III. KASSA DAFTARINI YURITISH VA PULLARNI
SAQLASH TARTIBI
21. Tashkilot naqd pullarining barcha tushumlari va be rilishi kassa daftarida hisobga olinadi.
22. Har bir tashkilot faqat bitta kassa daftarini yuritadi, u raqamlanishi, ip bilan tikilishi va surg’uchli yoki mastikali muhr bilan muhrlanishi kerak.** Kassa daftaridagi varaqlar miqdori mazkur tashkilot yoki yuqori turuvchi organ rahbari va bosh buxgalterining imzolari bilan tasdiqlanadi.
Byudjet muassasalariga xizmat ko’rsatuvchi markazlashtirilgan buxgalteriyalarda kassa operatsiyalari hisobini kassir O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan shakl bo’yicha maxsus daftarda yuritadi.
Byudjet hisobidagi muassasalarga byudjetdan tashqari mablag’lar hisobi yuritiladigan talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochilgan taqdirda ushbu muassasalar kassasiga byudjetdan tashqari faoliyat bo’yicha tushgan barcha naqd pul tushumlari va byudjetdan tashqari faoliyat uchun berilgan naqd pullar alohida kassa daftarida hisobga olinadi. (AV 05.03.2004 y. 565-5-son bilan ro’yxatga olingan MB Boshqaruvi Qarori tahriridagi xatboshi)
Kassa daftaridagi yozuvlar qoraqog’oz vositasida sharikli ruchka, siyohqalam yoki siyoh bilan 2 nusxada amalga oshiriladi. Varaqlarning ikkinchi nusxalari qirqiladigan bo’lishi kerak, ular kassirning hisoboti bo’lib xizmat qiladi. Varaqlarning birinchi nusxalari kassa daftarida qoladi. Varaqlarning birinchi va ikkinchi nusxalari bir xil raqamlar bilan belgilanadi.
Kassa daftarida o’chirishlar va ta’kidlanmagan tuzatishlar qilish man etiladi. Qilingan tuzatishlar korxona kassiri, shuningdek, bosh buxgalterining yoki uning o’rnini bosuvchi shaxsning imzolari bilan tasdiqlanadi.
23. Kassa daftaridagi yozuvlar kassir tomonidan har bir order yoki uning o’rnini bosuvchi boshqa hujjat bo’yicha pul olingani yoxud berilganidan keyin darhol amalga oshiriladi. Har kuni, ish kuni oxirida kassir kun uchun operatsiyalar yakunini hisoblaydi, kassadagi keyingi kun uchun pullar qoldig’ini chiqaradi va keyingi kuni buxgalteriyaga kassir hisoboti sifatida kassa daftarida imzo chektirgan holda kirim va chiqim kassa hujjatlari bilan birga ikkinchi yirtma varaqni (kassa daftaridagi bir kun uchun yozuvlar ko’chirma nusxasini) topshiradi.
Agar korxonalarda har kuni jami 200 so’mlikka qadar operatsiyalar amalga oshirilsa, kassa hisobotlari 3-5 kunda bir marotaba tuzilishi mumkin.
24. Tashkilotlarda kassir roziligi va kassa hujjatlarining to’liq saqlanishini ta’minlash sharti bilan kassa daftari avtomatlashtirilgan usulda yuritilishi mumkin, bunda uning varaqlari "Kassa daftarining suqma varag’i" mashinogrammasi ko’rinishida shakllantiriladi. U bilan bir vaqtda "Kassir hisoboti" mashinogrammasi shakllantiriladi. Tilga olingan ikkala mashinogramma keyingi ish kuni boshlanishiga tuzilishi, bir xilda mundarijaga ega bo’lishi va kassa daftari shaklida ko’zda tutilgan barcha rekvizitlarni o’z ichiga olishi kerak. Ushbu mashinogrammalarda kassa daftari varaqlarini raqamlash yil boshidan o’sib borish tartibida avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
"Kassa daftarining suqma varag’i" mashinogrammasida har bir oy uchun oxirida har bir oy uchun kassa daftari varaqlarining umumiy miqdori, taqvimiy yil uchun - oxirida bir yil uchun kassa daftari varaqlarining umumiy miqdori avtomatik tarzda bosiladi.
"Kassa daftarining suqma varag’i" va "Kassir hisoboti" mashinogrammalarini olganidan keyin kassir kassa daftari va kassir hisoboti to’g’ri tuzilganini tekshirishi, ularni imzolashi va kassa daftarining suqma varag’iga imzo chektirgan holda kirim va chiqim kassa hujjatlari bilan birgalikda buxgalteriyaga topshirishi shart.
Saqlanishini ta’minlash maqsadida va mashinogrammadan foydalanish qulay bo’lishi uchun "Kassa daftarining suqma varag’i" yil davomida kassir tomonidan har bir oy uchun alohida saqlanadi. Taqvimiy yil tugagach (yoki zarurat tug’ilishiga qarab) "Kassa daftarining suqma varag’i" mashinogrammalari xronologik tartibda kitobcha qilinadi. Yil uchun varaqlarning umumiy miqdori korxona rahbari va bosh buxgalterining imzolari bilan tasdiqlanadi va daftar surg’uchlanadi.
25. Kassa daftarini to’g’ri yuritish ustidan nazorat qilish tashkilot bosh buxgalteri zimmasiga yuklanadi.
26. Chiqim kassa orderi yoki uning o’rnini bosuvchi boshqa hujjatda oluvchining tilxati bilan tasdiqlanmagan kassadan pul berilishi kassadagi naqd pullar qoldig’ini tasdiqlash uchun qabul qilinmaydi. Ushbu summa kamomad hisoblanadi va kassirdan undiriladi. Kirim kassa orderlari bilan tasdiqlanmagan naqd pullar kassadagi ortiqcha pul hisoblanadi va daromadga hisoblab o’tkaziladi.
27. Katta kassir ish kuni boshlanishidan oldin boshqa kassirlarga kassir tomonidan qabul qilingan va berilgan pullarni hisobga olish daftarida imzo chekdirgan holda chiqim operatsiyalari uchun zarur naqd pul summasini bo’nak tarzida beradi.
Kassirlar ish kuni oxirida olingan bo’nak va kirim hujjatlari bo’yicha qabul qilingan pullar xususida katta kassirga hisobot berishlari hamda naqd pullar qoldig’i va qilingan operatsiyalar bo’yicha kassa hujjatlarini kassir tomonidan qabul qilingan va berilgan pullarni hisobga olish daftarida imzo chekdirgan holda katta kassirga topshirishlari shart.
Mehnatga haq to’lash va stipendiyalarni to’lash uchun olingan bo’naklar bo’yicha kassir ularni to’lash uchun to’lov qaydnomasida ko’rsatilgan muddatda hisobot berishi shart. Ushbu muddat tugashiga qadar *** to’lov qaydnomalari bo’yicha berilmagan naqd pullar qaytarib beriladi. Ushbu pullar kassirlar tomonidan surg’uchlangan sumkalar, qog’oz xaltalar va hokazolarda e’lon etilgan summa ko’rsatilgan tilxat bergan holda katta kassirga topshiriladi.
28. Har bir tashkilot naqd pul bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun kassaga ega bo’lishi kerak. Naqd pullarni qabul qilish, berish va vaqtinchalik saqlash uchun mo’ljallanib, maxsus jihozlangan hamda ajratib qo’yilgan xona kassa deb nomlanadi. Tashkilotlarning rahbarlari kassani jihozlashlari va kassa xonasida, shuningdek, bank muassasasidan yetkazib berish hamda bank muassasasiga topshirish paytida pullar saqlanishini ta’minlashlari shart va ularning aybi bilan saqlash hamda tashish vaqtida pul mablag’larining saqlanishini ta’minlaydigan zarur shart-sharoitlar yaratilmagan hollarda tegishli qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda javob beradilar.
Saqlash va tashish vaqtida pul mablag’larining saqlanishini ta’minlashga doir tavsiyalar 2-ilova keltirilgan.
Tashkilotlar kassalari zarurat tug’ilganda sug’urta tashkiloti tomonidan sug’urtalanishi mumkin.
Kassa xonasi ajratib qo’yilishi, kassaga kiradigan eshik esa operatsiyalar bajariladigan paytda - ichki tomondan berkitib qo’yilishi kerak. Uning ishiga daxldor bo’lmagan shaxslarning xonaga kirishi man etiladi. Korxonaning kassa xonalarini texnik jihatdan mahkamlash va ularni qo’riqlash - yong’indan ogoh etish vositalari bilan jihozlashga doir tavsiyalar 3-ilovada keltirilgan.
29. Barcha naqd pullar va qimmatli qog’ozlar tashkilotlarda odatda yonmaydigan metall javonlarda saqlanadi, ular kassadagi ish tugagach kalit bilan yopiladi va kassirning surg’uchli muhri bilan surg’uchlanadi. Metall javonlar kalitlari va muhrlar kassirlarda saqlanadi, kassirlarning ularni shartlangan joylarda qoldirishlari, begona shaxslarga berishlari yoki hisobga olinmagan dublikatlarni tayyorlashlari man qilinadi. Metall javonlar joylashgan xonalar eshigini ochiq qoldirish, shuningdek, ana shu javonlar eshigida kalitlarni qoldirish qat’iyan man etiladi.
Kassirlar tomonidan surg’uchlangan qog’oz xaltalar, qutichalar va hokazolardagi hisobga olingan kalit dublikatlari tashkilotlarning rahbarlarida saqlanadi. Har chorakda kamida bir marotaba ularni komissiya tekshiradi. Ular yo’qolgani aniqlangan taqdirda tashkilot rahbari voqea haqida ichki ishlar organlariga xabar beradi va metall javonni darhol almashtirish uchun choralar ko’radi.
Kassada mazkur korxonaga tegishli bo’lmagan naqd pul va boshqa boyliklarni saqlash man qilinadi.
30. Kassa xonasi va metall javonlarni ochishdan oldin kassir qulflar, eshiklar, deraza panjaralari va muhrlar butligini ko’zdan kechirishi, qo’riqlash signalizatsiyasi buzilmaganiga ishonch hosil qilishi shart.
Muhr (surg’uch) shikastlangan yoki olib tashlangan, qulflar, eshik yoki panjaralar sindirilgan taqdirda kassir bu haqda darhol tashkilot rahbariga ma’lum qilishi shart, rahbar voqea haqida ichki ishlar organlariga xabar qiladi va militsiya xodimlari kelguniga qadar kassani qo’riqlash choralarini ko’radi.
Ushbu holda rahbar, bosh buxgalter yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar, shuningdek, tashkilot kassiri ichki ishlar organlari ruxsatini olgandan so’ng kassada saqlanayotgan pul mablag’lari va boshqa boyliklarning bor-yo’qligini tekshiradilar. Ushbu tekshiruv kassa operatsiyalari boshlanishiga qadar amalga oshirilishi kerak. Tekshiruv natijalari to’g’risida 4 nusxada dalolatnoma tuziladi, uni tekshiruvda ishtirok etayotgan barcha shaxslar imzolaydilar. Dalolatnomaning birinchi nusxasi ichki ishlar organlariga topshiriladi, ikkinchi nusxasi, agar sug’urta kompaniyasi va u bilan shartnoma tuzilgan bo’lsa unga, uchinchi nusxasi yuqori tashkilotga (agar u bor bo’lsa) yuboriladi, to’rtinchi nusxasi esa korxonada qoladi.
31. Kassir ishchi va xizmatchilarning moddiy javobgarligi to’g’risidagi amaldagi qonunlarga muvofiq o’zi qabul qilib olgan barcha boyliklarning butligi hamda qasddan qilingan harakatlari natijasida va o’z majburiyatlariga pala-partish yoki nohalol munosabatda bo’lish natijasida tashkilotga yetkazilgan har qanday zarar uchun to’la moddiy javobgar bo’ladi.
32. Kassirni ishga tayinlash to’g’risida buyruq (qaror) chiqarilganidan keyin tashkilot rahbari tilxat olgan holda kassirni Kassa operatsiyalarini yuritish qoidalari bilan tanishtirishi shart, shundan keyin kassir bilan uning to’liq shaxsan moddiy javobgarligi to’g’risida shartnoma tuziladi.
33. Kassirning unga topshirilgan ishni bajarishni boshqa shaxslarga ishonishi man etiladi.
34. Bitta kassirga ega bo’lgan tashkilotlarda, uni vaqtincha almashtirish zarurati yuzaga kelganda, kassirning majburiyatlarini bajarish tashkilot rahbarining yozma buyrug’i (qarori)ga ko’ra boshqa xodimga yuklanadi. Ana shu xodim bilan 33-bandda nazarda tutilgan shartnoma tuziladi.
Kassir ishni to’satdan qoldirgan taqdirda (kasal bo’lishi va hokazo hollarda) uning hisobot beradigan boyliklarini darhol boshqa kassir qaytadan sanab chiqadi, unga ana shu boyliklar tashkilot rahbari va bosh buxgalteri hozirligida yoki tashkilot rahbari tayinlangan shaxslardan iborat bo’lgan komissiya hozirligida topshiriladi. Boyliklarni qayta sanash va topshirish natijalari to’g’risida ko’rsatilgan shaxslar imzo chekkan dalolatnoma tuziladi.
35. Bo’linmalari ko’p bo’lgan yoki markazlashtirilgan buxgalteriyalar xizmat ko’rsatadigan tashkilotlarda ish haqi, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqalari, stipendiyalar, pensiyalar va mukofotlarni to’lash tashkilot rahbarining yozma buyrug’i (qarori)ga ko’ra, kassirlardan tashqari, ular bilan 33-bandda nazarda tutilgan shartnoma tuziladigan va kassirlar uchun mazkur Qoidalar bilan belgilangan barcha huquq va majburiyatlar tatbiq etiladigan boshqa shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Ana shu shaxslar tomonidan pul mablag’larining berilishi va qabul qilinishi 3-ilovaning 4-bo’limiga muvofiq jihozlangan kassa punktlari xonalarida amalga oshiriladi.
Buxgalterlar va kassa hujjatlariga imzo chekish huquqidan foydalanuvchi boshqa xodimlar kassirlik majburiyatlarini bajarishi mumkin emas.
Ana shu tartibda kassa operatsiyalarini amalga oshirish bo’yicha majburiyatlar shtat ro’yxatiga ko’ra kassir lavozimi nazarda tutilmagan tashkilotning boshqa xodimlariga yuklanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |