IV. KASSANI TAFTISH QILISH VA KASSA INTIZOMIGA
RIOYA ETILISHI USTIDAN NAZORAT
36. Tashkilot rahbari tomonidan belgilangan muddatlarda, lekin har chorakda kamida bir marotaba, har bir tashkilotda kassada bo’lgan barcha pullarni varaqma-varaq qayta sanab chiqish va boshqa boyliklarni tekshirish bilan birga kassa kutilmaganda taftish qilinadi. Kassada taftish qilish uchun tashkilot rahbarining buyrug’i bilan komissiya tayinlanadi, u dalolatnoma tuzadi. Taftish vaqtida kassada kamomad yoki ortiqcha boyliklar aniqlanganda dalolatnomada kamomad yoxud ortiqcha summa va ularning paydo bo’lish holatlari ko’rsatiladi.
Naqd pul mablag’larini inventarlash dalolatnomasining namunaviy shakli 4-ilovada keltirilgan.
Kassa daftari avtomatlashtirilgan tarzda yuritilgan taqdirda kassa hujjatlariga ishlov berish dasturiy vositalari ishining to’g’riligini tekshirish amalga oshiriladi.
37. Yuqori tashkilotlar hujjatli taftishlarni amalga oshirish vaqtida o’zlariga bo’ysunuvchi barcha tashkilotlarda majburiy tartibda kassani taftish qiladilar va kassa intizomiga rioya etilishini tekshiradilar. Taftish o’tkazilishi paytida pul va boyliklar butligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor berilishi kerak.
Aksiyadorlik, kooperativ (shu jumladan, shirkatlar), jamoat korxonalari va bunday taftishlar ularning ustavida nazarda tutilgan boshqa korxonalarda ular taftish komissiyalari yoki jalb etilgan auditorlar yoki auditorlik tashkilotlari tomonidan o’tkaziladi.
38. Kassa intizomini buzishda aybdor bo’lgan shaxslar amaldagi qonunlar bilan belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
39. Kassa intizomiga rioya etilishi uchun javobgarlik tashkilotlar rahbarlari, bosh buxgalterlari, moliyaviy xizmatlar rahbarlari va kassirlar zimmasiga yuklanadi.
40. Mazkur Qoidalar mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarning kassa faoliyati sohasini qamrab oladi, mijozlarga kassa xizmatini ko’rsatadigan va O’zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligining ekspluatatsiya korxonalari, bank muassasalari bundan mustasno. (AV 14.12.1999 y. 565-2-son bilan ro’yxatga olingan 2-son Qo’shimchalar tahriridagi band)
41. Respublika hududida mijozlarga kassa xizmatini amalga oshiradigan bank muassasalarida kassa operatsiyalarini yuritish qoidalari O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
42. Bank muassasalari kassa operatsiyalarini yuritishning amaldagi qoidalariga korxonalarning rioya qilishlarini tekshiradilar.
Byudjet tashkilotlarida kassa operatsiyalari yuritilishini tegishli moliya organlari tekshiradilar.
Ichki ishlar organlari kassa va kassa punktlarining texnik jihatdan mahkamlanganini, pul va boyliklar butligi uchun shart-sharoitlar ta’minlanganini o’z vakolatlari doirasida tekshiradilar. Ularning o’g’irliklar sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir ko’rsatmalari albatta bajarilishi kerak.
_______________________________________________________
*) Pasport, fuqaroligi bo’lmagan shaxsning yashash guvohnomasi, harbiy bilet yoki harbiy qismlar yoxud harbiy muassasalar qo’mondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnoma shaxsni tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi.
**) Daftarni mastikali muhr bilan muhrlaganda (surg’uchlaganda) suyuq shishadan tayyorlangan yelim ("Silikat", "Idoraviy", "Yozuv-chizuv", "Suyuq shisha" yelimlari), yupqa qog’oz, shtempel bo’yog’idan foydalaniladi. Muhr izi bo’lgan qog’ozga ikki tomondan yelim suriladi, daftar muhrlanganidan keyin yana bir qatlam yelim suriladi.
***) Kassirlar qoldiqlarni har kuni kassaga topshirishlari shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |