzunchoq miyaning ventral qismi joylashgan. Unda o‘zaro oldingi o‘rta yorig‘ bilan ajralgan piramidalar (pyramis medullae oblangatae), ulardan tashqarida esa yumaloq tepacha oliva (oliva) ko‘rinadi. Ko‘prik bilan piramidaning o‘rtasidan VI juft bosh miya nervi uzoqlashtiruvchi nervning (n. abdusens) ildizi chiqadi. Undan chekkaroqda miyachaning o‘rta oyoqchasi bilan oliva o‘rtasidan ketma-ket joylashgan VII juft yuz nervi (n. facialis) va VIII juft dahliz-chig‘anoq nervining (n. vestibulocochlearis) ildizsi chiqadi. Uzunchoq miyaning olivasi orqasidagi egatdan birin-ketin IX juft til-yutqin nervi (n. glossophyngeus), X juft adashgan nerv (n. vagus) va XI juft qo‘shimcha nervning (n. accessorius) ildizlari chiqadi. XII juft til osti nervining (n. hypoglossus) ildizi esa piramida bilan oliva o‘rtasidagi egatdan chiqadi.

Yangi tug‘ilgan chaqaloq bosh miyasi nisbatan katta bo‘lib, uning og‘irligi o‘rtacha og‘il bolalarda 390g, qiz bolalarda 355g bo‘ladi. To‘rt yoshgacha miya, bo‘yiga va balandligiga bir tekis o‘sib, uning og‘irligi bir yoshda 2 marta, 3-4 yoshda 3 marta oshadi, 7 yoshdan so‘ng miya og‘irligi sekin o‘zgarib, 20 yoshda erkaklarda 1355g, ayollarda 1220g ni tashkil qiladi. Bosh miyani ayrim qismlari bir xil o‘smaydi. Peshona va tepa bo‘laklari nisbatan tez o‘ssa, ensa bo‘lagi esa juda sekin o‘sadi.

Miya so‘g‘oni. Miya so‘g‘oni (truncus ensephali) tarkibiga uzunchoq miya (medulla oblangata), ko‘prik (pons) va o‘rta miya (mesencephalon) kiradi.

Uzunchoq miya. Uzunchoq miya (meddulla oblangata) orqa miyaning bevosita davomi bo‘lib, rombsimon miyaning pastki qismidir. Uning tashqi tuzilishi orqa miyaga, ichki tuzilishi bosh miyaga o‘xshagani uchun myelencephalon deb ataladi. Uning pastki chegarasi katta teshik sohasida yoki I juft orqa miya nervi ildizining yuqori chekkasida. Yuqori chegarasi old yuzasida ko‘prikning pastki chekkasida bo‘lsa, orqa yuzasida miya hoshiyalariga to‘g‘ri keladi. Uzunchoq miyaning yuqori qismlari kengayib piyozcha shaklini olgani uchun uni miya piyozchasi (bulbus cerebri) deb ham ataladi. Uzunchoq miya eshituv va muvozanat a’zolari, hamda qon aylanish va nafas a’zolariga bog‘liq bo‘lgan jabra apparatlari bilan aloqada paydo bo‘ladi. Shuning uchun unda muvozanat va harakatni muvofiqlashtirish, modda almashinuvini boshqaruvga aloqador bo‘lgan kulrang o‘zaklar joylashgan. Uzunchoq miyaning uzunligi o‘rtacha 2,5 sm. Unda oldingi, orqa va yon yuzalari tafovut qilinib, ular o‘zaro egatlar yordamida ajralib turadi. Bu egatlar orqa miya egatlarining davomi bo‘lib, o‘sha nomlar bilan ataladi. Uzunchoq miyaning ventral yuzasidagi oldingi o‘rta yoriqni (fissura mediana anterior) ikki tomonida bo‘rtib chiqqan piramidalar (pyramis medullae oblangatae) joylashgan. Piramidalar harakatlantiruvchi nerv tolalaridan iborat bo‘lib, orqa miyaga o‘tish joyida qisman kesishib, piramidalar kesishmasini (decussatio pyramidum) hosil qiladi. Kesishgan tolalar orqa miyaning yon tizimchasiga davom etadi. Kesishmagan tolalar orqa miyaning oldingi tizimchasi tarkibida yo‘naladi. Oldingi yon egat (sulcus anterolateralis) piramidaning oval shaklidagi tepalik olivadan (oliva) ajratib turadi. Oliva tishsimon tuzilishga ega bo‘lgan kulrang modda to‘plami oliva o‘zagining joylashshidan hosil bo‘lgan. Bu egatdan til osti nervi ildizi chiqadi. Uzunchoq miyaning dorsal yuzasida orqa o‘rta egatni (sulcus mediana posterior) yon tomonlarida o‘zaro oraliq egat bilan bo‘lingan orqa miyaning nozik va ponasimon dastalari kengayib bo‘rtiqlar hosil qiladi. Nozik dasta bo‘rtig‘i (tuberculum gracile) ichki, ponasimon dasta bo‘rtig‘i (tuberculum cuneatum) tashqi tomonda joylashadi. Orqa yon egatdan (sulcus posterolateralis) IX, X, XI juft bosh miya nervlarining ildizi chiqadi. Yon tizimchaning dorsal qismi ponasimon va nozik dastalardan chiqayotgan tolalar bilan qo‘shilib miyachaning pastki oyoqchasini (pedunculus cerebellaris inferior) hosil qiladi.

Uzunchoq miya kesmasida (123-rasm) u oq va kulrang moddalar to‘plamidan iborat bo‘ladi. Kulrang moddada muvozanat va harakatni muvofiqlashtirish, modda almashinuvi boshqaruvga aloqador bo‘lgan kulrang o‘zaklar joylashgan. 1.Yon tomonda joylashgan o‘ng va chap pastki oliva o‘zaklari (nuclei olivaris inferiores) miyachaning tishli o‘zagi bilan bog‘langan bo‘lib, odamda muvozanatni boshqaruvchi oraliq o‘zak hisoblanadi. 2.To‘r formatsiya (formatio retecularis) bir- biri bilan chalkashib to‘r hosil qilgan nerv tolalari va ular o‘rtasida yotgan nerv o‘zaklaridan iborat. 3.To‘rt juft (IX-XII) bosh miya nervlarining o‘zaklari. 4.Adashgan nerv o‘zagi bilan bog‘langan nafas olish va qon aylanish markazlari bor.

Uzunchoq miyaning oq moddasi uzun va qisqa tolalardan iborat. Uzun tolalar uzunchoq miyani oldingi qismida pastga tushuvchi, harakatlantiruvchi piramida yo‘lini hosil qiladi. Uning orqa lateral yuzasida yuqoriga ko‘tariluvchi orqa miyani miya yarimsharlari va miyacha bilan bog‘lovchi sezuvchi yo‘llar joylashadi. Orqa miya-po‘stloq yo‘li uzunchoq miya sohasida kesishib qovuzloq kesishmasini (decussatio lemniscorum) hosil qiladi.

Qisqa tolalar kulrang modda o‘zaklarini o‘zaro bog‘lab, shuningdek uzunchoq miyani bosh miya so‘g‘onining qo‘shni qismlari bilan qo‘shib turadi.



Yangi tug‘ilgan chaqaloqda uzunchoq miya yuqori va gorizontal joylashgan. Piramida yaxshi taraqqiy etmagani uchun olivalar bir-biriga yaqin turadi. Nozik va ponasimon dastalar bir-biridan aniq ajramagan. Bola hayotining birinchi yilida olivalar asta-sekin bo‘rtiq shaklini oladi va yoshga qarab kattalashib boradi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda uning uzunligi 8-9 mm, kengligi 4-5 mm, bir yoshda esa uzunligi 12-13 mm bo‘ladi. Erta bolalik davri so‘ngida miya o‘tkazuv yo‘llari taraqqiyoti natijasida piramidalar kattalashib olivalar bir-biridan uzoqlashadi. Nozik va ponasimon dastalar bir-biridan ajralib, nozik va ponasimon bo‘rtiqchalar paydo bo‘ladi. Uzunchoq miya o‘zaklari taraqqiyoti 7 yoshda tugaydi.

Ortqi miya. Ortqi miya (metencephalon) ikki qismdan: ventral joylashgan ko‘prik va dorsal joylashgan miyachadan iborat. Ortqi miyaning qoldiq bo‘shlig‘i, uzunchoq miya bilan birgalikda IV qorinchani hosil qiladi.

Ko‘prik Ko‘prik (pons) sut emizuvchilarda plashch taraqqiyotiga bog‘lik ravishda payda bo‘ladi. U odamda yaxshi rivojlangan bo‘lib, ko‘ndalang bolish shaklida. U yuqoridan miya oyoqchalari, pastdan esa uzunchoq miya bilan chegaralanadi. Uzunchoq miya bilan ko‘prik o‘rtasida egat (sulcus bulbopontinus) yotadi. Yon tomonga ko‘prik torayib, miyachaning o‘rta oyoqchasiga (pedunculi cerebellaris medius) o‘tib ketadi. Ko‘prikning tashqi chegarasini uch shoxlik va yuz nervlari ildizlari o‘rtasidagi chiziq (linea trigemenofacialis) hosil qiladi. Ko‘prikning ventral yuzasi ko‘ndalang yo‘nalgan tolalardan iborat bo‘lib, o‘rtasida asosiy arteriya egati (sulcus a. basillaris) joylashgan, uning dorsal yuzasi IV qorincha tubini hosil qilishda ishtirok etadi. Ko‘prikning ko‘ndalang kesmasi (124-rasm) markazida ko‘ndalang tolalar to‘plami - trapetsiyasimon tana (corpus trapezoideum) joylashgan. Uning tolalari o‘rtasida trapetsiyasimon tananing oldingi va orqa o‘zaklari yotadi. Trapetsiyasimon tana ko‘prikni orqa yoki qopqoq qismi (tegmentum pontis) va oldingi yoki asosiy qismga (pars basillaris) ajratadi. Ko‘prikning oldingi qismi bo‘ylama va ko‘ndalang tolalar va ular o‘rtasida joylashgan ko‘prikning xususiy o‘zaklaridan iborat. Bo‘ylama tolalar piramida, po‘stloq-o‘zak va po‘stloq-ko‘prik yo‘llari tolalaridan iborat bo‘lib, ular ko‘prikning xususiy o‘zaklarida tugaydi. Bu o‘zak hujayralari tolalari ko‘ndalang tolalarni hosil qilib, miyachaning o‘rta oyoqchasi tarkibida miyacha po‘stlog‘iga boradi.

Ko‘prikning orqa qismida ko‘tariluvchi sezuvchi yo‘llar o‘rtasida to‘rt (V, VI, VII, VIII) juft bosh miya nervlarining o‘zaklari va to‘r formatsiya joylashgan.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqda ko‘prik turk egari oldida yotadi. Bola hayotining erta davrlarida orqa tomonga surilib, 5 yoshda ensa suyagi qiyaligiga yetib boradi.

Yosh bolalarda piramida va miyacha o‘tkazuv yo‘llari yaxshi taraqqiy etmagani uchun uning hajmi kichik va o‘zaklari bir-biriga yaqin joylashadi. 5-7 yoshlarda ko‘prik tez taraqqiy etib kattalarnikiga o‘xshash ko‘rinishga ega bo‘ladi.


Miyacha. Miyacha (cerebellum) ko‘prik va uzunchoq miya yuqori qismining orqa tomonida, orqa kalla chuqurchasida yotadi. Yuqori tomondan katta miyaning ko‘ndalang yorig‘i (fissura transversa cerebri) miyachani yarimsharlarning ensa bo‘lagidan ajratib turadi. Miyacha taraqqiyoti harakatni reflektor moslashtirish retseptorlari bilan bog‘liq ravishda o‘tadi va mushaklar qisqarishini muvofiqlashtirish markazi hisoblanadi. U ayrim mushaklarning murakkab faoliyatini bir-biriga bog‘lab turadi va tana muvozanatini ta’minlaydi. Bundan tashqari unda vegetativ nerv tizimi markazlari (qon tomirlar harakati refleksi, teri trofikasi, yaralarni bitish tezligi) joylashgan.


Miyachada ustki va pastki yuzalar tafovut qilinib, ular o‘zaro chuqur gorizontal yoriq (fissura horizontalis) bilan ajrab turadi. Pastki yuza o‘rtasida keng botiq (vallecula cerebelli) bo‘lib, unga uzunchoq miyani orqa yuzasi tegib turadi. Miyachada ikkita yarimshar (hemisphaeria cerebelli) va ular o‘rtasidagi toq chuvalchangsimon qism (vermis) tafovut qilinadi. Chuvalcgansimon hosila miyachning tanasi (corpus cerebelli) deb ataladi. Yarimsharlar va chuvalchangning ustki va pastki yuzalari ko‘plab ko‘ndalang yorig‘lar (fissura cerebelli) vositasida uzun va ingichka miyacha barglariga (pushtalari) (follia cerebelli) ajragan. Chuqur egatlar bilan ajragan pushtalar yig‘indisi miyacha bo‘lakchasini (lobulli cerebelli) hosil qiladi. Bo‘laklardan alohidasi parcha (flocculus) miyacha o‘rta oyoqchasini ventral qismida yotadi. Parcha o‘z oyoqchasi yordamida miyacha chuvalchangi va tuguncha (nodulus) bilan qo‘shiladi. Miyacha miyaning boshqa qismlari bilan uch juft oyoqchalari vositasida birikadi. Miyacha oyoqchalari o‘tkazuv yo’llar tolalaridan iborat. Miyachaning pastki oyoqchasi (pedunculi cerebellaris inferior) pastga tomon yo‘nalib, miyachani uzunchoq miya bilan qo‘shadi. Uning tarkibida orqa miya bilan miyacha o‘rtasidagi orqa yo‘l (tractus spino-cerebellaris posterior) tolalari joylashadi. Miyachaning o‘rta oyoqchasi juda qalin bo‘lib, ko‘prikka o‘tib ketadi. Uning tarkibida ko‘prik-miyacha yo‘li (tractus ponto-cerebellaris) tolalari joylashadi. Miyachaning ustki oyoqchalari (pedunculi cerebellaris superiores) uni o‘rta miya bilan qo‘shib turadi. Uning tarkibida orqa miya bilan miyacha o‘rtasidagi oldingi yo‘l (tractus spino-cerebellaris anterior) tolalari joylashadi.

Miyacha oq va kulrang moddadan iborat. Uning kulrang moddasi tashqi tomonida po‘stloqni (cortex cerebelli) hosil qilsa, oq moddaning ichida to‘rt juft miyacha o‘zaklarini hosil qiladi. Miyacha po‘stlog‘i ancha sodda tuzilgan bo‘lib, uch qavat nerv hujayralaridan iborat:

1.Molekulyar qavat kam sonli mayda va savatsimon nerv hujayralaridan iborat.

2.Ganglionar qavat bir qator joylashgan Purkine hujayralaridan iborat. Ularning dendritlari kuchli shoxlangan bo‘lib, molekulyar qavatga yo‘naladi. Aksonlari esa donador qavatdan o‘tib oq moddaga tushadi.



3.Donador qavat mayda nerv hujayralaridan iborat bo‘lib, oq moddani yonida turadi. Miyacha o‘zaklaridan biri cho‘qqi o‘zagi (nucleus fastigi) chuvalchangning oq moddasida joylashgan. U tana mushaklari faoliyatini boshqaradi. Undan tashqariroqda joylashgan sharsimon o‘zak (nucleus globosus), po‘kaksimon o‘zak (nucleus emboliformis) va chuvalchang bo‘yin hamda tana mushaklari faoliyatini boshqaradi. Miyacha yarim sharlarining o‘rtasida joylashgan tishsimon o‘zak (nucleus dentatus) va miyacha yarimsharlari po‘stlog‘i qo‘l hamda oyoq mushaklari faoliyatini boshqaradi. Miyacha to‘rtinchi miya pufagining dorsal qismidan paydo bo‘ladi. U o‘ng va chap qanotsimon plastinkalardan hosil bo‘lgan juft kurtaklardan taraqqiy etadi. Bu kurtaklar asta-sekin o‘sib o‘rta chiziqda o‘zaro qo‘shiladi va chuvalchangni hosil qiladi. Uning yon tomonida esa miyacha yarimsharlari paydo bo‘ladi. Homila hayotining 4-5 oylarida miyacha yuzasida pushtalar va egatlar hosil bo‘ladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda miyacha cho‘zinchoq va kichik bo‘lib, kattalarga nisbatan yuqori joylashgan bo‘ladi. Uning og‘irligi 20-23g bo‘ladi. Ularda miyacha egatlari chuqur bo‘lib, hayot daraxti yaxshi ko‘rinmaydi. Chuvalchang yarimsharlarga nisbatan yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Bola hayotining birinchi yilida miyacha tez o‘sadi. Uning og‘irligi 6 oyda 3 marta, bir yoshda esa 4 marta kattalashadi. Bola 6 yoshga to‘lgunicha miyacha og‘irligi o‘g‘il bolalarda 142-150 g, qiz bolalarda esa 135 g bo‘ladi. Bolaning yoshi kattalashgani sari miyachaning oq moddasi kulrang moddaga nisbatan tez ko‘payadi. Homila davrida va bir yoshgacha bo‘lgan bolada miyacha o‘zaklari yaxshi taraqqiy etib, bir yoshdan keyin nerv tolalari tez o‘sadi. Miyachaning tishsimon o‘zagi bir yoshgacha o‘ng tomonda katta bo‘lsa, keyingi davrlarda chap o‘zak tez o‘sib, hajm jihatidan kattalashadi. Miyacha oyoqchalarining o‘sishi ham bir xil emas. Miyachaning pastki oyoqchasi bola hayotining birinchi yilida tez o‘sadi. Keyingi davrlarda uning o‘sishi sekinlashib, 7 yoshda kattalarnikiga o‘xshash bo‘ladi. Miyachaning o‘rta oyoqchasining kengligi yangi tug‘ilgan chaqaloqda 5,7 mm bo‘lsa, emizikli davrda tez o‘sib 2 yoshda 10 mm bo‘ladi. Kattalarda esa 13,9 mm. Miyachaning ustki oyoqchasining o‘sishi 7-9 yoshgacha davom etadi. To‘rtinchi qorincha. To‘rtinchi qorincha (ventriculus quartus) rombsimon miya pufagining hosilasidir. Uning devorlari hosil bo‘lishida uzunchoq miya, ko‘prik, miyacha va rombsimon miya siqig‘i ishtirok etadi. To‘rtinchi qorincha shakl jihatidan chodir (palatka) ko‘rinishiga ega. Uning tubini uzinchoq miya va ko‘prikni orqa yuzasi hosil qilib ko‘rinishi rombga o‘xshaydi. Shuning uchun uni rombsimon chuqurcha deb ataladi. Bu yuzada uzunchoq miya bilan ko‘prik o‘rtasida ko‘ndalang yo‘nalgan miya hoshiyalari (stria medullaris) joylashgan.

XII juft, til osti nervining (n. hypoglossus) bitta harakatlantiruvchi o‘zagi (nucleus n. hypoglossi) bo‘lib, til osti uchburchagi ichida joylashgan.

XI juft, qo‘shimcha nervning (n. accessorius) harakatlantiruvchi o‘zagi (nucleus nervi accessorii) rombsimon chuqurchada ikki yoqlama o‘zakdan tashqarida va pastroqda yotadi. Bu o‘zak orqa miyaga tomon davom etib, uning yuqorigi 5-6 segmentlari sohasida oldingi shoxlarga yaqin joylashadi.

X juft, adashgan nervning (n. vagus) uchta o‘zagi bor. I. Ikki yoqlama o‘zak (nucleus ambiguus) harakatlantiruvchi IX va X juft nervlar uchun umumiy bo‘lib, rombsimon chuqurchaning pastki bo‘lagini lateral qismida to‘r formatsiya ichida joylashgan. 2. Yakka tutam o‘zagi (nucleus solitarius) - sezuvchi o‘zak. 3. Parasimpatik o‘zak (nucleus dorsalis n. vagi) adashgan nerv uchburchagi sohasida joylashadi.

IX juft, til-yutqin nervining (n. glossopharyngeus) ham uchta o‘zagi bor. 1.Uning harakatlantiruvchi o‘zagi (nucleus ambiguus) IX-X nervlar uchun umumiy. 2.Yakka tutam o‘zagi (nucleus solitarius) -sezuvchi o‘zak. 3.Parasimpatik, pastki so‘lak ajratuvchi o‘zak (nucleus salivatorius inferior) uzunchoq miya olivasi bilan ikki yoqlama o‘zak o‘rtasida to‘r formatsiyada joylashgan.

Rombsimon chuqurchaning ustki uchburchagi sohasida, ko‘prikning oq moddasi o‘rtasida V-VIII juft bosh miya nervlarining o‘zaklari joylashadi.

VIII juft, dahliz-chig‘anoq nervi (n. vestibulocochlearis) o‘zaklari ikki guruhga bo‘linadi. Bu o‘zaklar vestibulyar maydoncha sohasida joylashadi. Ularning ikkitasi eshituv a’zosiga taaluqli. 1.Oldingi chig‘anoq o‘zagi (nucleus cochlearis ventralis). 2. Orqa chig‘anoq o‘zagi (nucleus cochlearis dorsalis). Bu o‘zaklarda spiral tugun neyronlarining o‘simtalari tugaydi.

Vestibulyar o‘zaklar to‘rtta: I. Medial vestibulyar o‘zak (nucleus vestibularis medialis) (Shvalbe o‘zagi). 2. Lateral vestibulyar o‘zak (nucleus vestibularis lateralis) (Deyters o‘zagi). 3.Ustki vestibulyar o‘zak (nucleus vestibularis superior) (Bexterev o‘zagi). 4. Pastki vestibulyar o‘zak (nucleus vestibularis inferior) (Roller o‘zagi). Bu o‘zaklar parda labirintning muvozanat sohalaridan keluvchi impulslarni qabul qiladi.

VII juft, yuz nervining (n. facialis) uchta o‘zagi bor. I. Yurik harakatlantiruvchi o‘zak (nucleus n. facialis) ko‘prikni to‘r formatsiyasi ichida colliculus facialis dan chekkaroqda ancha chuqur joylashadi. Bu o‘zak hujayralari o‘simtalari harakatlantiruvchi ildizni hosil qiladi. Sezuvchi va parasimpatik o‘zaklar VII juft tarkibiga qo‘shilgan oraliq nervga (n. intermedius) tegishli.

2.Sezuvchi, yakka tutam o‘zagi (nucleus solitarius) VII,IX,X juft nervlar uchun umumiy bo‘lib, rombsimon chuqurchani tubida til osti nervi uchburchagidan lateral joylashadi. Bu o‘zak hujayralari ko‘prikning qopqoq qismidan to orqa miyani I segmentigacha tarqalgan. Unda tam sezuvchi nerv tolalari tugaydi.

3.Ustki so‘lak ajratuvchi o‘zak (nucleus salivatorius superior) parasimpatik, ko‘prikni to‘r formatsiyasi ichida harakatlantiruvchi o‘zakdan biroz yuza va lateralroq yotadi.

VI juft, uzoqlashtiruvchi nervning (n. abducens) bitta harakatlantiruvchi o‘zagi ( nucleus nervi abducentis) yuz tepaligi ichida yotadi.

V juft, uch shoxli nervning (n. trigeminus) to‘rtta o‘zagi bor. Shundan ikkitasi rombsimon chuqurcha sohasida yotadi. Harakatlantiruvchi o‘zak (nucleus motorius n. trigemini) rombsimon chuqurchaning yuqori qismida joylashadi. Sezuvchi o‘zagi uchta. Undan uch shoxli nervning ko‘prikdagi o‘zagi (nucleus pontinus n. trigemeni) harakatlantiruvchi o‘zakdan lateralroq yotadi. Ikkinchi sezuvchi o‘zak (nucleus spinalis n. trigemeni) cho‘zinchoq shaklda uzinchoq miyaning bor bo‘yicha yotadi va orqa miyaning yuqori I-V segmentlarigacha boradi. Uchinchi sezuvchi o‘zak (nucleus mesencephalicus n. trigemeni) miya vodoprovodi yonida joylashgan.

O‘rta miya (mesencephalon) bosh miyaning nisbatan sodda tuzilishga ega qismi. U filogenezda ko‘ruv va eshituv analizatorlarining ta’siri ostida rivojlanadi. Odamda oxirgi miya po‘stlog‘ida ko‘ruv va eshituv markazlari paydo bo‘lganidan so‘ng, o‘rta miyadagi markazlar po‘stloq osti markazlari holatiga tushib qoladi. O‘rta miya uchinchi miya pufagidan taraqqiy etadi. U pufakcha devorlari bir tekis kengayib, dorsal qismidan o‘rta miya tomi, ventral devoridan miya oyoqchalari hosil bo‘ladi. Uning qoldiq bo‘shlig‘i III va IV qorinchalarni qo‘shib turuvchi miya suv yo‘liga aylanadi. O‘rta miyaning ventral yuzasi yuqoridan (oldindan) ko‘ruv yo‘llari va so‘rg‘ichsimon tana, orqadan esa ko‘prikning oldingi chekkasi bilan chegaralanadi. O‘rta miyada uning taraqqiyoti bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagilar joylashgan:

1.Po‘stloq osti ko‘ruv markazi va ko‘z mushaklarini innervatsiya qiluvchi nerv o‘zaklari.

2.Po‘stloq osti eshituv markazi.

3.Bosh miya po‘stlog‘ini orqa miya bilan bog‘lovchi pastga tushuvchi va yuqoriga chiquvchi o‘tkazuv yo‘llari.

4.O‘rta miyani bosh miyaning boshqa qismlari bilan bog‘lovchi nerv tolalari.

O‘rta miya ikki asosiy qismdan: o‘rta miyaning tomi yoki to‘rt tepalik plastinkasi va miya oyoqchalaridan iborat.

O‘rta miyaning tomi (lamina tecti mesencephali) yoki to‘rt tepalik plastinkasi (lamina quadrigeminae) o‘zaro to‘g‘ri burchak hosil qilib kesishgan bo‘ylama va ko‘ndalang egatlar bilan ajragan to‘rtta tepachadan iborat.

Ikkita yuqori tepachalarda (colliculi superior) po‘stloq osti ko‘ruv markazi, ikkita ostki tepachalarda (colliculi inferior) esa po‘stloq osti eshituv markazi joylashgan. Yuqorigi tepachalar o‘rtasidagi egatda shishsimon tana (corpus pineale) engashib turadi. Har bir tepachadan tashqi tomonga qarab tepacha yelkalari yo‘naladi. Yuqorigi tepacha yelkasi (brachium colliculi superior) lateral tizzasimon tanaga qarab yo‘nalib, qisman ko‘ruv yo‘liga o‘tib ketadi. Ostki tepachalar yelkasi (brachium colliculi inferiores) medial tizzasimon tanaga yo‘naladi.

Miya oyoqchalari (pedunculi cerebri) ko‘prikning yuqori chekkasidan boshlanib, oldinga va tashqariga qarab yo‘nalgan juft oq ustunchalar shaklida bo‘lib, oxirgi miya yarimsharlari ichiga kirib ketadi. Qora modda miya oyoqchasining bor bo‘yiga ko‘prikdan to oraliq miyagacha cho‘zilgan bo‘lib, faoliyat jihatidan ekstrapiramida tizimiga kiradi. Uning hujayralari tarkibidagi melanin pigmenti qoramtir rang beradi. Miya oyoqchasining qopqoq qismida pastki tepachalar sohasidan talamusgacha cho‘zilgan cho‘zinchoq shakldagi qizil o‘zak (nucleus ruber) joylashgan. O‘rta miya suv yo‘li (silviy suv yo‘li) aqueductus mesencephali (cerebri) uzunligi 1,5 sm keladigan tor kanal. Uning atrofida markaziy kulrang modda (substantia grisea centralis), markaziy kulrang modda ichida, suv yo‘li tubida III va IV juft bosh miya nervi o‘zaklari joylashgan. Yuqorigi tepachalar sohasida III juft bosh miya nervining o‘zaklari (nucleus n. oculomatori et nucleus oculomatorius accessorius) (yakubovich o‘zagi), ostki tepachalar sohasida esa IV juft bosh miya nervi o‘zagi (nucleus n. trochlearis) yotadi. Markaziy kulrang moddaning tashqi qismlarida V juft bosh miya nervining o‘rta miya o‘zagi (nucleus mesencephalicus nervi trigemeni) yotadi. O‘rta miyaning qopqoq qismidan afferent o‘tkazuv yo‘llari o‘tadi.

Miya oyoqchasining asosi oq moddadan iborat bo‘lib, harakatlantiruvchi o‘tkazuv yo‘llardan iborat.

Miya oyoqchasining asosiy qismi bola tug‘ilganidan keyin po‘stloq bilan orqa miya, o‘zaklar va miyacha o‘rtasidagi yo‘llar taraqqiyotiga bog‘lanib o‘sadi. Qizil o‘zak va uning aloqalari ekstrapiramida tizimi tarkibiga kirib, ontogenezda piramida tizimidan ilgariroq paydo bo‘ladi. U yirik va mayda hujayrali qismlardan iborat. Yirik hujayrali qism oldinroq paydo bo‘lib, u impulslarni miyachadan miya poyasi va orqa miyaga o’tkazib beradi. Mayda hujayrali qismi keyinroq paydo bo‘lib, impulslarni miyachadan po‘stloq osti va po‘stloqqa o‘tkazib beradi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda qora moddada pigmenti bo‘lmagan hujayra orolchalari bo‘lib, ularda pigment 3-4 yoshlarda paydo bo‘ladi va 16 yoshda u yuqori darajada takomillashadi. O‘rta miya kulrang o‘zaklari bolalarda yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Silviy suv yo‘li bola hayotining birinchi yilida keng bo‘lib, keyinchalik asta-sekin torayadi. To‘rt tepalik plastinkasining taraqqiyoti ko‘ruv va eshituv faoliyatlarining paydo bo‘lishi va rivojlanishiga bog‘liq.

Oraliq miya (diencephalon) murakkab tuzilishga ega. U o‘rta miya bilan oxirgi miya oralig‘ida joylashgan. Taraqqiyoti va faoliyatiga ko‘ra oraliq miyani ikki qismga: 1.Orqa (dorsal) filogenez nuqtai nazaridan yangi, afferent yo‘llar markazi bo‘rtiq sohasi. 2.Oldingi (ventral) filogenez jihatidan eski, oliy vegetativ markaz bo‘rtiq osti sohasidan iborat. Bo‘rtiq sohasi (thalamencephalon) o‘z navbatida k o‘ruv bo‘rtig‘i, bo‘rtiq orqasi va bo‘rtiq usti sohalariga bo‘linadi.

Ko‘ruv bo‘rtig‘i (talamus opticus) III qorinchaning ikki yon tomoniga joylashgan oval shakldagi kulrang modda to‘plamidan iborat. Uning oldingi uchi torayib oldingi bo‘rtiqni (tuberculum anterius), orqa uchi esa kengayib yostiqchani (pulvinar) hosil qiladi. Ko‘ruv bo‘rtig‘ining ichki yuzasi III qorincha bo‘shlig‘ining yon devorini, ustki yuzasi esa yon qorinchalar markaziy qismining tubini hosil qiladi.Uning ustki yuzasi ichki yuzasidan ingichka oq miya hoshiyasi (stria medullaris thalami) bilan ajrab turadi.

Bo‘rtiq osti sohasi (hypothalamus) III qorinchaning tubini hosil qilishda ishtirok etadi. Uning tarkibiga ko‘ruv nervi kesishmasi, ko‘ruv yo‘li, kulrang tepacha, quyg‘ichsimon o‘simta, gipofiz va so‘rg‘ichsimon tana kiradi. Bo‘rtiq osti sohasi ikki: oldingi (regio hypothalamica anterior) yoki ko‘ruv qismi (pars optica) tarkibiga kulrang tepacha (tuber cinereum), quyg‘ichsimon osimta (infundibulum), gipofiz (hypophysis), ko‘ruv nervi kesishmasi (chiasma opticus) va ko‘ruv yo‘li (tractus opticus) kiradi. Orqa (regio hypothalica posterior) yoki hidlov qismiga (pars olfactoria) so‘rg‘ichsimon tana, bo‘rtiq osti sohasida (regio subthalamica) joylashgan Lyuis tanasi kiradi.

Gipotalamusda 30 dan ortiq o‘zaklar bo‘lib, ularning shakli va hajmi har xil. Ular joylashishiga qarab uch sohaga: oldingi (regio hypothalamica anterior), oraliq (regio hypothalamica intermedia) va orqa (regio hypothalamica dorsalis) bo‘linadi. Gipotalamusning nerv hujayralari sekret ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo‘lib (neyrosekret), bu sekret shu hujayra tolalari orqali gipofizga boradi. Bu o‘zaklarni gipotalamusning neyrosekretor o‘zaklari deyiladi. Ularga gipotalamusning oldingi sohasida joylashgan supraoptik o‘zak (nucleus supraopticus) va paraventrikulyar o‘zaklar (nucleus paraventricularis) kiradi. Bu o‘zaklar hujayralari o‘simtasi gipotalamo-gipofizar dastani hosil qilib gipofizni orqa bo‘lagida tugaydi. Gipotalamusni oraliq sohasida: ravoqsimon o‘zak (nucleus arcuatus), gipotalamusning oldingi va orqa medial o‘zaklari (nuclei hypothalamicus ventromedialis et dorsomedialis), gipotalamusning dorsal o‘zagi (nucleus hypothalamicus dorsalis), quyg‘ich o‘zagi (nucleus infundibularis), kulrang tepalik o‘zagi (nucleus tuberalis) joylashgan. Gipotalamusning orqa hidlov sohasida joylashgan juft so‘rg‘ichsimon tana (corpora mamillaria) diametri 0,5 sm keladigan yumaloq oq moddadan iborat. Oq moddaning ichida kulrang modda, so‘rg‘ichsimon tananing medial va lateral o‘zaklari (nuclei corporis mamillaris medialis et lateralis) joylashgan.

Uchinchi qorincha. Uchinchi qorincha (ventriculus tertius) oraliq miyaning o‘rtasida ingichka sagital yorig‘ shaklida joylashgan bo‘lib, oltita devori tafovut qilinadi. Uning tashqi devorini ko‘ruv bo‘rtig‘ining ichki yuzasi, oldingi devorini oxirgi parda (lamina terminalis), gumbaz ustunlari (columna fornicis) va oldingi bitishma (commissura anterior) hosil qiladi. Gumbaz ustunlari bilan ko‘ruv bo‘rtig‘ining oldingi qismi o‘rtasida qorinchalararo teshik (foramen interventriculare) joylashgan. Uchinchi qorinchaning orqa devorini orqa bitishma (commissura cerebri posterior) va (commissura habinularum) chegaralaydi. Uning ostida miya suv yo‘li teshigi yotadi. Orqa devorda ikkita chuqurcha (recessus suprapinealis), hamda (recessus pinealis) bor. Uchinchi qorinchaning yuqori devorini qadoq tana va miya gumbazi ostida joylashgan uchinchi qorinchaning tomirli asosi (tela choroidea ventriculi tertii) va uni qoplagan epitelial qatlam (lamina epithelialis) hosil qiladi. Uchinchi qorinchaning pastki devorini esa bo‘rtiq osti sohasi hosil qiladi. Bu yerda uchinchi qorincha: voronka chuqurchasi (recessus infundibuli) va ko‘ruv chuqurchasini (recessus opticus) hosil qiladi. Oxirgi miya. Oxirgi miya (telencephalon) oxirgi miya pufagining takomillashuvidan hosil bo‘lib, miya qattiq pardasining o‘roqsimon o‘sig‘i uni ikki yarimsharga ajratadi. Miya yarimsharlari bosh miyaning eng tez o‘sadigan qismidir. Homilada miya yarimsharlari asta-sekin o‘sib, miyaning qolgan qismlarini xuddi plashga o‘xshab o‘rab oladi. Homila hayotining uchinchi oyida u oraliq miya va talamuslarni, 4 oylikda to‘rttepalik, 6 oylikda miyacha ustiga kelib, 8- oyda uni o‘rab oladi. Homila davrida yarimsharlarning usti silliq bo‘ladi. Homila hayotining ikkinchi oyi oxiri va uchinchi oyi boshida yarimsharlarning yon yuzasida chuqurcha paydo bo‘ladi. Bu yer keyinchalik orolchaga aylanib ketadi. Miyani boshqa qismlari o‘sib orolchaning ustini yopadi va to‘rt oylikda yon egat paydo bo‘ladi. To‘rt oydan keyin birlamchi egatlar paydo bo‘la boshlaydi. Dastlab tepa-ensa va pix egatlari, so‘ng qadoq tana, gippokamp va aylanma egatlar paydo bo‘ladi. Oltinchi oyda markaziy egat, 7-8 oylarda esa qolgan ikkilamchi egatlar paydo bo‘lib, bosh miyada odamga xos relef hosil bo‘ladi. Bola tug‘ilishidan avval va hayotning birinchi haftalarida uchlamchi egatlar paydo bo‘ladi. Keyingi davrlarda yarimsharlar yuzasi yangi egatlarni paydo bo‘lishi va bor egatlarning chuqurlashuvi hisobiga o‘zgaradi.

Miya yarimsharlarining ayrim bo‘laklari ontogenezda bir xil o‘smaydi. Eng yosh hisoblangan peshona bo‘lagi boshqalarga nisbatan tez o‘sadi va hajmi jihatidan po‘stloq umumiy yuzasining 29% tashkil qiladi. Katta yoshdagi odamlarda peshona bo‘lagi og‘irligi 450 g, tepa bo‘lagi 251 g, chakka va ensa bo‘laklari birgalikda 383 g tashkil qiladi.

Har bir yarimshar quyidagi qismlardan iborat: 1.Plashch (pallium); 2.Hidlov miyasi (rhinencephalon); 3.Yon qorincha (ventriculus lateralis); 4.Oxirgi miyaning kulrang o‘zaklari.

Bosh miyaning limbik tizimi tarkibiga quyidagi hosilalar kiradi: hid bilish nervining so‘g‘oni (bulbus olfactoctorius), hid bilish yo‘li, hid bilish uchburchagi, oldingi ilma-teshik modda, belbog‘ pushtasi, dengiz oti pushtasi, tishsimon pushta.



Asosiy adabiyotlar ro’yxati

1. Rajamurodov Z.T., Rajabov A.L. “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” T.: Tib. Kitob. 2010 y.

2. Nuriddinov.E.N. “Odam fiziologiyasi” T.: “A’loqachi” 2005 y.

3. Almatov K.T., Allamuratov.Sh.I. “Odam va hayvonlar fiziologiyasi” T.: Universitet. 2004 y.

4. Xudoyberdiev.R.E.,I.K.Axmedov. “Odam anatomiyasi” T.: “Ibn Sino” 1993 y.

5. Ahmedov.A. “Odam Anatomiyasi” T.: “Iqtisod moliya” 2007 y.



6. R.Boxodirov “Odam anatomiyasi” T.: “O‘zbekiston”, 2006 y.

  1. I.K.Axmedov “Atlas odam anatomiyasi”T.: “Uzb. Milliy ensiklopediyasi”1998y.

  2. Anatomy of the Human Body.Henry Gray. Nega Assefa Alemaya University Yosief Tsige Jimma University. In collaboration with the Ethiopia Public Health Training Initiative, The Carter Center, the Ethiopia Ministry of Health, and the Ethiopia Ministry of Education 2003 559-580



Aim.uz


Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa