Marhabatxon Madyarova
Namangan viloyati Mingbuloq tumani XTBga qarashli
10-sonli maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi
Shukronalik hissi
Bolaligimda o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilardim. Maktabda a’lo baholarga o‘qir va
qo‘limdan kitob tushmasdi. Bir kuni qo‘shnilarimizdan biri:,,Doim kitob o‘qiysan-a, katta
bo‘lsang, kim bo‘lasan?‘‘ - deb qoldi. Men hech ikkilanmay:,,O‘qituvchi
bo‘laman.Namangan davlat universitetida o‘qiyman‘‘ – deb javob berdim. Shunda haligi
qo‘shnimiz: ,,U yerda o‘qishing uchun otangning qopda puli bo‘lishi kerak‘‘ – dedi. Bu
so‘zlar qalbimga muz bo‘lib kirgan bo‘lsa ham, o‘zimni yo‘qotmay: ,, Hali ko’rasiz, men
o‘qishga kirgunimcha hech qanaqa pul so‘ramaydigan zamon bo‘lib ketadi. Men bir so‘m
pul bermay o‘qishga kiraman‘‘ – deganman.
Maktabning 9-sinfini tamomlagan yilim Vatanim mustaqillikka erishdi. Mustaqillik
tufayli oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari asosida o‘qishga qabul qilinadigan bo’ldi.
Shukrki, mustaqilligimizning ikki yilligi arafasida Namangan davlat universitetiga
talabalikka qabul qilindim. Mustaqillikning dastlabki yillaridagi qiyinchilik paytlarda
oliygohni tamomlaganman.
Oliy ta’lim dargohini imtiyozli diplom bilan tamomlab, o‘qituvchilik faoliyatimni
boshlaganimga ham 23 yil bo‘libdi. Shu yillar davomida yurtimizda bo‘layotgan
o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamnafas yashab
kelmoqdaman.To‘g‘risini aytsam, o‘qituvchilik kasbini tanlaganimga hech qachon
afsuslanmaganman. Bundan yetti- sakkiz yillar avval dars xonasidan to‘g‘ri paxta dalasiga
borib, kechqurun uyga qaytgach, ertangi darsga tayyorgarlik ko‘rib, yana ertalab maktabga
dars o‘tgani borgan paytlarimda ham o‘quvchilarimning ona tili va adabiyotga
qiziqishlarini, meni o‘z onalaridek yaxshi ko‘rishlarini his qilganimda barcha
charchoqlarimni unutib, shu kasb egasi bo‘lganimdan faxrlanganman. O‘z kasbimni
sevganim tufayli bo’lsa kerak farzandlarim ham o‘qituvchilik kasbini tanladilar.
Keyingi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi
mavqeyini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar tufayli kasbimdan faxrlanish hissi
yanada ortdi.Maktabimizning yildan yilga o‘zgarib borayotgani, o‘quvchi va
o‘qituvchilarga yaratilayotgan qulayliklardan dil yayraydi. Birgina kutubxona faoliyatini
olaylik. Bundan o‘n yillar avval o‘quvchilarimga badiiy kitoblarni Namangan shahridagi
kitob do‘konlaridan sotib olib kelib berardim.Bugun maktabimiz kutubxonasidan xohlagan
kitobni, uning elektron yoki audio variantini topish mumkin.
Men o‘qituvchi bo‘lganimga, taqdirimga o‘qituvchilari qadrlanadigan mustaqil yurt
fuqarosi bo‘lish yozilganiga shukr qilaman. Mustaqil O‘zbekistonda yashab, uning rivoji
uchun oz bo‘lsa-da hissamni qo‘shayotganimdan faxrlanaman.